IJTIMOIY HIMOYA – KO‘LAMDOR FAOLIYAT

 

Bu yo‘nalishda boshqaruvni takomillashtirish zarurati yuzaga kelgan

Ulug‘bek VAFOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston XDP raisi o‘rinbosari:

— Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan qabul qilingan 2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini amalga oshirish doirasida aholini ijtimoiy himoya qilish vazifalari izchil hal etilmoqda.

Hozirgacha aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash yo‘nalishlariga oid Prezidentimizning ijtimoiy yordam masalalari bo‘yicha aniq chora-tadbirlar belgilangan 40 dan ziyod farmon va qarorlari qabul qilindi.

Yurtboshimizning tegishli hujjatlari asosida nogironlar jamoat birlashmalarini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlashni kuchaytirish, aholining mehnat bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirish, xotin-qizlarning mehnat huquqlarini himoya qilish va ularning tadbirkorlik faoliyatini qo‘llab-quvvatlash, oila institutini mustahkamlash bo‘yicha chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Shahar va qishloq aholi punktlarida kam ta’minlangan aholi qatlamlariga arzon turar joylar qurish orqali ularning yashash sharoitlarini yaxshilashga doir dasturlar izchil amalga oshirilmoqda. Ayniqsa, joriy yilda aholini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilmoqda.

2017 – 2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasini “Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojalntirish yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida joriy yilda ijtimoiy siyosatning yangi ustuvor yo‘nalishlari belgilab berilgan. Ularning ajralib turadigan xususiyati – bu mamlakatda tegishli vazifalarni BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlarini amalga oshirish bilan bog‘liq holda hal etishdir.

Davlat dasturida joriy yilda ijtimoiy rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishi bo‘lgan Kambag‘allikni qisqartirish Dasturini ishlab chiqish bilan birga, Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasini yaratish va qabul qilish vazifasi ham belgilangan.

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining dasturiy maqsadlari ushbu ustuvor vazifalarga mos keladi. Ushbu masalalarda partiyaning siyosiy pozitsiyasi mamlakat taraqqiyotining yangi bosqichida olib borilayotgan keng ko‘lamli islohotlarning ijtimoiy samaradorligini izchil oshirishga ko‘maklashishdir.

O‘zbekiston XDPning dasturiy ustuvor vazifalarini amalga oshirish maqsadida partiyaning parlament fraksiyasi tomonidan tegishli ekspert guruhlari tashkil etildi. Jumladan, Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasi loyihasiga takliflar tayyorlash bo‘yicha ham ana shunday guruh tashkil etildi.

Ishchi guruhi tomonidan me’yoriy-huquqiy bazani jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish natijalari shuni ko‘rsatmoqdaki, aholining ehtiyojmand guruhlarini davlat tomonidan ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash samaradorligini oshirishga to‘sqinlik qiluvchi muammolardan biri – ushbu sohani davlat tomonidan tartibga soluvchi va bu borada tegishli muvofiqlashtirish vakolatlariga ega bo‘lgan yagona organning mavjud emasligidir.

Masalan, nogironlarni ijtimoiy himoya qilish masalalari 10 dan ortiq vazirlik va idoralar vakolatiga kiritilgan. Aniqrog‘i: nogironlikni belgilash va nogironlarni tibbiy-ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalalari Sog‘liqni saqlash vazirligi vakolatiga, nogironlarni ishga joylashtirish – Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, maxsus maktab-internatlar faoliyatini tashkillashtirish – Xalq ta’limi vazirligi, nogironlarning transport xizmatlaridan foydalanishi Transport vazirligi vakolatiga kiradi. Kam ta’minlangan oilalar, pensionerlar va aholining boshqa ehtiyojmand qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish masalasida ham xuddi shunday holat kuzatiladi. Ayni damda yuqorida sanab o‘tilgan davlat organlarining hech biri aholini ijtimoiy himoya qilish sohasida davlat siyosatini shakllantirish va amalga oshirish bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi vazifalarni bajarmaydi.

Ayni damda Amerika, Yevropa, MDHning aksariyat davlatlarida ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish bo‘yicha turli davlat va nodavlat tashkilotlar faoliyatini muvofiqlashtirishga yo‘naltirilgan davlat siyosatiga katta e’tibor qaratiladi.

Masalan, AQShda tegishli muvofiqlashtirish vazifalari Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlar vazirligiga, Buyuk Britaniyada Mehnat va pensiyalar vazirligiga, Fransiyada – Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy himoya vazirligiga, Shvetsiyada Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy rivojlanish vazirligiga yuklatilgan. Shuningdek, Germaniyada Mehnat va ijtimoiy munosabatlar Federal vazirligi, Italiyada Mehnat va ijtimoiy siyosat vazirligi, Rossiya, Belarusiya, Qozog‘istonda Mehnat va ijtimoiy himoya vazirliklari ham xuddi shu vazifalar bilan shug‘ullanadi.

Xalq demokratik partiyasining Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi ushbu yo‘nalishdagi o‘z ishini davom ettiradi va bu sohada davlat boshqaruvini takomillashtirish to‘g‘risida takliflar kiritishni rejalashtirmoqda.

Xorijning ijobiy tajribasi bo‘yicha yuqorida keltirilgan misollarni hisobga olganda, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligini Bandlik, mehnat munosabatlari va aholini ijtimoiy himoya qilish vazirligi sifatida yoki Sog‘liqni saqlash vazirligini Sog‘liqni saqlash va ijtimoiy siyosat vazirligi sifatida qaytadan tashkillashtirish mumkin. Vazirlikka ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy himoya qilish va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yagona siyosatni ishlab chiqish va amalga oshirish sohasidagi muvofiqlashtirish vakolatlarini berish orqali dolzarb masala ijobiy hal etilishi mumkin.

Prezidentimizning Oliy Majlisga yo‘llangan Murojaatnomasida bildirilgan Aholini ijtimoiy himoya qilish Konsepsiyasini ishlab chiqish va qabul qilish, ehtiyojmand aholi qatlamlarini ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaxlit va samarali tizim yaratish to‘g‘risidagi ko‘rsatmalari bu masalani chuqur muhokama qilib, fikr va takliflar asosida samarali yechimga kelinishini taqozo etadi.

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish