Sifatli oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirish – barqaror bozor iqtisodiyoti garovidir!

 

Ma`lumki, dunyoda oziq-ovqat tanqisligi kuchayib bormoqda. Eksportga qo'yilayotgan cheklovlar va transport-logistikadagi uzilishlar muammolarni yanada chuqurlashtirmoqda. Tahlillarga ko'ra, joriy yilda dunyoda oziq-ovqat mahsulotlari narxi kamida 20 foizga o'sishi prognoz qilinmoqda. Bozordagi narxlarning keskin o'zgarib turishi, aholi o'rtasida noroziliklarga sabab bo'lgani ham ayni haqiqatdir. Biroq, dunyoda bo'layotgan vaziyat beixtiyor bizning iqtisodiyotimizga ham o'zining ta`sirini o'tkazmay qolmaydi. Mamlakatimizda aholi daromadining qariyb 40-50 foizi oziq-ovqatga sarflanadi.

Mamlakatimiz Prezidenti ­Shavkat Mirziyoev raisligida oziq-ovqat mahsulotlari yetishtirishni va aholi daromadlarini ko'paytirish masalalari bo'yicha kuni kecha bo'lib o'tgan videoselektor yig'ilishida ham aynan shular xususida batafsil fikr yuritildi.

Yil boshida 80 ming gektar paxta va g'alla maydonlari qisqartirilib, aholi uchun ajratildi. Odamlarga urug', ko'chat va o'g'itdan yordamlashish bo'yicha “Tomorqa xizmati” yo'lga qo'yildi. Tomorqalarda mahsulot yetishtirish uchun joriy yilning o'zida 400 milliard so'm imtiyozli kreditlar berildi.

Bunday imkoniyatlar natijasida mahsulot ko'payib, narxlar tartibga tushmoqda. So'nggi bir oyda ichki bozorda pomidor narxi o'rtacha 3 baravarga, bodring 10 foizga, kartoshka 30 foizga, sabzi 15 foizga arzonladi. Bundan tashqari, 6 oyda 821 ming tonna yoki o'tgan yilgiga nisbatan 102 ming tonna ko'p meva-sabzavot eksport qilindi.

Yana bir muhim tomoni, ushbu ajratilgan yerlarda 785 ming aholining bandligi ta`minlandi.

Yig'ilishda tuman va mahallalardagi ijobiy tajribalar bilan birga kamchiliklar ham ochiqcha muhokama qilindi.

Davlatimiz rahbari aholi takliflari asosida yangi imkoniyatlarni belgilab berdi. Yil yakunigacha yana 20 ming gektar, kelgusi yilda 100 ming gektar ekin maydoni aholi uchun ajratilishi ta`kidlandi. Shunda jami 200 ming gektar bo'ladi.

Albatta, bu juda katta imkoniyat. Shu orqali qo'shimcha 1 million 200 ming aholini band qilish uchun sharoit yaratiladi. Mahsulot yetishtirish va sotishda aholiga ko'maklashish uchun mahallalarga hosildor urug' va ko'chat yetkazish, kichik hajmli muzlatkichlar o'rnatish, issiqxonalarni ko'paytirish bo'yicha topshiriqlar berildi.

Bugungi kunda 64 ta tumanda aholi o'z tomorqasida 3 marta hosil olmoqda. Hosil yaxshi bo'lsa, bitta oila 60-100 million so'mgacha daromad qilishi mumkin.

Davlatimiz rahbari bunday ishlarni boshqa tumanlarda ham rag'batlantirish kerakligini ta`kidlab o'tdi.

Xususan, suv ta`minoti og'ir mahallalarda katta quduq qazish xarajatlari uchun ajratiladigan subsidiya miqdori 150 million so'mgacha oshirilishi belgilandi. Kichik quduqlar uchun Qoraqalpog'istonda 5 metrdan, qolgan hududlarda 10 metrdan ortiq chuqurlikning har bir metriga 100 ming so'mdan subsidiya beriladi.

Quduq qazishga gidrogeologik xulosalar 2025 yilga qadar bepul beriladi. Suv tejovchi texnologiyalar joriy etish bo'yicha beriladigan subsidiyalar dehqon xo'jaliklari uchun ham tatbiq etiladi.

Aholimiz xonadonlarida xalal berayotgan yana bir muammo shundaki, yurtimizda 2 million 600 mingta xonadonning kadastr hujjatlari yo'q. Ularning egalari tomorqa uchun kredit, subsidiya hamda uyini kengaytirishga ipotekadan foydalana olmayotgani haqida Xalq qabulxonalariga hamda biz deputatlarga ham ko'plab murojaatlar tushmoqda edi.

Qolaversa, kadastri bo'lmagani uchun yer solig'i 3 karra miqdorda hisoblanmoqda.

Yig'ilishda Adliya vazirligiga kadastri yo'q xonadonlar masalasini uzil-kesil hal qilish uchun alohida qonun loyihasi ishlab chiqish topshirildi. Yangi qonun qabul qilinguniga qadar, bu uylarga uch karra oshirilgan soliq qo'llash to'xtatib turiladi. Ko'rayapmizki, qarshisida qulay imkoniyatlar bo'la turib undan foydalana olmayotgan aholi oramizda ko'plab topilmoqda. Prezidentimiz kiritayotgan o'zgarishlar esa mana shu kamchilik va muammolarni bartaraf etish uchun muhim ko'prik vazifasini o'tashi shubhasiz.

Ertangi kunimizning yanada taraqqiy etishi bizdan sergaklikni, tashabbuskorlikni, kelajagimizga bo'lgan ishonch, har bir vazifalarni bajarishda sofdillikni, vijdonan yondashishni talab etadi. Zero, biz deputatlar, barcha mas`ullar, faollar kasbimizga, qolaversa, respublikamizda olib borilayotgan odilona islohotlarning targ'ibotchi va ijrochisi sifatida Yurtboshimiz berayotgan topshiriqlarga mas`uliyat bilan yondasha olsakkina, o'zgarishlar amaliyotda o'z aksini ko'rsatadi.

 

O'rol O'razboev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 20.07.2022, №29

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish