35 mingdan ziyod saylovchilarning imzolari to‘plandi

 

Milliy saylov qonunchiligimizga ko‘ra, siyosiy partiyalar uzog‘i bilan saylovga 50 kun qolgunga qadar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga bo‘lajak nomzodni qo‘llab-quvvatlovchilar imzolarini to‘plashni tashkil etishi kerak.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga joriy yil 24 oktyabr kuni o‘tkaziladigan saylovda O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasidan ko‘rsatilayotgan Maqsuda Vorisovaning nomzodini qo‘llab-quvvatlash maqsadida imzo to‘plash jarayoni ham uyushqoqlik bilan tashkil etilmoqda.

— O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlar kengashlari, shahar va tuman kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari mas’ullari Markaziy saylov komissiyasi tomonidan partiyaning vakolatli vakiliga taqdim etilgan belgilangan tartibdagi imzo varaqalari blankalari talab darajasida to‘ldirilishiga alohida e’tibor qaratyapti, — deydi partiya axborot xizmati rahbari Abduvali Saybnazarov. — Ushbu jarayonlar, fuqarolar bilan uchrashuvlarda saylovchilarga imzo varaqalarini to‘ldirish tartibi va bu borada qat’iy amal qilinishi lozim bo‘lgan jihatlar tushuntirilmoqda. Imzo varaqasini to‘ldirish jarayonlari korxona va tashkilotlar, ta’lim, tibbiyot muassasalari hamda mahalla fuqarolar yig‘inlarida saylov qonunchiligiga amal qilingan holda olib borilmoqda. 

Saylovchilarning har biri bu muhim jarayonga mas’uliyat bilan yondashib, yurt taqdiriga befarq emasligini namoyon etayotgani quvonarli hol. Saylovchilarning imzolarini yig‘ish ishlari boshlanganidan buyon o‘tgan ikki kun ichida respublikamiz bo‘ylab 35 mingdan ziyod saylovchilarning imzolari to‘plandi.

Darhaqiqat, ushbu muhim jarayonda partiya vakillari tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Saylov kodeksining “Imzolarni to‘plash tartibi”, deb nomlangan 38-moddasida saylovchilar bitta yoki bir nechta siyosiy partiyani yoki O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzodlarni qo‘llab-quvvatlab imzo qo‘yishga haqli ekanliklari haqida batafsil tushuncha berilmoqda. Shuningdek, saylovchilarning huquq va burchlari, bo‘lajak muhim siyosiy jarayonning mamlakatimiz taraqqiyotidagi ahamiyati va Saylov kodeksi haqida ham ma’lumotlar taqdim etilmoqda.

Xalq demokratik partiyasi Toshkent viloyati, tuman va shahar kengashlari va boshlang‘ich tashkilotlari mas’ullari ham belgilangan tartibdagi imzo varaqalari blankalarini talab darajasida to‘ldirishga e’tibor qaratishyapti. Partiya Toshkent viloyati kengashi tomonidan Quyi Chirchiq, Oqqo‘rg‘on tuman kengashlarida o‘tkazilgan tadbirlarda partiya faollari tomonidan imzo to‘ldirish tartibi, saylovchilarning huquqlari va Saylov kodeksi haqida tushuntirishlar berildi.

Partiyaning Buxoro shahar kengashi 2400 nafar saylovchining imzosini yig‘ish taraddudida. Shu bois shaharning barcha mahallalari, tashkilot va muassasalarida ish qizg‘in. Mazkur jarayonda dastlab fuqarolarga imzo varaqalarini to‘ldirish tartib-tamoyillari tushuntirib berilyapti. Shundan so‘ng partiya dasturiy g‘oyalarini qo‘llab-quvvatlagan xayrixohlar imzo qo‘yishmoqda. Ular orasida saylov jarayonlarida ilk marotaba qatnashayotgan yoshlar ham bor.

Bir so‘z bilan aytganda, Xalq demokratik partiyasining barcha tashkilotlarida ushbu muhim jarayon qizg‘in va uyushqoqlik bilan amalga oshirilyapti.

 

Muhtarama Komilova,

O‘zA

 

 

 

Teglar

Saylov-2021
← Roʻyxatga qaytish