Kar va soqovlardan iborat oila nega oʻz uyidan haydab chiqarilmoqda?

 

“Bunday boʻlishi mumkin emas, nogironni kim ham qaqshatardi”, demoqchimisiz? Afsuski...
 
Uyidan ayrilayotganlar dodlab dunyoni boshiga koʻtaray desa, zaboni yoʻq!

Xalqimizda uy, yaʼni shaxsiy xonadon qadriyat darajasidagi mulk. Asrlar osha yashab kelayotgan “Oʻz uying – oʻlan toʻshaging”, degan naql bejiz aytilmagan.

Kutilmaganda oʻz uyidan judo boʻlish xavfi har qanday odamni iztirobga solishi tayin. Snoslar, ommaviy uy buzilishlarida odamlarning qay holatga tushgani barchaga maʼlum. Ayniqsa, bolta koʻtarib, oʻz uyini himoya qilgan ayol qiyofasi hali yodimizdan chiqmadi.

Oʻsha ayol haqini tanigan, qanday gapirishni bilar ekanki, boshiga tushgan ishga keng jamoatchilikning eʼtiborini torta oldi. Uning oʻrnida kar va soqov odam boʻlsa nima qilardi? Nima boʻlayotganini toʻliq anglay desa, eshitmasa, sezsa ham dodlay desa, tili yoʻq boʻlsa? Ogʻir savdo, shunday emasmi?

“Bunday boʻlishi mumkin emas, nogironni kim ham qaqshatardi”, demoqchimisiz? Afsuski...

Toshkent viloyati Zangiota tumanidagi Xonobod fuqarolar yigʻinida shunday oila bor. Bu Jilkinalar oilasi boʻlib, oila aʼzolarining barchasi — er va xotin va ularning uch nafar farzandi ham kar va soqov. Yaʼni eshitmaydi va gapira olmaydi.
 
Bu oilada 2018-yildan buyon tinchlik yoʻq. Chunki ularni oʻz uylaridan haydab chiqarishga urinishmoqda. Boisi aynan shu xonadon joylashgan yer shu xonadonga yaqin joyda faoliyat yuritayotgan “Qoʻyliq” agrofirmasiga negadir kerak boʻlib qolgan.

Oila bekasi Tatyana Jilkinaning (qizlik familiyasi Peregudova) Zangiota tumani mutasaddilariga qilgan murojaatlari esa izsiz ketgan.

Taassufki, yordamga muhtoj bu oilani himoya qiladigan birorta ham mard topilmadi.Bir oilani qaqshatib, mulkini tortib olishga urinayotgan tadbirkorni esa nima deb atashni ham bilmaydi kishi.

Bu oila haqida Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusovadan eshitdim.

Shundan beri oʻzimni qoʻyarga joy topa olmayman. Ularning hech boʻlmasa zaboni boʻlganda ham boshqalarga oʻxshab dod solardi, oʻzlarini qaqshatayotganlarning ismini birma-bir aytib, dunyoni boshiga koʻtarardi, deb oʻylab dilim kuydi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev mahalliy rahbarlarga xalq tomonida boʻlishni topshirsa ham ular amalda aksini qilayotgandek. Hokimliklar foyda uchun hech narsadan tap tortamayotgandek.

Faqat tadbirkorni qoralay deymanu, lekin tuman hokimligi imkon bermasa, u birovning uyini tortib olishga jazm eta olarmidi? Biroq, bari bir unda ham insof yoʻq ekanki, nogironlar oilasini qaqshatib, biror narsaga erishgandan erishmaganim yaxshi edi, deb mard keta olmagan. Eh, nafs qurboni!

Hammadan ham hali voyaga yetmagan farzandlar oiladagi sarosimali muhitdan koʻproq ozor chekdi. Axir bolakaylar eshitmasa ham, gapirmasa ham ota-ona chekayotgan iztiroblarni his qiladiku.

Tatyana Jilkina hozir yashab kelayotgan uyida bolaligidan yashaydi. 1993-yilda mazkur xonadon uning nomiga xususiylashtirib, hujjatlashtirilgan.
 
 
 
Bu uyda Tatyana avval ota-onasi bilan yashagan boʻlsa, hozir oʻz oilasi, yaʼni turmush oʻrtogʻi va uch farzandi bilan istiqomat qiladi.

2018-yilga kelib esa “Qoʻyliq” agrofirmasi egalari bu oilaga bosim oʻtkaza boshlagan. Tadbirkorning maqsadi – qoʻshnining yerini tortib olib, oʻz faoliyatini kengaytirish ekani esa kunday ravshan. Bu borada mulkdorga tegishli hujjatlar mahalliy mansabdorlar tomonidan bekor qilinganiga nima deysiz?
 
 
 
Shu yer kerak ekan, xonadon egasini rozi qilish yoki boshqa uy olib berib maqsadni amalga oshirish mumkin edi. Biroq, tadbirkor shundan koʻra, mansabdorlarni “rozi” qilishni maʼqul koʻrgan, shekilli.

Ushbu mojaroli holatni Oliy Majlisning Bola huquqlari boʻyicha vakili Aliya Yunusova batafsil oʻrganib chiqdi.

- Menga taqdim etilgan hujjatlar, hokimlik va sud qarorlari bilan tanishdim, — deydi A.Yunusova. — Eng qoʻpol xato shundaki, bu oila taqdiriga taʼsir qiladigan masala sudda koʻrib chiqilganda ularning kar va soqovligieʼtiborga olinmagan. Yaʼni, surdo tarjimoni sudga taklif etilmagan. Garchi ular sudda ishtirok etgan boʻlsa ham, nima gaplar boʻlganini, tabiiyki, eshitmagan. Biroq, shunga qaramay Tatyana Jilkinaning mulk huquqi bekor qilingan. Bu sudda surdo tarjimoni qatnashmaganining oʻzi sud qarorini bekor qilishga asos boʻla oladi. Qolaversa, sudda prokuror ham ishtirok etmagan. T.Jilkinaning mulki huquqini qonun boʻyicha koʻrib chiqib, unga albatta yordam beramiz. Boisi bu oilada voyaga yetmagan bolalar bor. Qonun ularning manfaatini himoya qiladi. Ular koʻchada qolishi mumkin emas. Yanada muhimrogʻi, bu oila ijtimoiy himoyaga muhtoj toifaga kiradi.

Bu oilaga tovon puli ajratilmasdan yoki uy bermasdan turib mulk huquqidan mahrum etilishi inson huquqlari,shu jumladan, bola huquqlarining qoʻpol ravishda buzilishidir.

Demak, ogʻriqli bu mavzu hali yopilmadi. Masalaga qonuniy baho berish fursati esa yaqin. Biz esa mavzuga yana qaytamiz.

Ammo, umid qilamizki, qoʻpol xatoni qilishga jazm etganlar xatosini kech boʻlsa-da anglab, uni tuzatishga harakat qiladi. Axir xato qilgan xatosidan toʻgʻri xulosa chiqarsa, halol yoʻlni tanlasa, kechirilibgina qolmay, rahmatga ham, savobga ham ega boʻladi.
 
 
 
Norgul ABDURAIMOVA,
 
 
← Roʻyxatga qaytish