AVTOMOBILLAR ODAMLARGA XALAQIT BERYAPTI

Muammoni qanday hal etish mumkin?

Yurtimizda avtotransport vositalari soni tez sur’atlarda ortib borayotgani qator muammolarni keltirib chiqarmoqda. Birinchidan, yo‘llarda tirbandlik yuzaga kelib, harakatlanish qiyinlashayotgan bo‘lsa, boshqa tomondan, avtomashinalarni saqlash jiddiy masalaga aylanmoqda. Aholi punktlari, mahalla va turar-joylarda, shu jumladan, bozor, ishxona hamda boshqa ob’ektlar atrofida maxsus avtoturargohlar yo‘qligi tufayli odamlar avtoulovlarini piyodalar yo‘laklarida, ko‘p qavatli uylarning kirish va chiqish joylarida pala-partish va qoidaga zid ravishda qo‘yib ketishga majbur bo‘lmoqda.

Mamlakatimizda avtomobil zavodi faoliyat boshlagan dastlabki yillarda yiliga 25 300 ta yengil avtomobil ishlab chiqarilgan bo‘lsa, hozirgi kunda “UZAUTO MOTORS”da yiliga 250 ming donadan ortiq avtomobil ishlab chiqarilmoqda. Yaqin kelajakda bu ko‘rsatkich yanada ortib, O‘zbekiston avtotransport sanoati rivojlangan Germaniya, Amerika, Angliya, Fransiya va Yaponiya kabi davlatlar qatoriga kirishi kutilmoqda.

Avtomashinalarni saqlash tizimidagi muammolar butun dunyoda jiddiy tashvish tug‘dirmoqda. Bu masalani rivojlangan davlatlar misolida ko‘rib chiqamiz.

Xalqaro tajriba: avtomobil eng ko‘p bo‘lgan mamlakat — Amerikada “parkovka” masalasi o‘tgan asrning 30-yillaridayoq ko‘tarilgan. O‘shanda avtoulovlarni saqlashga joy qolmagandan keyin yer osti avtoto‘xtash majmualari joriy qilina boshlangan. Ayni paytda AQShda eng ko‘p tarqalgan parkinglar – bir necha yarusli, ko‘p qavatli binolarga o‘xshash, devorsiz va tomsiz, maxsus liftga ega bo‘lgan inshootlardir. Bunday avtoturargohga mashina avtomatik tarzda joylashtiriladi. Ko‘pgina yirik shaharlarda odamlar avtoulovini shunchaki yo‘l chetida, aholi istiqomat qiluvi hududda yoki piyodalar yo‘lkalarida qoldirib ketmaydi. Chunki ular buning oqibatida katta miqdorda jarimaga tortilishi yoki shaxsiy avtoulovini tegishli mutasaddi tashkilotlar evakuator bilan olib ketishini bilishadi.

Amerikadagi avtomatlashtirilgan turargohlarning afzalligi shundanki, ular turar joy va xizmat binolariga yaqin hududda joylashgan, inshootda yoritish tizimi, ventilyatsiya, lift, zinapoya, favqulodda holatlarda chiqish yo‘llari va qo‘riqlash xizmatiga ehtiyoj yo‘q. Ishlash prinsipi juda oddiy: pul to‘lab, kvitansiya olingandan so‘ng avtomashina platformaga yuboriladi va avtomatik tarzda maxsus yacheykaga joylashtiriladi. Avtoulovni joylashtirish va qaytarib olish 2 daqiqa vaqt oladi. Ko‘p qavatli mexanik avtoturargohlar 250 tagacha avtomashinani sig‘dira oladi. Masalan, Italiyada shunday avtomatlashtirilgan avtoturargoh borki, uning diametri 30 metrni tashkil qiladi. Mashina maxsus manipulyator yordamida bo‘sh yacheykaga joylashtiriladi. Ammo bu loyiha katta mablag‘ talab etadi.

Niderlandiyada aksariyat aholi qulay velosipedlarda harakatlanadi. Qolaversa, davlat shunchaki yer osti avtoturargohi emas, balki o‘zida avtomashinalarni yuvish shoxobchasi, avtodo‘kon, sport zallari, basseyn va kinoteatrlarni jamlagan yer osti avto saqlash shaharchasini barpo etish loyihasini tasdiqladi. Loyihani bajarish uchun 10 milliard yevro va 20 yil vaqt talab qilinadi.

Londonda esa markaziy hududga shaxsiy avtotransport vositasida kirish juda qimmatga tushadi, avtomobil saqlash joylari uchun to‘lov ham nisbatan baland.

Yevropa, Amerika va Janubiy Koreyada avtomobil vositalarini saqlash joylari shahar chetida, metro stansiyalari yonida joylashtirilgan bo‘lib, ertalab va kun davomida shaxsiy avtomashinalarni shu kabi joyda qoldirib, shahar ichida metroda yoki jamoat transportida harakatlanishadi.

Germaniyada shaxsiy avtoulovni xonadon ayvonida saqlash tizimini yo‘lga qo‘yishgan. Bu uylar 6 qavatdan iborat bo‘lib, har bir qavatda 2 ta xonadon joylashgan. Avtomashinani tepaga ko‘tarish uchun maxsus liftlar o‘rnatilgan.

Bu kabi ilg‘or va zamonaviy loyihalar yaqin kelajakda mamlakatimizning yirik shaharlarida ham qurilishiga ishonamiz.

Muammoning yechimi: Afsuski, bugun yirik shaharlarimizda avtoto‘xtash joylari yetishmasligi tufayli yo‘l harakati qoidalarini buzmay turib, mashinani parkovka qilish qiyin. Avtoturargohlar qo‘riqlanadi va ularda bo‘sh o‘rinlar topish doim muammo. Buning oqibatida aholi yashash joylari, ko‘kalamzorlashtirilgan hududlar, bolalar o‘yingohlari va piyodalar yo‘lkalarida qoidaga xilof ravishda, pala-partish joylashtirilgan avtomashinalarga ko‘p ko‘zimiz tushadi. Bu aholi, jumladan, keksalar, nogironlar, bolalar va yosh bolali ayollarning yurishi, sayr qilishi uchun noqulay sharoitni yuzaga keltirmoqda.

Ayniqsa, ko‘p qavatli uylar atrofida mashinalar ko‘payib ketgani bolalar o‘yin maydonchalarida o‘g‘il-qizlarning sport bilan shug‘ullanishi, o‘ynashiga salbiy ta’sir etib, ularning xavfsizligiga tahdid solmoqda.

Bu muammolarni hal etish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksining 128-moddasiga qo‘shimcha kiritish haqida o‘ylab ko‘rish kerak, deb o‘ylayman.

 

Boymurod YUSUPOV,

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi bo‘lim boshlig‘i.

← Roʻyxatga qaytish