Qizilgul QOSIMOVA: «Qonun ijodkorligi katta mas’uliyat hamda majburiyatdir»

 

Gazetamizda mazkur rukn ostida suhbatlar berar ekanmiz, gazetxonlar bilan birga o‘zimiz ham Qonunchilik palatasi deputatlarining bizga notanish jihatlarini kashf etib boryapmiz. Qizilgul QOSIMOVAni avvaldan ko‘pchilik yaxshi taniydi. Mahalliy Kengash deputati sifatida faoliyat yuritgan kezlaridanoq tashabbuskorligi, faolligi bilan ko‘zga tashlangan.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati sifatida ham o‘zining fikr-mulohazalari, takliflari bilan e’tibor qozonib kelmoqda. Uning aytishicha, qonun ijodkori bo‘lish juda mas’uliyatli vazifa. Doim o‘qish, o‘rganishni talab etadi.

 

— Keling, shifokor Qizilgul Qosimovani deputatlik faoliyatiga yo‘naltirgan sabablar bilan suhbatimizni boshlaymiz.

— To‘rtinchi sinfdaligimdanoq bolalar shifokori bo‘laman, deb niyat qilganman. Bunga sabab buvim doya bo‘lgani, deb o‘ylayman. U mening dunyoga kelishimda ham doyalik qilgan va men uyda tug‘ilgan ekanman. Ota-onam ishlagani sababli, ko‘proq buvimning yonida yurganman. Buvim chaqaloqlarni qo‘liga olib erkalaganlarini ko‘p ko‘rganman. Shundanmi, bolalar shifokori bo‘lishni o‘ylaganman. Lekin oilamizda hamma pedagog edi. Taqdir taqazosi bilan akusherlikka o‘qidim.

2000 yilgacha tashkilotchilik borasida deyarli hech qanday maqtanishga arzigulik ishim bo‘lmagan. Lekin bosqichma-bosqich yetib kelgan o‘rnim, rahbarlik lavozimida ishlaganimdan keyin butunlay boshqacha g‘ayrat bilan faoliyatimni davom ettirishga to‘g‘ri keldi. Natijada istaysizmi, yo‘qmi, qonunchilikdagi har bir o‘zgarish, me’yoriy-huquqiy hujjatlarni o‘rganish, yangiliklardan xabardor bo‘lib borish talab etiladi. Yaxshi tomoni shundaki, bu jarayon bevosita siyosat olamiga meni yetakladi.

Tan olib aytish kerakki, viloyat Kengashi deputati sifatida avvaliga u qadar e’tibor bilan ishlamadim. Chunki shifokor bo‘lib, bir necha insonning hayotini asrab qolishga, sog‘lig‘ini tiklashga yordam berish mumkin. Keyinchalik hayotiy, zarur va to‘g‘ri qonunlar ishlab chiqilish bilan esa butun bir jamiyat hayotiga ta’sir qilish mumkinligini tushundim. Ana shunda vrachlar siyosatdan uzoq bo‘ladi, degan qarashim xato ekanini anglab yetdim. Chunki har bir soha borki, bevosita siyosat bilan aloqador. Biror bir tashkilot ishini yuritishda ham o‘ziga xos siyosat kerak. Hatto har bir oilaning o‘z tartib-qoidasi, me’yorlari belgilangan. Bu ham siyosatning bir ko‘rinishi. Demak, jamiyatda hech kim siyosatdan ayro emas.

Insonlar salomatligiga doir ko‘p muammolarni samarali hal etish uchun yaxshi siyosatchi bo‘lishim kerakligini tushundim. Qarabsizki, o‘z-o‘zidan maqsadlarim qamrovi kengaydi. Aholi salomatligining bor yo‘g‘i 15 foizigina sog‘liqni saqlash tizimiga bog‘liq bo‘ladi. Qolgani ijtimoiy omillar, yashash muhitiga bog‘liq. Bu jihatlarni o‘rganish jarayonida siyosatning ichiga qanday kirib ketganimni bilmay qoldim. Muhimi, odamlarning salomatligini asrash bilan bog‘liq qayta-qayta tushuntirishlardan ko‘ra, qonunan belgilangan me’yorlar samaraliroq ekanini ko‘rdim. Natijada deputat sifatida atrofdagilarga ko‘proq naf keltirishim mumkin, degan to‘xtamga keldim.

— Shu o‘rinda savol tug‘iladi: nega nomzodingiz o‘zingiz yashaydigan hududdan emas, boshqa joydan ko‘rsatildi?

— Bilasizmi, 30 yildan ko‘proq vaqt Olmaliqda ishlaganman. Viloyat deputati sifatida faoliyat olib borganimda ham u yerning pastu balandi, muammolari va kamchiliklarini yaxshiroq bilganim uchun ularni hal qilish oson kechgan. Shu sababli o‘z hududimdan nomzodim ko‘rsatiladi, deb o‘ylagan edim. Bo‘stonliq okrugidan nomzodim qo‘yilganini eshitib, to‘g‘risi, qo‘rqib ketganman. Viloyat partiya kengashi raisiga Bo‘stonilqda meni hech kim tanimasligini, ishlarimdan bexabar ekanini, kurashish besamarligini aytganimda tanbeh eshitdim. Anchadan buyon viloyat miqyosida ishlayotganimni, tashabbus va takliflarimni boricha ko‘rsatishim kerakligini ta’kidladi.

Saylovoldi uchrashuvlarida aholi vakillari bilan gaplashdik. O‘z dasturimizni ularga tanishtirish bilan birga, hamyurtlarimizni qiziqtirgan savollarga javob berdik. Men bilganimcha, lekin samimiy javob berishga harakat qildim. masalalarni ham o‘rgandik. Kutmagandim, desam ishonmassiz, lekin bu rost. Endi ishonchni oqlashim kerak.

— Parlament deputati bo‘lish tasavvuringizda qanday edi? Bugun qanday fikrdasiz?

— Ochiqchasiga gaplashaylik, deganingiz uchun to‘g‘risini aytaman. Avvallari shu tepada o‘tirganlar nima ish qilar ekan, deb o‘ylardim. Xo‘p, Senatdagilar ma’lum bir joyda ishlaydi. Lekin Quyi palatadagilar kun bo‘yi nimalar qilisharkin, degan savol bo‘lardi. Biroq mana, endi bilyapmanki, Qonunchilik palatasi deputatining ishi son-sanoqsiz ekan. Qonun loyihasi ustida ishlash degani aytishga oson. Qanchalab hujjatlarni o‘qib, solishtirib chiqishga to‘g‘ri keladi. Hayotdagi turli muammolarni hisobga olishga to‘g‘ri keladi. Buning uchun esa hayotning o‘zini o‘rganish kerak bo‘ladi.

Qonunchilik palatasida turli soha mutaxassislari jamlangan. Har bir yig‘ilishda, majlislarda takliflar aytiladi, fikrlar bildiriladi. Ana o‘shalardan albatta nimadir o‘rganaman. Xulosa chiqaraman. Lekin o‘zim hali biror narsani qotirib qo‘yganim yo‘q. Qonun ishlab chiqqanim yo‘q. Hattoki, fikrlar bildirishda ham yetti o‘lchab bir kesishga amal qilyapman.

Boisi qonun yaratish, qonun ijodkori bo‘lish shu qadar og‘ir mas’uliyatki, buni zimmaga olish juda ham murakkabligini tushunib yetyapman. Sababi birgina so‘z, jumla yoki gap butun bir xalqning taqdiriga daxl qiladi. Jamiyat hayotini u yoki bu jihatdan o‘zgartirib yuborish kuchiga ega. Shu bois ayni paytda alohida qonun bilan ishlash borasida tavakkal qilmadim. Ko‘proq e’tiborim, vaqtimni saylovchilar murojaatlari bilan ishlashga sarflayapman. Mukammal, puxta takliflar bilan aholi manfaatiga xizmat qiluvchi qonun ustida ishlash uchun biroz vaqt talab etiladi.

— Har bir deputatning qalbida tugib qo‘ygan niyati bo‘ladi. Siz qanday tashabbus va takliflarni ilgari surmoqchisiz? Nimalarni o‘zgartirishni istardingiz?

— Aslida imkoniyat berildi, deb ayta olaman. Lekin biror bir masala yuzasidan to‘liq, atroflicha fikr bildirish imkonim bo‘lmadi. Tan olaman, hali o‘zim bunga tayyor emasman. Chunki aytadigan so‘zimning yuki, zalvori, o‘rni va arzirli ahamiyati bo‘lishi zarur. Shunchaki gapirib qo‘yish bilan natijaga erishib bo‘lmaydi.

Kasbimdan kelib chiqib, aholi salomatligini asrash chora-tadbirlarini yana mustahkamlashga hissa qo‘shishi o‘zimga majburiyat, deb bilaman. Ayniqsa, nogironlikning, erta tug‘uruqning oldini olish, ona va bola salomatligini asrash, umuman sog‘liqni saqlash sohasidagi me’yorlar qat’iylashishini istardim. Eng muhim masala har bir insonda salomatligi to‘g‘risida o‘z qayg‘urish ko‘nikmasini hosil qilish. Chunki tajribam davomida amin bo‘lganmanki, agar inson o‘z salomatligi o‘ziga, oilasiga, jamiyatga kerakligini anglab yetmasa, ming jon kuydiring, tushuntiring foydasi bo‘lmaydi.

Shuning uchun ham bir masalani takror aytaman. Maktab darsliklariga inson tanasini, organizmini o‘rgatuvchi fanlarni ko‘proq kiritish kerak. Bolalik, o‘smirlik, yoshlik kabi o‘tish davridagi o‘zgarishlar, yangi hayotga qadam qo‘yganda, nimalarga e’tibor berish kerak, er-xotin o‘rtasidagi munosabatlar va boshqa masalalarda o‘qitishimiz zarur. O‘shanda kishi o‘zini nimalardan va qanday himoya qilishni biladi. Bu esa ko‘plab muammolarning oldini olishga xizmat qiladi. Chunki hamma narsaning profilaktikasi inson uchun ham, davlat uchun ham arzon tushadi.

To‘g‘ri, ixtisoslashgan markazlar ham kerak. Ayniqsa, hozirgi murakkab sharoitda juda ham zarur. Lekin insonlar kasal bo‘lmasligining, o‘zini himoya qilishining tarafdoriman. Qachonki, birlamchi zveno, ya’ni poliklinikalar va ulargacha bo‘lgan oraliq, odamlardagi tibbiy madaniyat masalalariga asosiy e’tibor qaratilmas ekan, muammo ildiz otib ketaveradi. Bu kabi masalalar hal bo‘lmas ekan, shifoxonalarga, kadrlarga yuklama ortaveradi. Bemorlar ko‘payaveradi. Natijada joy, dori-darmon, eng yomoni, kadrlar taqchilligi yuzaga keladi. Norozilik ortadi.

Profilaktikani kuchaytirish, asosiy e’tiborni birlamchi bo‘g‘inga qaratish zarur. Asossiz ravishda QVPlar qisqartirilib, oilaviy poliklinikalar tashkil etildi. Bu esa qo‘shni qishloqdagi aholiga noqulayliklar tug‘dirdi. QVPlarni qayta tiklash, umumiy amaliyot shifokorlari sonini ko‘paytirish, kamida 10-15 yil tajribaga ega mutaxassislarni ushbu lavozimlarga qo‘yish lozim. Agar umumiy amaliyot shifokori bemorning har qanday savoliga javob bera oladigan, uni to‘g‘ri yo‘naltirish tajribasiga ega bo‘lganida, ko‘p narsada yutardik. Davlatning mablag‘i tejaladi, aholining vaqti ham, puli ham, sog‘lig‘i ham himoyalangan bo‘lardi. Ana shunda muammo kattalashmasdan, eng quyi bo‘g‘indayoq yechim topa boshlaydi. Biz bunga hali tayyor emasmiz. Duragay kadrlarimiz kam. Vaziyatni izga solish uchun vaqt talab etiladi. Lekin ushbu jarayonga qanchalik erta kirishilsa, shuncha yaxshi, deb hisoblayman.

— Kadrlar yetishmovchiligini bartaraf qilish bilan bog‘liq qanday takliflaringiz bor?

— Oliy o‘quv yurtini bitirganlar, ayniqsa, to‘lov-kontrakt asosida o‘qiganlar istagan joyimda ishlayman deydi.Ko‘pchiligi qishloqqa, tumanga borib ishlashni istamaydi. Bularni hal qilish uchun avval har bir hudud o‘ziga kerakli kadrlar uchun kvotalar belgilanishi va shu asosda talabalarni yo‘naltirish lozim. Shuningdek, shartnoma yoki grant asosida o‘qishidan qat’iy nazar ularga kamida uch yillik ishlab berish majburiyati yuklatilishi kerak. Ushbu choralar qishloq joylarda kadrlar yetishmovchiligini biroz bo‘lsa-da kamaytiradi. Faqat ishlash uchun yetarli sharoitni yaratib berish zarur. Aks holda, hamma qochib ketaveradi.

Zamonaviy texnika, oddiy internet masalasi ham qishloqlarda muammo bo‘lib turgan bir vaqtda tabiiyki, o‘qishni bitirgan yoshlar u joyga borib ishlashni istamaydi. Mana shu masalalar hal qilinsa, kadrlarga talab qo‘yish oson bo‘ladi.

Yana bir gap. Hududlarni o‘rgangan holda, tajriba almashish, ustoz-shogird an’anasida faoliyat olib borishni yo‘la qo‘yish zarur. Masalan, tajribali vrach o‘z hududidan boshqa bir hududga mehnat safari yoki boshqa bir qonuniy usulda 6 oy, bir yoki ikki yilga ishga jalb qilinishi yaxshi samara beradi. Hududlar o‘rtasidagi nomutanosiblikni bartaraf etishga turtki bo‘ladi.

— Dilingizga tugib qo‘ygan gaplaringiz, fikrlaringiz bo‘lsa, marhamat...

— Bugungi kunning eng dolzarb mavzusi koronavirus haqida gapirmoqchiman. Aholi orasida har xil qarashlar, behuda vahimaga berilish yoki aksincha ortiqcha beparvolik yuzaga kelgan. Maktablarda, umuman ta’lim tizimida onlayn o‘qitishga tarafdor emasman. Barcha sanitar talablarga amal qilgan holda, nazoratni kuchaytirib, o‘qishni davom ettirish kerak, deb o‘ylayman.

Bir narsaga ko‘nikishimiz kerak. Bu virus odamlar orasida huddi gripp kabi yashab qolish ehtimoli yuqori. Shuning uchun odamlar o‘zini asragan holda yashashga ko‘nikishi zarur.

 

“O‘zbeksiton ovozi” muxbiri

Zilola UBAYDULLAYEVA suhbatlashdi.

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish