Onalar yig'lamasin, chorasizlikdan asrasin

 

41 yildan beri tibbiyot sohasida ishlab kelaman. Jizzax viloyatining bolalar yuqumli kasalliklar shifoxonasidagi faoliyatim davomida bolalar spinal mushak atrofiyasi (BSMA) kasalligi aniqlangan bolalarga ham duch keldim. U paytlarda umumiy qilib bolalar serebral falajligi, deb tashhis qo'yib qo'ya qolinardi.

Nafas markazining ishdan chiqishi bilan kechadigan holatlarda sun`iy nafas apparatiga ulashga to'g'ri kelardi. 6 oygacha bo'lgan bolalar ko'pincha hayotdan ko'z yumishardi. Qolganlari esa umr bo'yi nogironlikda hayot kechirib, o'zgalar yordamiga muhtoj bo'lib qolardilar.

Keyinchalik poliklinika sharoitida, tibbiyotning birlamchi bo'g'inida ishlayotgan vaqtimda ham bu kasallikka chalinib, asoratlari qolgan bolalarga duch keldim. Tuzalmaydigan, asoratlarini tez bartaraf qilib bo'lmaydigan shunday farzandi bor ota-ona, qarindoshlarning holati, tashvishlarini, o'tkazadigan kunlarini tasavvur qilib ko'ring-a…

Prezidentimizning joriy yil 25 aprel sanasida qabul qilingan “Spinal mushak atrofiyasi tashxisi qo'yilgan bemor bolalarga tibbiy-ijtimoiy yordam ko'rsatish va dori vositalarini bepul yetkazib berish tizimini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori biz uzoq yillar kutgan masalalar yechim topishiga asos bo'ladigan hujjat bo'ldi.

Mazkur qaror bilan hozirda BSMA xastaligi bilan davolanayotgan bolalarning davolanishi va reabilitasiya (tiklanishi) qilinishi tadbirlari, sarf-xarajatlari davlat tomonidan ta`minlanishi kafolatlantirilgan. Ularning ijrosini ta`minlash uchun BSMA kasalligi tasdiqlangan bolalarni davolash, muolajalar samaradorligini kuzatib borishni ta`minlash maqsadida yuqori malakali mutaxassislardan iborat doimiy faoliyatidagi konsilium (DFK) guruhi tuziladi.

Shuningdek, BSMA kasalligi bemorlarga dori vositalarini Ona va bola skrinning markazi tomonidan o'z vaqtida maqsadli va manzilli yetkazilishi qanchadan-qancha oilalarning mushkuli oson bo'lishi, muammosi hal etilishiga xizmat qiladi.

Yana bir quvonarli jihati, ota-onalar bemor farzandlarining uy sharoitida davolanishi va reabilitasiyasi uchun kerakli tibbiy-texnik vositalarni ijara tariqasida bepul olishi mumkin bo'ladi. Bunday jihozlar juda qimmat bo'lib, hamma oilaning ham uni sotib olishga qurbi yetmaydi. Shu sababli ularning ijaraga berilishi kasal farzandini davolayotgan oilalarga yengillik yaratadi.

Homilador ayollar yashash joylaridagi ayollar maslahatxonasi bo'limi yo'llanmasi bilan milliy referens laboratoriyasi va filiallarida BSMA kasalligi diagnostikasi bo'yicha bepul tekshiruvdan o'tkaziladi. Molekulyar tekshiruv natijasida BSMA kasalligi yoki kasallik geni tashuvchisi aniqlanganda, Yagona milliy dasturga kiritilib, o'zaro elektron ma`lumot almashinuvi yo'lga qo'yiladi. Bu yurtimizda go'daklar o'limining kamayishi, qancha onalarni farzandi hayotdan uzilib borishini kuzatish mashaqqatidan asraydi.

Hech bir ona farzandi xasta bo'lganida chorasizlikdan yig'lamasin, deymiz.

 

Musaxon IMOMOV,

xalq deputatlari Jizzax shahar Kengashidagi O'zXDP guruhi a`zosi.

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish