Ular himoyamizga har doim muhtoj

 

O'zbekistonda Yuvenal yustisiyaning huquqiy asoslarini takomillashtirish zarurati haqida

Bugungi kunda yurtimizda bolalarning ijtimoiy, iqtisodiy, huquqiy manfaatlarini himoya qilish bo'yicha juda ahamiyatli ishlar amalga oshirilmoqda. Bola huquqlari himoyasi bo'yicha tegishli huquqiy baza shakllangan. Jumladan, O'zbekiston Respublikasining Konstitusiyasi, Oila kodeksi, Fuqarolik kodeksi, Mehnat kodeksi, Jinoyat kodeksi va boshqa bir qator qonun hujjatlarida bolalar huquqlarini himoya qilishga oid normalar o'z ifodasini topgan.

Mamlakatimizda keyingi yillarda qabul qilingan qator qonunlar orqali huquqiy asos yanada mustahkamlanmoqda. Xususan, «Bola huquqlarining kafolatlari to'g'risida»gi, «Yoshlarga oid davlat siyosati to'g'risida»gi, «Oliy Majlisning inson huquqlari bo'yicha vakili (Ombudsman) to'g'risida»gi, «Ona suti bilan oziqlantirishni qo'llab-quvvatlash hamda go'daklar va kichik yoshdagi bolalar oziq-ovqat mahsulotlariga doir talablar to'g'risida»gi, «Maktabgacha ta`lim va tarbiya to'g'risida»gi, «Vasiylik va homiylik to'g'risida»gi, «Voyaga yetmaganlar o'rtasida nazoratsizlik va huquqbuzarliklarning profilaktikasi to'g'risida»gi qonunlarda hamda Vazirlar Mahkamasining “Voyaga yetmaganlar ishlari bo'yicha komissiyalar to'g'risida Nizomni tasdiqlash haqida”gi qarorida bola huquqlarining kafolatlari ta`minlanishi bilan bog'liq munosabatlar aniq aks etgan.

Bugungi kunda O'zbekiston bola huquqlari va manfaatlarini himoya qilish bo'yicha dunyoda dadil qadam tashlayotgan davlatlardan biridir.

Shu o'rinda Yuvenal yustisiya tizimi o'zi nima va mamlakatimizda mazkur tizimni joriy qilishga oid qanday amaliy chora-tadbirlar olib borilmoqda, degan savol tug'iladi?

Yuvenal yustisiya (lotincha Juvenile – bolalar, voyaga yetmaganlar, Justice – adliya) bolalar huquqbuzarligi, bolalar sodir etganligi uchun jinoiy javobgarlikka tortish mumkin bo'lgan jinoyat turlari va sud, huquqbuzar bolalar uchun mo'ljallangan muassasalar tomonidan bolalarga qilinadigan muomala usullari va huquqbuzarlikning oldini olish yo'llari kabi mavzular qamrab olinadigan keng tushunchadir.

Xalqaro va O'zbekiston olimlarining sohaga oid tahlillariga asosan Yuvenal yustisiya (adliya) masalalariga oid quyidagi prinsiplar keltirib o'tilgan:

— aybsizlik prezumpsiyasi;

— voyaga yetmagan shaxs qo'lga olingan zahotiyoq uning ota-onalari hozir bo'lishi huquqini ta`minlash maqsadida ota-ona yoki vasiyni zudlik bilan xabardor qilish;

— imkoni bo'lsa, sud jarayoni boshlanmasdan turib ularni ushlab turishdan saqlanish va bunday ushlab turish eng qisqa muddatlardagina amalga oshirilishini ta`minlash;

— inson salomatligi va qadr-qimmatining ta`minlanishi uchun barcha talablarga javob beradigan muassasalar barpo etilishi, davolash hamda kasalliklarning oldini olishga mo'ljallangan yetarli, lozim darajadagi tibbiy xizmatning ko'rsatilishi;

— voyaga yetmagan shaxsning jismoniy va ruhiy sog'ligiga xavf tug'dirishi mumkin bo'lgan jismoniy jazolash usullaridan iborat qattiq, shafqatsiz, g'ayriinsoniy yoki inson qadr-qimmatini oyoqosti qiladigan barcha tarbiyaviy usullarning taqiqlanishi;

— yaqinlar bilan uchrashish, shaxsiy daxlsizlik, tashqi dunyo bilan aloqa va kundalik yumushlarni bajarish uchun yetarlicha vaqtga ega bo'lish kabi huquqlar, odil va insoniy muomalaga bo'lgan huquqlar;

— ozodlikdan mahrum qilish muassasasidan tashqarida malakali o'qituvchilar tomonidan ta`lim berilishi bolalarning ehtiyojlariga mos bo'lishi va ularni jamiyatga qaytishga tayyorlashi;

— bolalarning, o'z oila a`zolari mustasno holda, katta yoshdagi mahbuslardan alohida saqlanishini ta`minlash.

Jahon parlamentlarining tashkiloti hisoblangan Parlamentlararo Ittifoq tomonidan turli mamlakatlar parlamentlariga Yuvenal yustisiyaga aloqador qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha takliflar ilgari surilgan. Ushbu takliflarda quyidagilar ta`minlanishi maqsadga muvofiqligi ko'rsatib o'tilgan:

— balog'atga yetmagan bolalar jinoyat sifatida baholanmaydigan harakatlari (harakatsizligi) uchun ularga jinoyatchidek muomala qilinmasligi;

— jinoyat sodir etishda ayblanayotgan balog'atga yetmagan bolalar sud jarayoniga taalluqli Bola huquqlari to'g'risida Konvensiyaning 40-moddasi 2-qismida ko'zda tutilgan barcha kafolatlardan foydalana olishga qodir bo'lishi;

— jinoyat sodir etishda ayblanayotgan balog'atga yetmagan bolalarning huquqiy yordam olishga bo'lgan huquqlari;

— ishni ko'rib chiqishning barcha bosqichlarida maxfiylikning huquqiy tan olinishi.

O'zbekiston Respublikasining bir qator huquqiy hujjatlarida ham mamlakatimizda Yuvenal adliya tizimini joriy qilish borasida rejalar, vazifalar belgilangan.

Jumladan, 2022-2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekiston taraqqiyot strategiyasining 14-maqsadi oltinchi bandida “Yuvenal adliya tizimini shakllantirish hamda bola huquqlari qonunchiligini kodifikasiyalash” masalasi qayd etilgan.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 22 apreldagi “Bola huquqlari kafolatlarini yanada kuchaytirishga oid qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarorining 16-bandida sohaga aloqador mas`ul rahbarlarga tegishli kodekslar ishlab chiqilishida foydalanish va milliy qonunchilikni takomillashtirish maqsadida Yuvenal adliya tizimini joriy etish bo'yicha konsepsiya loyihasini ishlab chiqish topshirig'i berilgan.

 

Xalqaro huquqiy hujjatlar

Yuvenal yustisiyaga oid bir qator xalqaro huquqiy hujjatlar qabul qilingan. BMT Bosh Assambleyasi tomonidan qabul qilingan Yuvenal yustisiyaga oid hujjatlari, Balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari (Pekin qoidalari), Balog'atga yetmagan bolalar o'rtasida jinoyatchilikning oldini olishga qaratilgan dasturiy prinsiplari (Ar-Riyod dasturiy prinsiplari), Ozodlikdan mahrum etilgan balog'atga yetmagan bolalarni himoya qilishga doir qoidalari, Qamoqda saqlash bilan bog'liq bo'lmagan choralarga doir minimal standart qoidalari (Tokio qoidalari) shular jumlasidandir.

BMT Bosh Assambleyasi tomonidan 1985 yilda qabul qilingan Birlashgan Millatlar Tashkilotining balog'atga yetmagan bolalarga nisbatan odil sudlov yuritishga doir minimal standart qoidalari xalqaro huquqiy hujjati ham katta ahamiyatga ega.

 

Qonunchilik bo'yicha takliflar

Mamlakatimizda muayyan tizim shakllangan, shu bilan birga, qonunchilik yo'nalishida qilinadigan ishlar ham bor. Yuvenal yustisiyaga oid qonun hujjatlarini takomillashtirish bo'yicha ayrim masalalar va takliflarni bildirib o'tamiz:

  1. Voyaga yetmaganlarning profilaktikasi bilan shug'ullanadigan komissiya a`zolari va ichki ishlar organlari inspeksiya xodimlari voyaga yetmaganlarning profilaktikasi bilan shug'ullanishning maxsus bilim va ko'nikmalarga ega emas. Mazkur holatni bartaraf etish uchun ichki ishlar organlari Akademiyasida voyaga yetmaganlar huquqbuzarligining profilaktikasi bo'yicha maxsus o'quvlarni tashkil etish va maxsus ixtisoslikni joriy etish.
  2. Voyaga yetmaganlarning huquqbuzarligi profilaktikasi bir qator davlat organlari tomonidan amalga oshirilishi qonunda belgilangan, biroq hanuzgacha mazkur yo'nalishda yagona, muvofiqlashtirilgan amaliyot shakllanmagan. Voyaga yetmaganlarning huquqbuzarliklarini yagona ro'yxatga olish tizimi joriy qilinmagan, voyaga yetmaganlarning ma`muriy huquqbuzarliklari bo'yicha ma`muriy bayonnomalar faqatgina ichki ishlar organlarida yuritiladi, xolos.

Mazkur kamchiliklarni bartaraf etish uchun voyaga yetmaganlarning huquqbuzarliklari bilan shug'ullanadigan barcha davlat organlarida maxsus tuzilmalarni joriy qilish, ular tarkibini maxsus ixtisoslikka ega bo'lgan mutaxassislar bilan to'ldirish maqsadga muvofiq.

Voyaga yetmaganlarning ma`muriy huquqbuzarliklarini rasmiylashtirishning yagona markazini tashkil etish, mazkur markaz zimmasiga voyaga yetmaganlarning ma`muriy huquqbuzarliklarini va ular bo'yicha yuritilayotgan ishlarni ro'yxatga olish majburiyatini yuklash taklif etiladi.

Qonunchiligimizda balog'atga yetmagan bolalarni jinoiy javobgarlikka tortish minimal yoshi 15 yoshga imkon qadar yaqinroq qilib belgilanishi, jinoiy javobgarlikka tortishning muqobillari tan olinishi va javobgarlikka tortishga oid standartlar qonunchilikka kiritilishi, jinoyat sodir etishda ayblanayotgan 18 yoshga to'lmagan barcha shaxslarga balog'atga yetmaganlardek muomala qilinishi belgilanishi zarur.

Balog'atga yetmagan bolalarning ushlab turilishi bilan bog'liq qonunchilik me`yorlari qayta ko'rib chiqilishi, bunda ota-ona yoki vasiyni xabardor qilish majburiyatining tan olinishi, balog'atga yetmagan shaxslarni katta yoshdagilar bilan birga saqlanishini taqiqlash masalalari hisobga olinishi maqsadga muvofiq bo'ladi.

Xulosa o'rnida ta`kidlash joizki, mamlakatimizda bolalar huquqini himoya qilishning zarur huquqiy bazasi yaratilgan va tizimli amaliy ishlar olib borilmoqda. Bu yo'nalishdagi islohotlarni izchil davom ettirish davlatimiz siyosatining ustuvor yo'nalishlariga ham mos keladi.

 

O'rol O'rozboev,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O'zXDP fraksiyasi hamda Mehnat va ijtimoiy masalalar qo'mitasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 3.08.2022, №31

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish