AHOLI BILAN OCHIQ MULOQOTDA

20 dan ortiq masala ijobiy hal qilindi

O‘zbekiston XDP Surxondaryo viloyat kengashi Termiz shahridagi Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi Madaniyat va istirohat bog‘ida «Aholi bilan muloqot: muammo, yechim va samara» mavzusida ochiq muloqot tashkil qildi. Mutasaddilar, faollar va ommaviy axborot vositalari xodimlari ishtirok etgan tadbirda asosiy diqqat-e’tibor aholini qiynab kelayotgan muammolarni o‘rganish va ularni bartaraf qilishga qaratildi.

— Uchrashuvni tashkil qilingani ayni muddao bo‘ldi, — deydi «Baynalmilal» mahalla fuqarolar yig‘ini raisi Akram Rahmonov. —Hududimizda 4 ming nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi, ikki kun elektr energiyasi ta’minotida uzilish bo‘lgandi. Ko‘pchilikni qiynagan masala qisqa fursatda yechim topganidan xursandmiz.

— Men ham «Baynalmilal» mahallasida yashayman, — dedi Anora Nomozova. — Suv quvuri yorilganidan aziyat chekayotgandik. Muammo yuzasidan bir necha marta mutasaddilarga murojaat qildik. Afsuski, foydasi bo‘lmayapti.

— Qurilish-ta’mirlash ishlari olib borilayotgani uchun haqiqatan ham uzilishlar bo‘ldi, — deydi Termiz shahar «Suvoqova» unitar korxonasi bosh muhandisi Atham Jo‘rayev. — Bir hafta ichida quvurlar to‘liq ta’mirlanadi hamda aholi ichimlik suvidan bahramand bo‘la boshlaydi.

Tadbir davomida shu kabi 30 ga yaqin murojaat qabul qilindi, ularning asosiy qismiga joyida yechim topildi. Uchrashuv yakunida ijtimoiy himoyaga muhtoj bir guruh elektoratimiz vakillariga qo‘ltiqtayoq, nogironlik aravachalari hamda viloyat partiya kengashining sovg‘alari topshirildi.

 

Abdumalik HAYDAROV,

jurnalist.

← Roʻyxatga qaytish