Nogironligi bor bolasini parvarishlayotgan onani kim o‘ylaydi? O‘zXDP deputati yana bir og‘riqli masalani ko‘tardi

 

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O‘zXDP fraksiyasi a'zosi Maqsuda Vorisova partiya elektorati uchun muhim bo‘lgan yana bir og‘riqli masalani ko‘tarib chiqdi:

– Xizmat taqozosi bilan oilasida nogironligi bor bolalarni parvarish qilayotgan onalar bilan ko‘p uchrashganman. Oilaning sharoiti qanday bo‘lishidan qat'iy nazar, bu onalarning ko‘zida yuragingizni o‘rtab yuborar darajada dard, mungni ko‘rasiz. Ona uchun to‘qqiz oy bag‘rida ko‘tarib, to‘lg‘oq azoblariga chidab dunyoga keltirgan farzandida nuqson borligini ko‘rishdan ham katta azob bo‘lmasa kerak.

Xalqimiz bolajon, farzandida qanday kasallik yoki nuqson bo‘lishidan qat'iy nazar, uni bag‘riga bosadi va aksar holatda oilasida tarbiya va parvarish qiladi.

Ko‘plab davlatlarda bunday oilalar davlat tomonidan moddiy rag‘batlantiriladi. Sababi, nogironligi bor bolani davlat muassasalarida parvarish qilish uchun ancha katta mablag‘ sarflanishi kerak.

Xo‘sh, bizda-chi?.. Nogironligi bor bola uchun har oyda 460 ming so‘m nafaqa belgilangan. Ona 55 yoshga yetgach, unga ijtimoiy nafaqa (uning bugungi miqdori 268 ming so‘m) ajratiladi. Yaxshi, lekin bu bolani parvarish qilayotgan ona yoki ota mehnat qobiliyati bo‘la turib, ishlash imkoni yo‘q. Shunday holatda yillar davomida qarovchi nima evaziga kun ko‘rishi kerak? Oilada bir emas, bir necha nogironligi bor bolalar yoki o‘zini eplay olmaydigan bemorlarga qarayotgan yurtdoshlarimizning ta'minotini kim o‘ylaydi?

Ko‘pchilik holatlarda oilasida nogironligi bor shaxslar yashaydigan oilalar kambag‘alligi aniqlanmoqda. Sababi juda chuqur va ma'lum.

Shuning uchun Xalq demokratik partiyasi bolalikdan nogiron farzandini yoki birinchi guruh nogironi bo‘lgan oila a'zosini parvarish qilayotgan fuqarolarimizga ham nafaqa tayinlash taklifi bilan chiqmoqda. Bu jamiyatimizda ijtimoiy adolat o‘rnatish yo‘lida qo‘yilgan yana bir muhim qadam bo‘ladi, deydi M.Vorisova.

Qonun loyihasiga yangi me'yor kiritish ham, yaxshi me'yorlarni asrab qolish ham birdek muhim. Ayni kunlarda “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi bo‘yicha Qonunchilik palatasida qizg‘in muhokamalar bo‘lib o‘tmoqda. Bunga jiddiy sabablar bor.

Avvalo, amaldagi “O‘zbekiston Respublikasida nogironlarni ijtimoiy himoya qilish to‘g‘risida”gi qonun 14 yil oldin qabul qilingan bo‘lib, unda nogironlikka asosan tibbiy tushuncha sifatida yondoshilib, bunday insonlarning jamiyatga faol integratsiyalashuvini ta'minlash borasida huquqiy asoslar yetarli aks ettirilmagan.

Yangi qonun loyihasi xalqaro tamoyillarga mos ravishda nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari, manfaatlarini keng qamrovli himoya qilish, ularning jamiyat hayotida bevosita ishtirok etishi uchun sharoitni yaratishdek o‘ta dolzarb masalalarni nazarda tutadi.

Tabiiyki, bunday muhim masala deputatlar o‘rtasida qizg‘in bahs-munozaralarni keltirib chiqaryapti. 2 iyun kuni o‘tgan Qonunchilik palatasining yalpi majlisida qonun loyihasi ikkinchi o‘qishda muhokama etilayotganda ham keskin tortishuvlar vujudga keldi.

Nogironligi bo‘lgan yurtdoshlarimizni manfaatlariga xizmat qiladigan yangi me'yorlarni qonunga kiritish, shu bilan birga, amaliyotda bor kerakli me'yorlarni saqlab qolish uchun O‘zXDP fraksiyasi a'zolari qat'iy fikrda turib taklif bermoqda.

Jumladan, qonun loyihasidagi Nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy uy-joyni birinchi navbatda olish huquqiga egadir”, degan me'yor chiqarib tashlanishiga fraksiya a'zosi Maqsuda Vorisova qarshi chiqib, ushbu me'yorni saqlab qolish kerakligi, bu nogironligi bo‘lgan shaxslarni ijtimoiy himoyasida muhim ekanini ta'kidladi. Me'yor saqlab qolindi, ya'ni nogironligi bo‘lgan shaxslar ijtimoiy uy-joyni birinchi navbatda olish huquqidan mahrum bo‘lmadi.

 

 

Shuningdek, qonun loyihasidagi Davlat har yili surdotarjimonlar, surdopedagoglar, defektologlar va logopedlarni o‘qitadi”, degan me'yor “qonunni predmeti emas”, degan vaj bilan chiqarib tashlanishiga fraksiya a'zosi Ulug‘bek Vafoyev keskin ravishda qarshilik bildirdi. Ushbu me'yorni saqlab qolish kerakligi, amaliyotda surdotarjimon va surdopedagoglar yetishmayotgani, O‘zbekistonda 23 ming nafar kar-soqov bo‘lsa-da, ularga atigi 50 nafar surdotarjimon xizmat ko‘rsatishi, bu esa tegishli me'yorlar va insoniylik mezonlariga to‘g‘ri kelmasligini tushuntirdi. Ma'lumotlarga ko‘ra, surdopedagoglar 5 nafarga ham bormaydi, bu esa nogironligi bor yurtdoshlarimizning jamiyatga faol integratsiyalashuviga salbiy ta'sir ko‘rsatayotgan jiddiy omillardan biridir. Muhokamalar yakunida “Davlat har yili surdotarjimonlar, surdopedagoglar, defektologlar va logopedlarni o‘qitadi”, degan hukumatga vazifa yuklovchi me'yor ham saqlab qolindi.

“Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida”gi qonun loyihasi har tomonlama pishiq, puxta mazmunda qabul qilinishi Xalq demokratik partiyasi uchun, eng asosiysi, shunga ehtiyojmand hamyurtlarimiz uchun prinsipial ahamiyatga ega.

 

Xalq demokratik partiyasi

Axborot xizmati.

www.kun.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish