Xalq demokratik partiyasi: EZGU HARAKAT YO‘LIDA BIRLASHAMIZ!

 

Xalqimiz qanchadan-qancha og‘ir zahmatlarni, qiyinchiliklarni boshidan kechirgan. Urushlar, qahatchilik, mustamlakachilik... Lekin sinovlarga sabotli, sabrli bo‘lgani uchun u kunlarni yengib o‘tgan. Bugun mamlakatimiz ham boshqa davlatlar qatorida aholi hayotiga tahdid solayotgan koronavirus balosi bilan yuzma-yuz keldi. Butun dunyo xalqlarini qattiq sarosimaga solib, jahonning manaman, degan mamlakatlarini ham ojiz qoldirayotgan koronavirus pandemiyasi har birimizdan hushyor va yanada sergak bo‘lishni talab etmoqda. Og‘ir sinovlarga qarshi sabr-bardosh, matonat bilan kurashayotganimizga ham ikki oydan oshdi. Aslida koronavirus pandemiyasidan qutulish hech qaysi davlatda oson kechayotgani yo‘q. Davlatimiz koronavirus pandemiyasiga qarshi kurashish, uning talafotlarini kamaytirish borasida qat’iy choralar ko‘rdi. Xususan, hukumatimiz tomonidan shu yilning 16-mart kunidan e’tiboran butun mamlakatimiz bo‘ylab karantin e’lon qilindi. Pandemiyani jilovlash maqsadida barcha zarur chora-tadbirlar amalga oshirildi. Ayni vaqtgacha bir qonun, bir nechta farmon va qarorlar qabul qilindi. Ko‘rilgan to‘g‘ri va tezkor tadbirlar natijasida qiyinchiliklar bosqichma-bosqich ortda qolyapti.

Karantin sharotida aholini ijtimoiy himoya qilish hamda tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash borasida muhim vazifalar belgilandi. Ayniqsa, yordamga muhtoj, yakka-yolg‘iz, ishsiz fuqarolarni ijtimoiy himoyalashga e’tiborni kuchaytirish asosiy masala sifatida qo‘yildi. Og‘ir turmush sharotidagi hamda karantin davrida vaqtinchalik daromad manbaini yo‘qotgan oilalar uchun qator xayriya tadbirlari tashkil etildi.

Xalq demokratik partiyasi ham bu ezgu sa’y-harakatlarda faol ishtirok etib kelmoqda. COVID-19 virusi keng tarqalishining oldini olish maqsadida partiya tizimida 3 ta, ya’ni targ‘ibot-tushuntirish, muhtojlarga yordam tadbirlari, OAV va ijtimoiy tarmoqlarda fikr-munosabatlar bildirib borish yo‘nalishlarida ishlar tashkil etildi.

Partiya tashkilotlari tomonidan virusni yuqtirib olmaslik, undan himoyalanish bo‘yicha keng ko‘lamda tushuntirish ishlari olib borildi. Karantin sharotida imkon qadar uyda qolish, faqat zarurat tufayligina ko‘chaga chiqish, jamoa to‘planadigan turli tadbir, marosimlarni uyushtirmaslik, sanitariya-gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish bo‘yicha targ‘ibotlar o‘tkazildi.

Karantin qoidalariga rioya qilish ustidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatish maqsadida partiya xodimlari va deputatlaridan iborat “Partiya ko‘ngillilari jamoalari” tashkil etildi. Ushbu jamoaga partiya kengashlari mas’ul xodimlaridan 214, mahalliy Kengashlar deputatlaridan 1600 nafari jalb etildi.

Ko‘ngillilar guruhi tomonidan bugungacha 7000 ta mahallada tushuntirish ishlari olib borildi. Bundan tashqari, partiya faollari, deputatlar aholi tomorqalaridan samarali foydalanishni tashkil etish bo‘yicha ham amaliy choralar ko‘rildi. Xususan, 350 ming xonadonga kirib, tomorqasiga poliz mahsulotlarini ekish masalasida ko‘maklashildi.

Biz mehr-oqibatli xalqmiz. Bu insoniy fazilatlar, ayniqsa, kishi boshiga og‘ir kunlar tushganda yanada yaqqol namoyon bo‘ladi. Saxovat va ko‘mak, muhtojlarga yordam qo‘lini cho‘zish qon-qonimizga singib ketgan. Bugungi sinovli kunlarda ushbu olijanob fazilatlar har bir yurtdoshimizning qalbida yanada kuchliroq jo‘sh urdi.

Ko‘ngillilar guruhi a’zolaridan biri Xalq deputatlari Buxoro viloyat Kengashidagi XDP guruhi a’zosi, deputat Farrux Bekmirzayev Qorovulbozor hamda Kogon tumanidagi 1000 ta ijtimoiy himoyaga muhtoj oilani o‘z otalig‘iga olgan. Ushbu oilalarning mehnatga qobiliyatli bo‘lgan a’zolarini ish bilan band qilmoqda. Mehnat qilish imkoniyati cheklanganlarining esa oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlanib, xayriya ishlarida faollik ko‘rsatmoqda. Bugungi kungacha ushbu oilalarga 12 turdagi 400 milliondan ortiq oziq-ovqat, dori-darmonlar saxovat qilingan.

Ma’lumki, karantin cheklovlarini joriy etilishi munosabati bilan ko‘plab hayotiy masalalar, ayniqsa, aholini oziq-ovqat, dori-darmon, tibbiy niqob va boshqa vositalar bilan uzluksiz ta’minlash kabi muhim masalalarni zudlik bilan hal etish zarurati yuzaga keldi. Narx-navo barqarorligini saqlash ustidan nazorat kuchaytirildi.

Ushbu tadbirlar sirasiga “Mehr ulashing” shiori ostida o‘tkazilayotgan aksiyalar ham kiradi. Bu orqali Xalq demokratik partiyasi tashabbusi bilan aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj, yolg‘iz keksalar, nogironligi bo‘lgan shaxslar holidan xabar olinmoqda.

Partiya tashkilotlari, deputatlar tashabbusi bilan joriy yilning 26 may kuniga qadar o‘tkazilgan xayriya tadbirlarida 75180 ga nafar ijtimoiy himoyaga muhtoj, ko‘p farzandli, karantin sabab daromad manbaidan ajralgan, ishsiz, boquvchisini yo‘qotganlarga 45 mlrd. 400 mln. so‘mlik oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon vositalari xayriya qilindi. 350 ming nafardan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxslarga homiylarning 12 turdagi oziq-ovqat mahsulotlari, gigiyenik vositalar tarqatildi. Tomorqadan unumli foydalanish maqsadida aholiga oziq-ovqat mahsulotlari bilan birga sabzavot ko‘chatlari ham yetakzildi.

— Mana shunday qiyin kunlarda partiya tashkilotlarimiz va partiya guruhlarimiz iqtisodiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotgan kam ta’minlangan, boquvchisini yo‘qotgan, nogironligi bo‘lgan oilalarga o‘zlarining yordam qo‘llarini cho‘zishmoqda, — dedi O‘zbekiston XDP Qoraqalpog‘iston Respublikasi Kengashi raisi Xalilla Eshimbetov. — O‘tgan davr mobaynida partiya tashkilotlarimiz tomonidan yuzdan ortiq oilaga 12 turdagi oziq–ovqat mahsulotlari tarqatildi. Bundan tashqari, deputatlarimiz o‘zlari saylangan hududdagi kambag‘al oilalarni turmush tarzidan doimo xabardor bo‘lib turibdi. Ularning iqtisodiy faolligini oshirishga ham ko‘mak berilmoqda. Xususan, 10-12 sotix tomorqalari qarovsiz yotgan yerlarni ekinga tayyorlab, ko‘chat o‘tkazishga yordam berildi. Partiya tashkilotlari va deputatlar o‘z tashabbusi bilan 106 kambag‘al oilani bir oy mobaynida oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash, ularga ko‘mak berishni zimmalariga olishdi.

— Partiya og‘ir damlarimizda ko‘mak bermoqda, — deydi Beruniy tumani “Qizilqal’a” ovul fuqarolar yig‘ini Kesiktau qo‘rg‘onida yashovchi Matkarimov Xujaaxmad. — Oilada sakkiz jonmiz. Farzandim tuman markazida kunlik ishlarda ishlab, topganini bola-chaqasiga yedirib keladi. Karantin sabab, ishlamay qoldi. Oilamiz kun kechirishi uchun keladigan daromad butunlay to‘xtadi. O‘g‘lim ikki oydan buyon uyda o‘tiradi. Men nafaqadaman, ayolim birinchi guruh nogironi, taqdirda ko‘zi ojizlik bor ekan. Shifokorlar Toshkentga borib davolatsangiz, ko‘ziga gavhar qo‘yadi, deyishdi qani endi, imkonim bo‘lsa... Yaqinda partiya faollari uyimizga kelib, ahvolimiz bilan tanishib ketdi. Har doimgidek, kelib-ketadiganlar bo‘lsa kerak, deb muammolarimizni aytdimu, ishonch bildirmadim. Ertasiga o‘g‘limni chaqirtirishdi. U “Nurislam-Arina” fermer x?jaligiga ishga joylashganidan xursand bo‘lib uyga keldi. Shu kundan boshlab Jo‘qorg‘i Kenges deputati Sayyora Imamova oilamizni o‘z homiyligiga olganini aytdi. U har hafta kunlik iste’mol qiladigan oziq-ovqat mahsulotlari olib berayapti. Bilasizmi, og‘ir damda yordam qo‘lini uzatggan inson kam bo‘lmaydi. Yordam bergan insonlarni dasturxon atrofida duo qilishdan charchamayman. Biriga ming bersin. 

– Nogironlik aravachasi olishga qurbimiz yetmasdi, – deydiToshkent shahri Chilonzor tumani 10-mavze, 9-uy, 3-xonadonda istiqomat qilayotgan Mohira Yusupova. — So‘nggi 2 yil ichida o‘nga yaqin tashkilotlar xonadonimizga kelib, muammoimizni o‘rganib ketishgan. Biroq natija bo‘lmagani uchun umidimni uzib qo‘ygandim. 3 oy oldin bir tashkilot mutasaddilari kelib, 10 kun ichida muammoni hal qilib berishini, buning uchun Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamg‘armasi tasarrufidagi tibbiy-mehnat ekspert komissiyasining tibbiy xulosasini olishim zarurligini aytishganida ko‘nglim tog‘dek ko‘tarilib, quvongan edim. Ammo quvonchim uzoqqa cho‘zilmadi. Farzandlarim ko‘magida bir amallab, xulosani olishga oldim-ku, navbatim kelishi uchun yana bir necha oy kutishim kerakligini bilganimdan so‘ng, hafsalam pir bo‘ldi.

Yaqinda deputatlarning uyma-uy yurganligini eshitib, arzimni aytgandim. Bular ham nomigagina o‘rganib ketishdi, deb o‘ylagan edim. Ammo kunning ikkinchi yarmida deputat tomonidan nogironlik aravachasi olib kelib berildi. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Safar Ostonov ko‘magi bilan aravachali bo‘ldim.

Aytish kerakki, davlatimiz rahbarining bevosita tashabbusi bilan boshlangan Saxovat va ko‘mak umumxalq harakati xalqimizning tantiligi namunasi, desak mubolag‘a bo‘lmaydi. Unda faol ishtirok etish, imkoniyat darajasida ezgu ishlarga hissa qo‘shish maqsadida Xalq demokratik partiyasi alohida chora-tadbirlar belgilab oldi. Unga ko‘ra, joriy yilning 22 aprelidan boshlab partiya tashkilotlari, Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi hamda barcha darajadagi deputatlar ishtirokida Saxovat va ko‘mak xayriya aksiyasini o‘tkazish vazifasi belgilangan.

Mazkur xayriya aksiyasini uchta yo‘nalishda amalga oshirish belgilandi. Deputatlar, partiya faollarining imkoniyatlarga qarab, kamida bitta juda ehtiyojmand oilani homiylikka olish tashabbusi qo‘llab-quvvatlandi. Buning natijasida respublika bo‘yicha qariyb 2 mingdan ortiq og‘ir ahvolga tushib qolgan oila qisqa muddatda himoyaga olindi.

— Oilamizda o‘n bir nafarmiz, — deydi Shumanay tumani «Tazabazar» mahallasidan Karamitdin Begmuratov. — Kunlik va mavsumiy ishlar orqasidan kun kechirar edik. Karantin vaqtida ish yo‘q, kundalik ehtiyojlarimizni ta’minlash uchun pul kerak. Juda tushkunlikka tushib qolgandik. Davlatimiz bizni e’tiborsiz qoldirmadi. Qolaversa, deputatlar ko‘magida oilamizga har hafta oziq-ovqat mahsulotlari olib kelinyapti. Biz saylagan tuman kengashi deputati Ongar Reymov oilamizni otalig‘iga olgan. Oziq-ovqat mahsulotlaridan tashqari, ikki sotixli tomorqamizga pomidor, bodring, piyoz ko‘chatlarini olib kelib, ekish jarayonida boshida turdi. Bunday saxovatpesha deputatlarimizdan mamnunmiz. Mana shunday og‘ir kunlarda xalq koriga yaragan saxovatpeshalarning ishlari ilgari bo‘laversin.

— Bizning oilaga ham partiya ko‘magida saxovat ko‘rsatildi, — deydi Qashqadaryo viloyati, G‘uzor tumani, Eskibog‘ qishlog‘ida yashovchi fuqaro Shahnoza Bo‘riyeva. — Oilada 13 kishi yashaymiz. Men va turmush o‘rtog‘im oddiy ishda ishlaymiz. Topganimiz qozon qaynatishdan nariga o‘tmaydi. Oxirgi paytda hech qayerdan daromad kelmaganidan oilamiz qiynalib qolgan edi. Shu yilning aprel oyida O‘zbekiston XDP G‘uzor tumani faollari va partiyadan saylangan deputatlar mahallamizda ehtiyojmand oilalarni o‘rganib, oilamizni ham ro‘yxatga kiritishdi. O‘shandan buyon partiya deputatlari bizga oziq-ovqat mahsulotlari, dori-darmon yetkazib turibdi. Deputatimiz Otabek Ismatov o‘z hisobidan oilamizga 4 bosh qo‘y olib berdi. Qarang, agar bir so‘mlab yig‘sak, shu qo‘ylarni bir yilda olardik. Endi ularni ko‘paytirib, chorvachilikni yo‘lga qo‘ymoqchimiz. Men bir ona sifatida partiya faollari va deputatlariga o‘z minnatdorligimni bildiraman.

— Inson keksayganda ko‘makka muhtoj bo‘lib qolarkan, — deydi Farg‘ona viloyati Beshariq tumani, Qiyali mahallasi, Shoda qoziq qishlog‘idan Otajon Umarov. — Qismatimda yolg‘izlik bor ekan. Ishlab ovunay desam, kuchim, sog‘lig‘im ko‘tarmaydi. Ammo nolimayman, ko‘chada qolganim yo‘q. Saxovatpesha insonlar bor ekan, men kabi yolg‘iz keksalar e’tiborsiz qolmaydi. Har kuni deputatlarimiz, mahalla-ko‘y xabar olib turadi. Sog‘lig‘imni tekshirib turadi. Karantin vaqtida himmatli insonlar ko‘paydi. Yaqinda deputatimiz Otajon Umarov, partiya faollari bilan yonimga keldi. Nima kerak bo‘lsa, tortinmay murojaat qilishimni aytdi. Menga hech narsa kerak emas, mehr kerak, deb gurung qildik. Kunora, gohida telefon qilib xabar olishadi. Zarur oziq-ovqat mahsulotlarini olib kelib berishyapti. Cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Muqaddas kitobimizda aytilganidek, “Yaxshilikning mukofoti faqat yaxshilikdir”. Yaxshilik qilgan insonlar doimo elda aziz bo‘ladi.

Uchinchi yo‘nalishda tadbirkorlar, fermerlar hamda boshqa sub’ektlarga saxovat va ko‘mak ko‘rsatganlik uchun davlat tomonidan imtiyoz va preferensiyalar berilishi tushuntirilishi lozim. Shu asosida tadbirkorlarning bu imtiyozlardan to‘siqsiz foydalanishiga amaliy yordam ko‘rsatish bo‘yicha vazifalar belgilab olindi.

Shuningdek, “Saxovat va ko‘mak” jamg‘armasi bo‘linmalariga tushgan mablag‘larning manzilli, shaffof sarflanishi, oziq-ovqat va tibbiy vositalarning ehtiyojmand oilalar qo‘liga yetib borishi bo‘yicha deputatlik nazorati o‘rnatiladi. Joylarda aniqlangan muammoli holatlar haqida tegishli xalq deputatlari Kengashlariga tezkor ma’lumotlar taqdim etiladi.

Zero, ko‘makka muhtoj har bir inson davlatimiz, yurtdoshlarimiz tomonidan ko‘rsatilayotgan e’tibor va madadni o‘z hayotida, turmushida chuqur his etsin.

 

Laziza ShEROVA

Teglar

Loyihalarimiz Deputat
← Roʻyxatga qaytish