O‘zXDP: 3 yoshga to‘lmagan bolasi bor onalarning dardini kim tushunadi?

 

Bog‘cha ko‘rgan bola bilan bog‘chaga bormagan bolaning farqi katta bo‘ladi. Shuning uchun maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash, sharoitini yaxshilash, zarur vositalar bilan ta’minlash masalalari jiddiy e’tibor talab etadi. Maktabgacha ta’lim ertaga farzandimizning kim bo‘lib ulg‘ayishida dolzarb ahamiyatga ega.

Tegishli hujjatlarga asosan MTMlarga bolalarni qabul qilish yoshi 3 yosh etib belgilandi. Bungacha bolalar 2 yoshdan 6 yoshgacha qabul qilinishlari mumkin edi. Shunga ko‘ra, ayol farzandini dunyoga keltirganidan so‘ng 2 yil mobaynida haq to‘lanadigan ta’tilga chiqishi, keyin farzandini maktabgacha ta’lim muassasasiga berib, o‘zi ishlashi mumkin edi. Bu yosh chegarasi bir yilga ko‘tarildi.

Mutaxassislar bu yoshni tanlashda bolaning jismoniy, ruhiy-psixologik va boshqa tomonlama o‘zini to‘laqonli eplay olishi nazarda tutilganini ko‘p bora ta’kidlashdi. Bolaga hech kim o‘z onasidek qaray olmasligini, unga onaday mehribon bo‘la olmasligini yaxshi bilamiz.

Lekin bu borada ko‘pchilikni qiynayotgan muammolar borki, ulardan ko‘z yumib bo‘lmaydi. 2-3 yosh oralig‘idagi farzandi bor oilalarning aksariyati yosh oilalardir. Ularning ko‘pchiligida er ham, xotin ham ishlaydi. Ro‘zg‘orini tiklab olishi, oyoqqa qo‘yishi kerak, ular uchun bir kun ishlash ham foydali.

Imkoniyatlardan oqilona foydalanib, kreditga uy-joy va boshqa zarur narsalar xarid qilayotgan yosh oilalar juda ko‘p. Ammo ayrim oilalarda faqatgina erkakning topgani yetmayapti. Oila boshlig‘i ro‘zg‘orni ham moddiy jihatdan ta’minlashga, ham kredit to‘lashga qiynalib qolishi mumkin. Bunday sharoitda ayollar ham ishlab, turmush o‘rtog‘iga yordam berishga intiladi. Bu intilishni to‘g‘ri tushunish va imkoniyat yaratish kerak, deb o‘ylaymiz.

Biroq bunday oilalarning hammasida ham farzandiga qarab turadigan yaqin qarindosh, buvisi, ya’ni ishonchli qarovchisi yo‘q. Ana shunday sharoitda, albatta, oilaning yagona muammosi bolani unga g‘amxo‘rlik qiladigan bog‘chaga topshirishdan iborat bo‘lib qoladi. Biroq maktabgacha ta’lim muassasalarida bolalarni qabul qilish yoshi 3 yosh etib belgilangan.

Yana bir masala borki, 2 yoshdan keyin oilalarga bola puli ham to‘lanmaydi. Bu esa yosh oilalar, yolg‘iz onalar uchun qator qiyinchiliklarni keltirib chiqarmoqda. Ko‘pchilik ayollarimiz xuddi shunday muammolar yuzasidan dardini kimga aytishni bilmay hayron.

Vaholanki, Mehnat kodeksi 233-moddasiga muvofiq, ayollarga tuqqunga qadar yetmish kalendar kun va tuqqanidan keyin ellik olti kalendar kun (tug‘ish qiyin kechgan yoki ikki va undan ortiq bola tug‘ilgan hollarda — yetmish kalendar kun) muddati bilan homiladorlik va tug‘ish ta’tillari berilib, davlat ijtimoiy sug‘urtasi bo‘yicha nafaqa to‘lanadi. Ana shu muddatdan keyin ayollar ishga chiqish huquqiga ega ekanini ham esdan chiqarmaslik kerak.

Shularni inobatga olib Xalq demokratik partiyasi saylovoldi dasturida maktabgacha ta’lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish masalasi ko‘tarilgan.

Albatta, hamma ota-ona ham farzandini xavfsiz, moddiy-ma’naviy, huquqiy, jismoniy va tibbiy jihatdan himoyalangan maskan, ya’ni maktabgacha ta’lim muassasasiga berishni xohlaydi. Lekin bolasi uch yoshga to‘lmaganligi uchun unga boshqa qarovchi (enaga) yollashga majbur bo‘lmoqda. Bu esa ishonchli emas, odatda ularning ko‘pchiligi bola tarbiyasi bo‘yicha yetarli malaka, bilimga ega bo‘lmaydi.

To‘g‘ri, 2 yoshdan ham bolalarni bog‘chaga qamrab olish mumkin. Buning uchun ota-onalar faqatgina nodavlat oilaviy maktabgacha ta’lim muassasalariga murojaat qilishi talab etiladi. Ularda esa narx-navo juda qimmat. Ulardan faqatgina daromadi yuqori bo‘lgan oilalar foydalanishi mumkin. Lekin ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalar-chi? Ular qanday yo‘l tutishi kerak. Ishlamayman desa, oilasi qiynalib qoladigan, ishlayman desa, bolasi hali 3 yoshga to‘lmagan onalar qanday yo‘l tutishi kerak? Bu bilan ayollarning mehnat huquqi cheklanmayaptimi?

Endi o‘ylab ko‘raylik, oilada 2 yoki 3 nafar farzand bor. Kichik farzand hali 3 yoshga to‘lmagan. Ro‘zg‘orning kam-u ko‘stiga ishlatilib kelinayotgan davlat tomonidan berilayotgan mablag‘ ham 2 yoshdan so‘ng to‘xtatildi. Bunday sharoitda qanday yo‘l tutish kerak? Yolg‘iz onalar nima qilishi kerak? Bu savollarga javob qanday bo‘lishi haqida o‘ylab ko‘rish zarur.

Deputatlarning saylovchilar bilan uchrashuvlarida aholi vakillari shu masalada ko‘plab savollar, takliflar bilan murojaat qildi.

Shularni inobatga olib partiyamiz maktabgacha ta’lim muassasalarida 3 yoshdan kichik bolalar uchun maxsus tarbiya guruhlarini tashkil etish zarur, degan taklif bilan chiqmoqda.

Ayol ishlashga muhtojmi, demak, u bunga haqli. Bu uning qonuniy huquqi. Ona oilasi, farzandlari uchun ishlash istagida bo‘lsa, onaning bu xohishi cheklanishi noto‘g‘ridir.

Xalq manfaatlari hamma narsadan ustun! Saylovda Xalq demokratik partiyasi nomzodlariga ovoz bering!

 

Laziza Sherova,

O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri.

www.daryo.uz

Teglar

Saylov-2019
← Roʻyxatga qaytish