«Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi milliardlab mablag‘ni nimaga sarfladi?

O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida aholini ijtimoiy muhofaza qilish bilan bog‘liq dolzarb masalalar belgilangan. Bu jarayonda nodavlat notijorat tashkilotlar, jamoat fondlari ham faol qatnashmoqda. «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi bu yo‘nalishda mamlakatimizdagi yetakchilardan biri hisoblanadi. Yaqinda Sog‘liqni saqlash vazirligida fondning o‘tgan besh yildagi faoliyati tahlil etildi, sarflangan mablag‘lar hisoboti eshitildi.

 

Asrol MIRZAAHMEDOV, «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi boshqaruvi raisi:

— Jamoat fondi hisobot davrida ijtimoiy ahamiyatga ega loyihalarni ishlab chiqish va amalga oshirishda o‘zining ijtimoiy hamkori sifatida O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi huzuridagi Nodavlat notijorat tashkilotlari va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo‘llab-quvvatlash Jamoat fondi, «O‘zbekoziqovqatzaxira» uyushmasi, «INSPIRED» MChJ, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari, «Mahalla» xayriya jamoat fondi va boshqa bir qancha davlat, jamoat tashkilotlari bilan yaqindan hamkorlik qilib keldi.

Mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida jamoat tashkilotlarining ishtiroki tobora kengayib bormoqda. Buni fond tomonidan hisobot davrida olib borilgan ishlar ham ko‘rsatib turibdi. Xususan, aholini ijtimoiy muhofaza qilishda, ijtimoiy ko‘makka muhtoj kishilarni qo‘llab-quvvatlashda, sog‘lom turmush tarzi g‘oyalarini targ‘ib qilishda jamoat fondimizning ham o‘ziga xos o‘rni bor.

Fond bir necha yo‘nalishda mablag‘larni yo‘naltirmoqda. Misol uchun, sog‘liqni saqlash tizimini isloh qilish, tibbiy asbob-uskunalar bilan ta’minlash, muhtojlarga ko‘maklashish, ularning salomatliklarini tiklashiga yordam berish hamda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilishdir. Agar raqamlarga murojaat qiladigan bo‘lsak, hisobot davrida fond xarajatlari 14.029.012.370 so‘mni, xayr-ehson, homiylik xarajatlari esa 13.326.325.370 so‘mni tashkil etdi. Jamoat fondining hisobot davridagi jami xarajatlariga nisbatan 94.9% ni, xo‘jalik xarajatlari esa 5.1% ni tashkil etdi.

 

Bahodir YUSUPALIYEV, Sog‘liqni saqlash vaziri birinchi o‘rinbosari:

— Bugun sog‘liqni saqlash tizimi oldida turgan muammolarni hal qilish, xalqimizda sifatli tibbiy xizmatni tashkil etishda jamoat fondlarining ham muhim o‘rni bor. Shu bois vazirlik «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi bilan doimiy hamkorlik qilib keladi. Ayniqsa, fuqarolarning sog‘lig‘ini muhofaza qilish, kasallikka chalingan bemorlar uchun malakali shifokorlar maslahati va davolash ishlarini uyushtirish, nogironlarni protez-ortopediya buyumlari va reabilitatsiya qilishning texnik vositalari, tibbiyot muassasalarini tibbiy anjomlar, buyumlar va o‘quv qurilmalari bilan ta’minlashda, chet el klinikalarida stajirovkadan o‘tgan mahalliy mutaxassislarning o‘qishi bilan bog‘liq safar xarajatlarini qoplash, ijtimoiy himoyaga muhtojlarni oziq-ovqat, kiyim-kechak va dori-darmonlar bilan ta’minlash masalasiga juda katta ko‘mak ko‘rsatishmoqda.

Yutuqlar bor, biroq kamchiliklar ham oz emas. Endi fond faoliyatiga yanada zamonaviy yondashuvlarni joriy qilish, fond viloyat vakolatxonalari ishini tubdan takomillashtirish, tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun sharoit va imkoniyat yaratib berish muhim ahamiyatga ega. Qolaversa, joylardagi sog‘liqni saqlash boshqarmalari bilan yaqin hamkorlik o‘rnatilishi, mavjud muammolar yechimi hamkorlikda izlanishi zarur.

 

Farrux HAMROYEV, «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi vasiylik kengashi a’zosi:

— Eng muhim yo‘nalishlardan biri fuqarolarning murojaatlari bilan ishlashdir. Bu masala fond faollarining doimiy e’tiborida bo‘lib turibdi. Hisobot davri va 2019 yilning 1 iyuniga qadar Prezidentimizning Xalq qabulxonalari va virtual qabulxonasiga, jamoat fondi boshqaruviga kelgan murojaatlar 529 ta bo‘lib, ularning asosiy mazmuni ijtimoiy yordamga muhtoj fuqarolar davolanishlarida, jarrohlik amaliyotida ishlatiladigan materiallar, endoprotezlar, dori vositalari bilan ta’minlashda homiylik yordami ko‘rsatilishi so‘ralgan. E’tiborlisi, barcha ariza va murojaatlar belgilangan muddatlarda ko‘rib chiqilib, hal etildi.

 

Qanoat AZIZOV, «Mehr-shafqat va salomatlik» jamoat fondi Qashqadaryo viloyat vakolatxonasi rahbari:

— Hisobot davrida Qashqadaryo viloyati hududiy muassasasi Davlat dasturi hamda o‘z ish rejasida belgilangan vazifalarni bajarishda aholining ijtimoiy ko‘makka muhtoj qatlamlari, yolg‘iz keksalar, to‘shakda yotib qolgan qariyalar, boquvchisini yo‘qotgan oilalarning nogiron farzandlari, afg‘on urushi qatnashchilari, Vatanimiz chegaralarini qo‘riqlashda vafot etgan harbiylarning oilalariga ko‘mak berish maqsadida hamkor tashkilotlar bilan birga o‘tkazilgan xayr-ehson tadbirlarida 2625 nafar fuqaroga 338322000 so‘mlik yordam ko‘rsatildi. Ammo bu yetarli emas, hali qancha insonlar bizning ko‘magimizni kutib turgan bo‘lishi mumkin. Shuning uchun bu yo‘nalishdagi ishlarimizni yanada rivojlantirishimiz talab etiladi.

Yig‘ilishda barcha yo‘nalishdagi ishlar tanqidiy tahlil qilindi. Kamchiliklar ochiq aytilib, uni yechish yo‘llari muhokama qilindi. Tadbir yakunida tegishli qarorlar qabul qilindi.

 

Nurali ORIPOV

← Roʻyxatga qaytish