O'zbekiston Qahramonlari Konstitusiya va islohotlar haqida

 

Bolaga hech kim ota-onachalik muhim bo'lolmaydi

 

Kamoliddin GOPIROV,

O'zbekiston Qahramoni, Andijon viloyati:

— Prezident Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvda Bosh Qomusimizga “Ota-onalar o'z farzandlari voyaga yetguniga qadar ularning tarbiyasi, ta`lim olishi, sog'lig'i, to'laqonli va barkamol rivojlanishi to'g'risida g'amxo'rlik qilish huquqiga ega va bunga majburdir”, degan qoidani kiritishni taklif etar ekan, bu yosh avlod taqdiri uchun mas`uliyatni yanada oshirishga xizmat qilishini alohida ta`kidladi.

Yoshlarning sog'lom va barkamol bo'lib voyaga yetishida ota-ona mas`uliyatini oshirish lozim. Bugungi kunda bu me`yorlar biroz e`tibordan chetda qolayotgandek, nazarimizda. Ko'pchilik ota-onalar bolam maktabda, bog'chada, o'qishda ta`lim ham, tarbiya ham oladi, deb o'ylashadi. Bolalarining kuni, vaqti, fikr-o'ylari bilan ko'pam qiziqmaydi. Ularga vaqt ajratolmaydi. Uydan erta chiqib ketib, farzandlari uxlaganda uyga keladigan otalar bor. Yoki ro'zg'or tebratish maqsadida chet elga ishlash uchun ketganlar bor. Ular doim yoki muntazam bolalari bilan muloqot qilolmaydi.

Lekin ota-ona har qanday holatda ham birinchi o'rinda farzand tarbiyasiga e`tibor qaratishi kerak. Bilim olishi, hunar egallashi uchun sharoit qilib berishi kerak. O'quvchilarimizga ko'p aytaman, taniqli siyosatchi ayol Margarit Tetcher xonimga otasi bolaligida qo'liga kitob berarkan, uni o'qib, o'rganganlarini aytib berganidan keyingina o'rtoqlari bilan o'ynashga ruxsat berar ekan.

Ota-ona har kuni hech bo'lmaganda yarim soat farzandlari bilan suhbatlashishi kerak. O'qigan kitobi, qahramonlari, qiziqishlari haqida gaplashishi, yutuqlaridan faxrlanishi, unga rag'bat berishi juda muhim. Fikrlarini hurmat qilsin, bolasiga ko'proq mehr bersin. Kattalarni hurmat qilishga chorlasin. Oilasi, mahallasi, maktabi uchun yaxshilik qilishini uqtirishi, bu sening mahallang, ko'chang, aka-ukalaring, qarindoshlaring, deb qalbida insonlarga, hayotga mehr-muhabbatni shakllantirish kerak.

Bog'cha, maktab ta`lim-tarbiyani barobar olib borolmaydi. Bola maktabda har xil o'qituvchilar bilan muloqot qiladi. Umumiy tarbiyani berishi mumkin, ammo tuyg'ularni shakllantira olmaydi. Shu bois ta`limni ham, tarbiyani ham ota-ona to'ldirib borishi kerak. Yangi Konstitusiyaga bu borada taqdim etilayotgan taklifni to'la qo'llab-quvvatlayman.

 

Xavfsiz mehnat sharoiti mamlakat uchun muhim

 

Farhod SOYIBOV,

O'zbekiston Qahramoni, Navoiy viloyati:

— Bilasizmi, demokratiya haqida gap ketganda odatda bir misolni aytaman. Masalan, demokratiyaning eng oliy namunalari borligi ta`kidlanadigan Amerikada maktabda 3 ta tilda o'qitiladi, bizda esa 7 tilda dars beriladi. Shuning o'ziyoq ko'p masalalarni oydinlashtiradi. Bugungi kunda Konstitusiyaga o'zgartirishlar kiritilishiga oid islohotlar zamirida ham ko'p millatli xalqimizning manfaatlari ifoda etilgan.

Biroz o'zim haqimda gapirsam. 70-yillarda maktabni tamomlaganman va ma`lumotim oliy bo'lmasa ham oltin qazib olish zavodiga ishchi kuchi yetishmagani bois ishga kirganman. 1980 yilga kelib usta bo'lganman. Oradan 9 yil o'tib katta usta, keyinchalik esa sex boshlig'i lavozimiga ko'tarilganman. Zavoddagi birinchi o'zbek rahbarlardan edim. Mustaqillikka erishgach, safimiz ancha kengaydi. Yoshlarga ish o'rgatish, ularning malakasini oshirishga e`tibor qaratildi.

Ularning huquqlari himoya qilinadi, ishlash uchun munosib sharoit yaratishga e`tibor qaratiladi. Lekin xavfsizlik masalasi Konstitusiyada kafolatlanishi juda muhim edi. Misol uchun, boshi yorilib, ko'zi chiqib ketgach, boshida kaska, ko'zida himoya ko'zoynagi bo'lishi kerakligi bilan bog'liq choralar ko'rilgan. Ushbu tartib yo'riqnomalardan joy olgan. Yo'riqnomaga qon bilan yozilgan bo'lsa-da, amalda ishchilarning manfaatlarini himoya qilishda mustahkam asosga zarurat bor edi. Qonunlarning bajarilishi qat`iy nazorat qilinishi ham kerak.

Shu kecha-kunduzda ham korxonada, tashkilotda xavfsizlik kafolatlanmasa, ishchi-xodim jarohatlansa, o'sha tashkilotga tashqi banklar kredit bermay qo'yadi. Masalan, biz aksiyador jamiyatga aylantirilganmiz. Demak, bizda shunday holat kuzatilsa, korxonamizga nisbatan ishonch kamayadi, investorlarda norozilik yuzaga keladi. Mana shuning uchun ham ushbu me`yorni Konstitusiyaga kiritish kerak. Agar Asosiy qonun bilan mehnat faoliyatidagi xavfsizlik kafolatlansa, nafaqat inson huquqlari ta`minlanadi, balki investorlarning ham e`tiborini tortadi. Hamkorlik qilishni istovchilar safi kengayadi.

 

Ta`lim-tarbiyada hech qachon tanaffus bo'lmaydi

 

Shavkat AYUPOV,

O'zbekiston Qahramoni, Toshkent shahri:

– Xalqimiz azaldan ilmli, ma`rifatli kishilarni qadrlagan, ilm ahlini har tomonlama qo'llab-quvvatlagan. Shundan bo'lsa kerak, xalq orasida “Bilagi zo'r birni yiqar, bilimi zo'r mingni”, degan naql keng tarqalgan. Bugungi davr talablariga mos ravishda har tomonlama barkamol, mustaqil fikrlaydigan, mamlakat istiqboli uchun mas`uliyatni o'z zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, xalq manfaati yo'lida bor salohiyatini safarbar qiladigan, shijoatli yoshlarni tarbiyalash, ularning intellektual va ijodiy salohiyatini ro'yobga chiqarish uchun yurtimizda mustahkam huquqiy poydevor yaratilgan.

Keyingi yillarda davlatimiz rahbarining aholi, qolaversa, yoshlarni ilm-fanga chuqur yo'naltirishga qaratilgan tashabbuslari maktabgacha ta`lim muassasalari, umumta`lim maktablari hamda oliy ta`lim tizimi hamda ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatida yaqqol ko'zga tashlanmoqda. Yoshlar orasida kitobxonlikni keng targ'ib etish, kompyuter savodxonligi, kasb-hunar egallashga qaratilgan yangicha yondashuv, o'z bilim va ko'nikmalarini xalqaro maydonda munosib namoyish etishga qodir farzandlarimiz kun sayin ko'payayotgani har birimizning qalbimizda iftixor tuyg'ularini uyg'otadi.

Mamlakatimizda ilm-fan rivojiga qaratilayotgan e`tibor samarasi o'laroq yoshlarni qo'llab-quvvatlashning yangi tizimi yaratildi, 3 yoshdan yetti yoshgacha bo'lgan bolalarni bog'chalarga qamrab olish darajasi bosqichma-bosqich oshirib borilmoqda. Iqtidorli bolalar uchun maxsus fanlarga ixtisoslashtirilgan maktablar ko'payapti, qishloq maktablaridagi shart-sharoitlar ham shahar maktablaridan qolishmasligi, bilimga chanqoq yoshlarning soni kun sayin oshib borayotgani ham tahsinga loyiq. Oliy ta`limda ham yangiliklar talaygina.

Davlatimiz rahbari Bosh Qomusimizda davlat maktabgacha ta`lim, maktab va oliy ta`lim tizimini, turli mulk shaklidagi, jumladan, xususiy ta`lim muassasalarini rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratib berish bilan bog'liq normalar ham bo'lishi kerakligini bejiz ta`kidlaganlari yo'q.

Ta`lim-tarbiya uzluksiz jarayon bo'lib, unda hech qachon tanaffus bo'lmaydi. Bu yuksak mas`uliyat talab etadigan jarayondir. Shuning uchun ham ta`lim va tarbiya ijtimoiy islohotlar zanjiridagi eng muhim halqa hisoblanadi. Bog'cha, maktab, oliy ta`lim va ilm-fanning uyg'un bo'lishi, konstitusiyaviy darajada mustahkamlab qo'yilishi esa hammamiz uchun birdek quvonchli.

 

Onalar va ayollar muhofazasi kuchayadi

 

Olim TUYCHIEV,

O'zbekiston Qahramoni, Toshkent viloyati:

— Havolar isib ketdi. Aslida biz mana shunday issiqda tug'ildik, issiqda yashadik va shu haroratga o'rganganmiz. Aytadi-ku, issiq ham o'zimizniki, quyosh ham. Chunki biz Sharqda yashaymiz. Qonimiz qaynoq, mehnatkash, boriga shukr, yo'g'iga qanoat qilish kabi fazilatlar egasimiz. Uning ustiga ish joyim ham issiq. Doimiy ravishda pechning yonida bo'lishimizga to'g'ri keladi.

37 yildan beri bir joyda ishlayman. 20 yoshimda faoliyatimni boshlagan bo'lsam, hanuz o'sha po'lat eritish sexida faoliyatim davom etyapti. Yaqinda Prezidentimiz kombinatimizga kelganda kasbimni so'radi. “Stalivar”man desam, u kishiga qiziq tuyulib, qaytadan aytishimni istadi. Aslida po'lat erituvchisiman. Qo'limizdan kelgan ish shu ekan, mana, kam bo'lmadim, Qahramonlik sharafiga loyiq ko'rildim. Halol mehnatning rag'bati ertami-kechmi berilar ekan. O'g'lim ham izimdan borib, ayni paytda bir joyda ishlayapmiz. Qizim esa onasining izidan borib, tibbiyot sohasida faoliyat yurityapti.

 Bugungi yoshlar juda ham ilg'or bo'lib ketgan. Zamon kun sayin, soat sayin o'zgaryapti. Demak, biz ham ana shunga yarasha, undan ortda qolmasdan harakat qilishimiz lozim. Shu sababli Konstitusiyaviy islohotlarni qo'llab-quvvatlayman.

Xususan, onalar va bolalarga e`tiborni kuchaytirish bilan bog'liq me`yorlar hayotiy, deb hisoblayman. Masalan, bola pulining berilishini olaylik. Kimgadir berilib, kimdir qolib ketardi avvallari. Endilikda ma`lum bir yoshgacha ularga nafaqa tayinlanishi ko'zda tutilmoqda.

Bilamizki, farzandlar tarbiyasi bilan shug'ullanayotgan ayollarga alohida e`tibor va g'amxo'rlik ko'rsatib kelingan. Endi bu qoidalarni Bosh Qomusimizda mustahkamlab qo'yilishi taklif etilmoqda. Ya`ni, homiladorligi yoki yosh bolasi borligi sababli ayollarni ishga qabul qilishni rad etish, ishdan bo'shatish va ularning ish haqini kamaytirish taqiqlanishi qat`iy belgilab qo'yilishi kerakligi ta`kidlandi. O'ylaymanki, bu orqali jamiyatda ayollarning o'rnini oshirishga katta hissa qo'shiladi.

Hammamizning onamiz bor. Kim bo'lishimiz, qaysi sohada ishlashimizdan qat`i nazar, ayollar bizni dunyoga keltiradi, davomchilarimiz bo'lgan farzandlarimizni dunyoga keltiradi. Ularni ham moddiy, ham ma`naviy rag'batlanitirish, qo'llab-quvvatlash Konstitusiya darajasiga ko'tarilsa, o'ylaymanki, bu faqat yaxshilikka xizmat qiladi.

 

Borlig'im bilan qo'llayman

 

Botir TEMIROV,

O'zbekiston Qahramoni, Farg'ona viloyati:

– Mehnat insonni ulug'laydi. Har bir odam mehnati ortidan qadr topadi, mehnati tufayli elga taniladi, ro'zg'or tebratadi, turmushi farovon bo'lishini ta`minlaydi.

Televizordan eshitdim, Konstitusiyaga Prezidentimiz har bir shaxsning qulay mehnat sharoitida ishlashi, mehnati uchun munosib haq olish huquqini mustahkamlash, mehnatga haq to'lashning eng kam miqdori insonning o'zi va oilasi hayot kechirishi uchun yetarli miqdorda bo'lishini belgilashni taklif etibdi. Bu katta gap.

Har bir inson mehnat qilar ekan, unga butun kuni, hayoti, umrini bag'ishlaydi. Demak, ana shu mehnat ortidan topayotgan daromadi munosib hayot kechirishi uchun yetarli bo'lishi kerak. Oilasi, farzandlarini boqish uchun halol mehnat qilib kun kechira olishiga ishonadigan maoshga ega bo'lishi kerak. Shunda odamlar kasbiga bor mehrini, kuchini berib ishlaydi, faoliyatida samara bo'ladi.

Birinchi ishga kirgan odam, albatta, oylik maoshi haqida so'raydi. Bu masala har bir ishchini qiziqtiradi. Bugungi kunda korxonalarda o'zining tayinlangan, belgilangan oylik maosh miqdorlari bo'ladi. Qaysidir tashkilot soatbay, qaysi biridir ishbay, boshqalari kunbay haq to'lashadi.

Agar haq to'lash qiladigan ishiga, uning sifatiga, murakkabligiga qarab belgilansa, albatta, unga ega bo'lish uchun yaxshi mutaxassis bo'lish kerak. O'z ishining ustasi har doim yaxshi haq olishga munosib bo'ladi. Albatta, hamma ham qisqa vaqt ichida mutaxassis bo'lib qolmaydi. Ayrimlar ishni tez o'zlashtirsa, ayrimlarga buning uchun yillar kerak bo'ladi. Shu bois nazariya bilan amaliyotni chambarchas bog'lash kerak, deb hisoblayman. Yoshlar oliy ta`lim muassasalarida o'qib yurgan vaqtlaridanoq korxona, tashkilotlarda amaliyot o'tashi, ish jarayonlarini o'rganib borishi maqsadga muvofiq. Agarda talaba haftada bir marta bo'lsa ham korxonalarga, yo'nalishi, sohasi bo'yicha tashkilotlarga borib tursa, bitirishi bilanoq ishlab keta oladi. Amaliyot o'tmasa esa ish o'rganish uchun 6-7 oylab vaqt ketkizadi. Hozir talabalar ishlashi ham mumkin ekan, shunday imkoniyat yaratilibdi. Men buni to'liq qo'llab-quvvatlayman.

20 nafardan ortiq shogird tay­yo­rlaganman. Farg'ona neftni qayta ishlash zavodida 46 yil mehnat qildim. Bugun nafaqada bo'lsam-da, tomorqamda mashg'ulman. O'g'lim va qizim ham mening ishimni davom ettirishyapti. Mehnatdan baxtimni topganman. Shuncha yil davomida ishlagan bo'lsam oilamni boqdim, o'g'limni uylantirdim, qizimni uzatdim. Kam bo'lmadim, qadr topdim. Har bir shaxs mehnati ortidan farovon yashashga haqli. Shuning uchun ham Konstitusiyamizga mehnat huquqi kafolati bo'yicha kiritilayotgan me`yorlarni borlig'im bilan qo'llayman.

 

Qo'shnilar hamisha kerak

 

Yusuf ZIYAEV,

O'zbekiston Qahramoni, Surxondaryo viloyati:

— 45 yil davomida temir yo'l tizimida ishladim. Oddiy mashinist sifatida foliyat olib borgan bo'lsam-da, sharoitim yomon emas. Shukr keltiraman. O'tgan yili o'z istagim bilan ishdan bo'shash haqida ariza yozdim, 65 yoshgacha ishladim. O'rnimni yoshlarga bo'shatishni afzal bildim, shogirdlar yo'limizni davom ettiradi.

Hayotimning katta qismi temir yo'l qurilishida kechdi. Bizning davrimizda o'qish qiyin edi. Dadam “bor, bir aylanib kel”, deb jo'nativorganda Uralda o'qiganman. Shukr, mayda kasb bo'lsa ham kam bo'lmadim. O'zbekiston hamda qo'shni mamlakatlarning temir yo'llari qurilishida qatnashganman. Bugun bu ishlarni aytib, g'ururlanaman.

Yaqinda Dushanbedan Toshkentga poezd qo'yildi. Ana shu voqelikning nafaqat guvohi, bevosita ishtirokchisi bo'ldim. Ko'p yillik mehnatimiz munosabati bilan faxrli mehmonlar safida chaqirishdi. Bundan boshim ko'kka yetdi.

Eng xursand bo'lgan jihatim, shuncha yillar davomida uzilgan aloqalar tiklanyapti. Avvallari quda-anda bo'lganmiz, bordi-keldimiz juda yaxshi edi. Hatto bozorliklarni ham o'sha yerdan qilardik. Ular bilan tilimiz bir emasdir, lekin dilimiz bitta, ajdodlarimiz, ildizimiz bir joyga taalluqli. Yashashimiz, turish-turmushimiz o'xshash.

Bu o'zgarishlardan xalqimiz quvonadi. Chunki yengilliklar yaratiladi. Bitta poezd bilan Dushanbega borish, qo'shnilarimiz bilan tanishish imkoni oshadi. Munosabatlarimiz mustahkamlanadi.

Prezidentimiz Konstitusiyaviy komissiya a`zolari bilan uchrashuvda ham shu masalalarga alohida to'xtalib o'tdi. Masalan, Asosiy qonunimizga O'zbekiston barcha davlatlar, eng avvalo, o'zining yaqin qo'shnilari bilan tinchlikparvar va do'stona siyosat yuritishi, uning tashqi siyosati inson huquqlari va erkinliklarini hurmat qilish, davlatlarning hududiy yaxlitligi prinsip va me`yorlariga asoslanishi haqidagi moddani qo'shishni taklif etdi.

Bu masalaning Asosiy qonunda muhrlanishi boshqa davlatlarning bizga ishonchini oshirishga, hamkorlik, do'stlik munosabatlarini yanada mustahkamlashga hissa qo'shadi.

 

 

«O'zbekiston ovozi», 28.06.2022, №26

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Faxriy
← Roʻyxatga qaytish