Qo‘shning tinch – sen tinch

 

Mamlakatimizning bugungi kundagi ustuvor ijtimoiy-siyosiy tashabbuslaridan biri Afg‘oniston muammosini tinchlik yo‘li bilan hal etishga qaratilgan.

Qo‘shning tinch – sen tinch, degan maqol bor.

Prezidentimiz qo‘shni afg‘on yurtida tinchlik va barqarorlik ta’minlanishi yo‘lida e’tiborga molik sa’y-harakatlarni amalga oshirmoqda. Yirik xalqaro tashkilotlar yig‘ilishlarida, nufuzli minbarlardan turib aniq takliflarni ilgari surmoqda. Bularning barchasi, albatta, Afg‘oniston va mintaqa osoyishtaligiga, farovonligiga xizmat qiladi. Joriy yil 25-26 iyul kunlari Toshkentda o‘tkazilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyasining maqsad va vazifalari ham ushbu muammolarni hal etishga qaratildi.

Tadbirda Prezidentimiz Afg‘oniston bo‘yicha xalqaro konferensiya ishtirokchilariga o‘z murojaatnomasini yo‘lladi. Unda dastlab, jahon hamjamiyatini Afg‘onistonda tinchlikni o‘rnatishga qaratilgan har qanday muloqotlardan qaytmasligi, avvalgi xatolarni yana takrorlamasligi haqida so‘z yuritildi. Yurtboshimiz Amudaryoning narigi sohilida tinchlik bo‘lmasa – O‘zbekistonda ham, butun Markaziy Osiyo mintaqasida ham xavfsizlik va barqaror taraqqiyotga erishib bo‘lmasligini alohida ta’kidladi. Shuningdek, Afg‘onistonning xalqaro maydonda yakkalab qo‘yilishi gumanitar vaziyatning yanada yomonlashuviga olib kelishi, shu bois bunga yo‘l qo‘ymaslik zarurligi aytildi.

Murojaatnomada Prezidentimiz jahon hamjamiyatini Afg‘oniston rasmiylarining mamlakatni mojarodan keyingi tiklanishi, mustaqil, barqaror va o‘zini o‘zi ta’minlaydigan davlat barpo etishi borasidagi sa’y-harakatlarini rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlashga chaqirdi. Shu bilan birga davlat boshqaruvida afg‘on jamiyatining barcha qatlamlaridan vakillar keng ishtirok etadigan tarkibni shakllantirish, inson, ayniqsa, xotin-qizlar, barcha milliy va diniy guruhlarning asosiy huquq va erkinliklarini ta’minlash Afg‘onistonda uzoq muddatli tinchlik o‘rnatishning fundamental asosi bo‘lishi ta’kidlandi.

Albatta, ushbu maqsadlarga erishishda Afg‘oniston hukumatidan terrorizmning har qanday shakli va ko‘rinishlari, xalqaro terrorchilik tashkilotlari bilan aloqalarni uzishi talab etiladi. Konferensiyaning dolzarbligi Afg‘onistonda bir yil o‘tsa-da, hamon beqarorlik saqlanib qolayotgani bilan bog‘liq. BMTning Afg‘onistonga yordam ko‘rsatish missiyasining joriy yil 20 iyulida e’lon qilingan hisobotiga ko‘ra, 2022 yilda Afg‘onistonda insonparvarlik yordamiga muhtojlar soni 2021 yil boshidagi 18 million 400 ming kishidan 24 million 400 ming kishiga ko‘paygan. Xalqaro hamjamiyat, shu jumladan O‘zbekiston ham vaziyat keng miqyosdagi inqirozga aylanib ketmasligi uchun afg‘on xalqiga insonparvarlik yordamini ko‘rsatmoqda.

“O‘zqishloqxo‘jalikmash”ning g‘alla, urug‘lik, kaliyli o‘g‘itlar, qishloq xo‘jaligi texnikasi va sanoat mahsulotlari yetkazib berishni davom ettirish, davlatlararo temir yo‘l tarmoqlarini, Surxon – Puli – Xumri elektr uzatish liniyasini, Termiz shahrida O‘zbekiston hukumati tomonidan moliyalashtiriladigan insonparvarlik yordami yuklarini qabul qilish va tarqatish markazi hamda temir yo‘llardan foydalanish va ta’mirlash bo‘yicha afg‘onistonlik mutaxassis-muhandislarni tayyorlash o‘quv markazini barpo etish ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Konferensiyaning yana bir ahamiyatli tarafi, unda Afg‘onistonning transport-tranzit salohiyatini ro‘yobga chiqarish bo‘yicha loyihalarni ko‘p tomonlama formatda muhokama qilishga qaratilganligi bo‘ldi. Bu borada “Termiz – Mozori-Sharif – Kobul – Peshovar” temir yo‘li qurilishini tashkil etish va Turkmaniston – Afg‘oniston – Pokiston – Hindiston gaz quvuri loyihasini ishga tushirish bo‘yicha belgilab olingan ishlarni eslatib o‘tish o‘rinlidir.

Xulosa qilib aytganda, Toshkent shahrida uyushtirilgan “Afg‘oniston: xavfsizlik va iqtisodiy rivojlanish” mavzusidagi xalqaro konferensiyasi Afg‘onistonning davlatlar hamjamiyatida huquqiy maqomga ega bo‘lishiga, xalqaro yakkalanib qolishdan xalos bo‘lishga va uning mintaqaviy, jahon siyosiy va iqtisodiy munosabatlariga qo‘shilishi uchun qulay shart-sharoitlar yaratishga bevosita ta’sir qiladi.

 

Husan Abduniyozov,

“Yuksalish” umummilliy harakati Jizzax viloyati hududiy bo‘linmasi rahbari,

Xalq deputatlari viloyat Kengashi deputati.

O‘zA

 

 

 

 

Teglar

Deputat
← Roʻyxatga qaytish