Narx va tariflarni kim belgilaydi? O‘zXDP fraksiyasi shu masalada yangi taklif bilan chiqdi

 

O‘zbekistonda keyingi yillarda davlat boshqaruvida amalga oshirilayotgan tub islohotlar zamirida davlat idoralarining xalqimiz oldidagi mas'uliyatini kuchaytirish, jamiyatni islohotlarning bosh tashabbuskoriga aylantirishdek ezgu maqsadlar mujassam.

Koronavirus pandemiyasi va boshqa sabablar natijasida dunyo iqtisodiyotida murakkab vaziyat yuzaga keldi. Inqiroz sharoitida mamlakatimiz iqtisodiyotini rivojlantirish, muammoli masalalarni tezroq hal etish, aholi daromadlari, xarid qobiliyati keskin tushib ketishining oldini olish kabi dolzarb masalalar turibdi.

Shu yil boshida Davlatimiz rahbari parlamentga Murojaatnomasida Oliy Majlis palatalari faoliyatini kuchaytirish, yangi bosqichga olib chiqish bo‘yicha zaruriy taklif hamda tashabbuslarni ilgari surdi. Umuman, oxirgi yillarda parlamentning davlat boshqaruvidagi mavqei, jamiyatdagi o‘rni ancha mustahkamlandi, ta'sir kuchi ham oshib boryapti. Barcha deputatlar hozirgi talablar darajasida katta mas'uliyat bilan faoliyat yuritishi, el-yurt ishonchini oqlashi zarur, albatta.

Prezidentimiz har hafta yurtimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayoti bilan bog‘liq juda muhim masalalarda tanqidiy yig‘ilishlar o‘tkazib, sohalar zimmasida turgan asosiy vazifalarni aniq belgilab bermoqda.

28 may kuni iqtisodiyotda raqobat muhitini ta'minlash va iste'molchilar huquqini himoya qilish borasidagi ustuvor vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan yig‘ilish o‘tkazildi. Davlat rahbari O‘zbekiston bozor iqtisodiyotiga qat'iy o‘tishi jarayonida raqobat masalasi prinsipial ahamiyatga ega ekanini ta'kidladi. Aniq va achchiq savollar berildi.

“...Meni tashvishlantiradigan masala shuki, korxonalarimiz tashqi raqobatga bardosh bera oladimi? Chetdan tovar kirib kelsa, yurtimizda ishlab chiqarilgan xuddi shunday mahsulot unga raqobatchi bo‘la oladimi?.. Raqobat bo‘lmasa, sifat bo‘lmaydi, narx tushmaydi. Zamon o‘zgaryapti, lekin monopol korxonalar o‘zgara olmayapti. Qat'iy choralar ko‘rish vaqti-soati keldi. Iqtisodiyotda bu hayot-mamotimiz”, dedi Prezident.

Ma'lum qilinishicha, bugungi kunda 31 ta tovarlar guruhi va 82 turdagi xizmatlar bozorida 245 ta korxona monopol holatda saqlanib qolmoqda. Bu esa tovarlar va xizmatlarning sifati, narxi, iste'molchilarga tanlov imkoniyatini yaratish masalalarida muammolar oz emasligini anglatadi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi yuqori ijtimoiy ahamiyatga ega tovar va xizmatlar narxlari hamda tariflari oshib ketmasligi uchun tizimli ishlar amalga oshirilishi kerak, deb hisoblaydi.

Har safar bunday mahsulot va xizmatlarning narxi o‘zgarishi haqida xabarlar chiqishi bilan turli fikrlar, nuqtai-nazarlar bildiriladi. Yaqindagina avtomobillar narxi oshishi haqidagi xabar ijtimoiy tarmoqlarni larzaga solgan, OAV bu boradagi munozaralarni faol yoritib borgan edi. Mana, oxirgi kunlarda benzin narxi oshishi haqida gap-so‘zlar ko‘paydi.

«O‘zbekneftgaz» import benzinga aksizni 5 foizdan 20 foizga oshirishni taklif qildi. Monopoliyaga qarshi kurashish qo‘mitasi aksiz solig‘ini oshirish haqidagi taklif yetarlicha iqtisodiy asoslantirilmaganini ta'kidlab, sog‘lom raqobat muhiti va iste'molchilar manfaatlarini ko‘zlagan holda, aksiz solig‘i oshirilishini maqsadga muvofiq emasligi ta'kidladi.

Erkin raqobat natijasida rivojlangan davlatlarda iste'molchilarning manfaatlariga zid bo‘lsa, ichki bozorda narx o‘sishiga olib kelsa, mahalliy ishlab chiqaruvchilar qo‘llab-quvvatlanmaydi.

Biroq mamlakatimizda ijtimoiy ahamiyati yuqori mahsulot yoki xizmatlarning narxi bilan bog‘liq o‘zgarishlar, takliflar negadir aksariyat hollarda mahalliy ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirilgan bo‘ladi. Mahalliy ishlab chiqaruvchilar deganimiz esa odatda sanoqli korxonalar bo‘ladi. Sanoqli korxonaga “yaxshilik” qilamiz, deb mamlakat ichki bozorida endi-endi shakllana boshlayotgan raqobat muhitini o‘ldirish, millionlab iste'molchilar manfaatiga salbiy ta'sir o‘tkazish, odamlarning kayfiyatini buzish maqsadga muvofiq emas.

Muhim ijtimoiy ahamiyatga ega mahsulotlar narxi o‘sishi mamlakatdagi barcha oilaga u yoki bu darajada ta'sir qiladi. Shunday katta voqea jamoatchilik keng xabardor etilmagan tarzda amalga oshadi. Bir tashkilot o‘z saytiga yangi narxlarni “ilib” qo‘yadi. Boshqa bir tashkilot esa yana bir tashkilotga ikki enlik xat yozadi, xolos.

Chetdan olib kelinadigan benzinga aksiz solig‘ini karrasiga oshirish haqidagi taklif ham monopol korxonalar raqobatga dosh bera olmayotganining isboti bo‘lishi mumkin.

Xalq manfaatlari bilan bog‘liq muhim masala yopiq eshiklar ortida, sanoqli kabinetlarda muhokama etilishi – noto‘g‘ri, ijtimoiy ahamiyati yuqori tovar va xizmatlar narxi, tariflari bilan bog‘liq dolzarb masalalardagi qarorlar mamlakat parlamenti oldida asoslantirilishi har jihatdan to‘g‘ri bo‘lardi. Taklif yoki qaror asoslab berilsa, deputatlar ham uning ahamiyatini jamoatchilikka yetkazishga, to‘g‘ri tushuntirishga yordam berardi.

Okruglardagi uchrashuvlarda saylovchilar “narx osharmish, nega bunday bo‘lyapti, sizlar nima qilyapsizlar”, degan mazmunda ko‘plab savollar berishadi. Deputatlar bu kabi savollarga asoslantirilgan javob berishga qiynaladi. Chunki, bunday jarayonlarda parlamentning ishtiroki, ta'siri bo‘yicha huquqiy mexanizm masalasi ochiq.

Shuning uchun mamlakat miqyosidagi muhim ijtimoiy masalalarda qarorlar qabul qilishda parlamentning bevosita ishtiroki bo‘yicha huquqiy mexanizmlar joriy qilish haqida chuqurroq o‘ylab ko‘rish vaqti keldi.

Masalan, ijtimoiy muhim tovar va xizmatlar narxi, tarifi oshishi haqidagi yoki shunga ta'sir ko‘rsatishi mumkin bo‘lgan masalalar parlament oldida asoslantirilishi maqsadga muvofiq bo‘lardi. Shunda asosi mustahkam, mamlakat va xalq uchun umummanfaatli qarorlar qabul qilinar edi.

O‘z navbatida parlamentning mamlakat ijtimoiy hayotiga bevosita ta'sir ko‘rsatish vakolatlari kengayishi aholi faolligi, talabchanligi oshishiga, bu esa jamoatchilik nazorati kuchayishiga, davlat idoralarining xalqimiz oldidagi mas'uliyati oshishiga xizmat qiladi. Natijada jamiyat islohotlarning asosiy tashabbuskoriga aylanishi bo‘yicha huquqiy asos yanada mustahkamlanadi.

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi

O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi.

www.kun.uz

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish