Cho‘zilgan qo‘rquv. Hokimlarni saylash bo‘yicha tajriba-sinov o‘tkazish kerak

 

Boshqaruvni tubdan isloh etmasdan, ya'ni fuqarolarning o‘ziga ishonchi, irodasini oshirmasdan, quyi pog‘onalardagi muammolarni samarali hal etib bo‘lmaydi. “Mening fikrim” portalida hokimlarni saylash amaliyotiga o‘tish haqidagi petitsiyani 31 mingdan ortiq hamyurtimiz qo‘llab-quvvatlaganini eski xavotir kayfiyatida emas, xursandchilik bilan qabul qilish kerak.

Prezident parlamentga Murojaatnomada shu bilan bog‘liq g‘oyani dadil va aniq aytdi. Ya'ni, jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskoriga aylanishi lozim. Bu g‘oyaga eng to‘g‘ri keladigan tabiiy tashabbuslardan biri hokimlarni saylashdir.

Bu masalada oxirgi paytda ikki xil qarash qayiqni qarama-qarshi ikki tomonga tortayotgandek taassurot paydo bo‘lyapti. Birinchisi yangilik kutayotgan bo‘lsa, ikkinchisi “hali emas, vaqti emas”, deb panada turib maslahatga, tormozga oshiqmoqda. Ikkinchi tomon ochiqcha fikr bildirishdan cho‘chiyotgandek. Ehtimol shuning uchun hokimlarni saylashga o‘tish haqida sog‘lom muloqot yo‘q. Hozir faqat birinchi tomon gapiryapti, xolos.Har qanday tashabbus uzoq vaqt javobsiz qolishi tushkunlikni chuqurlashtirishi mumkin.

Odam umrida ko‘rmagan narsaning foydasi yoki ziyoni haqida to‘g‘ri fikr bildirishi mumkinmi? O‘zbekistonda hech kim hokimlarni saylash qanday bo‘lishini bilmaydi.Bu qanday natijalarga olib kelishi haqida haqiqatga eng yaqin taxminni ham bera olmaydi. Buning nimaligi va qanday bo‘lishini harakatni boshlagandan keyingina bilish mumkin.

Nima uchun tashabbus kutilyapti? Chunki amaldagi tizim o‘sishga, yuksalishga xizmat qilmayapti, borgan sari qotib qolyapti. Shuning uchun hozirgi tartibni saylash tartibidan yaxshiroq deb aytolmaymiz. Aytsak ham ishonch bilan asoslay olmaymiz.

Keyin tushunish qiyin, hokimlarni saylash mavzusidan qochish orqali nimadan saqlanmoqchi bo‘lamiz o‘zi?.. Hukumatning joylarda ta'siri kamayishi, qo‘li qisqarishidanmi?..

Ayrim tumanlarda muammolar kuchayib ketgandan keyin holatni o‘nglash uchun hukumat tomonidan “katta tez yordam” yuborilyapti. Ba'zi hududlarda hokimiyat boshqaruvi degan tushuncha mohiyati kuchsizlanib ketgan bo‘lishi mumkin. Nega “mumkin”, chunki bunday holatlarga tashxis qo‘yadigan tizim hozircha yo‘q.

Ba'zi bir tumanlarda hokimiyat biznesga oid manfaatlar uchun astoydil harakat qiladigan uddaburonlar ahillashgan tijorat tashkilotiga o‘xshab qolmadimi?Hokim(iyat)larning klaster(lar) bilan tortishuvlari ko‘p narsani anglashga yordam berishi mumkin. Hokimiyat manfaatga berilib ketishi yomon oqibatlarga olib keladi.

Joylarda muammolar ko‘paysa, hokimiyat faol, yarataman, ishlayman, deb intilgan odamlarga qonun talab qiladigan darajada sharoit yaratib berish mas'uliyatidan uzoqlashsa, davlatning boshqa idoralari faoliyatiga ta'sir ko‘rsatib, huquqlarga daxl qilsa, vaziyat yanada og‘irlashishi mumkin.

Yana bir o‘ta ehtiyotkor, har qanday yangilikka to‘g‘ri shubha bilan qaraydigan toifa borki, ular hokimlarni saylash keskinlikni oshirishi, turli vositalardan foydalanish orqali tor manfaatlarni o‘ylaydigan noloyiq kishilar hokimga aylanib olishi, xaos yuzaga kelishi mumkin, deb hisoblaydi. To‘g‘ri, ba'zi hududlarda shunday holat ro‘y berishi mumkin.

Lekin hozir vaziyat undan yaxshiroqmi? Tor manfaatlar uchun zimdan intilayotgan, qimmatli manbalarni samarasiz sarflayotgan,odamlarning imkoniyatlarini qirqayotgan hokimlar yo‘qmi?

Saylov kim xohlaganini qiladigan tartibsiz, yovvoyi jarayon emas. U bilan bog‘liq qoidalar qonunda belgilangan, ulardan chetga chiqilganda huquq tartibot idoralari qonun talabi va ijrosini ta'minlay oladi. Bu masalada ko‘ngilni kengroq tutib munosabatda bo‘lishimiz kerak.

Davlat degani xalq taqdiri bilan uyg‘un,muqaddas tushuncha. Davlatni manfaatlar emas, qadriyatlar tutib turmasa... eng yumshoq aytganda, uyat bo‘ladi. Muammoni tan olmaslik, ko‘z yumish bilan ahvolni o‘nglash mumkin bo‘lganda, ko‘p-ko‘p yaxshiliklar ko‘rilardi.

Mahalliy davlat hokimiyati to‘g‘risidagi qonun davlatchiligimiz asoslarini tashkil etadigan qonunlardan biri. Uni o‘qib, vaziyatni tushunish uchun katta olim bo‘lish shart emas. Mazkur qonunning 24-moddasida xalq vakillari – xalq deputatlari Kengashlarining vakolatlariga e'tibor berilsa, mohiyat darrov tushuniladi. Vakolatlarning oxiri “ko‘rib chiqish hamda tasdiqlash”, “tinglash”, “tasdiqlash”, “rozilik berish”, “eshitish”, degan so‘zlar bilan yakunlanadi. Xalq vakillariga hurmat shu so‘zlar bilan tugaydi. Bunday me'yorlar qayg‘uli eshitiladi.

Mahalliy darajada vakillik va ijro hokimiyati munosabatlarida tiyib turish mexanizmini joriy etish zarurati oshib bormoqda. Deputatlar hokimga ta'sir ko‘rsatishi bo‘yicha ta'sirchan mexanizmning yo‘qligi ham joylarda hokimliklar faoliyati bo‘yicha muammoli holatlar ko‘payishiga sabab bo‘lmoqda. Joylardagi qiyin vaziyatlar tepadan hal etib kelinyapti. Lekin bu bilan o‘sish bo‘lmayapti. Hokimiyat ma'rifatli bo‘lmagan joyda odamlar ma'rifatli bo‘lishini kutish qanchalik to‘g‘ri bo‘ladi?..

Xullas, gapirsa, gap oz emas. Fikrlar esa turlicha. Bunday paytda eng yaxshi chora sinab ko‘rib, tajriba qilish. Demak, taklif: infratuzilma imkoniyatlari rivojlangan, ya'ni asosan yirik shahar yoki shahardagi tumanlarda hokimlarni saylash bo‘yicha eksperiment, ya'ni tajriba tashkil etish kerak.Bu jarayon to‘liq erkin, tabiiy shakl va mazmunda bo‘lishi juda muhim.

Bunday tajriba-sinov natijalari keng va chuqur tahlil etilsa, davlatchiligimizda yangi davrni boshlash bo‘yicha o‘ta qimmatli tajribaga ega bo‘lardik.

Saylovga xavotir bilan emas, yangi imkoniyat degan munosabat bilan yondashish kerak. Ko‘hna dunyo sabog‘i uqtiradiki, saylovli jamiyatgina sog‘lom jamiyat bo‘ladi. Jarayonlar, hayot tabiiy bo‘lmagan jamiyat unib-o‘smaydi, fikrlash, intilishdan to‘xtab, bir joyda qotib qoladi.

 

To‘lqin To‘raxonov,

O‘zXDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati rahbari.

www.kun.uz

← Roʻyxatga qaytish