Qonun kerak

 

O'tgan hafta Oliy Majlis Qonunchilik palatasida «Davlat hisobidan yuridik yordam to'g'risida»gi qonun loyihasi birinchi o'qishda qizg'in muhokama etildi. So'z olgan, savol bergan aksariyat deputatlar masalaning muhimligi, lekin yuridik yordamni ko'rsatish mexanizmida muammoli jihatlar borligi haqida gapirdi. Qonun loyihasi kerak, lekin takomillashtirish zarur.

Davlat hisobidan kim yuridik yordam oladi? Albatta, kam daromadli fuqarolar, oilalar. Fuqaroning ustuvor huquqlari xavf ostida masalasiga kelganda, davlat fuqaroni himoyalash uchun o'z hisobidan advokat beradi. Puli bor odam belgilangan tartibda advokatga murojaat qiladi, shartnoma asosida haqini to'laydi va ishini bitirib olaveradi. Ammo imkoniyati yo'q odam sarson va ovora bo'ladi. Huquqlarini tiklash uchun ko'p sarg'ayishiga to'g'ri keladi. Qonun loyihasida davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatish bo'yicha amaliyotda yuzaga kelayotgan muammolarni tizimli hal etish ko'zda tutilgan.

Xususan, O'zbekistonda davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatuvchi advokatlar reestri faoliyati yo'lga qo'yiladi. Bu orqali advokatlarni tizimga kiritishning ochiq va shaffof mexanizmlari belgilanmoqda. Yana bir muhim jihati shundaki, axborot-kommunikasiya texnologiyalarining imkoniyatlaridan foydalanib, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni inson omilisiz elektron tizim orqali tasodifiy tanlash tartibi joriy etilishi kutilmoqda.

Lekin loyihada ayrim masalalar to'liq ochib berilmagani ham ta`kidlangan edi. Masalan, ma`muriy ishlarda javobgarlik kimning zimmasida ekani, fuqaroning arizasi qanoatlantirilmasa, u kimga shikoyat yoki murojaat qilishi haqidagi me`yorlar o'rin olmagani qayd etildi.

Masalaning boshqa jihatlari ham bor. Advokatlar ushbu tizimda o'z xohishlariga ko'ra ishlashi mumkinligi belgilanmoqda. Ammo ish sifati, advokatlar saviyasi hamda mas`uliyati haqida aniq talablar ko'rsatilmagan. Misol uchun, ijtimoiy himoyaga muhtoj fuqaro advokatlik ko'magini oldi va ariza egasiga arzimagan xato yoki bilimsizlik natijasida yordam bera olmadi, deylik. Natijada esa fuqaro samarali advokatlik xizmatidan foydalana olmadi. Qonunga ko'ra, ish nihoyasiga yetgach, haq to'lanadi. Bundan kelib chiqadiki, arizachining mushkulini oson qiladimi-yo'qmi, advokat pul oladi. Xizmatdagi samaradorlik masalasi ochiq qolib ketgani e`tirozga sabab bo'ldi.

Uzoq davom etgan muhokamalardan keyin ikkinchi o'qishgacha kamchiliklar to'ldirilishi zarur, degan xulosaga kelindi. Ayrim deputatlar qat`iy tanqidiy fikrlar ham bildirdi. Lekin faqat tanqid bilan ish bitmasligi, taklif va mulohazalar asosida loyihani takomillashtirish kerak, degan xulosa ko'proq qo'llab-quvvatlandi.

Bu qonun loyihasi Xalq demokratik partiyasi uchun juda dolzarb ahamiyatga ega. Partiyamiz fraksiyasi a`zolarining fikri, munosabati qanday?

 

Dilbar MAMAJONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Har bir davlatda aholiga malakali huquqiy yordam tizimi bo'lishi, u fuqarolarning og'irini yengil qilishi lozim. Mamlakatimizda bu borada zamin yaratilgan, endilikda ushbu tizimni takomillashtirib borish dolzarb masalalardan biridir.

«Davlat hisobidan yuridik yordam to'g'risida»gi qonuni loyihasini ishlab chiqishdan asosiy maqsad jismoniy shaxslarga Konstitusiya va xalqaro shartnomalar bilan kafolatlangan o'z huquq hamda manfaatlarini ro'yobga chiqarish nazarda tutilgan. Shuningdek, davlat hisobidan barqaror, ishonchli yuridik yordam ko'rsatish tizimini yaratish, yuridik yordam olish, odil sudlovga erishishda teng imkoniyatlardan foydalanishni ta`minlash imkoni yuzaga keladi.

Qonun loyihasi zarurati haqida bir necha asoslar keltirildi.

Davlat hisobidan yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko'rsatilib, ma`muriy va fuqarolik ishlari bo'yicha davlat hisobidan bepul yordam ko'rsatish nazarda tutilmaganligi kam ta`minlangan fuqarolarning Konstitusiyada kafolatlangan malakali yuridik yordamdan to'liq foydalana olmasligiga olib kelmoqda.

 Misol uchun, 2021 yilda ma`muriy sudlar tomonidan ko'rilgan 15 mingga yaqin ishlardan 4 mingdan ortig'i pensiya va nafaqa tayinlash masalasi bilan bog'liq. 2021 yilda fuqarolik ishlari bo'yicha sudlarda 519 mingga yaqin ishlardan qariyb 148 mingtasi xotin-qizlar da`vo arizalari asosida ko'rilgan.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatadigan advokatlarni jalb etishning shaffof mexanizmi joriy etilmaganligi «cho'ntak advokatlari» va boshqa korrupsiyaviy omillar paydo bo'lishiga sabab bo'lmoqda.

Davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni muvofiqlashtiruvchi yagona organ belgilanmaganligi byudjet mablag'larining sarflanishi ustidan samarali nazorat o'rnatilishiga to'sqinlik qilmoqda. Keyingi 3 yilda yuridik yordam ko'rsatilganligi uchun 111,9 mlrd. so'm mablag' ajratilgan.

Qonun loyihasida davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatiladigan ishlar ro'yxatiga fuqarolik va ma`muriy ishlar kiritilmoqda. Bu muhtoj fuqarolarning bepul yuridik yordam olish imkoniyatlarini kengaytiradi. Shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam oluvchi shaxslarning doirasi ham kengayadi.

Shuningdek, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni muvofiqlashtirish uchun mas`ul davlat organi sifatida Adliya vazirligi belgilanib, ushbu vazifa uning tizimidagi yuridik xizmat ko'rsatish markazlariga yuklatilyapti.

Bu tizim davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishning shaffof tartibini joriy etish, ajratiladigan mablag'lar sarflanishi ustidan samarali nazorat o'rnatish, fuqarolarning odil sudlovga erishish darajasini yanada oshirish va malakali yuridik yordam olishga bo'lgan kafolatlarni kuchaytirishga xizmat qiladi.

Qonun loyihasi kamchiliklardan xoli emas, albatta. Masalan, davlat hisobidan jalb qilingan advokatlarning faoliyati natijadorligi va sifatini baholash masalasi ochiq qolgan. Biz bu masalani muhim, deb hisoblaymiz.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Har bir qonun ishlaydigan, xalqchil bo'lishi lozim. Ayrim insonlar boshiga biron bir yomon ish, tashvish tushsa, kimga murojaat qilishni va qanday huquqiy maslahat olishni hamma ham bilavermaydi.

Qonun loyihasiga Demokratik institutlar, nodavlat tashkilotlar va fuqarolarning o'zini o'zi boshqarish organlari qo'mitasi mas`ul bo'lib, ikkinchi o'qishga tayyorlanmoqda. Albatta, mutaxassislar bilan maslahatlashib, o'z takliflarimizni beramiz.

Chunki, qonunning qabul qilinishidan birinchi o'rinda partiyamiz elektoratlari manfaatdor bo'ladi.

Birinchidan, davlat hisobidan yuridik yordam endlikda ma`muriy va fuqarolik ishlari bo'yicha davlat hisobidan bepul yordam ko'rsatilishi ta`minlanadi. Shu paytgacha yuridik yordam faqat jinoyat ishlarini yuritishda ko'rsatilib kelinmoqda edi.

Ikkinchidan, davlat hisobidan yuridik yordam ko'rsatishni muvofiqlashtiruvchi yagona organ belgilanadi. Bu esa byudjet mablag'larining sarflanishi ustidan samarali nazorat ta`minlanishiga olib keladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Tan olishimiz kerakki, ijtimoiy himoyaga ehtiyojmand kishilar ko'p hollarda o'zi huquqini himoya qilish borasida kimga qanday murojaat qilishni bilmaydi. Shu joyda boshqa fuqarolar bilan teng sharoit yaratish maqsadida ushbu qonun loyihasi ishlab chiqilgan, deb hisoblayman.

Qonunda kimlar ushbu xizmatdan foydalanishi mumkinligi ham aniq ko'rsatib o'tilyapti. Avvalo, ijtimoiy himoya reestriga kiritilgan kishilar, psixologik jihatdan ahvoli og'ir bo'lganlar, himoyaga muhtoj xotin-qizlar, hammasi aniq belgilanmoqda. Bundan tashqari, kimga, qachon va qaysi hollarda yordam berilishi ham qayd etilyapti. Ushbu ro'yxatda bo'lmaganlar esa avtomatik tartibda rad etiladi.

To'g'ri, ko'rsatiladigan xizmatlar juda ham murakkab masalalarda emas. Ammo har kuni kimningdir hayotida uchraydigan va bugungi kunda tez-tez kuzatilayotgan holatlar qamrab olingan.

Masalan, 3 ta sud bor. Loyihaga ko'ra, fuqarolik sudlarning qariyb barcha yo'nalishlarida yuridik yordam olish mumkinligi ifodalanmoqda. Ma`muriy javobgarlik bilan bog'liq ishlar ko'rilayotganda qaysi yoki qaysilar ekani aniq yozib qo'yilgan. Jinoyat ishlari bilan bog'liq masalalarda to'liq yordam olish nazarda tutilmoqda. E`tiborlisi, yordam qanday olinadi, qay tartibda murojaat qilinadi, umuman, tizim ishga tushirilishi uchun maxsus axborot portali ham yaratilmoqda.

Tanish-bilishchilik, korrupsiyadan xoli bo'lgan tizimda murojaat qilayotgan shaxs advokatni o'zi tanlay olmaydi. Tizimning o'zi aniqlab beradi. Advokatga haq to'lash miqdori esa belgilangan tartibda amalga oshiriladi. Muhimi, ish nihoyasiga yetgachgina haq to'lanadi. Fuqarolar ko'rsatilatyogan xizmatdan qoniqish hosil qilyaptimi, degan savollar atrofida monitoring yuritish ham yo'lga qo'yiladi. Bundan ko'rinib turibdiki, ochiqlik, shaffoflik ta`minlanadi.

Qonun loyihasi konseptual jihatdan ma`qullangan. Chunki bu juda muhim va dolzarb masala edi. Biroq u yerga ayrim takliflarimiz ham yo'q emas. Xususan, ko'ratiladigan xizmat sifatini oshirish uchun ayrim malaka talablari qo'yilishi kerak, deb hisoblayman. Masalan, kamida 3 yillik ish stajiga ega bo'lgan advokatlar ishga qabul qilinishi kerakligi ko'rsatilsa, nur ustiga nur bo'lardi. Chunki tajribada gap ko'p. Odamlarning mushkulini oson qilish, ularning muammosiga tezroq yechim topish tizim muvaffaqiyatini ta`minlaydi.

Shu bilan birga, olib boriladigan monitoring natijlariga ko'ra, advokatlar malakasini oshirish yoki tajribali mutaxassisni jalb qilish uchun oylik xizmat haqini ko'tarish takliflari ham berilishi mumkin. Zero, yuridik xizmatning sifatini, fuqarolarning murojaatini hal qilish uchun malakali advokat kerak.

Keyingi hafta qonun loyihasining qanday takomillashayotgani haqida kengroq ma`lumot berish niyatidamiz.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

«O'zbekiston ovozi», 10.08.2022, №32

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish