O‘ZIMIZNI O‘ZGARTIRMASAK, ISHIMIZ HAM O‘ZGARMAYDI

Toshkent shahar partiya tashkiloti faoliyatining tanqidiy tahlil natijalari qanday bo‘ldi?

Mamlakatimiz muhim siyosiy jarayon ostonasida turibdi. Ma’lumki, shu yilning dekabr oyida parlament va xalq deputatlari Kengashlariga navbatdagi saylovlar bo‘lib o‘tadi. Har bir siyosiy partiya tom ma’noda imtihondan o‘tadi. Albatta, bunday pallada qaysi partiya aholi manfaatlari himoyasi yo‘lida qanday tashabbuslar bilan chiqayotgani, qanaqa amaliy ishlar qilayotgani haqidagi savollar keng jamoatchilik muhokamasi uchun ochiq bo‘ladi.

Tan olish kerakki, jamiyat miqyosidagi turli omillar ta’sirida siyosiy partiyalar faoliyati haqida qo‘proq tanqidiy fikrlar saqlanib qolmoqda. Bu munosabatni ijobiy tomonga o‘zgartirish zarurati kundan-kun oshib borayotgani ham sir emas. O‘z faoliyatiga chuqur tahliliy va tanqidiy yondashib, ish tutmagan siyosiy partiya ijobiy natijalarga erisha olmasligini hayotning o‘zi ko‘rsatib turibdi.

 

2017 yil 12 iyul kuni Oliy Majlis palatalari va siyosiy partiyalar vakillari bilan o‘tkazilgan videoselektorda belgilangan ustuvor yo‘nalishlar bo‘yicha qabul qilingan chora-tadbirlar Dasturi asosida O‘zbekiston XDP tizimida muayyan ishlar amalga oshirildi. Xususan, saylovchilar va elektorat vakillari bilan muloqotni son hamda sifat jihatidan yaxshilash, deputatlik birlashmalarining hududlardagi muammolarni hal etishda tashabbuskorligini oshirish, mintaqaviy partiya tashkilotlarining moddiy-texnika bazasini boyitish kabi yo‘nalishlarda o‘zgarishlar ko‘zga tashlandi. Lekin tahlillar partiyamiz tizimida mas’uliyat va talabchanlikni kuchaytirish kerakligini yaqqol ko‘rsatmoqda. Boisi, ayrim partiya tashkilotlari belgilangan vazifalar ijrosiga sovuqqonlik bilan qarab kelmoqda. Partiya dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilish, elektorat manfaatlarini himoya qilish, deputatlik guruhlari orqali joylarda yechimini kutayotgan o‘tkir muammolarni aniqlash va ularni bartaraf etishda hali-hamon dadillik, qat’iyatlilik yetishmayapti. Mulohazalarimizni Toshkent shahar partiya kengashi faoliyati misolida davom ettiramiz.

2019 yil 1 yanvar holatiga ko‘ra, shaharning doimiy aholisi soni 2 510 ming kishini tashkil etgan. Bu yerda partiyamizning 42 538 nafar a’zosi bor. Mamlakat poytaxti bo‘lgani uchun bu shaharda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanish boshqa hududlarga qaraganda ancha ildamroq, imkoniyatlar esa ko‘proq.

O‘zbekiston XDP tizimida olib qaraydigan bo‘lsak, Toshkent shahar partiya kengashi ham katta kuch va salohiyatga ega. Partiya tashkilotlari va deputatlik birlashmalarining poytaxt ijtimoiy-siyosiy hayotidagi o‘rni va ahamiyati haqida uzundan-uzoq gapirish shart emas.

Tahlillar Toshkent shahar partiya kengashida kadrlar qo‘nimsizligi odatiy holga aylanib qolganini ko‘rsatmoqda. Partiyaning tuman kengashlarida hali-hamon dasturlar ijrosiga e’tiborsiz qarash hollari uchrab turibdi. Kadrlarni tanlash bo‘yicha ishchi guruhning faoliyati, partiya tizimi uchun munosib kadrlar tanlash, o‘qitish va ularning zaxirasini yaratish masalalarida ham sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Partiya dasturiy maqsad va vazifalarini aholiga yetkazish, partiya safiga yangi a’zolarni qabul qilish hamda boshqa masalalar borasida ham bir qator kamchiliklar ko‘zga tashlandi.

Shuningdek, hududda siyosiy-ma’rifiy o‘quvlar o‘tkazishga tuman partiya kengashlari birdek mas’uliyat bilan yondashmagan. Xususan, Olmazor, Yakkasaroy va Sergeli tuman partiya kengashlari tomonidan bunday o‘quvlar boshlang‘ich tashkilotlarda o‘tkazilmagan. Shuningdek, mazkur tumanlarda tashkil etilgan ommaviy targ‘ibot tadbirlarida elektorat manfaatlari ifoda qilinmagan.

Tadbirlarga deputatlarni jalb etish, boshlang‘ich partiya tashkilotlari a’zolari ishtirokini muntazam ta’minlash ishlari ham sust olib borilgan. Buning oqibatida aksariyat faol boshlang‘ich partiya tashkilotlari bilan aloqalar susaygan. Targ‘ibot tadbirlari orqali bor-yo‘g‘i 30 foiz boshlang‘ich partiya tashkilotlari qamrab olingan.

Bundan ikki yil oldin, ya’ni 2017 yilning dekabr oyida Toshkent shahrining tumanlarida xalq deputatlari Kengashlari tashkil qilinib, saylovlar bo‘lib o‘tgan edi. Unda 330 ta deputatlik o‘rnidan 49 tasini (15 foiz) partiyamiz vakillari egalladi, xolos. Ayniqsa, Bektemir, Mirobod, Uchtepa, Shayxontohur tumanlarida 30 ta o‘rindan bor-yo‘g‘i 3 nafar deputat partiyamizdan saylangani achinarli holdir. Demak, saylovoldi targ‘ibot tadbirlarida ta’sirchanlik bo‘lmagan, elektorat ishonchini qozonish, saylovchilar bilan yelkama-elka turishda sustkashlikka yo‘l qo‘yilgan. Bu esa partiyaning imidjiga, obro‘siga qanday ta’sir qilgani hammaga ayon.

Oradan qariyb ikki yil vaqt o‘tdi. Partiyadan saylangan ushbu deputatlar ham elektorat manfaatlariga qaratilgan masalalarni o‘rganib, partiya guruhlari, doimiy komissiya yig‘ilishlarida muhokama qilib, sessiyaga olib chiqish vakolatlaridan yetarli darajada foydalanishmayapti. Masalan, partiyamizning amaliy Harakat dasturi bo‘yicha birinchi yarim yillik uchun belgilangan 22 masalaning aksariyati deputatlik guruhlari yig‘ilishlarida ko‘rilishi bilan cheklanilgan.

Shu o‘rinda savol tug‘iladi. Masalalarni doimiy komissiyalar va sessiya muhokamasiga olib chiqishga nima to‘sqinlik qildi? Partiyadan saylangan deputatlarimiz boshini qovushtirib, ularning salohiyati va imkoniyatlaridan samarali foydalanish birinchi navbatda shahar partiya tashkiloti rahbariyati zimmasidagi vazifa edi.

Bugungi kunda xalq deputatlari Toshkent shahar Kengashida partiyamizdan saylangan 16 nafar, tuman kengashlarida 47 nafar deputat faoliyat olib bormoqda. Partiya guruhlari joriy yilda 27 masalani o‘z yig‘ilishlarida ko‘rib chiqqan, shundan 5 masala doimiy komissiya va sessiyalar kun tartibiga kiritilgan. Ushbu ko‘rsatkichlar boshqa hududlardagi deputatlik birlashmalari natijalari bilan taqqoslansa, Toshkent shahridagi partiya guruhlari 12-o‘rinda turibdi.

Mahalliy Kengash deputatlari tomonidan ijro organlariga fuqarolar murojaatlari asosida 89 ta deputatlik so‘rovi yuborilgan. Shundan 80 tasi hal etilgani, qolganlari esa nazoratga olingani qayd etilgan. Ammo so‘rovlarning asosiy qismi tor doiradagi masalalarga qaratilgan. Ijro organlari rahbarlarining 5 marotaba hisoboti eshitilgan. Ammo, bu raqamlar qoniqarli natijalarni aks ettirayotgani haqida ijobiy fikr bildirish qiyin.

Murojaatlarga befarq qarashga hech birimizning haqqimiz yo‘q. Shu boisdan mahalliy partiya tashkilotlari qoshidagi Jamoatchilik qabulxonalari faoliyatiga bee’tibor qarab bo‘lmaydi. Negaki, elektorat vakillarini tashvishga solayotgan masalalarni o‘z vaqtida o‘rganish, muammolar ildiziga yetib borish, partiya guruhlarimiz orqali hal etishda qabulxonalar faoliyati alohida ahamiyatga ega.

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar va tuman kengashlarida 13 ta Jamoatchilik qabulxonasi tashkil etilgan. Ularga joriy yilning 6 oyi davomida 216 murojaat kelib tushgan va 155 tasi, ya’ni 72 foizi hal etilgan. Qolgan 61 murojaatning taqdiri nima bo‘lgan? Hech kim birovning eshigini shunchaki taqillatmaydi. U ming bir hadik, andisha, istihola bilan murojaat etadi. Bunday holatlarga befarq qarash partiya tashkilotining obro‘siga putur yetkazadi.

Toshkent shahrining ayrim tumanlaridagi Jamoatchilik qabulxonalari faoliyati bugungi kun talabiga umuman javob bermaydi. Jumladan, 6 oy davomida Mirobod tumanida 8, Olmazor tumanida 17, «Yoshlik» talabalar shaharchasida 8, Yashnobod tumanida 16 murojaat qayd etilgan. Eng qizig‘i, Toshkent shahar kengashiga 15 nafar fuqaro murojaat etgan. Afsuski, bu raqamlar a’zolarimiz va keng jamoatchilikning hududdagi partiya tashkilotlariga munosabatini ko‘rsatib turibdi.

O‘tgan olti oy mobaynida partiyaning Toshkent shahar kengashi tomonidan yoshlar masalasiga oid bir qator amaliy ishlar qilingan.

Dastlab bir tahlilga e’tiboringizni qaratamiz. «Yoshlar — kelajagimiz» Davlat dasturi doirasida partiyamiz tizimida targ‘ibot tadbirlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan edi. Poytaxtimizda birinchi yarim yillik davomida jami 8 marotaba ana shunday tadbir tashkil etilib, ularda 1910 nafar yigit-qiz qatnashgan. Agar poytaxtda bir yarim million nafardan ortiq yoshlar borligi hisobga olinsa, erishilgan natijaning katta yoki kichikligi yaqqol ko‘zga tashlanadi. Bugungi kunda Toshkent shahar partiya kengashi safida 12500 nafarga yaqin yigit-qiz bor. Bu hududdagi yoshlarning 1 foizini ham tashkil etmaydi. Ushbu raqam ham partiya tashkilotlari yoshlar o‘rtasida dasturiy maqsad va g‘oyalari targ‘ibotini tashlab qo‘yganini isbotlaydi. Vaholanki, poytaxtdagi 44 oliy ta’lim muassasasida ikki yuz mingga yaqin yoshlar tahsil olmoqda. Targ‘ibot ishlari samarali olib borilganida, minglab tashabbuskor yoshlarni partiya safiga qabul qilish imkoniga ega bo‘lish mumkin edi.

Xotin-qizlar bilan ishlash, ularning manfaatini himoya qilish yo‘nalishi bo‘yicha joriy yilning birinchi yarmida «Har bir insonga mehr-muruvvat ko‘rsatish — burchimiz!», «Ijtimoiy ko‘mak tashabbuskorlikka yo‘l ochmog‘i kerak!» loyihalari doirasida Farg‘ona viloyatida 500, Surxondaryo viloyatida 400 nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan ayollar holidan xabar olingan. Biroq Toshkent shahrida faqatgina 63 nafar nogironligi bo‘lgan ayol xonadoniga borilib, suhbatlashilgan. E’tibor bering, «borilgan». O‘rganilgan muammolarning yechimiga kelganda, quruq va’dalar bilan cheklanilgan.

Toshkent shahrida partiyaning 12 ta tuman kengashi mavjud bo‘lib, bu ko‘rsatkich 1 ta tuman 6 oy davomida 3 nafar, 2 oyda 1 nafar nogironligi bo‘lgan ayollar holidan xabar olinganligini ko‘rsatmoqda. Vaholanki, mazkur loyihalar Prezidentning o‘tgan yil 2 fevraldagi farmonida belgilangan vazifalar asosida ishlab chiqilib, amaliyotga tatbiq etilgan. Loyihalardan ko‘zlangan maqsad nogironligi bor xotin-qizlarni manzilli qo‘llab-quvvatlash, muammolarini o‘rganib, bartaraf etishga ko‘maklashishdan iborat edi.

Partiyamiz Saylovoldi dasturi asosida ishlab chiqilgan ushbu loyihalar Toshkent shahrida faqat 6 tumanda tashkil etilgan. Qolgan 6 ta, ya’ni Bektemir, Chilonzor, Mirzo Ulug‘bek, Yunusobod, Yakkasaroy tumanlari hamda «Yoshlik» talabalar shaharchasida nogironligi bo‘lgan ayollar holidan xabar olinmagan. Partiya elektorati manfaatlarini ta’minlashga mas’uliyatsizlik bilan yondashilgan.

Bundan tashqari, 6 oyda O‘zbekiston XDP Sergeli, Yakkasaroy, Yunusobod, Mirobod tuman kengashlari, «Yoshlik» talabalar shaharchasi kengashi tomonidan xotin-qizlar bandligini ta’minlash bo‘yicha birorta ham tadbir tashkil etilmagan.

Joriy yilning 10-16 iyul kunlari O‘zXDP Markaziy Kengashi tomonidan ishchi guruh tuzilgan holda, Toshkent shahar partiya kengashi faoliyati bo‘yicha keng qamrovli tahlil o‘tkazildi. O‘rganish natijalaridan shu narsa ma’lum bo‘ldiki, shaharda partiya tashkiloti bino va inshootlarining holati, ularni saqlab turish, tasarruf etish hamda boshqarishda ko‘plab muammolar, o‘z yechimini kutib turgan masalalar bor.

Bundan tashqari, Toshkent shahar partiya kengashi joriy yilda moliyaviy-iqtisodiy imkoniyatlar mavjud bo‘lsa-da, ular ishga solinmagan. A’zolik badallari hisobiga moliyaviy barqaror bo‘lish imkoniyatidan foydalanilmagan.

O‘rganish jarayonida o‘zibo‘larchilik va sustkashlikka yo‘l qo‘ygani uchun O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi Haydar Boboxonov, partiyaning Yakkasaroy, Olmazor, Sergeli tuman kengashi raislari egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Yuqorida qayd etilgan kamchiliklar shu yilning 23 iyul kuni O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi o‘tkazgan navbatdagi videomuloqotda atroflicha ko‘rib chiqildi. Ayrim tuman kengashlariga vaziyatni tez fursatda tubdan o‘zgartirish bo‘yicha aniq topshiriq berildi. Unda har bir mintaqaviy kengash o‘z faoliyatini chuqur tanqidiy tahlil asosida o‘rganishi va natijalarga qarab xulosalar chiqarilishi uqtirib o‘tildi.

Agar kuzatib borayotgan bo‘lsangiz, mamlakatimiz ommaviy axborot vositalarida siyosiy partiyalar faoliyati haqida ko‘plab tahliliy, tanqidiy maqolalar chop etilyapti. Ularda partiyaviy faoliyat asosan markaziy partiya idoralarida olib borilib, boshlang‘ich partiya tashkilotlari o‘z holiga tashlab qo‘yilgani qattiq tanqid ostiga olinyapti. Biz buni inkor etmaymiz. Qachonki, boshlang‘ich partiya tashkilotining ishi jonlansa, amaliy harakatlar quyidan, ya’ni mahalliy partiya tashkilotlaridan boshlansa, shunda siyosiy kuch ishida aniq samara ko‘zga tashlanadi. Saylovchiga yaqin turgan tashkilot ular bilan ishlamasa, natijani boshqa joydan qidirishdan foyda yo‘q.

 

O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi

Axborot xizmati.

← Roʻyxatga qaytish