Xalq manfaatlari hamma narsadan ustun va shunday bo‘lib qoladi

 

Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi 2020 yilning dastlabki oyida eng kutilgan voqea bo‘ldi. Avvalo aytish joizki, kutishlar o‘zini ortig‘i bilan oqladi: mamlakatimizda demokratik islohotlarni yangi pog‘onaga olib chiqish, xalqimizni bugun o‘ylantirib turgan muammolarni hal etish bo‘yicha muhim taklif va tashabbuslar ilgari surildi.

Murojaatnomadagi g‘oyalar asosan uch jihati bilan xarakterli va yuqori ahamiyatli, deb o‘ylayman.

Birinchi g‘oya – bundan buyon islohotlarning asosiy tashabbuskori jamiyat bo‘lishi, vakillik hokimiyati ijro hokimiyati faoliyatini izchil nazorat qilishi bilan bog‘liqdir. Kuchli fuqarolik jamiyatini qaror toptirish, xalq irodasining davlat uchun ustuvorligini ta’minlash shu g‘oya orqali samarali amalga oshadi. Jamiyatdagi dolzarb masalalar bo‘yicha jamoatchilikning fikri va kayfiyatini o‘rganish va hisobga olish maqsadida yangi institut – Jamoatchilik palatasi tashkil etilishi bildirildi.

Bu o‘ta dolzarb masala va aytish kerakki, partiyamiz Saylovoldi dasturida belgilagan vazifalarimizga uyg‘un. Shuning uchun deputatlarimiz orqali saylovchilar bilan, xalqimiz bilan yanada yaqindan turib muloqot o‘rnatishimiz zarur. Xalq demokratik partiyasining respublika bo‘yicha 200 dan ortiq Jamoatchilik qabulxonalari ishlaydi, lekin biz bu tuzilma faoliyatini tanqidiy baholab, hozir uning ishini kuchaytirish, imkoni bo‘lsa, uni jamiyat miqyosida takliflar olinadigan tuzilmaga aylantirish, odamlarga yaqinlashtirish haqida o‘ylayapmiz.

Murojaatnomadagi ikkinchi muhim g‘oya – jamiyatimiz a’zolariga o‘qish, hunar o‘rganish, salohiyatini ro‘yobga chiqarish, ishlab taraqqiyotga xizmat qilish uchun har tomonlama qulay sharoit yaratishdan iborat bo‘ldi. Yilning “Ilm-ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili” deb nomlanishi ham shunga da’vat. Yana bir fikr shundaki, inson qachon yaxshi ishlar qiladi, qachon kuchli bo‘ladi? Qachon u emin-erkin bo‘lsa, uning yo‘lidan turli sun’iy to‘siqlar olib tashlansa, albatta. Ruhan erkinlikni tuymagan inson ilm-ma’rifatli bo‘lishi, ilg‘or zamonaviy ko‘nikmalarni egallashi, bugungi dunyoga integratsiyalashishi qiyin. Shu ma’noda, masalan, propiska tizimining isloh etilishi masalasi qo‘yilgani ham juda dolzarbdir.

Partiyamiz “Har bir inson munosib ish o‘rni”, “Huquqlar va imkoniyatlar tengligi” degan g‘oyalar muhim, deb hisoblaydi. Ishli odam har xil bo‘lmag‘ur xayollarga chalg‘imaydi, oilam, yaqinlarim, deb yaxshi maqsadlar bilan yashaydi. Albatta, buning uchun unga dastlab ilm olishi, oliy ma’lumotli bo‘lishi yoki zamonga mos hunar o‘rganishi uchun imkoniyat yaratilishi kerak. Xalq demokratik partiyasi o‘z faoliyatida bu yo‘nalishga alohida e’tibor qaratadi.

Murojaatnomadagi uchinchi muhim g‘oya, ya’ni maqsad jamiyatdagi juda kam daromadli qatlamni ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan faollashtirish bo‘yicha dastur amalga oshirilishi bo‘ldi. Murojaatnomada keltirilganidek, 4-5 million aholi haqida gap ketyapti. Xalqaro tashkilotlar bilan birga Kambag‘allikni kamaytirish dasturi ishlab chiqiladi. Normal turmush kechirish uchun yetarli daromad topa olmaydigan qatlam bo‘yicha manzilli dasturlar amalga oshirilmasligi keyinchalik jamiyatda ijtimoiy barqarorlikka salbiy ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Bunga dunyo davlatlaridan misollar oz emas.

O‘zimizga savol beraylik: bugun kam daromadli inson kim? U nega murakkab vaziyatga tushib qolgan? Albatta, bu savollarga turli nuqtai nazardan turib turlicha javob berish mumkin. Lekin kam daromadli inson deganda birinchi navbatda, o‘ylashimizcha, o‘z vaqtida yaxshi ilm ololmagan, kerakli hunar o‘rganolmagan, bir so‘z bilan aytganda, tezkor zamonga vaqtida moslasholmayotgan, o‘z yo‘lini topishga qiynalayotgan odamlar ko‘z oldimizga keladi. Bunday insonlarning avvalo fikri, hayotga munosabati o‘zgarishi kerak. Prezidentimiz bu masalada juda muhim g‘oyani ilgari surdi: davlat va jamiyat kam ta’minlangan odamlarga yordam berishi, ularni ishga, hunarga, kerak bo‘lsa, tadbirkorlikka o‘rgatishi, buning uchun sharoit yaratishi zarur.

Xalq demokratik partiyasi bu muhim g‘oyaga o‘z dasturiy maqsadlariga erishish yo‘lidagi ustuvor vazifa, deb qaraydi. Partiyamiz tizimida ehtiyojmand oilalarga o‘z ishini yo‘lga qo‘yishga yordam berish bo‘yicha bir nechta loyihalar amalga oshirib kelingan. Ammo biz bu yo‘nalishdagi ishlarimiz va loyihalarimizni bugungi yuksak talablardan kelib chiqib, qaytadan rejalashtirishimiz kerakligini tushunib yetdik.

Partiyamiz Saylovoldi dasturi asosida 2020-2024 yillarga mo‘ljallab amaliy Harakatlar dasturini belgilab olgan, unda 940 dan ortiq vazifa ko‘zda tutilgan edi. Prezidentimizning Murojaatnomasidagi g‘oya va tashabbuslardan kelib chiqib, deputatlarning fikr va takliflari asosida amaliy Harakat dasturimizni qaytadan tahlil qilib, uni takomillashtirish jarayonini boshladik.

Umumiy xulosaga keladigan bo‘lsak, parlamentga Murojaatnomada olg‘a surilgan tashabbus, belgilangan vazifalar xalqimizning turmush darajasini butunlay yangi pog‘onaga ko‘tarishga mustahkam asos bo‘ladi. Endi faol va mas’uliyatli bo‘lib, ularni ro‘yobga chiqarish, hayotimizga samarali joriy etish haqida qayg‘urib ishlashimiz zarur bo‘ladi.

Partiyamiz, parlament va mahalliy Kengashlardagi 1600 nafardan ortiq deputatlik birlashmalarimiz Murojaatnomada ilgari surilgan tashabbus va vazifalarni amalga oshirish uchun aniq reja asosida mas’uliyat bilan ish yuritadi. Chunki ko‘zlangan ezgu niyatlar, belgilangan ezgu ishlar elektoratimiz, xalqimiz manfaatlariga, yaxshi kunlari va baxti iqboliga xizmat qiladi.

 

Ulug‘bek INOYaTOV,

Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari

 

 

Teglar

Deputat
← Roʻyxatga qaytish