YEOII bilan hamkorlik: oʻrganish, tahlil etish va baholash ishlari olib borilmoqda

 

Prezidentimiz Oliy Majlisga yoʻllagan Murojaatnomasida “...fuqarolarimizga qulay shart-sharoit yaratish maqsadida bugungi kunda Oʻzbekistonning Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YEOII) bilan hamkorlik qilishi bilan bogʻliq masalalar oʻrganilmoqda. Biz, albatta, ushbu jiddiy masalada, eng avvalo, xalqimizning manfaatlaridan kelib chiqib, uning xohish-irodasiga tayanamiz. Shuning uchun xalq vakillari boʻlgan deputat va senatorlarimiz parlament palatalarida mazkur masalani atroflicha muhokama qilib, oʻz zimmalariga masʼuliyatni olgan holda, asoslangan xulosalarini aytishlari kerak”, deb taʼkidlab oʻtdilar.

Albatta, biz, deputatlar xalq vakillari sifatida bu integratsiya jarayonlarida faol ishtirok etishimiz maqsadga muvofiq. 2020-yilning 26-mart kuni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Kengashi yigʻilishida Oʻzbekistonni YEOII bilan hamkorligiga oid masalalar koʻrib chiqildi. Kengash yigʻilishida bu hamkorlik negizida milliy iqtisodiyotimizdagi mavjud tarmoq va sohalarning raqobatbardoshligini oshirish va eksport salohiyatini yuksaltirish kabi dolzarb vazifalar turganligi qayd etib oʻtildi.

Taʼkidlash lozimki, jahon iqtisodiyotida globallashuv jarayonlari yana-da chuqurlashayotgan bir paytda milliy iqtisodiyotimizni sogʻlomlashtirish va yana-da rivojlantirish uchun xalqaro iqtisodiy hamkorliklarni kengaytirish muhim vazifalardan sanaladi.

Davlatimiz rahbari va Hukumat tomonidan soʻnggi yillarda dunyo hamjamiyatiga demokratik tamoyillarga asoslangan ochiqlik siyosatining yuritilayotganligi bizning manfaatlarimizga xizmat qiladigan har qanday iqtisodiy integratsiyalar bilan hamkorlik qilish masalalarini chuqur oʻrganishimizga undaydi.

YEOIIning maqsad va vazifalariga oʻz doirasida tovarlar, xizmatlar, kapital, mehnat resurslarining yaxlit bir bozorini shakllantirish, aʼzo davlatlar aholisining farovonlik boʻyicha yashash darajasini oshirish, milliy iqtisodiyotlarning raqobatbardoshligini rivojlantirish, shuningdek, barqaror rivojlanish uchun keng imkoniyatlar yaratish va shu kabilar kiradi.

Albatta, Oʻzbekiston iqtisodiyotining rivojlanishi uning bevosita mintaqaviy va xalqaro iqtisodiy tashkilotlar bilan hamkorligi samaradorligiga ham bogʻliqdir. Shu jihatdan, Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi tomonidan ham Oliy Majlis Qonunchilik palatasida Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi masalasi boʻyicha oʻrganish, tahlil etish va baholash ishlari olib borilmoqda.

Fraksiya aʼzolari har qanday iqtisodiy integratsiya va hamkorlik natijasi — birinchi oʻrinda xalqimiz farovonligini oshirishga, aholini kam taʼminlangan qatlamini kuchli ijtimoiy himoya qilishga qaratilishi lozimligiga eʼtibor qaratishyapti.

Albatta, har qanday iqtisodiy hamkorlikning ijobiy va salbiy tomonlari mavjuddir. Shu jihatdan olganda, YEOII bilan hamkorlik masalasini oʻrganganimizda, uning hayotimizning barcha jabhalari bilan birga, iqtisodiyotimizning barcha tarmoq va sohalariga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan foyda va zararlarini ham tahlil qilishimiz zarur.

XDP fraksiyasi tomonidan Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorlik masalasini oʻrganish boʻyicha amalga oshiriladigan tadbirlar rejasiga muvofiq, Iqtisodiyot va sanoat, Bandlik va mehnat munosabatlari, Sogʻliqni saqlash, Transport hamda Uy-joy kommunal vazirliklari bilan birga, ushbu hamkorlikning milliy iqtisodiyotga taʼsirini sohalar boʻyicha chuqur tahlil qilish hamda tegishli maʼlumotlar tayyorlash vazifasi belgilab olindi.

Shuningdek, XDP fraksiyasi hamkorlik masalasini oʻrganish jarayonida, birinchi navbatda, partiya elektorati manfaatlaridan kelib chiqayotganligi ham, bizning haqiqiy maʼnodagi xalq partiyasi ekanligimizga yana bir dalildir.

YEOII dunyoda hudud boʻyicha birinchi oʻrinni, YAIM boʻyicha — oʻninchi, aholi soni boʻyicha sakkizinchi oʻrinni egallashi ushbu iqtisodiy integratsiya bilan hamkorlik qilish masalasini dolzarb masalalardan biri sifatida chuqur oʻrganishga undaydi.

Shuningdek, YEOII hududida rasmiy maʼlumotlarga koʻra, 2,5 mln.dan ortiq yurtdoshlarimiz oʻz mehnat faoliyatlarini olib borayotganining oʻzi bu hamkorlikni chuqur tahlil etishga asos boʻla oladi. Chunki, mehnat qilayotgan migrant fuqarolarimizning toʻliq huquqiy himoyasi ham hamkorlik samarasiga bogʻliqdir.

Umuman aytganda, Oʻzbekistonning YEOII bilan hamkorligi qanday formatda boʻlishidan qatʼiy nazar, uning xalqimiz farovonligiga xizmat qilishi eng muhim vazifalardan biri sanaladi.

 

Zulayho AKRAMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati.

 

www.xs.uz

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish