NIZO

Bir fermer va ikki hamqishloq o‘rtasida avj olayotgan mojaro nega hal bo‘lmayapti? Sud qarori nega bajarilmayapti?

Mamlakatimiz mustaqilligining ilk yillaridanoq ilgarigi kolxoz-sovxozlar o‘rnida yangidan tuzilgan fermer xo‘jaliklari faoliyat ko‘rsata boshladi. Yer, mol-mulk ular ixtiyoriga o‘tdi. Joylarda ish yuritish yangichasiga tashkil etildi. Odamlar ongu shuurida o‘zgarish, yangilanish yuzaga keldi. Ishtixon tumanidagi sobiq Amir Temur jamoa xo‘jaligi o‘rnida ham ko‘plab fermer xo‘jaliklari tashkil topdi. Bundan to‘rt yil avval ular safiga yana bir shunday xo‘jalik — “Saida dalalari” qo‘shildi.

 

Fermer xo‘jaligiga avval Olimjon Bo‘riyev raislik qildi. Keyinchalik uning o‘rnini Anvar Bo‘riyev egalladi. Bu fermer xo‘jaligiga Ishtixon tumani hokimining 2015 yil 15 iyundagi qarori asosida 22,5 gektar yer maydoni ajratib berildi.. 2016 yilning 28 martida esa mazkur fermer xo‘jaligi bilan tuman hokimligi o‘rtasida tuzilgan yer uchastkasini uzoq muddatli ijaraga olish shartnomasini qaytadan tuzish to‘g‘risida tuman hokimi qarori qabul qilindi. Ammo...

Yaqinda mazkur fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi Otamurod Bo‘riyevdan tahririyatimizga shikoyat xati keldi. Unda jumladan shunday deyiladi:

— To‘g‘risi, fermer xo‘jaligi rahbari rasmiy jihatdan o‘g‘lim bo‘lsa-da, unga boshchilik qilish mening zimmamda. Buni oila boshlig‘i gardanidagi zalvorli bir yuk deb bilaman. Shu sababdan ham fermer xo‘jaligi tashkil topgan kundan boshlab, o‘g‘illarim bilan tinim bilmay ishladik. O‘tgan to‘rt yil mobaynida artezian qudug‘i kovladik, transformator o‘rnatdik, dala shiyponi qurdik. Yangi ish o‘rinlari barpo etdik. Ammo ishimiz endi yurisha boshlagan bir paytda bizga xalaqit beruvchilar, yerimizga ega chiquvchilar paydo bo‘lib qoldi.

 Oqibatda yerimizning bir qismi o‘zgalar tomonidan o‘zboshimchalik bilan egallab olinib, katta mablag‘ hisobiga qazdirgan artezian qudug‘i, o‘rnatilgan transformator, qurilgan dala shiyponi boshqalar yerida qolib ketdi. Nabijon Bo‘tayev va Bahriddin Norboyev degan kishilar esa fermer xo‘jaligimizga tegishli joyda noqonuniy ravishda uy-joy qurib olishdi. Oybek Hayitov ismli fuqaroning harakati bundan-da oshib tushdi. U tegishli idoralar ruxsatisiz xo‘jaligimizga olib boradigan yo‘lni egallab, shu yerdan uy-joy qurishni boshladi.

Fermer xo‘jaligi ish yurituvchisi haqiqat izlab ko‘plab rahbarlar qabulida bo‘lgani, ammo hokimlik, prokuratura va boshqa nufuzli idoralarga qilgan murojaatlarining foydasi bo‘lmagani haqida ham yozadi.

Shikoyat xati asosida Ishtixonda bo‘ldik. Tuman hokimi, majburiy ijro byurosi rahbari o‘rinbosari, bu ishga daxldor idoralar rahbarlari bilan suhbatlashdik, kerakli hujjatlar bilan tanishdik.

Ma’lum bo‘lishicha, tuman fermerlar kengashi «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi tasarrufidagi noqonuniy egallab olingan yerni qaytarib olish maqsadida fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudiga da’vo arizasi kiritgan. 2017 yilning yanvar oyi 19-kunida mazkur sudning ochiq majlisida javobgarlar – Bo‘tayev Nabijon va Norboyev Bahriddinning noqonuniy qurilgan binolarini buzdirish va yer maydonini fermer xo‘jaligiga qaytarib berish masalasi ko‘rib chiqilgan. Sud da’vogar foydasiga qaror chiqargan. Jumladan unda shunday deyiladi:

«Da’vogar Ishtixon tuman fermerlar kengashining «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi manfaatlarini ko‘zlab, javobgarlar Bo‘tayev Nabijon Ortiqovich va Norboyev Bahriddin Po‘latovichlarga nisbatan noqonuniy qurilgan qurilishni buzdirish va yer maydonini qaytarib olib berish to‘g‘risidagi da’vo arizasi qanoatlantirilsin.

Javobgar Bo‘tayev Nabijon Ortiqovich tomonidan «Saida dalalari» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 244-konturdan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 1,0 gektar yer maydonining 170,0 kv.metrdan iborat qismida noqonuniy qurilgan qurilish javobgar Bo‘tayev Nabijon Ortiqovichning hisobidan majburiy tartibda buzdirilsin.

Javobgar Norboyev Bahriddin Po‘latovich tomonidan «Saida dalalari» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 244-konturdan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan egallab olingan 1,0 gektar yer maydonining 200,0 kv.metrdan iborat qismida noqonuniy qurilgan qurilish javobgar Norboyev Bahriddin Po‘latovichning hisobidan majburiy tartibda buzdirilsin.

Javobgarlar Bo‘tayev Nabijon Ortiqovich va Norboyev Bahriddin Po‘latovichlar tomonidan «Saida dalalari» fermer xo‘jaligiga tegishli bo‘lgan 244-konturdan noqonuniy ravishda o‘zboshimchalik bilan 1,0 gektardan egallab olingan jami 2,0 gektar yer maydoni javobgarlar Bo‘tayev Nabijon Ortiqovich va Norboyev Bahriddin Po‘latovichlardan «Saida dalalari» fermer xo‘jaligiga olib berilsin».

Bu ish yana bir necha bor sudlar tomonidan apelyatsiya va kassatsiya tartibida ko‘rib chiqilgan. Ulardan biri 2017 yilning 16 mart kuni bo‘lib o‘tgan fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyat sudi kassatsiya instansiyasining ochiq sud majlisi Ishtixon tumanlararo fuqarolik sudining 2017 yil 19 yanvardagi hal qiluv qarorini o‘zgarishsiz qoldirish haqida ajrim chiqaradi.

Ammo sudning hal qiluv qarori tuman majburiy ijro byurosi tomonidan hamon bajarilmayapti. Bu idoradagilar sud qarorini bajarish muddatini ortga surishga ham harakat qilishdi. Aniqrog‘i, qaror ijrosini ortga surish to‘g‘risida ular sudga rasmiy xat bilan murojaat qilishdi. Sud tomonidan esa bu murojaatning sud majlisida muhokama qilinmasdan oqibatsiz qoldirilganligi haqida javob berildi.

— Shu o‘rinda yana bir muhim masala haqida gapirmoqchiman, — deb yozadi Otamurod Bo‘riyev. — Bir paytlar oilamizdan bir emas, to‘rt kishi boshqa Respublikada ishlab kelardi. Sababi, oilamiz katta bo‘lib, ro‘zg‘or boqishning boshqa yo‘lini topolmaganmiz. O‘sha paytlarda o‘g‘illarim ishlayotgan mamlakatda turli jinoiy to‘dalar mavjudligidan ommaviy axborot vositalari orqali xabardor edik. Men farzandlarimning ana shunday xavfli oqimlarga qo‘shilib qolishidan jiddiy tashvishlanardim.

O‘ylab ko‘rsam, eng tinchi farzandlarimning o‘z yurtimda, yonimda bo‘lishi ekan. Tenderda g‘olib bo‘lib, fermer xo‘jaligi tashkil etganimizda bunday xavflardan qutilganimizga, bundan buyon tinch, bexavotir, farovon yashashimizni, qishloqdoshlarimiz uchun yangi ish o‘rinlari tashkil etishga yo‘l ochilganidan qanchalar quvongandik. Ammo oradan ko‘p o‘tmay, har qadamda ishimizga to‘sqinlik qiluvchilar uchray boshladi. Hatto ular sud qarorini ham tan olishmayapti.

Kishida haqli savol tug‘iladi: Ishtixon tumanida ham huquq-targ‘ibot idoralari bor, xokimlik bor. Nega qonun talabi bajarilmayapti?

Shu o‘rinda ushbu ish yuzasidan tuman hokimligidan berilgan ma’lumotda keltirilgan dalillarga e’tibor qarataylik:

«— Ishtixon tumani «Qo‘rlisoy texnikalari» agrofirmasi hududidagi 244-raqamli konturdagi yer maydoni 68,1 gektardan iborat. Shundan 22,5 gektar lalmi haydaladigan yer maydoni «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi raisi Bo‘riyev Olimjonga g‘allachilik va chorvachilik yo‘nalishida fermer xo‘jaligi tashkil etish uchun tuman hokimining 2015 yil 18 iyun kungi №665-Q sonli qaroriga asosan 49 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan.

Ushbu konturda g‘allachilik yo‘nalishidagi «Hilola barakali hosili» fermer xo‘jaligining 29,5 gektar lalmi haydaladigan yer maydoni, «Bolqi» fermer xo‘jaligigning 10,0 gektar lalmi haydaladigan yer maydoni mavjud. Qolgan 5,9 gektar lalmi haydaladigan yer maydoni esa tuman hokimligi zahira yer maydonlari xisobida qolgan.

Zahirada qolgan 5,9 gektar lalmi haydaladigan maydonning 4,2 gektari 2017 yilda o‘tkazilgan tender tanlovi g‘olibi — «Qo‘rli» qishloq fuqarolar yig‘ini hududida yashovchi fuqaro Bo‘riyev Tirkashga yong‘oqchilik yo‘nalishida foydalanishi uchun tuman hokimining 2017 yil 3 maydagi №1222-Q sonli qaroriga asosan 49 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan.

 «Hilola barakali hosili» fermer xo‘jaligidan zahiraga qaytarilgan 244-raqamli konturdagi 5,0 gektar yer ham qayta tender tanloviga qo‘yilgan. Tender tanlovida «Qo‘rli» qishloq fuqarolar yig‘ini Bolqi qishlog‘ida yashovchi fuqaro Hayitov Abror g‘olib chiqqan. Unga tuman hokimining 2017 yil 10 iyun kungi №1657-Q sonli qaroriga asosan ana shu lalmi haydaladigan yer maydoni uzumchilik yo‘nalishida foydalanish uchun 49 yil muddatga ijaraga ajratib berilgan. «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi murojaatida ko‘rsatilgan artezian quduq va o‘rnatilgan transformator ushbu 5,0 gektarda joylashgan...»

Hokimlik ma’lumotnomasida «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi hozirgi kunda o‘ziga tegishli 22,5 gektar yer maydonidan tashqari «Hayitov Jozil bog‘i» fermer ho‘jaligiga qarashli 5,0 gektar va Bo‘riyev Tirkashga qarashli 4,2 gektar hamda zahirada qolgan 1,8 gektar jami 11,0 gektar yer maydonini o‘zboshimchalik bilan egallab olgani haqida ham so‘z boradi. Ammo fermer xo‘jaligi a’zolari bu fikrlarni inkor etadi. Ular bizga tuman hokimining boshqa bir qarorini, aniqrog‘i, 2017 yil 10 iyundagi 1657-Q sonli qarorini bekor qilish haqidagi qarorini taqdim qilishdi. Unda Samarqand viloyat Adliya boshqarmasining 2018 yil 12 oktabrdagi 13-12-663/3 sonli «Qonun hujjatlarining buzilishi, ularning sabablari va bunga olib keluvchi shart-sharoitlarni bartaraf etish to‘g‘risida»gi taqdimnomasiga asosan mazkur qaror bekor qilingaligi qayd etilgan.

Ma’lumotda «Saida dalalari» fermer xo‘jaligi bilan Bolqi qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Bo‘tayev Nabijon va Norboyev Bahriddinlar o‘rtasidagi nizoni bartaraf etish yuzasidan qilingan hokimlik harakati haqida ham aytilgan. 2018 yil oktabr oyida tuman hokimi boshchiligida tumanning bir qator idoralari rahbarlari mazkur masala yuzasidan «Saida dalalari» fermer xo‘jaligiga borishgan. Ular fermer xo‘jaligi raisi Bo‘riyev Anvar va akasi Bo‘riyev Olimjonga Bolqi qishlog‘ida yashovchi fuqarolar Bo‘tayev Nabijon va Norboyev Bahriddinlarning uy joylarini saqlab qolish va ular egallab turgan 0,12 gektar yer maydoni evaziga zahiradagi 1,8 gektar maydondan qo‘shimcha ravishda yer ajratib berish taklifini berishgan.

Ma’lumotnoma mazmunidan anglashiladiki, hokimlik fermer va o‘zboshimchalik bilan noqonuniy uy-joy qurganlar o‘rtasidagi nizolarni bartaraf etish yo‘llarini axtarmoqda. Ammo fermer hokimlik takliflariga rozi bo‘lmayapti. Chunki u qonun o‘z tomonida deb biladi. Sababi, qo‘lida 22,5 gektarlik yerni 49 yil muddatga ijaraga berish to‘g‘risidagi tuman hokimi qarori, qolaversa, uning yer maydonida o‘zboshimchalik bilan qurilish qilganlarning harakatlarini noqonuniy deb topgan sudning hal qiluv qarori mavjud. Buning ustiga uchinchi bir fuqaro tomonidan unga tegishli yo‘lning noqonuniy egallab olingani ham bor gap.

Yana bir e’tiborli holat, Bo‘tayev Nabijon Ortiqovich va Norboyev Bahriddin Po‘latovichlarning noqonuniy turarjoyini buzish to‘g‘risida fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudi 2017 yilning yanvar oyida hal qiluv qarori chiqarayapti. Tuman hokimi esa oradan ancha kech - 2018 yilning oktabriga kelib tomonlarni murosaga chaqirish maqsadida, bu ikki fuqaroga noqonuniy egallangan yer maydonlarini «hadya» etmoqchi bo‘layapti. Hokimning bu harakatini uning vakolati doirasida deb bo‘ladimi? Sudning hal qiluv qarori bajarilishi kerakmi yoki hokimning aytganimi?

Majburiy ijro byurosining tuman bo‘limi o‘rinbosari Ma’mur Yo‘ldoshev bilan uchrashdik. Ammo u sud hal qiluv qarorining ijrosi nega ta’minlanmayotgani haqida tayinli fikr aytolmadi. Tuman hokimining qishloq xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Alisher Sadatov esa fermer xo‘jaligi ekin maydonidan bir, ikkita emas, sakkizta uy-joy qurilgani, ularning oltitasi buzib tashlangani haqida gapirdi. «Yo‘l ham boshqalar tomonidan egallab olingan. Ammo fermerga yo‘l uchun joy tashlangan. To‘g‘ri, bu ishni qonuniy deb bo‘lmaydi. Ammo keng dashtdagi bu yerda. Bo‘tayev Nabijon va Norboyev Bahriddinga tegishli turarjoylar uchun esa tuman hokimining qarori chiqarilgan», dedi u.

To‘g‘ri, lekin bu qaror sud qaroridan keyin chiqarilgan.

«Sohibkor» MFY tomonidan ham bu nizoni bartaraf etish, tomonlarni murosaga keltirishga harakat qilingan. Ammo hokimlikning ham, na mahallaning ham gapi o‘tmagan. Fuqarolik ishlari bo‘yicha Ishtixon tumanlararo sudining bundan ikki yil avval qabul qilingan hal qiluv qarorining ijrosini ta’minlash muddati o‘tib ketayotgani Majburiy ijro byurosi Ishtixon tuman bo‘limini unchalik tashvishlantirmayotganga o‘xshaydi.

Xullas, Ishtixonning Bolqi qishlog‘idagi fermer va uning ayrim qishloqdoshlari o‘rtasidagi nizo hamon davom etmoqda. Bu vaziyat murakkablashsa murakkablashyaptiki, aslo yumshayotgani yo‘q.

Bir fermer yer maydonidagi noqonuniy qurilishlar, yo‘lning o‘zboshimchalik bilan egallab olinishi, kovlangan artezian qudug‘i, o‘rnatilgan transformatori-yu, dala shiyponining boshqalar yerida qolib ketishi kabi masalalar nega mutasaddilarni oldinroq tashvishlantirmadi?

Endi esa bir qishloq odamlari o‘rtasidagi nizo kun sayin kuchayib bormoqda. Eng yomoni, bu yerda hokim tomonidan qabul qilingan qaror, sudning hal qiluv qaroriga ham e’tiborsiz qaralmoqda. Tartib-intizom, nazorat bo‘shashgan joyda o‘zboshimchaliklar boshlanadi. Kamchilik o‘z vaqtida tuzatilmasa, gazak olib ketadi. Mana oqibat — qonunga, sudga, hokim qaroriga ham nopisand qaralmoqda. Qonun kuchini ko‘rsata olmagan joyda tartibsizlik avj oladi, noinsof odamlar bundan foydalanishga urinadi. Bunday holatlar ko‘payib boraveradi...

 

 Abdurasul SATTOROV,

jurnalist.

← Roʻyxatga qaytish