Размер шрифта: A A A
Цвет сайта: A A A A

Ustav

O‘ZBEKISTON XALQ DEMOKRATIK PARTIYASINING USTAVI

(Yangi tahrir. 2014 yil 5 noyabrda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi VIII Qurultoyida qabul qilingan)

I. UMUMIY QOIDALAR

1.1. O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi (bundan buyon matnda Partiya deb yuritiladi) kelajakda ishonchli ijtimoiy kafolatlar va barqaror ijtimoiy taraqqiyot tarafdori bo‘lgan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini ixtiyoriy asosda birlashtiradi, ularning siyosiy irodasini ifodalaydi va o‘zining demokratik yo‘l bilan saylab qo‘yilgan vakillari orqali davlat hokimiyatini shakllantirishda ishtirok etadi.

Partiyaning tashkiliy-huquqiy shakli jamoat birlashmasidir.

1.2. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi, «Davlat boshqaruvini yangilash va yanada demokratlashtirish hamda mamlakatni modernizatsiya qilishda siyosiy partiyalarning rolini kuchaytirish to‘g‘risida»gi Konstitutsiyaviy Qonuni, O‘zbekiston Respublikasining «Siyosiy partiyalar to‘g‘risida»gi, «O‘zbekiston Respublikasida jamoat birlashmalari to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlar to‘g‘risida»gi, «Nodavlat notijorat tashkilotlar faoliyatining kafolatlari to‘g‘risida»gi, «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi Qonunlari va boshqa qonun hujjatlari hamda ushbu Ustavga muvofiq amalga oshiradi.

1.3. Partiyaning faoliyati partiyaviy birdamlik, a’zolarning teng huquqliligi va o‘z xohish-irodasini erkin bildirishi, Partiyaga kirish va Partiyadan chiqishning ixtiyoriyligi, qonuniylik, ochiqlik va oshkoralik prinsiplariga asoslanadi.

1.4. Partiya o‘z faoliyatini O‘zbekiston Respublikasi hududida amalga oshiradi.

1.5. Partiya yuridik shaxs bo‘lib, O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlariga asosan yuridik shaxsning huquqlari va majburiyatlariga ega.

1.6. Partiya o‘z muhri, tamg‘asi, blanklariga va O‘zbekiston Respublikasi banklarida hisobvaraqlariga ega bo‘ladi.

Partiya o‘zining ustavida nazarda tutilgan vazifalarni amalga oshirish uchun zarur binolar, inshootlar, uskunalar, nashriyotlar, transport vositalari va boshqa mol-mulkka ega bo‘lishi, o‘z nomidan mulkiy yoki shaxsiy nomulkiy huquqlarga ega bo‘la olishi va ularni amalga oshirishi, shuningdek, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tadbirkorlik faoliyatini amalga oshirishi mumkin.

1.7. Partiyaning to‘liq rasmiy nomi:

- o‘zbek tilida – O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi

- rus tilida – Narodno-demokraticheskaya partiya Uzbekistana.

Partiyaning qisqa rasmiy nomi:

- o‘zbek tilida – O‘zbekiston XDP

- rus tilida – NDP Uzbekistana.

1.8. Partiya o‘z ramzlari – bayroq, nishon va vimpellarga ega bo‘ladi. Ramzlar Partiya Markaziy Kengashi plenumida tasdiqlanadi.

1.9. Partiya rahbar organi joylashgan manzil (pochta manzili): Toshkent shahar, Yunusobod tumani, Mustaqillik maydoni, 5/3 – bino.

II. PARTIYANING MAQSADI VA VAZIFALARI

2.1. Partiyaning maqsadi – davlat hokimiyatining vakillik organlarida davlat va jamiyat tomonidan manzilli ijtimoiy himoya va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlashga ehtiyojmand aholi qatlamlari manfaatlarini himoya qilishdan iboratdir.

Partiya, ushbu insonlarning manfaatlaridan kelib chiqib, vakillik demokratiyasi mexanizmlari vositasida qonunlarni qabul qilish, davlat hokimiyati ijroiya organlarini shakllantirish va ular tomonidan taraqqiyotning ustuvor yo‘nalishlari hamda tegishli vazifalarni amalga oshirish yo‘llarini belgilashda amaliy ta’sir ko‘rsatish imkoniyatiga ega bo‘lishni ko‘zda tutadi.

2.2. Partiya faoliyatining asosiy vazifalari quyidagilardan iborat:

-          O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etish;

-          O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylovlarda, ularda o‘z vakilligini ta’minlash maqsadida ishtirok etish;

-          qonun hujjatlarida belgilangan tartibda Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasini hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesidagi va xalq deputatlari Kengashlaridagi partiya guruhlarini tuzish, ular orqali davlat hokimiyati ijroiya organlarini shakllantirishda, qonunlar va boshqa normativ-huquqiy hujjatlarni tayyorlashda va qabul qilishda ishtirok etish;

-          Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi va mahalliy davlat hokimiyati vakillik organlariga saylangan deputatlarga o‘z deputatlik vakolatlarini tegishli saylov okruglarida ijro etishlariga bevosita ko‘maklashish;

-          joylardagi ijtimoiy-iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy vaziyatni o‘rganish, uning asosida mavjud muammolarni va ularni hal etish imkoniyatlarini aniqlash, Partiyaning tegishli takliflarini ishlab chiqish, bunga jamoatchilik e’tiborini jalb qilish;

-          Partiyaning dasturiy maqsadlari va vazifalari, qarorlarini targ‘ib qilish, uning organlari va tashkilotlari faoliyati to‘g‘risidagi axborotlarni erkin tarqatish, Partiyaning jamiyatdagi ijobiy imijini yaratish hamda aholi orasida Partiya tarafdorlari sonini ko‘paytirish maqsadida yig‘ilishlar, konferensiyalar va boshqa tadbirlarni o‘tkazish;

-          qonun hujjatlarida nazarda tutilgan tartibda ommaviy axborot vositalarini ta’sis etish va boshqa ommaviy axborot vositalaridan foydalanish;

-          Partiya a’zolari va tarafdorlari o‘rtasida, ularning siyosiy va fuqarolik madaniyatini shakllantirishga yo‘naltirilgan ma’rifiy ishlarni olib borish;

-          Partiyaga yangi a’zolarni qabul qilish, Partiya a’zolari hisobini yuritish, Partiya organlari va tashkilotlarini tuzish, tugatish va qayta tashkil etishga oid ishlarni, qonun hujjatlarida va mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan Partiya faoliyatini qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha boshqa tadbirlarni amalga oshirish;

-          Partiya tashkilotlari faollarida Partiyaning Ustav faoliyatini tashkil qilishning tegishli ko‘nikmalarini shakllantirish maqsadida ularni o‘qitish va ularga uslubiy ko‘maklashish;

-          Ustav vazifalarini amalga oshirish uchun foydalaniladigan Partiya mulki obyektlarini rivojlantirish va ishlatish uchun yaroqli holatda saqlash.

III. PARTIYA A’ZOLIGIGA QABUL QILISH, UNDAN CHIQISH SHARTLARI VA TARTIBI

3.1. 18 yoshga to‘lgan, Partiyaning maqsad va vazifalarini yoqlovchi, Partiya Ustavi talablariga amal qiladigan O‘zbekiston Respublikasining fuqarosi Partiyaga a’zo bo‘lishi mumkin.

3.2. Quyidagilar Partiyaga a’zo bo‘la olmaydilar:

-          sudyalar;

-          prokurorlar va prokuratura tergovchilari;

-          ichki ishlar organlari, milliy xavfsizlik xizmati xodimlari;

-          harbiy xizmatchilar;

-          xorijiy davlatlarning fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslar.

3.3. Partiyaga a’zolik yakka tartibda qayd etiladi.

3.4. Partiyaga a’zolikka qabul qilish Partiyaga kiruvchining yozma arizasi asosida boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy yig‘ilishi tomonidan hal qilinadi.

Partiyaga a’zolikka qabul qilish Partiyaning tegishli tuman (shahar) kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan amalga oshirilishi mumkin.

3.5. Partiyaga a’zolik yagona namunadagi partiya bileti bilan shahodatlanadi. Yagona partiya biletining namunasi Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

3.6. Partiyaga a’zolik boshqa partiyalarga a’zolik bilan birga bo‘lishi mumkin emas.

Ilgari boshqa siyosiy partiyalar a’zosi bo‘lib, ular tarkibidan chiqqan O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari Partiya a’zoligiga umumiy tartibda qabul qilinadilar.

3.7. Partiyaga a’zolik quyidagi holatlarda tugatiladi:

-          Partiya a’zosining ixtiyoriy xohishi bilan;

-          Partiya Ustaviga rioya etmaganlik, shuningdek Partiya obro‘siga putur yetkazuvchi yoki uning dasturiy maqsad va vazifalarini amalga oshirishga to‘sqinlik qiluvchi harakatlari uchun Partiya safidan chiqarilganda;

-          harbiy xizmatga, milliy xavfsizlik xizmatiga, prokuratura va ichki ishlar organlariga ishga o‘tganda, sudya etib tayinlanganda (saylanganda);

-          O‘zbekiston Respublikasi fuqaroligidan mahrum bo‘lganda;

-          vafot etganda.

3.8. Partiyaga a’zolikni tugatish, shu bilan birga Partiya safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishi yoki yuqori Partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi va tegishli tashkilot hisobida turuvchi Partiya a’zolarining yoki tegishli partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolarining yarmidan ko‘prog‘i uni yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi.

Partiyaga a’zolikni tugatish to‘g‘risidagi boshlang‘ich partiya tashkiloti tomonidan qabul qilingan qaror tegishli tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan tasdiqlanadi.

Partiya safidan chiqarish to‘g‘risidagi qaror ustidan bir yil ichida yuqori partiya organlariga shikoyat qilinishi mumkin.

3.9. Partiyaga a’zolikdan ixtiyoriy chiqishga qaror qilgan Partiya a’zosi bu haqda tegishli boshlang‘ich partiya tashkilotini yozma ravishda xabardor qiladi.

Partiya a’zosining Partiyaga a’zolikdan ixtiyoriy chiqish to‘g‘risidagi murojaati boshlang‘ich partiya tashkiloti tomonidan ma’lumot uchun qabul qilinadi va tegishli tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasiga yetkaziladi.

Tuman (shahar) Partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi Partiya a’zosining ushbu murojaatini ko‘rib chiqib, uni Partiya hisobidan chiqaradi.

3.10. Partiyaga a’zolik qonun hujjatlarida belgilangan holatlarda to‘xtatilishi mumkin.

A’zolikni to‘xtatish boshlang‘ich partiya tashkilotining hamda tegishli tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining yozma xabarnomasi asosida amalga oshiriladi.

3.11. Partiya a’zolarini hisobga olish hisobga olish varaqalari, Partiya a’zolarining ro‘yxatlari va tegishli elektron ma’lumotlar bazalari asosida amalga oshiriladi.

IV. PARTIYA A’ZOLARINING HUQUQ VA MAJBURIYATLARI

4.1. Partiyaning barcha a’zolari teng huquqlidirlar. Ular quyidagi huquqlarga ega:

-          o‘z nuqtai nazarlarini erkin bayon etish, Partiya siyosati va uning ichki hayoti masalalarini ko‘tarib chiqish, muhokama qilish, ular yuzasidan qarorlar ishlab chiqishda qatnashish;

-          Partiya organlariga saylash va saylanish, ularning ishi haqida axborot olish;

-          barcha darajadagi davlat hokimiyati vakillik organlariga saylanish uchun Partiyadan nomzod etib ko‘rsatilish;

-          har qanday Partiya organi hamda Partiyaning istalgan a’zosi faoliyatiga baho berish va ularni tanqid qilish;

-          har qanday Partiya tashkilotlariga va kengashlariga ariza va takliflar bilan murojaat etish va ulardan javob olish;

-          Partiyaga yangi a’zolarni jalb etish yuzasidan ish olib borish.

Partiya a’zosi qonun hujjatlariga muvofiq boshqa huquqlarga ham ega bo‘lishi mumkin.

4.2. Partiya a’zolari:

-          Partiya Ustavi talablarini bajarishga;

-          Partiya tashkilotlari hamda Partiya rahbar organlarining qarorlarini ijro etishga;

-          Partiyaning dasturiy maqsadlarini targ‘ib qilish va ro‘yobga chiqarishda qatnashish, uning jamiyatdagi obro‘-e’tiborini mustahkamlash va ta’sirini kuchaytirishga;

-          tegishli boshlang‘ich partiya tashkilotining faoliyatida ishtirok etishga;

-          Partiyaga a’zolik badallarini to‘lab turishga;

-          boshqa boshlang‘ich partiya tashkilotiga o‘tganda yoki turar joyi o‘zgarganda o‘z vaqtida Partiya hisobidan chiqish va hisobga o‘tishga majburdirlar.

V. PARTIYANING TUZILISHI

5.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasining ma’muriy-hududiy bo‘linishiga muvofiq hududiy prinsip bo‘yicha tuziladi. Mintaqaviy, tuman (shahar) va boshlang‘ich partiya tashkilotlari Partiyaning tarkibiy bo‘linmalaridir.

5.2. Mintaqaviy partiya tashkilotlari Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahrining ma’muriy hududida joylashgan tuman (shahar) partiya tashkilotlarining faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida tashkil etiladi.

5.3. Tuman (shahar) partiya tashkilotlari, tegishli hududlardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlarining faoliyatini boshqarish, muvofiqlashtirish va birlashtirish maqsadida, mintaqaviy tashkilotlar tarkibida tashkil etiladi.

5.4. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining quyi tarkibiy bo‘linmalari boshlang‘ich partiya tashkilotlari hisoblanadi. Ular Partiya a’zolarini bevosita yashash yoki ish joyida birlashtirish, ularning Partiyadagi faoliyatini yo‘naltirish va muvofiqlashtirish maqsadida tashkil etiladi.

5.5. Partiyaning yuqori turuvchi rahbar organlari mintaqaviy, tuman (shahar), boshlang‘ich partiya tashkilotlarining qarorlarini bekor qilishi yoki ularning ijro etilishini to‘xtatib turish huquqiga ega.

VI. PARTIYANING RAHBAR VA NAZORAT ORGANLARI

6.1. Partiyaning oliy rahbar organi Partiya Markaziy Kengashi tomonidan besh yil ichida kamida bir marta chaqiriladigan qurultoy hisoblanadi.

6.2. Qurultoy delegatlari Markaziy Kengash plenumi tomonidan tasdiqlangan vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibiga muvofiq mintaqaviy partiya tashkilotlaridan saylanadilar.

Partiyaning Markaziy Kengashi, Markaziy Taftish Komissiyasi va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi fraksiyasi a’zolari, agar ular qurultoy delegati etib saylanmagan bo‘lsalar, qurultoy ishida maslahat ovozi bilan qatnashish huquqiga egadirlar.

6.3. Markaziy Kengash Partiya qurultoyini chaqirish, taklif etilayotgan kun tartibi, vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibi to‘g‘risidagi qarori kechi bilan qurultoyga bir oy qolganda e’lon qilinadi.

6.4. Partiya qurultoyini o‘tkazish sanasi Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan belgilanadi va e’lon qilinadi.

6.5. Partiya qurultoyi vakolatlariga quyidagilar kiradi:

-          delegatlarning vakolatlarini tekshirish, qurultoy kun tartibi va ish tartibini belgilash, ishchi organlarini saylash;

-          Partiya Dasturini, boshqa umumpartiyaviy siyosiy hujjatlarni qabul qilish, ularga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;

-          Partiya Ustavini qabul qilish, unga o‘zgartishlar va qo‘shimchalar kiritish;

-          Partiya Markaziy Kengashi a’zolarining mazkur Ustavning 6.6.2-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 6.6.5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

Markaziy Taftish Komissiyasi a’zolarining mazkur Ustavning 6.12.1-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash;

Partiya Markaziy Kengashi, Markaziy Taftish Komissiyasi, qurultoy tomonidan saylanadigan boshqa organlar va shaxslarning hisobot va ma’ruzalarini, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi faoliyati to‘g‘risidagi hisobotni eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

-          Partiya Markaziy Taftish Komissiyasi to‘g‘risidagi Nizomni tasdiqlash;

- Partiyani tugatish yoki qayta tashkil etish to‘g‘risida qarorlar qabul qilish;

-          Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish;

-          Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish (ustavning 6.6.5-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

-          Partiya faoliyatiga oid boshqa masalalarni ko‘rib chiqish.

Qurultoy qarorlarini bajarish Partiyaning barcha organlari, tashkilotlari va a’zolari uchun majburiydir.

6.6. Qurultoylar oralig‘ida Markaziy Kengash Partiyaning rahbar organi hisoblanadi.

6.6.1. Markaziy Kengash Partiyaning manfaatlarini ifoda etib, uning nomidan ish yuritadi hamda Partiya dasturiy maqsadlari va Partiya qurultoylari qarorlari ijrosi amalga oshirilishini ta’minlaydi.

6.6.2. Partiya Markaziy Kengashi uning tarkibiga Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarining teng miqdor bo‘yicha vakil etib yuborilgan vakillaridan, shuningdek Partiya Markaziy Kengashi a’zolari umumiy sonining beshdan bir qismidan oshmagan miqdorda qurultoy saylaydigan a’zolardan iborat bo‘ladi.

Partiya Markaziy Kengashi a’zolarining vakolat muddati besh yil.

6.6.3. Partiya Markaziy Kengashi a’zoligiga saylash uchun me’yor va ularni saylash tartibi Markaziy Kengash plenumi tomonidan, qoida tariqasida, qurultoy chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish bilan bir vaqtda belgilanadi.

6.6.4. Partiya Markaziy Kengashi faoliyatining asosiy shakli plenum bo‘lib, Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan zaruratga qarab, yilida kamida bir marta chaqiriladi.

6.6.5. Partiya Markaziy Kengashi quyidagi vakolatlarga ega:

-          zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda Qurultoy saylagan Partiya Markaziy Kengashi tarkibini qisman yangilash;

- Partiya ramzlarini tasdiqlash;

-          Partiya Ustav faoliyatining masalalarini muhokama etish, ular yuzasidan barcha Partiya tashkilotlari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan qarorlar hamda Partiya Dasturi va Ustavi doirasida boshqa umumpartiyaviy hujjatlarni qabul qilish;

-          o‘zining tarkibidan Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining a’zolarining me’yorini belgilash va ushbu me’yor bo‘yicha a’zolarni saylash, shu jumladan Partiya Markaziy Kengashining raisi va uning o‘rinbosarlarini lavozimlariga saylash va lavozimlaridan ozod etish;

-          qurultoylar oralig‘ida bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovida ishtirok etish maqsadida Partiyadan deputatlikka nomzodlar ko‘rsatish;

-          Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

-          har yili Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining faoliyati to‘g‘risidagi hisobot va O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi faoliyati haqidagi axborotni eshitish;

-          Partiya qurultoyini chaqirish, taklif etilayotgan kun tartibi, vakillik me’yori va delegatlarni saylash tartibi to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qilish;

-          qurultoyda ko‘rib chiqish uchun Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni kiritish;

-          qurultoyda ko‘rib chiqish uchun Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish bo‘yicha takliflarni kiritish;

-          qurultoyda ko‘rib chiqish uchun Partiya Ustavi va Dasturini tasdiqlash, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi takliflarni kiritish;

-          har yili Partiyaning byudjetini tasdiqlash va uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitish;

-          Partiya moliyaviy faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini tasdiqlash;

-          a’zolik badallari miqdorini va ularning to‘lanishi tartibini belgilash;

-          Partiya markaziy ommaviy axborot vositalari bosh muharrirlarini tasdiqlash;

-          Ustavning ayrim qoidalarini qo‘llash tartibiga aniqlik kirituvchi, barcha Partiya tashkilotlari uchun bajarilishi majburiy bo‘lgan ichki me’yoriy hujjatlarni tasdiqlash;

-          Partiya qurultoyi beradigan boshqa vakolatlarni amalga oshirish.

6.6.6. Partiya Markaziy Kengashi mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan ayrim vakolatlarni Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasiga bajarish uchun berishi mumkin.

6.6.7. Partiya Markaziy Kengashi o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha quyi Partiya tashkilotlari uchun majburiydir.

6.7. Partiya Markaziy Kengashi plenumlari oralig‘ida uning Ijroiya Qo‘mitasi, ushbu Ustav, shuningdek qurultoy va Partiya Markaziy Kengashi tomonidan unga berilgan vakolatlar doirasida, Partiya manfaatlarini ifoda etadi va uning nomidan ish yuritadi.

6.7.1. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Partiya Markaziy Kengashi tomonidan saylanadigan kengash raisi, uning o‘rinbosarlari va Ijroiya Qo‘mitaning boshqa a’zolaridan iboratdir. Qoraqalpog‘iston respublika partiya tashkiloti Ijroiya Qo‘mita tarkibiga o‘z vakilini yuborish huquqiga ega.

6.7.2. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi majlislari zaruratga qarab, lekin uch oyda kamida bir marta o‘tkaziladi.

6.7.3. Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya Qo‘mitasi:

-          boshqa siyosiy partiyalar, ijtimoiy-siyosiy tashkilotlar va harakatlar bilan munosabatlarda Partiya manfaatlarini ifoda etadi;

-          Partiya Markaziy Kengashi plenumlarini chaqirishni tashkil etadi;

-          Partiya qurultoylari va Markaziy Kengashi qarorlarining bajarilishini tashkil qiladi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

-          O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti, O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga hamda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylovlarda Partiyaning ishtirok etishi to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

-          Partiya markaziy ommaviy axborot vositalari tahrir hay’ati a’zolarini tasdiqlaydi;

-          mintaqaviy partiya tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish, ularga alohida mol-mulk ajratish va ayrimlariga yuridik shaxs maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;

-          tegishli mintaqaviy tashkilotlar taklifiga muvofiq tuman (shahar) partiya tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish, ularga alohida mol-mulk ajratish va ayrimlariga yuridik shaxs maqomini berish to‘g‘risida qarorlar qabul qiladi;

-          yuridik shaxs maqomi berilgan mintaqaviy, tuman (shahar) partiya tashkilotlari to‘g‘risidagi nizomlarni tasdiqlaydi;

-          Partiyaning muassasalarini, korxonalarini tashkil etadi, ularning ustavlarini tasdiqlaydi, rahbarlarini tayinlaydi va faoliyatini nazorat qiladi;

-          Partiya Markaziy Kengashi bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

6.7.4. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha partiya tashkilotlari uchun majburiydir.

6.8. Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati Partiya Markaziy Kengashining doimiy ishchi organi bo‘lib, Markaziy Kengash plenumlarida saylanadigan Markaziy Kengash raisi va uning o‘rinbosarlaridan iboratdir.

6.8.1. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’atining yig‘ilishlari Markaziy Kengash raisi tomonidan zaruratga qarab chaqiriladi.

6.8.2. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati:

-          Markaziy Kengash plenumlari va Ijroiya Qo‘mitasi qarorlarini bajarish bo‘yicha mintaqaviy partiya tashkilotlarining ishini muvofiqlashtiradi;

-          mintaqaviy, tuman (shahar) partiya tashkilotlari raislarini saylash to‘g‘risidagi qarorlarni tasdiqlaydi;

-          mintaqaviy va tuman (shahar) partiya tashkilotlari raislariga Markaziy Kengashning ishonchnomalarini berish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qiladi;

-          Markaziy Kengash apparatini tuzadi va unga rahbarlik qiladi;

-          Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

6.8.3. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’atining vakolati doirasida qabul qilgan qarorlari barcha partiya tashkilotlari uchun majburiydir.

6.9. Partiya Markaziy Kengashi raisi Markaziy Kengash plenumida uning a’zolari orasidan saylanadi.

6.9.1. Partiya Markaziy Kengashi raisi quyidagi vakolatlarga ega:

-          Partiya Markaziy Kengashi nomidan ish yuritadi, shu jumladan uning manfaatlarini ifodalaydi va boshqa yuridik shaxslar bilan shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni tuzish;

-          Partiya Markaziy Kengashi plenumlari, Ijroiya Qo‘mitasi va uning Hay’ati majlislarini olib boradi, ular qabul qilgan qarorlarni imzolash;

- Partiya faoliyatiga doir moliyaviy hujjatlarni imzolashi yoki ushbu vakolatni o‘zining o‘rinbosarlaridan biriga yuklash;

-          Partiya qurultoyi va Markaziy Kengashi bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Partiya Markaziy Kengashi raisi O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati etib saylanganida va unda Partiya fraksiyasi tuzilgan taqdirda, fraksiya rahbari etib saylanishi mumkin.

6.10. Partiya Markaziy Kengashi raisi o‘rinbosarlarining vazifalari, vakolatlari, huquqlari va majburiyatlari Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi qarorlari bilan o‘rnatiladi.

6.11. Partiya Markaziy Kengashi, Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi va uning Hay’ati faoliyatini tashkiliy va axboriy-tahliliy ta’minotini Markaziy Kengash apparati amalga oshiradi.

6.11.1. Partiya Markaziy Kengashi apparati tarkibi, soni va ish tartibi Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati qarori bilan tasdiqlanadi.

6.11.2. Partiya Markaziy Kengashi apparati mas’ul xodimlari Ijroiya Qo‘mita Hay’atining tegishli qarorlariga asosan, Markaziy Kengash raisi farmoyishlari bilan lavozimga tayinlanadilar va ozod etiladilar.

6.12. Partiyaning markaziy nazorat organi Markaziy Taftish Komissiyasi hisoblanadi.

6.12.1. Partiya Markaziy Taftish Komissiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar, Toshkent shahar partiya tashkilotlarining belgilangan teng me’yor bo‘yicha yuborilgan vakillaridan hamda uning a’zolari umumiy sonining beshdan bir qismidan oshmagan miqdorda Partiya qurultoyida qo‘shimcha ravishda saylangan a’zolaridan iboratdir.

Partiya Markaziy Taftish Komissiyasiga saylanish me’yori Partiya Markaziy Kengashi plenumi tomonidan, qoida tariqasida Partiya qurultoyini chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish bilan bir vaqtda belgilanadi.

Partiya Markaziy Taftish Komissiyasi a’zolarining vakolat muddati besh yil.

Markaziy Taftish Komissiyasi zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda Qurultoy saylagan Markaziy Taftish Komissiyasi a’zolarini tarkibini qisman yangilaydi.

6.12.2. Markaziy Taftish Komissiyasi faqat Partiya qurultoyiga hisobdordir. U mazkur Ustav va qurultoyda tasdiqlangan Markaziy Taftish Komissiyasi to‘g‘risidagi Nizom asosida ish yuritadi.

6.12.3. Markaziy Taftish Komissiyasi Partiya va quyi partiya tashkilotlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyati va Partiya byudjetining to‘g‘ri shakllantirilishi hamda maqsadli sarflanishi ustidan nazorat qiladi.

6.12.4. Partiya Markaziy Taftish Komissiyasi a’zosi bir vaqtning o‘zida Partiya Markaziy Kengashi a’zosi bo‘lishi yoki uning apparatida ishlashi mumkin emas.

6.12.5. Markaziy Taftish Komissiyasi a’zolari Partiyaning barcha darajadagi rahbar va ijroiya organlari yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

6.12.6. Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi a’zolari Markaziy Taftish komissiyasi yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

 

VII. MINTAQAVIY PARTIYA TASHKILOTLARI

7.1. Mintaqaviy partiya tashkilotlari Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi alohida bo‘linmalaridir.

7.2. O‘zbekiston Respublikasining tegishli ma’muriy hududidagi mintaqaviy partiya tashkiloti mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan Partiyaning barcha vazifalarini bajaradi, shu jumladan, Partiya manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi, ushbu maqsadlarda tegishli hududlarda faoliyat yuritayotgan tuman (shahar) tashkilotlarini birlashtiradi, ularning faoliyatini yo‘naltiradi va muvofiqlashtiradi.

7.3. Mintaqaviy partiya tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

Yangi mintaqaviy partiya tashkilotini tuzish to‘g‘risida qaror qabul qilinayotganda, mazkur qaror bilan tashkiliy qo‘mita tuziladi va bir oy muddat ichida ta’sis konferensiyasi chaqiriladi.

7.4. Zaruratga qarab Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi qaroriga muvofiq mintaqaviy partiya tashkilotiga yuridik shaxs maqomi berilishi mumkin.

Mazkur qaror bilan tegishli mintaqaviy partiya tashkiloti to‘g‘risidagi, uni tuzish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi, uning huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilgan Nizom tasdiqlanadi.

7.5. Mintaqaviy partiya tashkilotining rahbar organi uning konferensiyasi hisoblanadi.

7.5.1. Mintaqaviy partiya tashkilotlarining konferensiyalari Markaziy Kengash plenumi tomonidan belgilangan muddatlarda besh yilda kamida bir marta tegishli partiya kengashlari tomonidan chaqiriladi.

7.5.2. Konferensiya delegatlari konferensiyani chaqirish hamda vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibi to‘g‘risida tegishli mintaqaviy partiya kengashi plenumi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq tuman (shahar) partiya tashkilotlaridan saylanadilar.

Partiya mintaqaviy kengashi, mintaqaviy partiya tashkiloti taftish komissiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlaridagi tegishli partiya guruhi a’zolari, agar ular konferensiya delegati etib saylanmagan bo‘lsalar, konferensiya ishida maslahat ovozi bilan qatnashish huquqiga egadirlar.

7.5.3. Mintaqaviy partiya tashkilotlarining konferensiyalari vakolatiga quyidagilar kiradi:

-          tegishli mintaqaviy partiya kengashi a’zolarining mazkur Ustavning
7.6.1-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 7.6.4-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);

-          mintaqaviy partiya tashkiloti taftish komissiyasi a’zolarini saylash (ustavning 7.10.1-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);

-          mintaqaviy partiya kengashi, mintaqaviy partiya tashkiloti taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

-          tegishli Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhining hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;          

-          mintaqaviy partiya tashkiloti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

-          Partiya qurultoyiga delegatlar saylash;

-          Partiya Markaziy Kengashiga yuboriladigan mintaqaviy partiya tashkiloti vakillarini mazkur Ustavning 6.6.2-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 7.6.4-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);

-          Partiya Markaziy Taftish Komissiyasiga yuboriladigan mintaqaviy partiya tashkiloti vakillarini mazkur Ustavning 6.12.1-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 7.10.1-bandida nazarda tutilgan holatlardan tashqari);

-          mintaqaviy partiya tashkiloti faoliyatining boshqa masalalarini ko‘rib chiqish.

7.6. Mintaqaviy partiya kengashi konferensiyalar oralig‘ida tegishli mintaqaviy partiya tashkilotining rahbar organi bo‘lib, uning manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish yuritadi.

7.6.1. Mintaqaviy partiya kengashi uning tarkibiga tuman (shahar) partiya tashkilotlarining teng miqdor bo‘yicha vakil etib yuborilgan vakillaridan, shuningdek tegishli kengash a’zolari umumiy sonining beshdan bir qismidan oshmagan miqdorda mintaqaviy partiya tashkilotining konferensiyasi saylaydigan a’zolardan iborat bo‘ladi.

Mintaqaviy partiya kengashi a’zolarining vakolat muddati besh yil.

7.6.2. Partiya mintaqaviy kengashlariga saylash uchun me’yor tegishli kengash plenumi tomonidan, qoida tariqasida, konferensiya chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish bilan bir vaqtda belgilanadi.

7.6.3. Mintaqaviy partiya kengashlari plenumlari zaruratga qarab, yilida kamida bir marta o‘tkaziladi.

7.6.4. Mintaqaviy partiya kengashi o‘z plenumlarida:

-          o‘zining tarkibidan kengash ijroiya qo‘mitasini, shu jumladan, kengash raisi va uning o‘rinbosarlarini saylaydi,

zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda konferensiya saylagan mintaqaviy partiya kengashi a’zolari tarkibini qisman yangilaydi;

-          kengash ijroiya qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;

-          har yili kengash ijroiya qo‘mitasining hisobotini va tegishli davlat hokimiyati vakillik organidagi partiya guruhining axborotini eshitadi;

-          Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, Toshkent shahar Kengashlari deputatligiga nomzodlar ko‘rsatadi;

-          konferensiyalar oralig‘ida zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda bo‘shab qolgan o‘rinlarga Partiya Markaziy Kengashiga yuboriladigan mintaqaviy partiya tashkiloti vakillarini saylaydi;

-          har yili mintaqaviy partiya tashkilotining byudjetini tasdiqlaydi va uning ijrosi bo‘yicha hisobotlarni eshitadi;

-          mintaqaviy partiya tashkiloti konferensiyasi yoki Markaziy Kengash tomonidan berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

7.6.5. Mintaqaviy partiya kengashining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari unga hisobdor bo‘lgan organlar va quyi tuman (shahar) hamda boshlang‘ich tashkilotlar uchun majburiydir.

7.7. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi tegishli mintaqaviy partiya tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organidir. Mintaqaviy partiya kengashi plenumlari oralig‘ida ijroiya qo‘mita, unga berilgan vakolatlar doirasida, mintaqaviy partiya tashkilotining manfaatlarini ifoda etadi, uning nomidan ish yuritadi.

7.7.1. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi plenumda saylanadigan kengash raisi, uning o‘rinbosarlari va mintaqaviy partiya kengashi belgilaydigan ijroiya qo‘mitaning boshqa a’zolaridan iboratdir.

7.7.2. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi majlislari zaruratga qarab o‘tkaziladi.

7.7.3. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi:

-          mintaqaviy partiya tashkiloti konferensiyasi va mintaqaviy partiya kengashi plenumlari, markaziy partiya organlari qarorlarining bajarilishini tashkil etadi, shu maqsadda quyi tuman (shahar) va boshlang‘ich tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

-          mintaqaviy partiya tashkiloti byudjeti ijrosini tashkil qiladi;

- Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat va Toshkent shahar Kengashlaridagi tegishli partiya guruhi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

-          kengash apparatiga bevosita rahbarlik qiladi;

-          tuman (shahar) partiya kengashlari raislarini saylash to‘g‘risidagi tegishli kengash qarorlarini tasdiqlaydi;

-          mintaqaviy partiya tashkiloti konferensiyasi va mintaqaviy partiya kengashi plenumi bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

7.7.4. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha quyi tashkilotlar uchun majburiydir.

7.8. Mintaqaviy partiya kengashi raisi kengash plenumida uning a’zolari orasidan saylanadi. Mintaqaviy partiya kengashi raisini saylash to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.

7.8.1. Mintaqaviy partiya kengashi raisi:

-          Partiya Markaziy Kengashi tomonidan berilgan ishonchnomaga asosan ish yuritadi, shu jumladan, mintaqaviy partiya kengashining manfaatlarini ifodalaydi va boshqa yuridik shaxslar bilan shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni tuzadi;

-          mintaqaviy partiya kengashi plenumlari, uning ijroiya qo‘mitasi majlislarini olib boradi, ular qabul qilgan qarorlarni imzolaydi;

-          mintaqaviy partiya tashkiloti konferensiyasi va mintaqaviy kengash plenumlari bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Mintaqaviy partiya kengashi raisi tegishli davlat hokimiyati vakillik organi deputati etib saylanganda va unda partiya guruhi tuzilgan taqdirda, ushbu guruhga rahbar etib saylanishi mumkin.

7.9. Mintaqaviy partiya kengashi va uning ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy va axboriy-tahliliy jihatdan ta’minlashni kengash ishchi apparati amalga oshiradi.

7.9.1. Mintaqaviy partiya kengashi apparati tarkibi, soni va ish tartibi Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati qarori bilan tasdiqlanadi.

7.9.2. Mintaqaviy partiya kengashi apparati mas’ul xodimlari mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining tegishli qarorlariga asosan mintaqaviy partiya kengash raisi farmoyishlari bilan lavozimga tayinlanadilar va ozod etiladilar.

7.10. Mintaqaviy partiya tashkilotining nazorat organi mintaqaviy tashkilotning taftish komissiyasi hisoblanadi.

7.10.1. Mintaqaviy partiya Taftish komissiyalari a’zolari Mintaqaviy partiya tashkiloti konferensiyalarida besh yil muddatga saylanadilar. Mintaqaviy partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda tegishli konferensiya saylagan Markaziy Taftish Komissiyasi va mintaqaviy nazorat taftish komissiyasi a’zolari tarkibini qisman yangilaydi.

Taftish komissiyasining a’zosi bir vaqtning o‘zida mintaqaviy partiya kengashi a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

7.10.2. Mintaqaviy partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari mintaqaviy va quyi tuman (shahar) partiya tashkilotlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini hamda mintaqaviy partiya tashkilotining byudjet mablag‘lari to‘g‘ri shakllantirilishi va maqsadli sarflanishini nazorat qiladilar.

7.10.3. Mintaqaviy partiya tashkilotining taftish komissiyalari a’zolari mintaqaviy partiya kengashining rahbar va ijroiya organlari va ularning tarkibiga kiruvchi tuman (shahar) kengashlarining yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

7.10.4. Mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolari mintaqaviy partiya tashkilotining taftish komissiyasi yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

7.10.5. Mintaqaviy partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari mazkur Ustav va Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tasdiqlagan mintaqaviy, tuman va shahar partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari to‘g‘risidagi Nizom asosida ish yuritadilar.

 

VIII. TUMAN VA SHAHAR PARTIYA TASHKILOTLARI

8.1. Tuman (shahar) partiya tashkilotlari Partiyaning tegishli mintaqaviy tashkilotlari tarkibiga kiruvchi tuman (shahar)dagi alohida bo‘linmalaridir.

8.2. Tuman (shahar) partiya tashkilotlari tegishli hududlarda mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan Partiyaning barcha vazifalarini bajaradi, shu jumladan, Partiya manfaatlarini ifoda etadi va himoya qiladi, ushbu maqsadlarda quyi boshlang‘ich partiya tashkilotlarini birlashtiradi, ularning faoliyatini yo‘naltiradi va muvofiqlashtiradi.

8.3. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarini tuzish, qayta tashkil etish va tugatish to‘g‘risidagi qaror tegishli mintaqaviy partiya tashkiloti taklifiga binoan Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

Yangi tuman (shahar) partiya tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinayotganda, mazkur qaror bilan tashkiliy qo‘mita tuziladi va bir oy muddat ichida ta’sis konferensiyasi chaqiriladi.

8.4. Zaruratga qarab Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi qaroriga muvofiq tuman (shahar) partiya tashkilotiga yuridik shaxs maqomi berilishi mumkin.

Mazkur qaror bilan tegishli tuman (shahar) partiya tashkiloti to‘g‘risidagi, uni tuzish, qayta tashkil etish va tugatish tartibi, uning huquqlari va majburiyatlari nazarda tutilgan Nizom tasdiqlanadi.

8.5. Tuman (shahar) partiya tashkilotining rahbar organi uning konferensiyasi hisoblanadi.

8.5.1. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining konferensiyalari Markaziy Kengash plenumi tomonidan belgilangan muddatlarda besh yilda kamida bir marta tegishli partiya kengashlari tomonidan chaqiriladi.

8.5.2. Konferensiya delegatlari konferensiyani chaqirish hamda vakillik me’yori va delegatlar saylash tartibi to‘g‘risida tegishli tuman (shahar) partiya kengashi plenumi tomonidan qabul qilingan qarorga muvofiq boshlang‘ich partiya tashkilotlaridan saylanadilar.

Tuman (shahar) partiya kengashi, tuman (shahar) partiya tashkiloti taftish komissiyasi va tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashidagi partiya guruhi a’zolari, agar ular konferensiya delegati etib saylanmagan bo‘lsalar, konferensiya ishida maslahat ovozi bilan qatnashish huquqiga egadirlar.

8.5.3. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining konferensiyalari vakolatiga quyidagilar kiradi:

-          tegishli partiya kengashi a’zolarining mazkur Ustavning 8.6.1-bandida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 8.6.4-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti taftish komissiyasi a’zolarini saylash (ustavning 8.10.1 bandida ko‘rsatilgan holatlar bundan mustasno);

-          tuman (shahar) partiya kengashi, tuman (shahar) partiya tashkiloti taftish komissiyasi hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

-          tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashidagi partiya guruhining hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan qarorlar qabul qilish;

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti faoliyatining ustuvor yo‘nalishlarini belgilash;

-          mintaqaviy partiya tashkilotining konferensiyasiga delegatlar saylash;

-          mintaqaviy partiya kengashiga yuboriladigan tuman (shahar) partiya tashkiloti vakillarini            mazkur Ustavning 7.6.1-bandlarida ko‘zda tutilgan qismini saylash (ustavning 8.6.4-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti faoliyatining boshqa masalalarini ko‘rib chiqish.

8.6. Tuman (shahar) partiya kengashi konferensiyalar oralig‘ida tegishli tuman (shahar) partiya tashkilotining rahbar organi bo‘lib, uning manfaatlarini ifodalaydi va uning nomidan ish yuritadi.

8.6.1. Tuman (shahar) partiya kengashi uning tarkibiga boshlang‘ich partiya tashkilotlarining teng miqdor bo‘yicha vakil etib yuborilgan vakillaridan, shuningdek tegishli kengash a’zolari umumiy sonining beshdan bir qismidan oshmagan miqdorda tuman (shahar) partiya tashkilotining konferensiyasi saylaydigan a’zolardan iborat bo‘ladi.

Tuman (shahar) partiya kengashi a’zolarining vakolat muddati besh yil.

8.6.2. Tuman (shahar) partiya kengashlariga saylash uchun me’yor tegishli kengash plenumi tomonidan, qoida tariqasida, konferensiya chaqirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilish bilan bir vaqtda belgilanadi.

8.6.3. Tuman (shahar) partiya kengashlari plenumlari zaruratga qarab, yilida kamida bir marta o‘tkaziladi.

8.6.4. Tuman (shahar) partiya kengashi o‘z plenumlarida:

-          o‘zining tarkibidan kengash ijroiya qo‘mitasini, shu jumladan, kengash raisi va uning o‘rinbosarini saylaydi,

zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda konferensiya saylagan tuman (shahar) partiya kengashi a’zolari tarkibini qisman yangilaydi;

-          kengash ijroiya qo‘mitasi faoliyatining asosiy yo‘nalishlarini belgilaydi;

-          har yili kengash ijroiya qo‘mitasining hisobotini va tegishli davlat hokimiyati mahalliy vakillik organidagi partiya deputatlik guruhining axborotini eshitadi;

-          xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatadi;

-          zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda bo‘shab qolgan o‘rinlarga mintaqaviy partiya kengashiga yuboriladigan tuman (shahar) partiya tashkiloti vakillarini saylaydi;

-          har yili tuman (shahar) partiya tashkilotining byudjetini tasdiqlaydi va uning ijrosi bo‘yicha hisobotlarni eshitadi;

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti konferensiyasi, Partiya mintaqaviy yoki Markaziy Kengashi tomonidan berilgan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

8.6.5. Tuman (shahar) partiya kengashining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari unga hisobdor bo‘lgan organlar va quyi boshlang‘ich tashkilotlar uchun majburiydir.

8.7. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi tegishli tuman (shahar) partiya tashkilotining doimiy faoliyat yurituvchi rahbar organidir. Tuman (shahar) partiya kengashi plenumlari oralig‘ida ijroiya qo‘mita, unga berilgan vakolatlar doirasida, tuman (shahar) partiya tashkilotining manfaatlarini ifoda etadi, uning nomidan ish yuritadi.

8.7.1. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolarining me’yori Tuman (shahar) partiya kengashi tomonidan belgilanib, mazkur rahbar organ tomonidan saylanadigan kengash raisi, uning o‘rinbosari va ijroiya qo‘mitaning boshqa a’zolaridan iboratdir.

8.7.2. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi majlislari zaruratga qarab o‘tkaziladi.

8.7.3. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi:

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti konferensiyasi va tuman (shahar) partiya kengashi plenumlari, Partiya markaziy va mintaqaviy organlari qarorlarining bajarilishini tashkil etadi, shu maqsadda quyi boshlang‘ich tashkilotlarning faoliyatini muvofiqlashtiradi;

-          mazkur Ustavda ko‘zda tutilgan holatlarda Partiyaga qabul va unga a’zolikni tugatish to‘g‘risida qaror qabul qiladi;

-          Partiyaga yangi a’zolarni qabul qilish va Partiya a’zolari hisobini yuritish ishlarini tashkil etadi;

-          ayrim Partiya a’zolarining Partiyadan ixtiyoriy chiqish yoki a’zolikni vaqtinchalik to‘xtatib turish to‘g‘risidagi arizalarini ma’lumot uchun qabul qiladi;

-          tuman (shahar) tashkiloti byudjeti ijrosini, Partiya a’zolari tomonidan a’zolik badallari o‘z vaqtida to‘lanishini ta’minlash choralarini amalga oshiradi;

-          tegishli xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashidagi partiya guruhi faoliyatini muvofiqlashtiradi;

-          saylov kampaniyasi davrida Partiya a’zolari orasidan saylov okruglaridagi Partiyadan kuzatuvchilarni hamda saylov uchastkalarida ovozlarni sanab chiqishda ishtirok etishlari uchun Partiyaning vakolatli vakillarini tayinlaydi, qonun hujjatlarida belgilangan tartibda ular to‘g‘risida tegishli saylov komissiyalarini xabardor qiladi;

-          kengash shtatidagi xodimlarga bevosita rahbarlik qiladi;

-          tuman (shahar) partiya kengashlari plenumi bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

8.7.4. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining o‘z vakolatlari doirasida qabul qilgan qarorlari barcha quyi boshlang‘ich partiya tashkilotlari uchun majburiydir.

8.8. Tuman (shahar) partiya kengashi raisi kengash plenumida uning a’zolari orasidan saylanadi.

8.8.1. Tuman (shahar) partiya kengashi raisini saylash to‘g‘risidagi qaror tegishli mintaqaviy partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi hamda Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati tomonidan tasdiqlanadi.

8.8.2. Tuman (shahar) partiya kengashi raisi:

-          Partiya Markaziy Kengashi tomonidan berilgan ishonchnomaga asosan ish yuritadi, shu jumladan tuman (shahar) partiya kengashining manfaatlarini ifodalaydi va boshqa yuridik shaxslar bilan shartnomalar, bitimlar, bayonnomalar va boshqa hujjatlarni tuzadi;

-          tuman (shahar) partiya kengashi plenumlari, uning ijroiya qo‘mitasi majlislarini olib boradi, ular qabul qilgan qarorlarni imzolaydi;

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti konferensiyasi va tuman (shahar) kengashi plenumlari bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

Tuman (shahar) partiya kengashi raisi tegishli davlat hokimiyati vakillik organi deputati etib saylanganda va unda partiya guruhi tuzilgan taqdirda, ushbu guruhga rahbar etib saylanishi mumkin.

8.9. Moliyaviy imkoniyatlar mavjud bo‘lganda, tuman (shahar) partiya kengashi va uning ijroiya qo‘mitasi faoliyatini tashkiliy va axboriy-tahliliy jihatdan ta’minlashda kengash ishchi apparati tuziladi.

8.9.1. Tuman (shahar) partiya kengashi apparati tarkibi, soni va ish tartibi Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati qarori bilan tasdiqlanadi.

8.9.2. Tuman (shahar) partiya kengashi shtatidagi xodimlar tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining tegishli qarorlariga asosan kengash raisi farmoyishlari bilan lavozimga tayinlanadilar va ozod etiladilar.

8.10. Tuman (shahar) partiya tashkilotining nazorat organi tuman (shahar) tashkilotining taftish komissiyasi hisoblanadi.

8.10.1. Taftish komissiyalari a’zolari tuman (shahar) partiya tashkilotlarining konferensiyalarida besh yil muddatga saylanadilar.

Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda tuman (shahar) partiya tashkilotlarining konferensiyalari saylagan tuman (shahar) partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari a’zolari tarkibini qisman yangilaydi.

Taftish komissiyasining a’zosi bir vaqtning o‘zida tuman (shahar) partiya kengashi a’zosi bo‘lishi mumkin emas.

8.10.2. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari tuman (shahar) partiya kengashlarining moliyaviy-xo‘jalik faoliyatini hamda tuman (shahar) partiya tashkilotining byudjet mablag‘lari to‘g‘ri shakllantirilishi va maqsadli sarflanishini nazorat qiladilar.

8.10.3. Tuman (shahar) partiya tashkilotining taftish komissiyasi a’zolari tuman (shahar) partiya tashkilotining rahbar va ijroiya organlari yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

8.10.4. Tuman (shahar) partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi a’zolari tuman (shahar) partiya tashkilotining taftish komissiyasi yig‘ilishlarida maslahat ovozi bilan ishtirok etishlari mumkin.

8.10.5. Tuman (shahar) partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari mazkur Ustav va Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi tasdiqlagan mintaqaviy, tuman va shahar partiya tashkilotlarining taftish komissiyalari to‘g‘risidagi Nizom asosida ish yuritadilar.

 

IX. BOSHLANG‘ICH PARTIYA TASHKILOTLARI

9.1. Boshlang‘ich partiya tashkilotlari tuman (shahar) tashkilotlarining quyi tarkibiy bo‘linmalari bo‘lib, uch nafardan kam bo‘lmagan partiya a’zolaridan ularni yashash va ish joyida bevosita birlashtirish maqsadida tuziladi.

9.2. Boshlang‘ich partiya tashkiloti Partiyaning tegishli tuman (shahar) kengashi ijroiya qo‘mitasi qaroriga ko‘ra tuziladi va tugatiladi.

Yangi boshlang‘ich partiya tashkilotini tuzish to‘g‘risidagi qaror qabul qilinayotganda bir oy muddatda uning tashkiliy yig‘ilishi o‘tkaziladi, unda boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi va uning o‘rinbosari, zaruratga qarab, tarkibida tashkilot raisi, uning o‘rinbosari va boshqa a’zolardan iborat boshlang‘ich tashkilot kengashi saylanadi.

9.3. Boshlang‘ich partiya tashkilotlarini davlat hokimiyati va boshqaruvi organlarida, ijodiy uyushmalarda, ko‘ngillilar jamiyati va fondlarda, ta’lim muassasalarida tuzishga yo‘l qo‘yilmaydi.

9.4. Boshlang‘ich partiya tashkiloti:

-          Partiya dasturiy maqsadlarini aholi o‘rtasida tushuntirish va targ‘ib qilish bo‘yicha ishlarni bevosita olib boradi, o‘z faoliyati doirasida Partiya tarafdorlari sonini kengaytirishga intiladi;

-          Partiya elektoratining turli ijtimoiy guruhlari vakillari bilan hamkorlikda ularni o‘ylantirayotgan muammolarni aniqlaydi, ushbu muammolarni bartaraf etish bo‘yicha takliflarni ishlab chiqadi va yuqori partiya organlariga kiritadi;

-          Partiya a’zolarining siyosiy ma’rifatini oshirishni tashkil etadi;

-          saylov kampaniyasi davrida o‘z faoliyati doirasida Partiya va undan ko‘rsatilgan nomzodlarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan tashviqotni olib boradi;

-          Partiyaga yangi a’zolarni tanlab olish va qabul qilish ishlarini olib boradi, a’zolikni tugatish to‘g‘risidagi qarorlarni qabul qiladi, ayrim Partiya a’zolarining a’zoligini to‘xtatishni qayd etadi;

-          Partiya a’zolarining birlamchi hisobini yuritadi, bu masalalarda tegishli tuman (shahar) partiya kengashlari bilan hamkorlik qiladi;

-          o‘z yig‘ilishlarida Partiya a’zolari o‘rtasida umumpartiyaviy masalalarning muhokamasini tashkil etadi, ularga yuqori partiya organlari qarorlarini yetkazadi;

-          hisobda turadigan Partiya a’zolarining a’zolik badallarini tegishli partiya kengashi hisobvaraqlariga o‘tkazilishini nazorat qiladi.

Boshlang‘ich partiya tashkiloti aholi o‘rtasida ijtimoiy-siyosiy ishlarni olib borish va Partiya a’zolarini tashkiliy birlashtirish bo‘yicha boshqa vazifalarni ham bajarishi mumkin.

9.5. Boshlang‘ich partiya tashkilotining rahbar organi Partiya a’zolarining umumiy yig‘ilishi hisoblanadi. U zaruratga qarab, lekin yilida kamida bir marta o‘tkaziladi.

9.5.1. Boshlang‘ich partiya tashkiloti umumiy yig‘ilishining vakolatiga quyidagilar kiradi:

-          bir yil muddatga boshlang‘ich partiya tashkilotining raisi, rais o‘rinbosari va zaruratga ko‘ra boshlang‘ich partiya tashkiloti kengashi a’zolarini saylash, ularning hisobotlarini eshitish va ular yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilish (ustavning 9.6.3-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

-          tuman (shahar) partiya tashkiloti konferensiyasiga delegatlarni saylash;

-          tuman (shahar) partiya kengashi tarkibiga mazkur Ustavning 8.6.1. va
8.6.2-bandlarida ko‘zda tutilgan tartib bo‘yicha yuboriladigan boshlang‘ich partiya tashkilotining vakilini saylash (ustavning 9.6.3-bandida nazarda tutilgan holatlar bundan mustasno);

-          Partiya a’zoligiga qabul va a’zolikni tugatish bo‘yicha qarorlar qabul qilish;

-          ayrim Partiya a’zolaridan Partiyaga a’zolikdan ixtiyoriy chiqish yoki a’zolikni vaqtinchalik to‘xtatish to‘g‘risidagi arizalarini ma’lumot uchun qabul qilish.

9.6. Yig‘ilishlar oralig‘idagi davrda boshlang‘ich partiya tashkiloti faoliyatiga rahbarlikni yig‘ilish tomonidan bir yilga saylanadigan boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi va uning o‘rinbosari amalga oshiradi.

9.6.1. Boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi:

-          boshlang‘ich partiya tashkilotining Ustav faoliyatiga umumiy rahbarlik qiladi;

- boshlang‘ich partiya tashkilotining umumiy partiya majlislarini olib boradi, uning bayonnomalarini tuzadi va imzolaydi, boshqa zarur ish yuritishni olib boradi;

-          Partiya a’zolarining bevosita hisobini ro‘yxat shaklida yoki elektron ma’lumotlar bazasi shaklida yuritadi;

-          yuqori partiya tashkilotlari tomonidan taqdim etilgan Partiya hujjatlari va moddiy boyliklar saqlanishini ta’minlaydi;

-          boshlang‘ich partiya tashkiloti yig‘ilishi va yuqori partiya organi unga bergan boshqa vakolatlarni amalga oshiradi.

9.6.2. Boshlang‘ich partiya tashkiloti raisi yo‘qligida uning vazifalarini o‘rinbosari bajaradi.

9.6.3. Ellikdan ortiq Partiya a’zosi bo‘lgan boshlang‘ich partiya tashkilotida partiya tashkiloti raisi, rais o‘rinbosari va boshqa a’zolar tarkibida boshlang‘ich partiya kengashi tuzilishi mumkin. Boshlang‘ich partiya kengashi umumiy yig‘ilishlar oralig‘ida zarur (sog‘ligi yomonlashgani, boshqa davlatga doimiy yashash uchun ko‘chib ketganligi, tegishli vakolatlarini amalga oshirish imkoni mavjud bo‘lmagan va boshqa) holatlarda umumiy yig‘ilish saylagan tuman (shahar) va boshlang‘ich partiya tashkilotlari rahbar organlar tarkibini qisman yangilashi mumkin va bu qaror navbatdagi umumiy yig‘ilish majlislariga tasdiqlash uchun kiritilishi kerar.

X. PARTIYANING DEPUTATLIK BIRLASHMALARI

10.1. Davlat hokimiyati vakillik organlarida Partiya manfaatlarini ifodalash maqsadida qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlaridagi Partiya guruhlari Partiyadan ko‘rsatilgan deputatlardan tuziladi.

10.2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlarini tashkil etish va faoliyatini to‘xtatish qonun hujjatlarida belgilangan tartibda amalga oshiriladi.

10.3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari O‘zbekiston Respublikasi qonun hujjatlarida o‘rnatilgan huquqlarga ega.

10.4. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi o‘z ishini Partiya dasturiy hujjatlari, qurultoy belgilagan parlamentchilik faoliyati vazifalari hamda Partiya markaziy organlarining tegishli tavsiyalariga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etadi.

10.4.1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi, qonun hujjatlariga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vazirini lavozimidan ozod etish to‘g‘risidagi tashabbus bilan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga murojaat qilish huquqiga ega.

Fraksiyaning ushbu murojaati Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qumitasi bilan kelishilishi lozim.

10.4.2. Qonun hujjatlarida belgilangan tartibda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi bilan kelishilgan holda o‘zini muxolifat deb e’lon qilishi mumkin.

10.4.3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasining faoliyati Markaziy Kengash Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan muvofiqlashtiriladi.

10.4.4. O‘ta muhim siyosiy masalalar yuzasidan nuqtai-nazarlarni kelishib olish uchun Partiya fraksiyasi va Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin.

10.4.5. Fraksiya a’zolari O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi yig‘ilishlarida ovoz berishda birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai-nazarlarga asoslanadilar.

10.4.6. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi o‘z faoliyati to‘g‘risida har yili Markaziy Kengash plenumiga axborot beradi. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi vakolati davridagi fraksiya faoliyati bo‘yicha hisoboti Partiya qurultoyida eshitiladi.

10.5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari o‘z faoliyatlarini Partiya dasturiy hujjatlari, Partiya qurultoyi va tegishli mintaqaviy, tuman (shahar) partiya tashkilotlari konferensiyalari tomonidan belgilangan deputatlik faoliyati vazifalari, tegishli partiya kengashlari tavsiyalariga muvofiq qonun hujjatlarida belgilangan tartibda tashkil etadilar.

10.5.1. Nazorat vazifalari samaradorligini oshirish maqsadida xalq deputatlari viloyatlar va Toshkent shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari, qonun hujjatlariga muvofiq, viloyat hamda Toshkent shahar hokimi lavozimiga tasdiqlangan shaxslarning qoniqarsiz faoliyati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga asoslangan hulosalar taqdim etish tashabbusi huquqiga ega.

Ushbu xulosalar viloyat va Toshkent shahar hokimining faoliyatini muntazam axborot-tahliliy monitoring qilishga asoslanishi hamda tegishli mintaqaviy Partiya kengashi ijroiya qumitasi bilan kelishilishi lozim.

Zarur bo‘lgan holatlarda mintaqaviy partiya kengashi tegishli maslahatlar olish uchun Partiya Markaziy Kengashiga murojaat qilishi, shuningdek tayyorlangan hulosa loyihasini tahlil etish uchun mustaqil ekspertlarni jalb etishi mumkin.

10.5.2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari faoliyati tegishli partiya kengashlari ijroiya qo‘mitalari tomonidan muvofiqlashtiriladi.

10.5.3. O‘ta muhim masalalar yuzasidan nuqtai-nazarlarni kelishib olish uchun Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari va tegishli partiya kengashi ijroiya qo‘mitasining birgalikdagi qo‘shma majlislari o‘tkazilishi mumkin.

10.5.4. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari a’zolari tegishli davlat hokimiyati vakillik organi sessiyalarida ovoz berishda birgalikda ishlab chiqilgan nuqtai nazarga asoslanadilar.

10.5.5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari o‘z faoliyatlari to‘g‘risida har yili tegishli partiya kengashlari plenumlariga axborot beradilar. Ularning vakolat davridagi faoliyatlari to‘g‘risidagi hisobotlari tegishli partiya tashkilotlari konferensiyalarida eshitiladi.

XI. PARTIYANING O‘ZBEKISTON RESPUBLIKASI PREZIDENTI SAYLOVI VA VAKILLIK DAVLAT ORGANLARI SAYLOVLARIDA ISHTIROKI

11.1. Partiyaning O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi va «O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

11.1.1. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida Partiyaning ishtiroki to‘g‘risidagi qaror, saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinganidan keyin bir hafta muddat ichida Ijroiya Qo‘mita tomonidan chaqirilgan Partiya Markaziy Kengashi plenumida qabul qilinadi.

11.1.2. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga Partiyadan nomzod Partiya qurultoyida ko‘rsatiladi. Bu haqdagi qaror qurultoy delegatlarining ko‘pchiligi yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.

11.2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovda Partiyaning ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, «O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

11.2.1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasiga saylovda Partiyaning ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror, saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinganidan keyin bir hafta muddat ichida, Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

11.2.2. Partiyadan O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar:

-          O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisiga navbatdagi saylovlarda – Partiya qurultoyi;

-          bo‘shab qolgan o‘rinlarga O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatlarining saylovida Markaziy Kengash plenumi tomonidan ko‘rsatiladi.

11.2.3. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror majlisda ishtirok etayotgan qurultoy delegatlari (Partiya Markaziy Kengashi a’zolari)ning ko‘pchiligi yoqlab ovoz berganda qabul qilinadi va tegishli bayonnoma bilan rasmiylashtirilib, Markaziy saylov komissiyasiga topshiriladi.

11.2.4. Zarur bo‘lgan holatlarda u yoki bu shaxsni O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputatligiga nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi Partiya rahbar organi qarorini saylovga kechi bilan besh kun qolganda Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi qarori bilan bekor qilish mumkin.

11.3. Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlarida ishtirok etishi tartibi O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Konstitutsiyasi, «Xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlariga saylov to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuni, Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesiga saylov to‘g‘risida”gi Qonuni va boshqa qonun hujjatlari bilan belgilanadi.

11.3.1. Partiyaning Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari saylovlarida ishtirok etishi to‘g‘risidagi qaror, saylov kampaniyasi boshlanishi e’lon qilinganidan keyin bir hafta muddat ichida Partiya Markaziy Kengashining Ijroiya Qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

11.3.2. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga Partiyadan nomzodlar tegishli partiya kengashlari tomonidan ko‘rsatiladi.

11.3.3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga Partiyadan nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror tegishli partiya kengashi yig‘ilishida, unda ishtirok etayotgan a’zolarning ko‘pchiligi ovozi bilan qabul qilinadi va bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli saylov komissiyasiga topshiriladi.

11.3.4. Zarur bo‘lgan holatlarda u yoki bu shaxsni deputatlikka nomzod etib ko‘rsatish to‘g‘risidagi mintaqaviy, tuman (shahar) partiya kengashi qarorini saylovga kechi bilan besh kun qolganda tegishli partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi qarori bilan bekor qilish mumkin.

11.3.5. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman va shahar Kengashlari deputatligiga bo‘shab qolgan o‘rinlarga deputatlar saylovlarida ishtirok etish va Partiyadan nomzodlar ko‘rsatish to‘g‘risidagi qaror Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi bilan kelishilgan holda tegishli partiya kengashi ijroiya qo‘mitasi tomonidan qabul qilinadi.

XII. PARTIYANING BOSHQA SIYOSIY PARTIYALAR VA NODAVLAT NOTIJORAT TASHKILOTLAR BILAN MUNOSABATLARI

12.1. Partiya O‘zbekiston Respublikasining siyosiy partiyalari bilan ittifoq (blok) tuzishi, ular bilan va boshqa jamoat birlashmalari bilan shartnoma munosabatlari o‘rnatishi mumkin.

Partiya xorijiy partiyalar va jamoat tashkilotlari bilan aloqa o‘rnatishi mumkin.

12.2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasi qonun bilan o‘rnatilgan tartibda boshqa siyosiy partiyalar bilan blokka birlashishi va umumiy nuqtai nazar bo‘yicha kelishishi mumkin.

12.2.1. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasining boshqa siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan blokka birlashish to‘g‘risidagi qarori fraksiya yig‘ilishida Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

12.2.2. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasidagi Partiya fraksiyasining boshqa siyosiy partiyalar fraksiyalari bilan hamkorlikda ishlab chiqqan nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori fraksiya rahbari tomonidan Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi Hay’ati bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

12.3. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhlari boshqa siyosiy partiyalar guruhlari bilan hamkorlikdagi nuqtai nazar bo‘yicha kelishishlari mumkin.

12.3.1. Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi, xalq deputatlari viloyat, tuman, shahar Kengashlaridagi partiya guruhining boshqa siyosiy partiyalar guruhlari bilan hamkorlikdagi nuqtai nazari to‘g‘risidagi qarori partiya guruhi rahbari tomonidan tegishli mintaqaviy, tuman va shahar kengashi ijroiya qo‘mitasi bilan kelishilgan holda qabul qilinadi.

XIII. PARTIYANI MOLIYALASHTIRISH MANBALARI, UNING MOL-MULKI VA XO‘JALIK FAOLIYATI

13.1. Partiya qonun bilan o‘rnatilgan tartibda o‘zining maqsad va vazifalarini amalga oshirish maqsadida quyidagi moliyalashtirish manbalaridan foydalanishi mumkin:

-          a’zolik badallari;

-          qonunga muvofiq tadbirkorlik faoliyatidan keladigan daromadlar;

-          «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq davlat byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar;

-          «Siyosiy partiyalarni moliyalashtirish to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari xayriyalari;

- amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlar.

13.2. Partiya tasarrufidagi binolar, inshootlar, xo‘jaliklar, nashriyotlar, transport vositalari, asbob-uskunalar, anjomlar, madaniy-ma’rifiy va sog‘lomlashtirish maqsadida foydalaniladigan mulklar, pul mablag‘lari, shuningdek, Partiya mablag‘lari hisobidan sotib olingan yoki vujudga keltirilgan boshqa mol-mulk Partiyaning o‘z organlari, muassasa va tashkilotlari orqali egalik qilish huquqi obyektlaridir.

13.2.1. Partiya mulkini sotish yoki uni boshqacha tarzda tasarruf etish masalalarini hal qilish Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasining mutlaq vakolatiga kiradi.

13.2.2. Partiya Markaziy Kengashi, Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, shuningdek Partiyaning tuman va shahar kengashlari qonun hujjatlarida belgilangan tartibda o‘z mustaqil balanslariga, bank muassasalarida hisobvaraqlariga, o‘zlarining nomidagi muhrlarga ega bo‘lishi mumkin.

13.3. Partiya pul mablag‘larini shakllantirish manbalari a’zolik badallari, O‘zbekiston Respublikasi yuridik va jismoniy shaxslari xayriyalari, O‘zbekiston Respublikasi byudjetidan ajratiladigan mablag‘lar, tadbirkorlik faoliyatidan keladigan daromadlar va amaldagi qonunchilikda taqiqlanmagan boshqa tushumlardan iboratdir.

13.3.1. Partiya byudjeti, mahalliy partiya tashkilotlari, partiya korxonalari va muassasalari daromadlaridan byudjetga ajratiladigan mablag‘larning miqdori hamda uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobot har yili Partiya Markaziy Kengashi plenumi tomonidan tasdiqlanadi. Partiya byudjeti hamda uning ijrosi to‘g‘risidagi hisobot har yili barchaning e’tibori uchun e’lon qilinadi.

13.3.2. Mintaqaviy, tuman va shahar partiya tashkilotlarining byudjetlari va ularning ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlar har yili tegishli partiya kengashlari plenumlari tomonidan tasdiqlanadi hamda quyi partiya tashkilotlari va Partiya a’zolariga ma’lum qilinadi.

13.3.3. Zarur holatlarda, mablag‘larning bir qismi Markaziy Kengash belgilagan miqdorda Partiyaning zahira jamg‘armasiga yo‘naltiriladi.

13.4. A’zolik badallari partiya a’zolari tomonidan har oyda mintaqaviy, tuman (shahar) kengashlarining hisobvaraqlariga ularning korxona va tashkilotlardagi ish joylariga bergan arizalariga muvofiq ish haqlaridan yoki shaxsiy bank plastik kartochkalaridan tegishli mablag‘larni o‘tkazish yo‘li bilan to‘lanadi.

13.4.1. Partiya a’zolari tomonidan to‘lanadigan a’zolik badallarining miqdori, ayrim Partiya a’zolarining a’zolik badallarini to‘lashdan to‘liq va qisman ozod etishning sharti va tartibi, shuningdek kelib tushgan a’zolik badallarining Markaziy Kengash, Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya kengashlari hisobvaraqlariga o‘tkaziladigan miqdori Partiyaning tegishli moliya yili byudjetiga o‘zgartishlar kiritish bilan bir vaqtda Partiya Markaziy Kengashi plenumida tasdiqlanadi.

13.4.2. Boshlang‘ich partiya tashkilotlarining ustav faoliyatini mablag‘ bilan ta’minlash uchun a’zolik badallari va boshqa tushumlarning bir qismi ajratiladi. Ajratiladigan ushbu mablag‘lar miqdori har yili Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkiloti byudjetini tasdiqlash bilan bir vaqtda belgilanadi.

Mazkur mablag‘lardan boshlang‘ich partiya tashkilotlari foydalanishini, ehtiyoji uchun bevosita xarajat qilishini boshlang‘ich partiya tashkilotlari taqdimiga muvofiq, tegishli mintaqaviy, tuman va shahar kengashlarining ijroiya qo‘mitalari amalga oshiradi.

13.5. Partiya Markaziy Kengashi, Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar kengashlari, ularning balansidagi mol-mulkni va pul mablag‘larini operativ boshqarish uchun, Partiya Markaziy Kengashi Ijroiya Qo‘mitasi, partiya kengashlari ijroiya qo‘mitalari tomonidan tasdiqlanadigan nizomlar asosida ish yuritadigan ishlar boshqarmalarini tuzishlari yoki ishlar boshqaruvchilarini tayinlashlari mumkin.

13.5.1. Tuman (shahar) partiya kengashlarining mol-mulki va pul mablag‘larining operativ boshqaruvini, qoida tariqasida, kengash raislari amalga oshiradilar.

13.5.2. Partiya korxonalari va muassasalarini boshqarish ularning ustavlari va ular to‘g‘risidagi nizomlarga muvofiq ularning rahbarlari tomonidan amalga oshiriladi.

XIV. PARTIYADA QARORLAR QABUL QILISH TARTIBI

14.1. Partiya rahbar va ijroiya organlari yig‘ilishlari qonuniy huquqqa ega bo‘lishi uchun quyidagi shartlar o‘rnatiladi:

-          Partiya qurultoylari, mintaqaviy, tuman va shahar tashkilotlari konferensiyalari uchun – ularda saylangan delegatlarning yarmidan ko‘pini ishtiroki;

-          Partiya Markaziy, mintaqaviy, tuman va shahar kengashlari plenumlari va ijroiya qo‘mita yig‘ilishlari uchun – mazkur organ a’zolarining yarmidan ko‘pini ishtiroki;

-          boshlang‘ich partiya tashkilotlari yig‘ilishi uchun – unda hisobda turuvchi partiya a’zolarining yarmidan ko‘pini ishtiroki.

14.2. Partiya rahbar va ijroiya organlarining qarorlari ochiq yoki yopiq ovoz berish orqali, tegishli partiya organlari yig‘ilishi ishtirokchilarining xohishiga qarab qabul qilinadi.

14.2.1. Partiya Ustavi va Dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartishlar kiritish, shuningdek partiyani qayta tashkil etish va faoliyatini to‘xtatish to‘g‘risidagi qaror partiya qurultoyida ishtirok etgan delegatlarning uchdan ikki qismidan iborat ovozi bilan qabul qilinadi.

14.2.2. Qolgan barcha holatlarda Partiya rahbar va ijroiya organlarining qarorlari yig‘ilishda ishtirok etgan ular a’zolarining ko‘pchilik ovozi bilan qabul qilinadi.

XV. PARTIYANING USTAVI VA DASTURINI QABUL QILISH, ULARGA O‘ZGARTISH VA QO‘SHIMCHALAR KIRITISH TARTIBI

15.1. Partiyaning Ustavi va Dasturini qabul qilish, ularga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish to‘g‘risidagi qarorlar Qoraqalpog‘iston respublika, viloyatlar va Toshkent shahar partiya tashkilotlarining fikr-mulohazalarini hisobga olgan holda, Partiya Markaziy Kengashi taqdimi asosida Partiya qurultoyi tomonidan tasdiqlanadi.

XVI. PARTIYANI QAYTA TASHKIL ETISH VA UNING FAOLIYATINI TUGATISH TARTIBI

16.1. Partiyani qayta tashkil etish Partiya qurultoyi qarori bilan amalga oshiriladi.

16.2. Partiya faoliyati, u o‘zini o‘zi tarqatib yuborishi natijasida yoki O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudining qaroriga muvofiq tugatilishi mumkin.

16.3. Partiyani o‘zini o‘zi tarqatib yuborish va qayta tashkil etish to‘g‘risidagi qaror barcha mintaqaviy partiya tashkilotlarining fikr-mulohazalari hisobga olinib, qurultoy delegatlarining kamida uchdan ikki qismi uni yoqlab ovoz bergan taqdirda qabul qilinishi mumkin.

16.4. Partiya faoliyati tugatilgan taqdirda, yuridik shaxsni tugatish yuzasidan qonunda ko‘zda tutilgan ishlar Partiya qurultoyi qarori bilan tuziladigan tugatish komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.

16.5. Boshqa yuridik shaxslar bilan o‘zaro hisob-kitoblar qilingandan so‘ng partiya mulki Ustavda ko‘zda tutilgan yoki tugatish komissiyasi belgilagan maqsadlarga yo‘naltiriladi.

16.6. Partiyaning tugatilishi natijasida Markaziy, mintaqaviy va tuman (shahar) kengashlari ijro apparatida ishlovchi xodimlarning huquq va majburiyatlari O‘zbekiston Respublikasi Mehnat kodeksida va boshqa qonun hujjatlarida o‘rnatilgan tartibda amalga oshiriladi.

16.7. Partiya tugatilgandan so‘ng Partiya hujjatlari Qonunchilikda o‘rnatilgan tartibda davlat arxivi muassasalariga saqlash uchun topshiriladi.

XVII. YAKUNIY QOIDALAR

17.1. Partiyaning davlat organlari va boshqa yuridik shaxslar bilan munosabatlariga tegishli, Partiya Ustavida ko‘zda tutilmagan boshqa masalalar O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyasi va boshqa qonun hujjatlariga muvofiq hal etiladi.