Onlayn darsning talabaga foydasi koʻproq

 

Ijtimoiy tarmoqlarda onlayn darslar orqali yetarli bilim olish imkoniyatining pastligi, oʻquvchi va talabalarni sinf va auditoriyalarga qaytarib, darslarni oʻtish kerakligi toʻgʻrisida turli fikrlar bildirilmoqda.
 
Bizning fikrimizcha, oʻquvchi va talabalarni sinf va auditoriyaga qaytarishga shoshilmasligimiz kerak, chunki bu hol virus bilan kasallanish holatlarini koʻpaytirishi mumkin. Biz hali bunga tayyor emasmiz, chunki kasallanish koʻrsatkichlari, yuqtirish manbalari hali ham yuqori. Biz fuqarolarimizda virusdan himoyalanish boʻyicha qoidalarga soʻzsiz rioya qilish koʻnikmasini hali toʻliq shakllantira olmadik. Bu jarayonda biz, pedagoglar zimmasiga ham katta masʼuliyat yuklanadi.
 
Onlayn darslar butun dunyoda eng ilgʻor, shaffof usul hisoblanadi va keng qoʻllaniladi. Uning sifati boʻyicha shuni aytish lozimki, sohasini mukammal biluvchi oʻqituvchi qaysi turdagi dars boʻlishidan qatiy nazar shu sohadagi oʻquv materialini toʻliq bayon qilib, oʻquvchi ongiga yetkaza oladi. Koʻp hollarda gap oʻquvchining oʻsha bilimni oʻzlashtirishga boʻlgan xohishi darajasiga bogʻliq.
 
Bu kabi darslar baʼzilar oʻylagandek oson emas. U oʻqituvchidan juda koʻp ishlashni, yangi usullarda darsni oʻquvchiga yetkazish, topshiriqlar tayyorlash, uning oʻzlashtirishini talab qiladi. Oʻqituvchi har bir oʻquvchi bilan individual ishlaydi va unga juda koʻp vaqtini sarflaydi. Oʻquvchi odatda oʻqituvchi bilan dars yoki maslahat soatida muloqotda boʻladi. Onlayn dars oʻquvchiga doimiy va uzviy ravishda oʻqituvchi bilan muloqot va aloqada boʻlish imkonini beradi. Oʻqituvchi har kuni oʻquvchi yoki talaba faoliyatini baholab boradi. Oʻqituvchi onlayn maʼruza, dars va topshiriq, adabiyotlarni tayyorlaydi, ularni oʻquvchiga yetkazadi, shu orqali oʻquvchi faoliyatini doimiy monitoring qilib boradi.
 
Onlayn darslar oʻquvchilar uchun qulay. Oʻquvchi yoki talaba uyida oʻtirib darslarda qatnashadi. Talabaning yashashi, yoʻl haqi, ovqatlanishi va boshqalar bilan bogʻliq xarajatlariga ketadigan mablagʻi tejaladi. Agar oʻquvchi berilgan topshiriqlarni oʻz vaqtida bajarsa, fanni auditoriyadagidan koʻra chuqur oʻzlashtirishi, talaba mutaxassisligi yoki boshqa sohada oʻz faoliyatini yuritishi, ota-onasiga yordam berish imkoni kengayadi.
 
Onlayn darslar rivojlangan davlatlar amaliyotida keng qoʻllaniladi va u juda samarali usul. Chunki u oʻquvchi yoki talabaning mustaqilligi, qaror qabul qila olish, oʻz ustida ishlash, gʻoyaviy fikrlash, vaqtdan unumli foydalanish va rejalashtirishni oʻrgatadi. Darsdan tashqari biron bir faoliyat bilan shugʻullanish ham mumkin.
 
Yana bir muhim masala – bu taʼlimda korrupsiya va tanish-bilishlik, gʻirrom yoʻl bilan baho olish jarayonlarini cheklashga yordam beradi.
 
Umuman olganda, onlayn dars oʻqituvchi va oʻquvchidan koʻp ishlashni talab qilishi bilan birga, u juda koʻp ijobiy jihatlarga ega zamonaviy, masofaviy taʼlim jarayonidir. Biz onlayn darslar orqali xorijiy davlatlardagidek yoshlarimizni koʻproq mustaqil ishlash, mushohada qilish, qaror qabul qilish, yangi gʻoyalarni shakllantirishga oʻrgatishimiz mumkin. Albatta, bu sohada kamchiliklar ham bor. Masalan, dars jarayonini samarali tashkil etish uchun barcha hududlarda doimiy elektr energiya va internet tarmogʻi talab darajada ishlab turishi kabi. Ammo bugungi sharoitda bor imkoniyatdan foydalanish ham bilim olishni davom ettirish imkonini beradi. Ikkinchi eng muhim jihat – bu yoshlarimizda oʻqishga, fanlarni oʻzlashtirishga boʻlgan xohishning mavjudligi. Masofaviy taʼlim, onlayn darslar taʼlim muassasasiga borib goʻyoki “oʻqiyotgan” baʼzi yoshlarni mustaqil ravishda topshiriqlarni bajarib, bilim uchun baho olishga daʼvat qiladi. Bu esa kelajakda bilimli, oʻz fikrini erkin bayon qila oladigan, tahlil qilib xulosa shakllantira oladigan kadrlar shakllanishiga olib keladi.
 
 
Sharbat Abdullayeva,
Toshkent moliya instituti professori,
iqtisodiyot fanlari doktori.
 

OʻzA

 
← Roʻyxatga qaytish