Prezident belgilagan vazifalar ta’lim tizimi tubdan yangilanishiga asos bo‘ladi

 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan marosimdagi nutqi  mamlakatimiz aholisi tomonidan qizg‘in qo‘llab-quvvatlanmoqda. Turli kasb egalari, xususan, deputatlar nutqda ko‘tarilgan takliflar, ilgari surilgan g‘oyalar ahamiyati haqida o‘z fikr-mulohazalarini bildirishmoqda.

 

Ulug‘bek INOYATOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi rahbari:

— Mamlakatimizda bugungi kunda amalga oshirilayotgan islohotlar O‘zbekistonning yangi qiyofasini yaratayotgan bo‘lsa, Prezidentimiz O‘qituvchi va murabbiylar kuniga bag‘ishlangan tantanali marosimdagi nutqida Uchinchi Renessans poydevorining aniq modelini asoslab berdi. Tarbiyachi, o‘qituvchi, ziyolilarimiz hamda ota-onalar yangi Uyg‘onish davrining tayanch ustuni bo‘lishi kerakligi ta’kidlandi.

Uchinchi Renessans g‘oyasidan ko‘zlanayotgan eng katta maqsad — tarixan mavjud buyuk salohiyatni qayta uyg‘otishdir. Muhtaram Prezidentimiz xalqimizni ruhan yanada birlashtiradigan  yangi, aniq va buyuk g‘oyani ilgari surmoqda.

Ta’lim tizimini zamon talablariga moslashtirish masalasi bosqichma-bosqich islohotlar markaziga qo‘yilmoqda. Xususan, 2018 yilda Prezidentimizning umumiy, o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi tizimini tubdan takomillashtirish haqidagi farmoni bilan yillar davomida to‘planib qolgan muammolarni hal etish choralari belgilandi.

Natijada kasb-hunar kollejlari aholi yashash joylariga yaqin bo‘lmagan masofada joylashgani, transport, davomat, hayotiy fikri shakllanib ulgurmagan yoshlarning oila muhitidan uzoqlashishi, o‘quv ustaxonalari, kasb-hunar ta’limi tizimi uchun darslik va o‘quv qo‘llanmalarining yetishmasligi bilan bog‘liq muammolarga barham berish uchun 11 yillik ta’lim tizimi tiklandi. Alohida ta’kidlash kerakki, ota-onalar, o‘quvchilar, jamoatchilik qo‘llagan bu tashabbus qat’iyat va izchil sa’y-harakatlar bilan qisqa muddatda ro‘yobga chiqarildi. Odatda mamlakat miqyosidagi katta sohada tub o‘zgarish bo‘lganda, jiddiy muammolar kuzatiladi, ammo 11 yillik ta’limni tiklash jarayonlari bugungi natijalardan kelib chiqib aytish lozimki, muvaffaqiyatli amalga oshirildi.

Nutqda belgilangan vazifalar ta’lim-tarbiyani endilikda butunlay yangi darajaga ko‘tarishga xizmat qiladi. Chunki qaysi davlat hokimiyati va boshqaruv idorasi qanday vazifani bajarishi kerakligi aniq ko‘rsatib o‘tildi. Xususan, o‘qituvchilarning hayotimizdagi nufuzi va mavqeini oshirish maqsadida ularning maqomini qonun darajasida belgilash taklif etildi, ayni vaqtda bo‘lajak qonunning konsepsiyasi ham bayon qilindi.

Shuningdek, o‘qituvchilarning huquqlari davlat himoyasida bo‘lishligi, ularning kasbiy faoliyatiga noqonuniy aralashuv, boshqa ishlarga jalb qilish javobgarlikka sabab bo‘lishini qat’iy belgilash lozimligi ta’kidlandi. Qonunda, shuningdek, maktab direktoriga qo‘yiladigan talablar, uning asosiy vazifalari va faoliyatini baholash mezonlari hamda mahalliy Kengashlar yig‘ilishlarida hisobot berish tartibini belgilash zarurligi aytildi.

Bu vazifalarni amalga oshirish parlament zimmasiga katta mas’uliyat yuklaydi. Chunki vakillik hokimiyatiga ta’lim jarayonlarini sifatli tashkil etish, nazorat etish bilan bog‘liq qo‘shimcha vakolatlar berilishi, mazkur masalada mutlaqo yangi institut tashkil etilishi nazarda tutilyapti. Ushbu institut qonunchilikda aniq aks etishi, eng asosiysi, undan hayotiy natijalar sezilishi kerak.

Maktab direktorlarini mahalliy Kengash oldida hisobdor bo‘lishini qonunga qo‘shishdan avval mahalliy davlat hokimiyati, vazirlik-idoralar hududiy bo‘linmalarining amaldagi hisob berish amaliyoti qanday samara berayotgani chuqur tahlil etilishi kerak. Tezroq yangilik joriy etish haqida emas, yangiliklardan tezroq real samara bo‘lishi uchun harakat qilish talab etiladi.

Kambag‘allik, qolaversa, boqimandalik kayfiyatiga qarshi kurashishning, ijtimoiy himoya tizimini modernizatsiya qilishning uzoq istiqbolda eng samara beradigan yo‘li bugun ta’lim tizimiga, inson kapitaliga e’tiborni yanada kuchaytirishni taqozo etadi. Ehtiyojmand, kambag‘al oiladagi muhitni ularning farzandlariga sifatli ta’lim-tarbiya berish orqali tubdan o‘zgartirish mumkin.

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasi barchaga teng, xususan, ijtimoiy muhofazaga muhtoj, kam daromadli aholi qatlami uchun ta’lim olish, hunar egallab, ishli bo‘lish imkoniyatlari yaratilishini zarur, deb hisoblaydi.

Mamlakatimizdagi 10 mingga yaqin maktablarda ta’lim-tarbiya jarayonlari qanday kechayotganini bitta vazirlik muvofiqlashtirib, quyiga yetib borishi qiyin masala. Ta’lim tizimiga nisbatan tanqidiy munosabatlar oz emas, ammo faqat tanqid bilan ta’limni yuksaltirib bo‘lmaydi. Aksincha, mutasaddi vazirliklar bilan birga, hokimliklar, deputatlar, keng jamoatchilikning faol ishtirokida sohada rag‘bat va qo‘llab-quvvatlash muhitini yuzaga keltirish zarur. Prezidentimiz taklif etgan yangi mexanizm mana shu maqsadga xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasini innovatsion rivojlantirish strategiyasining bosh maqsadi inson kapitalini taraqqiy ettirishdir. Ushbu hujjatda 2030 yilga borib O‘zbekistonni Global innovatsion indeks reytingida jahonning 50 ta ilg‘or mamlakati qatoriga kiritish asosiy vazifalardan biri etib belgilangan.

Hozirgi tez o‘zgarib, tez rivojlanayotgan dunyoda zamonaviy bilim va ko‘nikmalarga ega bo‘lgan yosh avlodgina munosib o‘rnini topa oladi. O‘zbekiston aholisi tarkibida yoshlar 60 foizdan ko‘proqni tashkil etadi. Bu mamlakatimizda inson kapitaliga investitsiya yo‘naltirish zarurati juda katta hajmda bo‘lishi kerakligini anglatadi.

Ma’lumki, inson kapitali qobiliyat, malaka va maqsadlar jamlanmasi bo‘lib, har qanday davlat iqtisodiyotining jahon bozorida raqobatbardoshligini ta’minlovchi, davlat boshqaruvi, qonunchilik va ijro organlari faoliyatiga kuchli ta’sir ko‘rsatuvchi omil bo‘lib hisoblanadi. Xalqaro ekspertlar rivojlanayotgan davlatlarni inson kapitaliga jiddiy e’tibor berib, ko‘proq mablag‘ ajratishga chorlab kelmoqda.

Respublikamizda keyingi yillarda ta’lim tizimiga yo‘naltirilgan mablag‘lar oshdi, qonunchilik va boshqa ma’muriy islohotlar jadallashdi. Mablag‘lar bundan keyin yanada ko‘proq ajratilishi tashabbusi ilgari surilmoqda. Faqat buning uchun ta’lim tizimining qaysi bo‘g‘inini qanday rivojlantirish masalasida chuqur tahlillar olib borilishi lozim.

Mamlakatimizda ijtimoiy tenglikni ta’minlash, hududlardagi yoshlar salohiyati va qobiliyatini yuzaga chiqarish dolzarb ahamiyatga ega masalalardan biri bo‘lib qolmoqda.

Ta’lim berish, kasb-hunar o‘rgatish ishlari o‘zaro uyg‘un ravishda samarali olib borilishi ishsizlikni kamaytirish, o‘zini o‘zi band etish imkoniyatlarini oshirish, kambag‘allikka qarshi kurashishda hal qiluvchi ahamiyat kasb etadi. Bu partiyamiz uchun prinsipial masaladir.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi barcha darajadagi deputatlarining kuch va imkoniyatlarini ta’lim tizimidagi tub o‘zgarishlarni ro‘yobga chiqarish jarayonida faol qatnashishga safarbar etadi.

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish