Parlamentning vakolatlari kengayadi

 

Davlatimiz rahbari har yig'ilishida, har bitta yangi loyihani amalga oshirishda avvalo xalq manfaati, inson qadriga xizmat qilishi lozimligini ta`kidlaydi. Shu bilan birga, xalq vakillari bo'lgan deputat hamda senatorlarning vakolatlarini kengaytirishga alohida e`tibor qaratiladi. Konstitusiyaviy komissiya a`zolari ishtirokida o'tkazilgan yig'ilishda ham bu jihatlarga to'xtalib o'tdi.

Jumladan, Konstitusiyada hukumatni shakllantirish va uning samarali faoliyat yuritishini ta`minlashda Oliy Majlisning vakolatlarini kengaytirish bo'yicha tegishli qoidalarni belgilash kerakligi ta`kidlandi. Shuningdek, korrupsiyaga qarshi kurashish agentligi rahbarini tayinlash bo'yicha farmon Senat tomonidan tasdiqlanishi tartibini joriy etish hamda hukumat tomonidan tayyorlangan Korrupsiyaga qarshi kurash bo'yicha yillik milliy ma`ruzani muhokama qilish masalasini parlamentimiz vakolatiga kiritish lozimligi aytildi. Bularning barchasi Oliy Majlisning parlament nazoratini amalga oshirish bo'yicha vakolatlarining konstitusiyaviy asoslarini kuchaytirish bo'yicha ishlarni davom ettirishga xizmat qiladi.

O'tgan yillar davomida bu borada samarali ishlar tashkil etildi. Xususan, hukumat faoliyati ustidan parlament nazorati o'rnatilib, yangi tizimda ishlar olib borilmoqda. Birinchi navbatda, Davlat byudjetini qabul qilish va boshqa masalalarda bevosita ishtirok etmoqda. Bir necha yildan buyon byudjet taqsimoti qonun ko'rinishida qabul qilinyapti. Umuman, parlament nazorati nuqtai nazaridan yangi mexanizmlar kirib kelmoqda. Masalan, o'tgan yili byudjet mablag'laridan nafaqat maqsadli, shu bilan birga, natijali foydalanish bo'yicha eksperement o'tkazdik va uchta vazirlikning eshituvi tashkil etildi. Natija ijobiy bo'lgani uchun joriy yilda 40 ta ana shunday tadbirni o'tkazish ko'zda tutilgan. Byudjet va iqtisodiy islohotlar qo'mitasi mas`ul sifatida bu ishlarni amalga oshirmoqda.

Yana bir muhim jihati, 2019 yildan buyon yo'lga qo'yilgan hukumatning yil dasturi bo'yicha hisoboti parlament eshituviga kiritilyapti. Yaqinda Qonunchilik palatasining yalpi majlisida o'tgan yilgi davlat dasturi ijrosi bo'yicha hisobotni eshitdik. O'z fikr-mulohazalarimizni, takliflarimiz, kerak bo'lsa, tanqidiy nuqtai nazarimizni ham bildirdik.

Bundan tashqari, “Obod qishloq”, “Obod mahalla” kabi doimiy davlat dasturlarini avvallari har chorakda eshitayotgan bo'lsak, bu yildan har oylik natijalar haqida axborot berib borilyapti. Bu ham parlament nazoratida katta o'zgarish, deb hisoblayman.

Davlat qarzi, davlatning tashqi qarzi masalalari ham doimiy qo'mitamiz e`tiborida. Misol uchun, davlatning tashqi qarzi hisobiga amalga oshirilgan va yakunlangan loyihalarni Hisob palatasining bergan xulosasi asosida eshituvlar joriy qilingan. O'tgan yili “Salomatlik-3” “O'rta shaharlarni rivojlantirish” kabi bir qancha loyihalarni tanqidiy-tahliliy ruhda muhokamalarini o'tkazdik.

Majlisda Prezidentning ayrim vakolatlarini Oliy Majlisga o'tkazish ham taklif etildi. Misol uchun, Hisob palatasi raisini lavozimga tayinlash va ozod qilish vakolatini Senatga o'tkazish maqsadga muvofiq ekani ta`kidlandi. Bu ham parlament vakolatlarini yanada kengaytiradi, Davlat byudjeti ijrosida natijadorlik va hisobdorlik ortadi.

Demak, ushbu me`yorlar Konstitusiyamiz darajasida muhrlab qo'yilsa, 78-moddaga kiritiladigan bo'lsa, ushbu yo'nalishda parlament tomonidan olib borilayotgan ishlarni qonunchilik jihatdan yanada chuqurlashtirish imkoni yuzaga keladi. Shuningdek, hukumat amalga oshirayotgan loyihalar va ishlarning natijadorligi jihatidan ham yo'naltirilgan mablag'larni o'rinli hamda maqsadli, samarali ishlashiga foyda beradi. Bundan yutadigan faqatgina xalqimiz bo'ladi.

 

Sharofiddin NAZAROV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zbekiston XDP fraksiyasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 22.06.2022, №25

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish