Mardikor bozoridagi ayol. Uni kim himoya qiladi?
 
Ayollarga hurmat-ehtirom ko‘rsatish, ularning munosib sharoitda mehnat qilishini ta’minlash bizning bosh maqsadimiz bo‘lmog‘i lozim.
 
Afsuski, ishsizlik muammosi tobora dolzarb ahamiyat kasb etayotgan ayni paytda “mardikor bozorlari”da ayollarni ham ko‘rishimiz, og‘ir sharoitlarda mehnat qilayotganiga guvoh bo‘lishimiz mumkin. Bandligi ta’minlanmagan bu ayollar yollanma ishchi sifatida turli og‘ir yumushlarni bajarishga tayyor. Ro‘zg‘or xurjunini bo‘yniga olgan nozik xilqat egalari kun ko‘rish, farzandlarini boqish uchun shunday ishlashga majbur bo‘lmoqda. Mardikor ayollar orasida turli yoshdagi xotin-qizlar bor. Hayotda qiynalgan, ish so‘rab ko‘p eshiklarga bosh urgan, hech qanday natija chiqmagach, mardikorlik qilayotgan ayollarning qo‘lida kasb-hunari yo‘q, aksariyati ma’lumotsiz, muqim shaxsiy turarjoysiz.
 
Xalq demokratik partiyasi doimiy ish joyiga ega bo‘lmay, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarning muammolarini hal etish uchun mamlakatimizda yangicha tizim joriy etish, ishsiz ayollarning manfaatlarini himoyalash, ijtimoiy himoyasini kuchaytirish zarur, degan tashabbusni ilgari suryapti.
 
Vaziyat shu qadar jiddiyki, mardikor bozoriga chiqadiganlar ayollarga uy yumushlarigina emas g‘isht quyish, yuk tashish kabi og‘ir ishlar ham yuklanadi. Payti kelsa, ishlatib haqini bermaslik, mardikorlik uchun yollab, keyin boshqa ishlarga majburlash holatlari ham uchraydi.
 
Joylarda mutasaddilar bilan o‘tkazilayotgan sayyor qabullar chog‘ida ham ishsizlik muammosi, ayollar bandligini ta’minlash bo‘yicha ko‘plab murojaatlar bo‘lmoqda. Doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan ayollarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish nihoyatda dolzarb vazifadir.
 
Ayollar bandligini ta’minlash yo‘nalishida qator chora-tadbirlar amalga oshirilishi lozim:
 
Birinchidan, deputatlik va jamoatchilik nazorati tarzida “mardikor bozorlari”ni o‘rganib chiqish, shu asosda fuqarolarni vaqtincha ish bilan ta’minlashga oid huquqiy-me’yoriy hujjatlarning nechog‘lik ishlayotganini aniqlash zarur. Agar mehnat bozorida bir martalik ishchilarga talab yuqori bo‘lsa, jarayonni tashkil etish mexanizmini soddalashtirish, huquqiy me’yorlarni mustahkamlash, ayollarning mehnat muhofazasini kuchaytirish zarur.
 
Ikkinchidan, bandlik va ishsizlikka qarshi kurashish sohasida davlat siyosatini amalga oshirishga doir ilg‘or xorijiy tajribani o‘rganish, shu asosida bandlikni ta’minlash to‘g‘risidagi qonun hamda boshqa tegishli qonun hujjatlariga zarur o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha takliflar tayyorlab, Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi orqali olib chiqish lozim.
 
Uchinchidan, xorijiy mamlakatlarda deraza yuvish, uy tozalash kabi yumushlar uchun ham turli firmalarga murojaat qilinadi. “Mardikor bozorlari”da ayollarga taklif etilayotgan mehnat turlarini aniqlash, ularning orasida ayollar imkoniyatiga mos bo‘lgan faoliyat turlari bo‘yicha O‘zbekistonda ham firmalar, mehnat birjalari faoliyatini tashkil etish, ularga ishsiz ayollarni biriktirish, ular uchun maxsus kasb-hunar o‘rgatuvchi bepul kurslar tashkil etish, ayollar bandligini ta’minlovchi firmalarning o‘z faoliyatini aholiga tanitish va targ‘ib qilishiga sharoit yaratish kerak. Shuningdek, qo‘lida hunari yo‘q, ishsiz ayollarni kasanachilik faoliyatiga yo‘naltirish ham muammoni yengillashtiradi.
 
To‘rtinchidan, ma’lumki, ayollar turli sabablarga ko‘ra “mardikor bozorlari”ga chiqmoqda. Shulardan asosiysi ishsizlik bo‘lsa, keyingi o‘rinlarda uy-joyga ega emasligi, turmushidan ajralgani va boquvchisi yo‘qligi, norasmiy nikohlar, ayrim ayollarda fuqarolik pasportining mavjud emasligi kabilardir. Demak, muammoni tizimli yechish fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan hamkorlikda amalga oshirilishi lozim.
 
Xulosa qilib aytganda, ayollar baxtli yashamas, munosib sharoitda ishlamas ekan, jamiyat farovon bo‘lmaydi. Biz ayollarning baxtli yashashi, doimo hurmat va e’zozda bo‘lishini istar ekanmiz, doimiy ish joyiga ega bo‘lmagan, og‘ir ijtimoiy vaziyatda qolgan opa-singillarimizning og‘riqli muammolarini hal etib berishimiz lozim, deb hisoblaymiz.
 
Biz har bir shaxs munosib sharoitlarda mehnat qilishining tarafdorimiz!
 
Saylovlarda partiyamizdan ko‘rsatilgan nomzodlarga ovoz bering!
 
 
Malika Rashidova,
O‘zXDP Markaziy Kengashi sektor mudiri
 
O‘zA

Teglar

Saylov-2019
← Roʻyxatga qaytish