Oʻzbekiston delegatsiyasi Rustam Emomali bilan uchrashdi

 

Dushanbe shahrida amaliy tashrif bilan boʻlib turgan Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi Spikeri oʻrinbosari Ulugʻbek Inoyatov boshchiligidagi mamlakatimiz parlament delegatsiyasi 21-sentyabr kuni Tojikiston Respublikasi Majlisi milli Majlisi Oli raisi Rustam Emomali bilan uchrashdi.
 
Suhbat boshida R.Emomali 2019-yili Oʻzbekistonga amalga oshirgan tashrifi va muzokaralarda erishilgan ijobiy natijalarni iliq xotirlab, davlatimiz rahbarining otalarcha mehr koʻrsatgan qabulidan hozirgacha chuqur taassurotda ekanini bildirdi.
 
Majlisi milli Majlisi Oli raisi mamlakatlarimiz va birodar xalqlarimiz oʻrtasidagi doʻstona munosabatlar va oʻzaro manfaatli hamkorlikni yana-da mustahkamlashga alohida eʼtibor qaratayotgani uchun Prezident Shavkat Mirziyoyevga chuqur minnatdorlik izhor etdi.
 
Uning taʼkidlashicha, davlatimiz rahbarining Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotga erishish yoʻlida konstruktiv gʻoya va tashabbuslarni ilgari surgani natijasida bugungi kunda mintaqamizda butkul yangi – oʻzaro ishonch va hamjihatlik muhiti oʻrnatildi.
 
Jumladan, soʻnggi yillarda Oʻzbekiston – Tojikiston munosabatlarida erishilgan barcha ijobiy koʻrsatkichlar ikki mamlakat rahbarlarining kuchli siyosiy irodasi, bir-biriga yuksak ishonchi va ustuvor yoʻnalishlar boʻyicha strategik qarashlari samarasidir.
 
Bugungi kunda mamlakatlarimiz oʻrtasidagi samimiy doʻstona munosabatlar boshqa davlatlar uchun oʻzaro samarali hamkorlikning namunaviy modeli boʻlib xizmat qilishi mumkin.
 
Tojikiston xalqi va rahbariyati Shavkat Mirziyoyevning ikki tomonlama munosabatlarga doir barcha masalalarni oʻzaro manfaatlarga hurmat bilan yondashgan holda, konstruktiv shaklda yechish boʻyicha tashabbuslari va amalga oshirgan saʼy-harakatlarini yuksak qadrlaydi.
 
Rustam Emomali, shuningdek, Tojikiston doʻst Oʻzbekistonga muhim strategik sherik sifatida qarashini hamda oʻzaro hamkorlikning barcha sohalarida ikki tomonlama asosda va mintaqa miqyosida hamjihatlik bilan harakat qilishdan manfaatdor ekanini taʼkidladi.
 
Uchrashuvda tomonlar koʻplab sohalarda, xususan, ikki mamlakat parlamentlari yoʻnalishida hamkorlikni kengaytirish zarurligiga eʼtibor qaratdi. Chunonchi, birinchi navbatda doʻstlik guruhlari va parlamentlararo hamkorlik mexanizmini hozirgi zamon talablariga javob beradigan shaklda yoʻlga qoʻyish uchun mavjud barcha imkoniyatlar ishga solinishini taʼkidladilar.
 

OʻzA

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish