O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi: tenglik, adolat, birdamlik uchun kurashadi

Poytaxtimizdagi «International hotel Tashkent» mehmonxonasining muhtasham Amir Temur zalida Xalq demokratik partiyasining qurultoyi bo‘lib o‘tdi.

Partiya Markaziy Kengashi, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlaridan ko‘rsatilgan delegatlar, partiyaning respublika miqyosidagi faollari, xayrixohlari hamda OAV vakillari qatnashgan qurultoyda partiyaning bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama etildi.

Qurultoyda dastlab O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov partiyaning o‘tgan besh yillik faoliyatini tahlil qildi. Shuningdek, partiyaning bu yilgi saylovda faol va munosib ishtirokini ta’minlash bilan bog‘liq eng muhim vazifalar haqida atroflicha to‘xtalib o‘tdi.

Bugun O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan tarixiy o‘zgarishlar, keng qamrovli islohotlar butunlay yangi, yuksalish bosqichiga qadam qo‘ydi. Yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy, siyosiy, ma’naviy-ma’rifiy hayotida amalga oshirilayotgan keng qamrovli yangilanishlar davlatimizning dunyo hamjamiyatidagi o‘rni va nufuzini oshirishga xizmat qilmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugun O‘zbekiston ochiq, pragmatik siyosat sari yuzlandi, deya o‘z so‘zini boshladi partiya yetakchisi.

O‘zbekiston Respublikasini yanada rivojlantirish bo‘yicha 2017-2021 yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasi asosida davlat va jamiyatda kechayotgan kuchli modernizatsiya jarayoni barcha sohada yuksalish to‘lqinini yuzaga keltirdi. Bu dunyo hamjamiyatining ham keng e’tirofiga sazovor bo‘layotgani xalqimizni yanada ruhlantirib, barchamizni yangi marralar, ulkan maqsadlar sari undamoqda.

Muhimi shundaki, bugungi hayotimizdagi tarixiy o‘zgarishlardan, eng avvalo, xalqimiz bahramand bo‘lmoqda. Odamlarning hayoti va kundalik turmush sharoiti yaxshilanib, ertangi kunga ishonchi mustahkamlanib bormoqda.

Yurtimizda demokratik islohotlar mazmun va ahamiyatiga ko‘ra, butunlay yangi bosqichga ko‘tarildi. Ko‘ppartiyaviylik, siyosiy plyuralizm, so‘z erkinligi tamoyillari ta’minlandi. Siyosiy partiyalarning jamiyat hayotida foal ishtirok etishi uchun barcha huquq va vakolatlar kafolatlandi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga bo‘lib o‘tadigan saylov siyosiy partiyalar va parlament faoliyati bilan bog‘liq islohotlarni chuqurlashtirish hamda yangi darajaga ko‘tarishda dolzarb ahamiyatga egadir. Bir so‘z bilan aytganda, xalqimiz, saylovchilar bu saylovga katta umid va ishonch bilan qarab turibdi.

Xabaringiz bor, bu yilgi saylov kampaniyasi «Yangi O‘zbekiston Yangi saylovlar» shiori ostida o‘tkazilmoqda. Darhaqiqat, saylov kampaniyasi xalqimizning kayfiyati va islohotlarga ishonchi ortgan bugungi yangi davrda o‘tmoqda. Xalqimiz, saylovchilar siyosiy partiyalardan amaliy natija, qat’iy taklif va tashabbuslar kutyapti.

Ma’lumki, aholini ijtimoiy himoya qilish har qanday davrda ham davlat va jamiyat oldida turgan eng muhim, eng dolzarb vazifalardan hisoblanadi. Chunki odamlarning turmush tarzi, kayfiyati, amalga oshirilayotgan islohotlarga munosabati, avvalo, ularning qay darajada ijtimoiy himoyalanganligi bilan bevosita bog‘liqdir.

O‘zbekiston xalq demokratik partiyasining Mafkurasi uchta asosiy g‘oyadan iborat. Bular Ijtimoiy tenglik va adolat, Ijtimoiy birdamlik hamda Ijtimoiy demokratiyaga erishishdir.

Albatta, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi mazkur g‘oyalar uchun kurashishni o‘zining bosh maqsadi etib belgilagan. Binobarin, bozor iqtisodiyoti munosabatlari chuqurlashgan jamiyatda ijtimoiy himoyaning ahamiyati yuqori bo‘lishi shubhasiz. Zero, jahon tajribasi shuni ko‘rsatayaptiki, iqtisodiy muammolarni, iqtisodiy inqirozni bartaraf etish mumkin. Ammo ijtimoiy muammolarni hal etish, ijtimoiy inqiroz oqibatlarini yumshatish oson kechmaydi. Bu juda katta kuch, vaqt, eng muhimi, uzoqni o‘ylab oqilona siyosat yuritishni talab etadi. Ayrim mamlakatlarda aholining ijtimoiy himoyasiga, ijtimoiy masalalariga e’tiborsiz qarashi natijasida juda katta ijtimoiy tanglik kelib chiqqani ko‘pchilikka ma’lum. Shu bois adolatli jamiyat aholining ehtiyojmand qatlami manfaatini hamisha himoya qilishni o‘z zimmasiga olishi shart!

Shu nuqtai nazardan partiyamizning g‘oyalari davlat va jamiyatda tinchlik hamda barqaror iqtisodiy rivojlanishni ta’minlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

Partiyamiz Ijtimoiy adolat va tenglik deganda, huquq va imkoniyatlardan barcha fuqarolarning birdek erkin foydalanishidagi tenglik va adolatni nazarda tutadi. Zero, insonlarning huquq va burchlari qonun bilan kafolatlangan jamiyatda adolat va insonparvarlik ustuvor bo‘ladi.

Ma’lumki, xalqimiz hamisha o‘z iqbolini birdamlikda, hamkoru hamdo‘stlikda yaratib kelgan. Bunda aholining millati, diniy e’tiqodi va ijtimoiy ahvolidan qat’i nazar bir-biriga mehr-oqibati, bag‘rikengligi yuksak qadrlanadi. Binobarin, ijtimoiy birdamlik, o‘zaro hurmat va qo‘llab-quvvatlash bo‘lmagan jamiyatda hech qachon barqaror rivojlanish bo‘lmaydi.

Ijtimoiy demokratiya g‘oyasi jamiyatda aholining ijtimoiy himoyasi so‘zsiz ta’minlanishi demakdir. Aholining bandlik darajasini oshirish, munosib haq to‘lanadigan ish o‘rinlarini tashkil etish hamda hayotiy zarur ehtiyojlarini yetarli darajada ta’minlash ustuvor maqsad qilib qo‘yilgan. Bunda aholining ijtimoiy va pensiya ta’minotini kafolatlashga ham muhim ahamiyat qaratildi. Nogironligi bo‘lgan shaxslar, boquvchisini yo‘qotganlar, yolg‘iz keksalar, ko‘p bolali onalar, umuman, ko‘makka muhtoj qatlamlarni qo‘llab-quvvatlash ustuvor vazifadir.

 

Ma’lumki, 2030 yilgacha O‘zbekistonni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan kompleks rivojlantirish Konsepsiyasida dunyoning o‘rtacha rivojlangan mamlakatlari qatoriga kiritish bosh maqsad etib belgilangan.

Partiyamiz mazkur maqsadga erishish tamoyillarida birinchi navbatda, ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga muhtoj aholi qatlami manfaatlarini hisobga olishni zarur, deb biladi.

Bular:

— pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori turmush kechirish uchun yetarli bo‘lmagan pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogironligi bo‘lgan bolalarni tarbiyalayotgan ota-onalar, ko‘p bolali onalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, yolg‘iz keksalar va aholining boshqa zaif qatlamlari;

— band bo‘lmagan mehnatga layoqatli aholi qatlami, ishga joylashishda qiyinchiliklarga duch kelayotgan kishilar, jumladan, ta’lim muassasalarini tugatganidan so‘ng mehnat bozoriga ilk marotaba kirib kelgan yoshlar;

— doimiy ish joyi va barqaror daromadga ega bo‘lmagan kishilar, jumladan, ichki va tashqi mehnat migrantlari.

Bugun mamlakatimiz iqtisodiy jihatdan ham yetarli salohiyat va qudratga ega bo‘ldi. Partiyamiz bu kuchni kam ta’minlangan qatlamlar turmush darajasi va sifatini yaxshilash uchun yo‘naltirish kerak, deb hisoblaydi.

Joriy yilning 22 dekabr kuni o‘tadigan, mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida muhim voqea hisoblanuvchi saylovda partiyamizning munosib ishtirok etishi hamda Saylovoldi platformasida belgilangan maqsad va g‘oyalarni hayotga izchil tatbiq qilish uchun quyidagi vazifalarni bajarishimiz lozim, dedi U.Inoyatov.

Birinchidan, Saylov kodeksining normalarini saylovchilarga keng tushuntirish muhim ahamiyatga ega. Shuningdek, deputatlikka nomzodlarning saylovoldi dasturi, ularning mehnat faoliyati va insoniy fazilatlari bilan saylovchilarni kengroq tanishtirish maqsadida ommaviy axborot vositalari bilan yanada faol ishlashimiz zarur.

Shu bois elektoratimiz manfaatlariga bevosita bog‘liq bo‘lgan iqtisodiy, ijtimoiy, siyosiy masalalarni keng targ‘ib etishda yondashuvni ham o‘zgartirish joiz. Ya’ni, siyosiy axborotlarda faqat O‘zbekiston XDP pozitsiyasi bilan chegaralanmasdan, bizning pozitsiyamiz boshqa partiyalar qarashidan nimasi bilan farq qilishini aniq-ravshan yoritib berishimiz talab etiladi.

Ikkinchidan, elektorat bilan ish olib borishda boshlang‘ich partiya tashkilotlarining o‘rnini mustahkamlash, saylov jarayonida ularning salohiyati va imkoniyatidan unumli foydalanish muhimdir.

Bunda boshlang‘ich partiya tashkilotlarini tegishli saylov okrugi hamda saylov uchastkalariga biriktirishni e’tiborga olish zarur.

Uchinchidan, partiyaning barcha darajadagi Saylov shtablari samarali ishlashini tizimli tashkil etish kerak. Saylov shtablarining vazifalari faqat saylovoldi tashviqotini tashkil qilish, vakolatli vakillar va kuzatuvchilar ishini muvofiqlashtirishdan iborat bo‘lib qolmasligi lozim.

Partiyamizning Saylov shtablari saylov kampaniyasining borishi hamda raqobatchi partiyalar xatti-harakati yuzasidan tizimli monitoring o‘rnatishi kerak. Shunda partiyamiz nomzodlariga nisbatan raqib partiyalar tomonidan bildiriladigan har qanday tanqidiy munosabatga o‘z vaqtida munosib javob qaytarish imkoniga ega bo‘lamiz.

Saylovlardan keyin xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlari va parlament fraksiyasi bilan dasturiy maqsadlarimizni amalga oshirish bo‘yicha aniq «Yo‘l xaritasi»ni belgilab olamiz.

Bunda, birinchindan, Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalarni amalga oshirishda partiyaning parlamentdagi fraksiyasi va mahalliy Kengashlardagi guruhlari o‘z vakolat va huquqlaridan foydalangan holda qonun ijodkorligi faoliyatida tashabbuskorlik ko‘rsatishi lozim.

Biz partiya Saylovoldi dasturi ijrosini ta’minlashda quyidagi uchta asosiy mexanizmdan samarali foydalanishni lozim, deb hisoblaymiz.

Birinchi mexanizm bu – deputatlik birlashmalarining qonun ijodkorligi funksiyasi. Ya’ni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasining qonun ijodkorligini kuchaytirish lozim. Shuningdek, Xalq deputatlari Kengashining doimiy komissiyalari majlisi va sessiyalarida partiya guruhlarining qarorlar qabul qilish bo‘yicha tashabbuskorligini oshirish kerak.

Ikkinchi mexanizm bu — deputatlik birlashmalarining nazorati funksiyasi. Ya’ni, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi parlament va deputatlik nazoratini amalga oshirishda doimo faol bo‘lishi zarur. Shuningdek, mahalliy Kengashlar partiya guruhlarining deputatlik nazoratini amalga oshirishini kuchaytirish talab etilmoqda.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasida parlament eshituvlari va Xalq deputatlari Kengashlarida vakolatli organlarning mansabdor shaxslarining hisobotini eshitishni tizimli yo‘lga qo‘yishimiz kerak.

Uchinchi mexanizm bu – partiyaning aholi bilan ishlash tizimidir. Ya’ni, deputatlarning saylov okruglaridagi faoliyati va partiyaning aholi o‘rtasidagi targ‘ibot-tashviqot ishlari samaradorligini oshirishimiz lozim. Bunda, ijtimoiy diagnostika ya’ni, asosiy ijtimoiy guruh manfaatlariga ta’sir qiluvchi muammolarni aniqlash va ularni o‘z vaqtida hal etishga alohida e’tibor qaratish kerak bo‘ladi.

Ikkinchidan, biz partiyaning ommaviy-siyosiy, targ‘ibot-tashviqot ishlarida, umuman, siyosiy ma’rifat tizimida zamonaviy interfaol usul va siyosiy texnologiyalardan keng foydalanib, siyosiy o‘quvlar samaradorligini oshirishimiz lozim. Bunda boshlang‘ich partiya tashkilotlari mafkuraviy funksiyasini kuchaytirish, partiyaning ommaviy axborot vositalari va internet resurslaridan foydalanish imkoniyatini yanada takomillashtirish talab etiladi.

Uchinchidan, partiyamizning kadrlar bilan ishlash faoliyatini tubdan isloh qilish davr talabidir. Yuqoridan quyigacha partiya tashkilotlari xodimlarining kasbiy va bilim darajasini oshirishning samarali tizimini yaratish kerak. Maqsadli stajirovkalarni tashkil etish yo‘li bilan zahiraga kiritilgan xodimlarning lavozim-martabasi o‘sishini ta’minlaydigan zamonaviy va adolatli boshqaruvni joriy etish muhim ahamiyatga ega.

To‘rtinchidan, partiyamizning mintaqaviy va mahalliy kengashlari hamda deputatlik guruhlari ishini faollashtirish zarur. Bu borada mavjud muammolarni shunchaki ta’kidlashdan ko‘ra, amaliy hal qilish bo‘yicha aniq takliflar ishlab chiqish lozim. Joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni doimiy monitoring qilishda partiya saylanma organlari va boshlang‘ich tashkilotlari imkoniyatidan kengroq foydalanish zarur.

Beshinchidan, fuqarolar bilan ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishda yangi samarali usul va mexanizmlarni tatbiq qilish muhim ahamiyatga ega. Bu borada Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraksiyamiz bilan mahalliy Kengashlar deputatlarining hamkorligini ta’minlash, tuman – viloyat – Respublika tizimini faol qo‘llash zarur.

Oltinchidan, partiya faoliyatini takomillashtirish uchun quyidagi vazifalarga e’tibor qaratishimiz lozim:

— boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuzilmasini yanada takomillashtirish, ularning bevosita aholi bilan ishlash samaradorligini oshirish;

— nomzodlarni partiya a’zoligiga qabul qilishda faqat son jihatdan o‘sishga emas, balki faol fuqarolik pozitsiyasiga ega, aholi o‘rtasida obro‘li hamda mamlakatimiz ijtimoiy-siyosiy hayotida faol ishtirok etishga intiluvchi fuqarolarni maqsadli saralab olish ahamiyatlidir;

— partiyamizning jamiyatdagi ijobiy imijini oshirish uchun aholi o‘rtasidagi ijtimoiy-siyosiy faoliyatimizni yanada samarali tashkil etishimiz lozim. Bunda, partiyaning ijtimoiy-siyosiy tadbirlarini faqatgina faol tarafdorlar va a’zolar orasida o‘tkazish amaliyotidan voz kechib, bevosita aholining ijtimoiy guruhlari o‘rtasida tashkil etishga e’tibor qaratish lozim. Bunda ijtimoiy guruhlarni qiynayotgan va ularning kayfiyatiga ta’sir qiladigan masalalarni keng muhokama qilish uchun zamonaviy muloqot shakllaridan samarali foydalanish kerak;

— saylov jarayonida ortirilgan tajribadan kelib chiqib, ommaviy axborot vositalari va jamoatchilik bilan ishlashning yangi shakllarini amaliyotga joriy qilish ahamiyatlidir. Partiya gazetalari, partiya Internet-sayti va barcha ijtimoiy tarmoqlar orqali targ‘ibot ishlarini kuchaytirish bugun samarali ta’sir kuchiga ega.

Mazkur vazifalar saylovlar hamda undan keyingi davrda ham amaliy ahamiyat kasb etishini inobatga olib, dasturiy maqsadlarimizni amalga oshirish bo‘yicha «Yo‘l xaritasi»ni ishlab chiqishga bugundan qat’iy kirishishimiz kerak.

Bu yilgi saylovda ishtirok etar ekanmiz, partiyamizning asosiy maqsadi — xalqimizni o‘ylantirib kelayotgan muammolarni hal qilishda samarali ishtirok etish, buning uchun esa kerakli deputatlik o‘rinlarini egallashimiz lozimdir. Shu ma’noda saylov jarayoni partiyamiz, umuman, barchamiz uchun xalqimiz, saylovchilar ishonchini qozonish imkoniyati ekanini unutmaylik.

Partiyamiz mamlakatimiz siyosiy hayotidagi muhim voqea – Oliy Majlis va mahalliy hokimiyat vakillik organlariga saylovlarda faol va munosib ishtirok etib, Qonunchilik palatasida ham, mahalliy Kengashlarda ham eng ko‘p deputatlik o‘rinlarini qo‘lga kiritishga ishonamiz!

Buning uchun esa, har birimiz yurtimiz ravnaqi va zahmatkash xalqimiz hayoti farovonligi yo‘lidagi maqsadimiz uchun yanada qat’iy harakat qilamiz!

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi hamisha xalq bilan birga, deya o‘z so‘zini yakunladi partiya yetakchisi.

Shundan so‘ng yig‘ilish kun tartibidagi masalalar yuzasidan vazirlar, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri, partiya tashkilotlari rahbarlari hamda deputatlar so‘zga chiqdi.

 

Abdug‘affor QIRG‘IZBOYEV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksiyasi a’zosi:

— O‘zbekiston XDP fraksiyasi o‘tgan davr mobaynida faoliyatini tanqidiy tahlil qilib, o‘z ishini mutlaqo yangicha yo‘nalishda tashkil etdi. Qisqa qilib aytganda, tanqidiy tahlil, qat’iy tartib-intizom va shaxsiy javobgarlik faoliyatimizning asosiy mezoniga aylandi.

Partiya fraksiyasi tomonidan hisobot davridagi qabul qilinayotgan qonunlar amalga oshirilayotgan islohotlar jarayoniga ta’sirini yanada kuchaytirishga yo‘naltirganligi bilan ahamiyatli bo‘ldi. Partiya elektoratini qiynab kelayotgan, ijtimoiy-iqtisodiy yo‘nalishdagi muammolar yechimiga hamda mamlakatni rivojlantirishga qaratilganligiga e’tibor qaratdi.

O‘tgan davr mobaynida 233 marotaba fraksiyaning kengaytirilgan yig‘ilishlari o‘tkazildi. 580 ta qonun loyihalari o‘rganib chiqildi. 230 dan ziyod qonunlarga fraksiyaning pozitsiyasidan kelib chiqib, aniq takliflar berildi. 64 ta qonun loyihasini qayta ko‘rib chiqish lozimligi bildirildi. 15 ta qonun loyihasi fraksiya a’zolarining shartli pozitsiyasiga kiritildi. Shuningdek, hisobot davrida qonunchilik palatasida ko‘rilgan 580 ta qonun loyihalaridan 28 tasiga fraksiya a’zolari tashabbusi bilan konseptual o‘zgartirishlar kiritildi.

Aytish kerakki, Qonunchilik palatasiga kiritilgan qonun loyihalari bo‘yicha fraksiyaning 334 ta taklifi ishlab chiqildi. Ko‘rib chiqilgan qonunlar loyihalari bo‘yicha fraksiyamiz a’zolari tomonidan bildirilgan takliflarning 120 ga yaqini qonunlarni qabul qilish jarayonida inobatga olindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari tomonidan Qonunchilik tashabbusi huquqi asosida hisobot yillarida 85 ta qonun loyihasi kiritilgan bo‘lsa, shundan 44 ta loyihada fraksiyamizning a’zolari tashabbuskor sifatida ishtirok etdi.

Yana bir muhim jihat. 2017 yil boshidan fraksiya qonun ijodkorligini tashkil etish borasida yangi yo‘nalishda ishlay boshladi. Ya’ni, Qonunchilik palatasiga kirib kelgan qonun loyihalarining dastlabki muhokamalaridan so‘ng partiya tashkilotlari orqali O‘zbekiston XDP deputatlik guruhlariga yuborish va partiya faollari bilan muhokama qilish tizimi joriy etildi. Natijada 278 ta qonun loyihasi to‘g‘ridan-to‘g‘ri xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi O‘zXDP guruhi deputatlari, partiya faollari bilan keng muhokama qilindi. Ulardan 700 dan ortiq taklif va mulohazalar olindi.

Xabaringiz bor, o‘tgan davr mobaynida fraksiya faoliyatida 10 ga yaqin qonun loyihasini ishlab chiqish belgilangan edi. Shundan 4 tasi deputatlarning joylardagi faoliyati natijasida sohalarda aniqlangan muammolarning yechimlariga qaratilgan tashabbuslari asosida tayyorlandi. Jumladan, «Issiqlik ta’minoti to‘g‘risida»gi, «Imkoniyati cheklangan bolalarning ta’lim olishi va ijtimoiy interatsiyasi to‘g‘risida»gi, «Psixiatriya yordami to‘g‘risidagi» O‘zbekiston Respublikasining Qonuniga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi»gi qonun loyihalari aynan fuqarolar bilan muloqot davridagi takliflar, ekspertlarning fikr-mulohozalari asosida ishlab chiqildi va muhokama qilindi.

Fraksiya tomonidan nazorat-tahlil faoliyati borasida ham samarali ish olib borildi. Ijro hokimiyati vakillari axborotlarini eshitish, tegishli mas’ullarga parlament nazorati shakllari bilan murojaat qilish, mintaqalarda bandlik dasturlari ijrosi bo‘yicha muntazam nazorat amalga oshirildi. Masalan, parlamentda 2015-2017 yillar davomida Mehnat va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirining Har yilgi ish o‘rinlari tashkil etish va aholi bandligini ta’minlash dasturlari parametrlarining bajarilishi to‘g‘risidagi axborotlari eshitildi. 2016 yilda «Psixiatriya yordami to‘g‘risida»gi Qonun ijrosini o‘rganish natijasida O‘zbekiston XDP fraksiyasi tomonidan Sog‘liqni saqlash vaziriga Parlament so‘rovi yuborildi. 2017 yilda esa fraksiya tashabbusi bilan O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosariga «Aholini gaz va elektr energiyasi bilan ta’minlash borasida amalga oshirilayotgan ishlar va bu sohadagi mavjud muammolarni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan choralar to‘g‘risida»gi Parlament so‘rovi jo‘natildi. 2018 yilda Sog‘liqni saqlash vaziri A.K. Shadmanovning «Mamlakatimizda nogironlikni belgilash amaliyoti va uni takomillashtirish borasida olib borilayotgan ishlar to‘g‘risida»gi axboroti parlament yig‘ilishida eshitildi.

Shu bilan birga, Parlament nazoratining yangi mexanizmlaridan biri bo‘lgan «Hukumat soati»larida fraksiya tashabbusi bilan 2018 yilda 3 ta, 2019 yilda 2 ta, jami 5 ta masala olib chiqilib, tegishli hukumat vakillarining axborotlari eshitilgan.

Fraksiya a’zolari o‘tgan davr mobaynida respublikamizning 96 ta tuman va shaharlarida o‘tkazilgan sessiyalarda tuman sog‘liqni saqlash bo‘limlarining hisobotlarini eshitishdi. Nazorat-tahlil ishlari davomida 759 ta muammo fraksiya tashabbusi bilan bartaraf etildi. Jumladan, nogironlik aravachasini ololmayotgan 167 ta fuqaroga nogironlik aravachalari olib berilganligi, 173 nafar fuqaroga sog‘liqni saqlash muassasalariga orderlar olingani va boshqalar shular jumlasidandir.

So‘nggi 5 yil davomida Fraksiya a’zolari tomonidan 90 ta deputatlik so‘rovi jo‘natilgan.

Fraksiyaning asosiy yo‘nalishlaridan biri — o‘zlari saylangan okruglaridagi faoliyatini tashkil etib berishdan iboratligi barchamizga ma’lum. Shu bilan birga mamlakatimizda so‘nggi uch yilda shiddat bilan olib borilayotgan islohotlar natijasida deputatlarning o‘z saylovchilari hamda tuman-shaharlardagi aholi vakillari bilan uchrashuvlari amaliyoti ham tubdan o‘zgardi. 2015-2016 yillarda deputatlar har chorakda o‘z saylov okruglariga chiqib, aholi bilan uchrashuvlar tashkil etishardi. 2017 yildan boshlab har oyda 10-12 kungacha deputatlar joylarda aholi xonadonlarida bo‘lib, ularning muammolarini o‘rganish va hal etish amaliyoti joriy etildi. Buning natijasida 2015-2019 yillarda fraksiya a’zolari tomonidan joylarda o‘rganishlar vaqtida jami 20 ming 156 ta xonadon, 228 ming 633 nafar fuqaro, jumladan, 3 ming 197 nafar tadbirkorlik sub’ekti vakillari bilan uchrashdi. Mazkur uchrashuv va muloqotlar davomida ular tomonidan jami 22 ming 859 ta masala ko‘tarildi. Deputatlar ko‘magida 493 nafar fuqaro hududlarda doimiy ishga joylashtirildi, 320 nafar fuqaroning tibbiy va tibbiy-ijtimoiy xizmatdan foydalanish huquqi ta’minlandi.

Shu biilan birga, 2019 yilda O‘zbekiston XDP fraksiyasi boshqa fraksiyalardan farqli o‘laroq har oyda deputatlar joylardan qaytganda, saylovchilar tomonidan ko‘tarilgan masalalarni tahlil qilib, fraksiya yig‘ilishida ijro hokimiyatining mas’ul vakillarini jalb qilgan holda muhokamalar o‘tkazib keldi.

O‘tgan davrda fraksiyamiz deputatlarining fuqarolar murojaatlari, bilan ishlashdagi mas’uliyatini kuchaytirish, shuningdek, ushbu sohadagi natijadorlikni yanada oshirish borasida muayyan ishlar olib borildi.

Jumladan, 2015-2019 yillar davomida, fraksiyamiz a’zolariga saylovchilar tomonidan 13 171 ta murojaat bo‘lgan. Shundan, 9 536 tasi yoki umumiy murojaatlarning 72,4 foizi ijobiy hal etildi. Qolgan murojaatlar bo‘yicha tegishli tushuntirishlar berilgan.

 

 

MUZOKARALARDA HAM AMALIY TAKLIFLAR BILDIRILDI

Nuriddinjon ISMOILOV, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikeri:

— Shu kunlardagi o‘zgarishlar, yangilanishlarga barchamiz guvoh bo‘lyapmiz. Prezidentimizning Oliy Majlis deputatlari, siyosiy partiya vakillari bilan bo‘lgan uchrashuvlarida belgilangan vazifalar, bildirilgan takliflar bosqichma-bosqich amalga oshmoqda. Ayniqsa, oxirgi uch yil davomida Qonunchilik palatasi faoliyati tubdan o‘zgardi. Davlatimiz rahbari bizga kutmagan katta-katta imkoniyat va vakolatlarni ishonib topshirdi. Parlament nazorati yo‘nalishidagi ishimiz deyarli qayta ko‘rib chiqildi. Har oyda hukumat soati o‘tkazilmoqda. Vazirlar faoliyatlari yuzasidan deputatlar oldida hisob bermoqda. Bir paytlar Senat yig‘ilishi e’lon qilinganda qonun loyihalarini yetkazib berolmasdik. Hozir 40 ta qonun loyihasi qo‘limizda turibdi. Qonunlar soni bilan birga moddalar ko‘lami ham ortgan. Vazirlik va idora vakillari deputatlardan qonunni o‘tkazib berishni so‘rashmoqda. Bu parlamentda uch yilda bo‘lgan o‘zgarishlar, xolos.

Aytish lozimki, keyingi chaqiriqdagi Qonunchilik palatasi deputatlariga ham oson bo‘lmaydi. Ularning zimmasiga yanada ko‘proq mas’uliyat yuklanadi. Oldimizda bajariladigan ishlar ko‘p. Masalan, tibbiyot sohasi, birlamchi tibbiy-sanitariya yordamini yanada takomillashtirish lozim. Endilikda viloyatlarda bittadan namunali tuman tashkil etiladi. Galdagi vazifa mamlakatimizdagi barcha tumanlarda aholi uchun havas qilgudek turmush sharoiti yaratishdir. Tan olish kerak, hali internet tarmog‘i ulanmagan tibbiy maskanlar, hatto kompyuter o‘rnatilmagan poliklinikalar mavjud.

Ochiq tan olamiz, biz bajarilgan ko‘pgina ishlarimizni, tashabbuslarimizni yetarli darajada ko‘rsatib berolmayapmiz. G‘alla bo‘yicha bozor munosabatlariga o‘tish borasida 52 deputat joylarda bo‘ldi, o‘rgandi. Zarur deb topilgan joylarda ijtimoiy yordamga muhtoj qatlam manfaati haqida qayg‘urildi, ko‘mak berildi. Natijada hukumat tomonidan bu toifaga ajratiladigan mablag‘ni oshirishga erishildi.

Yana bir muhim jihat shundaki, saylovlarga kirishda biz OAVlar bilan ishlash, jurnalistlarning mavjud muammolarga e’tiborini qaratish yo‘llarini qidirishimiz lozim.

 

Botir XAJAYEV, Iqtisodiyot va sanoat vaziri:

— Yuqoridagi ma’ruzalarda iste’mol savatchasi, yashash minimumi bilan bog‘liq qonunlar qabul qilish haqida gapirildi. Mening bir taklifim bor. Qonunlar emas, bitta qonun qabul qilsak, maqsadga muvofiq bo‘ladi. Chunki bu iste’mol savatchasi va yashash minimumi darajasi, aniqrog‘i, hayot kechirish minimum darajasi bilan bog‘liq. Bu ikkita ko‘rsatkich o‘zaro bog‘liqdir. Demak, avvalo savatchaning hisob-kitobini chiqarish va shuning asosida yashash minimumi shakllantiriladi.

Xalqaro tajribada, ya’ni MDHda bu asosan qo‘llanadigan mexanizm. Misol uchun, Rossiya Federatsiyasida 2019 yildan boshlab eng kam ish haqi bilan yashash minimumi tenglashtirilgan. Qozog‘istonda esa oxirgi 9 oylik ma’lumotlarga ko‘ra, koifitsiyenti 1,27 foizni tashkil qilmoqda. Bularning barchasi iqtisodiyotning tarkibidan kelib chiqqan holda belgilanadi. Nega O‘zbekistonda hali hanuz ushbu tartib joriy etilmagan, degan haqli savol tug‘iladi.

Shu o‘rinda aytib o‘tish kerakki, bugungi kunda yurtimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi iqtisodiyotni kengaytirishdan iborat. Xo‘sh, bu jarayon qachongacha davom etadi, desangiz, hamyurtlarimizni to‘liq doimiy ish joyiga ega bo‘lishini ta’minlash darajasiga yetganda, deb javob beraman. Bunga albatta bir necha yil talab etiladi. Bizning boshqa mamlakatlarga qaraganda o‘zimizga xos jihatlarimiz bor. Uning ijobiy tomonlari va murakkabliklari ham mavjud, albatta.

Ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarda kam ta’minlangan aholi vakillarini ish bilan band qilish asosiy vazifalardan biri sanaladi. Shuning uchun yashash minimumi va iste’mol savatchasining uslubi ishlab chiqildi. Ayni paytda Toshkent va Farg‘ona viloyatlarida sinov rejimida amalga oshirilmoqda. Shu orqali qonun yaratishda xatoga yo‘l qo‘ymaslik, haqiqiy ahvolni yaxshiroq o‘rganish imkoni yuzaga keladi.

 

Sherzod SHERMATOV, Xalq ta’limi vaziri:

— Partiyaning saylovoldi dasturida ijtimoiy adolat, ijtimoiy tenglik masalalariga e’tibor qaratilgani juda muhim ahamiyatga ega, deb hisoblayman.

Hammamiz qonunlar to‘g‘ridan-to‘g‘ri ishlaydigan jamiyat tuzishga harakat qilyapmiz. Mana shu masalada partiyamiz ham o‘zining munosib hissasi, ovozi va so‘ziga ega bo‘lishi kerak. Buning uchun parlamentda yetarli o‘rinni egallashi talab etiladi. Parlamentning muhim yo‘nalishlaridan biri bu — davlat byudjetini tasdiqlash masalasidir. Bunda fraksiyamiz a’zolari ijtimoiy sohaga ajratilayotgan mablag‘lar xususida o‘z fikrlarini bildiradi.

Masalan, ta’lim sohasiga byudjetdan ajratilayotgan mablag‘lar ortyaptimi yoki kamayaptimi? Yalpi ichki mahsulotdagi ulushi ortyaptimi, kamayyaptimi, kabi savollarga to‘g‘ri javob olish kerak. Fraksiyamiz a’zolari bu borada o‘z pozitsiyasini qat’iy bildira olsa, kelasi yilgi byudjetni tasdiqlashda o‘z takliflarini ilgari surish imkoniga ega bo‘lishadi. Natijada ta’lim sohasida rivojlanish, o‘sish sur’ati yanada ortadi.

Aytaylik, 12 yillik majburiy ta’lim 11 yillikka o‘tgach, ajratilayotgan mablag‘larda qanday o‘zgarish bo‘ldi? Bu savolga byudjet muhokamasi jarayonida javob topamiz, deb umid qilamiz.

Yana bir masala. Keyingi paytlarda byudjetdan ortgan mablag‘ mahaliy hokimliklar hisobida qolmoqda. Tabiiyki, har biri o‘ziga yarasha mablag‘ga ega. Ushbu mablag‘larning qaysi sohaga taqsimlanishi bo‘yicha ham mahalliy Kengashlar deputatlari o‘z so‘ziga, o‘z fikriga ega bo‘lishi kerak. Misol uchun, Namangan viloyatida mahalliy byudjetdan ortgan mablag‘lar ta’lim sohasiga ajratildi. Natijada birorta ham eski maktab qolmadi. Barchasi zamonaviy ko‘rinishda qayta qurildi, rekonstruksiya qilindi.

Bir so‘z bilan aytganda, elektoratimiz manfaatlari hamda partiyamiz g‘oyalarini himoya qila oladigan kuchli deputatlar kerak bo‘ladi. O‘ylaymanki, ana shunda ko‘zlangan maqsadlarga erishamiz va saylovoldi dasturimizda belgilangan vazifalarni bajaramiz.

 

 

O‘tgan davr mobaynida partiyamiz tomonidan Saylovoldi dasturida belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlash maqsadida «Mahalla – aholini manzilli ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash markazi», «Kuchli ijtimoiy himoya – asosiy maqsadimiz!», «Qishloq joylarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirish eng muhim ustuvor yo‘nalish», «Hech kim mehr-muruvvatdan chetda qolmaydi», «Xalq bilan muloqot ijtimoiy muammolarni hal etishning eng samarali yo‘li», «Mehr ulashing» kabi 20 ga yaqin loyiha amalga oshirildi. Ushbu loyihalarda bir yarim million aholi qamrab olinganini alohida e’tirof etish joiz.

 

 

Safar OSTONOV, «O‘zbekiston ovozi» va «Golos Uzbekistana» gazetalari Bosh muharriri:

— Navbatdagi saylovda siyosiy partiyalar o‘rtasidagi raqobat har qachongidan ko‘ra, keskin bo‘lishini hammamiz yaxshi anglab turibmiz. Buning sabablarini ham yaxshi bilamiz.

Birinchidan, so‘nggi besh yil mobaynida fuqarolarimizning huquqiy-siyosiy bilimi sezilarli darajada o‘sdi, ularning siyosiy partiyalarga ishonchi ham, talabi ham oshdi.

Ikkinchidan, siyosiy partiyalar saylovlarda ishtirok etish, kurashish uchun yetarli tajribaga ega bo‘ldi. Siyosiy partiyalar soni oshdi. To‘rttadan beshtaga yetdi.

Uchinchidan, navbatdagi saylov yaqinda qabul qilingan saylov to‘g‘risidagi Kodeks asosida o‘tadi.

To‘rtinchidan, navbatdagi saylov mamlakatimizda demokratik jarayonlar yangi bosqichga ko‘tarilgan, aholinig hayotga munosabati sezilarli darajada o‘zgargan yangi siyosiy muhitda o‘tadi. Bu o‘zgarish va yangilanishlar saylovga jiddiy tayyorgarlik ko‘rishni, kurash taktikasini aniq belgilab olishni talab etadi. Nima demoqchiligimiz, nima qilmoqchiligimizni saylovchilar yaxshi bilishi kerak.

Saylovda muvaffaqiyatli va munosib ishtirok etishning asosiy shartlaridan biri targ‘ibot va tashviqot ishlarini qay darajada olib borishimizga bog‘liq.

Avvalo, partiyamiz Saylovoldi dasturining boshqa siyosiy partiyalar dasturlaridan farqli jihatlarini oddiy misollar bilan tushuntirib bermog‘imiz zarur. Partiyamiz g‘oyasi insonparvar g‘oya ekani, ijtimoiy yordamga muhtoj odamlar huquqini himoya etishimizni, ular manfaati uchun kurashmog‘imizni bilgan kishi bizni qo‘llab-quvvatlaydi, deb o‘ylayman.

Bilasizlar, targ‘ibot ishlarini ommaviy axborot vositalarisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Bu masalada boshqa siyosiy partiyalarga qaraganda bizda imkoniyat kengroq. Respublika miqyosida ikkita nashrga, — o‘zbek va rus tilida, hududlar miqyosida uchta gazetaga egamiz. Partiya nashrlarida nomzodlarimiz yoki saylovoldi dasturini yoritish miqdori cheklanmagan. Ammo saylov jarayonida OAV bilan ishlashning ayrim jihatlari haqida takliflarni bildirmoqchiman.

Avvalo, respublika miqyosidagi qaysi davlat nashrlari, nodavlat va xususiy nashrlardan, teleradiokanallardan foylalanishni chuqur o‘ylab, reja tuzib olish kerak. Bunda avvalo nashrlarning va teleradiokanallarning ommaviyligiga e’tibor qaratish lozim.

Ikkinchidan, ijtimoiy tarmoqlar orasidan hamkorlarni tanlay bilish kerak. Shuningdek, mahalliy OAV imkoniyatlaridan foydalanish ham yaxshi samara berishini unutmaylik. Eng muhimi biz interv’yu beramizmi, suhbat qilamizmi, maqola yozamizmi, uchrashuvlarga boramizmi, nima deyishimizni, nimalarga urg‘u berishimizni chuqur o‘ylab olmog‘imiz zarur.

Saylov kampaniyasi paytida siyosiy partiyalar o‘rtasida bahs-munozara kuchayishi tabiiy. Hayajonga berilish, sun’iy bahs, soxta shuhratga intilish, chuqur o‘ylamay gapirish xatolarga yo‘l qo‘yishimizga sabab bo‘ladi. Partiyamizning ko‘plab faxriylari “Nuroniy” jamg‘armasi yoki Mahalla fuqorolar yig‘inlariga raislik qilib kelishmoqda. Ular katta tajribaga ega, el orasida obro‘si yuqori. Ularni targ‘ibot ishlariga jalb etsak, faqat naf ko‘ramiz.

 

Qumor BEKNIYAZOVA, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti sovrindori, qurultoy ishtirokchisi:

— So‘zim avvalida ko‘pchilik yoshlar qatori eng xalqchil, deya ta’riflanayotgan O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi safida ekanimdan faxrlanishimni aytmoqchiman. Mazkur partiyaning hayotimdagi o‘rni beqiyos. Negaki, partiyamiz tomonidan yoshlarning iste’dodini, iqtidorini yuzaga chiqarish maqsadida tashkil etilayotgan turli loyihalarda ishtirok etish davomida nimalarga qodirligimni yanada chuqurroq angladim. O‘zimga ishonchim ortdi. Xususan, «Yosh siyosatchi» ko‘rik-tanlovi men uchun katta maktab bo‘ldi.

Xalq demokratik partiyasi tomonidan amalga oshirilayotgan loyihalar ko‘plab iqtidorli yoshlarni kashf etmoqda. Mana shu jarayonda men ham tajriba orttirdim, siyosiy bilimlarim oshdi. Birin-ketin yutuqlarni qo‘lga kirita boshladim. «Yilning eng faol jurnalisti» ko‘rik-tanlovida g‘olib bo‘ldim. Navoiy nomidagi hamda Prezident stipendiyalariga munosib ko‘rildim. «Oltin qalam» milliy mukofotiga sazovor bo‘ldim. Ayni vaqtda doktorlik ishimni himoya qilish arafasidaman. Janubiy Koreya, Germaniya, Rossiya singari bir qator mamlakatlarda tajriba o‘rganib qaytdim.

Ayni vaqtda butunlay o‘zgacha o‘tishi kutilayotgan muhim siyosiy jarayon oldida turibmiz. Mana shu jarayonda partiyamiz g‘oyalarini targ‘ib etishda faol qatnashaman. Partiyamiz saylovoldi dasturida ta’lim va ijtimoiy tenglik masalalari ilgari surilganini ko‘plab yoshlar qo‘llab-quvvatlashiga ishonaman. Xalq demokratik partiyasi safida iste’dodli yoshlar ko‘p, ular saylovda partiyaning tayanchi bo‘lishadi va targ‘ibot ishlariga munosib hissa qo‘shishadi.

Shuningdek, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zbekiston XDP fraksyaisi a’zosi Feruza Eshmatova, partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari Mehrojiddin Darxonov va boshqalar kun tartibidagi masalalar haqida fikr-mulohazalarini bildirishdi.

 

 

Partiya kengashlari qoshida faoliyat ko‘rsatayotgan 214 «Jamoatchilik qabulxonasi»ga o‘tgan 5 yil davomida 64288 murojaat bo‘lgan. Ularning 40412 tasi yoki 63 foizi ijobiy hal etilgan. Qolgan murojaatlarning ijrosi partiya tashkilotlari va deputatlar tomonidan nazoratga olingan.

 

 

Maqsuda VORISOVA, O‘zbekiston XDP Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosari:

– 2019 yil 22 dekabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasi hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlariga saylovlar munosabati bilan e’lon qilingan saylov kampaniyasi eng muhim, eng qizg‘in pallaga kirmoqda. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi bu yilgi saylovga o‘zgacha shijoat, ko‘tarinki kayfiyat, eng muhimi, aniq g‘oya va maqsadlar bilan ishtirok etadi.

Bugungi qurultoyda partiyamizning bu yilgi saylovda ishtiroki bilan bog‘liq muhim masalalar muhokama qilindi. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasi va xalq deputatlari mahalliy Kengashlarga saylovlar munosabati bilan Saylovoldi dasturi delegatlar e’tiboriga taqdim etildi.

Alohida jihati shundaki, partiyamiz Saylovoldi dasturi yangicha yondashuv bo‘yicha «piramida» shaklida ishlab chiqilgan. Ya’ni, hududlarga xos eng muhim masalalarni belgilab olish, kelajakda deputatlik birlashmalari orqali amaliy va aniq natijalarga erishish uchun quyidan yuqoriga, «okrug – tuman (shahar) – viloyat – respublika»tartibiga amal qilish ko‘zda tutilgan. Bu, albatta, shunchaki gap emas. Bu dastur ustida partiyamizning butun tizimi ishladi, 214 tuman (shahar) ning ijtimoiy xaritasi shakllantirildi. Mazkur xaritalarda tumanning o‘ziga xos rivojlanish holati, odamlarni o‘ylantirayotgan masalalar hamda ularning yechimi bo‘yicha takliflar o‘rin olgan.

Partiya Saylovoldi dasturida olis qishloq joylaridagi maktablar, qishloq vrachlik punktlari va boshqa ijtimoiy sohalarga malakali va boy tajribaga ega mutaxassislarni jalb etish maqsadida partiya tegishli moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish bo‘yicha aniq mexanizmlarni qonunchilik darajasida mustaxkamlash yuzasidan takliflar tayyorlash va o‘z fraksiyasi orqali qonunchilik tashabbusi bilan chiqishni rejalashtirgan.

 

Nokisbay G‘ANIYEV, O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublika kengashi raisi o‘rinbosari:

— Partiyamizning yangi Saylovoldi dasturida aholining kam ta’minlangan qatlamlari, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarning turmush darajasini oshirish, kundalik iste’mol tovar va xizmatlar narxlarining ijtimoiy maqbulligini ta’minlash g‘oyalari ilgari surilgan. Tibbiy xizmat sifatini yaxshilash, shifokorlar, o‘qituvchi va pedagoglarning himoyasini kuchaytirish, qishloq odamlarining yashash sharoitini yaxshilash bo‘yicha aniq vazifalar belgilangan. Mazkur vazifalar Qoraqalpog‘iston aholisining turmush darajasini oshirish, salomatligini mustahkamlash, muhofaza qilish, hududni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga xizmat qiladi.

Partiyamizning ustuvor maqsad va g‘oyalari ifodalangan Saylovoldi dasturi bir ovozdan tasdiqlandi.

Partiyamiz fikricha, aholining ehtiyojmand qatlamlarini yuqori ijtimoiy ta’minlanganlik darajasi – jamiyat barqarorligining mustahkam poydevoridir. Shu maqsaddan kelib chiqib, partiyamiz Muruvvat, Saxovat va Mehribonlik uylarida istiqomat qiluvchi keksalar, ota-ona qaramog‘idan mahrum bo‘lgan bolalar, mehnatga layoqatsiz nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun zamonaviy, har tomonlama qulay sharoitlarni yaratish holatini joylarda deputatlik hamda jamoatchilik nazorati tariqasida o‘rganishni kuchaytirishni maqsad qilgan. Biz shu paytga qadar ham mazkur masalani muntazam o‘rganib bordik. Endilikda yangi Saylovoldi dasturi asosida bu boradagi ishlar ko‘lamini kengaytirishni rejalashtiryapmiz.

 

Dilbar MAMAJONOVA, O‘zbekiston XDP Farg‘ona viloyat kengashi raisi:

— Saylov kampaniyasi davrida tuman va shahar kengashlari, boshlang‘ich tashkilotlar partiyamiz g‘oyalarini aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilishga xizmat qiladigan tadbirlarni izchil yo‘lga qo‘yishi kerak. Mazkur jarayonda, ayniqsa, saylovda birinchi marta ovoz berish huquqidan foydalanadigan yoshlar, xotin-qizlar, qishloq hududlarida istiqomat qilayotgan aholi vakillari ishtirokida turli tadbirlar, davra suhbatlari, yuzma-yuz muloqotlar o‘tkazish muhim ahamiyatga ega. Bu masala «Istiqbol» yoshlar va «Faol ayollar» qanotlari yetakchilarining diqqat markazida turishi zarur, deb o‘ylayman.

Saylov kampaniyasida faol ishtirok etish uchun partiya tashkilotlari va deputatlar o‘rtasidagi hamkorlikni yanada kuchaytirishimiz zarur. Biz nafaqat partiya a’zolari, balki mehnat jamoalari, mahallalarda targ‘ibot-tushuntirish ishlarini muntazam olib borishimiz talab qilinadi.

Saylovoldi tashviqotida faqat nomzodimiz tarjimai holi bilan cheklanib qolmasdan, partiyamiz dasturiy maqsadlariga muvofiq ravishda joylarda amalga oshirilayotgan ishlar, partiya guruhlarimiz ko‘tarib chiqayotgan tashabbuslar va ularning ahamiyati haqida kengroq ma’lumot berib borishimiz kerak, deb hisoblayman. Chunki deputatlarimizning faolligi va fidoyiligi aholi o‘rtasida partiyamizning nufuzi ortishiga xizmat qiladi. Bu saylovoldi tashviqot ishlarida juda qo‘l keladi.

 

O‘rol O‘ROZBOYEV, O‘zbekiston XDP Jizzax viloyat kengashi raisi:

— Saylov xalqning xohish-irodasi erkin ifoda etiladigan, fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvidagi bevosita ishtirokini ta’minlaydigan muhim siyosiy jarayondir.

Ta’kidlash kerakki, partiyamiz mamlakatimiz mustaqillikka erishganidan buyon demokratik tamoyillar asosida barcha saylovlarda faol ishtirok etib kelmoqda. Demak, bu borada tajribamiz yetarli. Saylovoldi tashviqoti jarayonlarida kuch va imkoniyatlarimizdan samarali foydalanishimiz talab etiladi.

Partiyamiz Saylovoldi dasturiga uchta g‘oya umumiy asos sifatida olingan. Bular — ijtimoiy tenglik va adolat, ijtimoiy birdamlik, ijtimoiy demokratiya. Shuningdek, partiyamiz dasturida aholining ijtimoiy muhofazasini, bandlikni ta’minlash tizimini doimiy ravishda takomillashtirib borish masalasi o‘rtaga tashlangan. Bu bejizga emas, albatta.

Chunki har bir davlat o‘z iqtisodiy salohiyatini oshirish, xalqining turmush darajasini yuksaltirish haqida o‘ylaydi. Uning jahon hamjamiyatidagi o‘rni, taraqqiyoti bevosita shunga bog‘liqdir. Shu ma’noda partiyamiz ilgari surayotgan g‘oyalar bugungi dolzarb ijtimoiy masalalarni o‘z ichiga olgan.

 

Zilola UBAYDULLAYEVA,

Mahliyo ALIQULOVA,

«O‘zbekiston ovozi» muxbirlari.

Teglar

Qurultoy Saylov-2019 Soʻz – Qurultoy delegatlariga!
← Roʻyxatga qaytish