Dunyo nigohidagi sammit

 

15-16 sentyabr kunlari Samarqand shahrida boʼlib oʼtgan Shanxay hamkorlik tashkiloti sammiti tarixiy voqealarga boy boʼldi. Mintaqagina emas, butun dunyo uchun muhim qarorlar qabul qilindi. Xalq demokratik partiyasining Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi fraktsiyasi aʼzolari sammitning ahamiyati, Oʼzbekiston tomonidan ilgari surilgan taklif va tashabbuslar haqida oʼz fikr-mulohazalarini bildirdi.

 

Yuksak ishonch va hamkorlik

 

Ulug'bek INOYATOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O'zXDP fraksiyasi rahbari:

— O'zbekiston dunyoda tinchlik, barqarorlikni asrash, davlatlar o'rtasida hamkorlik va hamjihatlikni rivojlantirish jarayonlarida faol ishtirok etishga tayyor ekani ShHTning Samarqand sammitida yaqqol isbotini topdi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoev ilgari surgan fikr va tashabbuslar ham buni tasdiqladi.

Albatta, jahon ahamiyatiga ega anjuman a`zolar, hamkorlar, xalqaro tashkilotlarning faol ishtirokida o'tkazilgani, dunyo hamjamiyatining e`tibori bir necha kun davomida Samarqandga qaratilgani Yangi O'zbekistonning jahondagi nufuzidan, nafaqat mintaqada, balki xalqaro maydonda Prezidentimizga hurmat va ishonch yuqoriligidan dalolat beradi.

Bu sammit hamkorlik, muloqot yangi darajaga ko'tarilgan, a`zo davlatlar kelajagi uchun muhim qarorlar qabul qilingan sammit sifatida tarixda qoladi.

Sammitda ShHTning faoliyatini takomillashtirish bo'yicha prinsipial qarorlar qabul qilindi. Ularning barchasi davlatlar va xalqlarimiz o'rtasida ijtimoiy-iqtisodiy, madaniy-ma`rifiy aloqalarni mustahkamlashga xizmat qiladi. Alohida ta`kidlash lozimki, bu hujjatlarning aksariyati O'zbekiston tomoni tashabbusi bilan ishlab chiqilgan.

Tahlil qiladigan bo'lsak, sammit doirasida ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilingan hujjatlarning aksariyati ijtimoiy-iqtisodiy masalalarni samarali hal qilishga qaratilganini ko'ramiz.

Xususan, ShHTga a`zo davlatlar o'rtasida xizmatlar savdosi sohasidagi hamkorlikning asoslari, ShHT mamlakatlarini infratuzilmaviy rivojlantirish dasturi tasdiqlangani muhim ahamiyatga ega. Hozirgi kunda iqtisodiy-ijtimoiy munosabatlarda ishlab chiqarish bilan birga, xizmatlar va infratuzilmani rivojlantirish zarur.

Keyingi yillarda a`zo davlatlar o'rtasida iqtisodiy aloqalarni mustahkamlash bo'yicha ko'plab yutuqlarga erishildi. Ayniqsa, Markaziy Osiyo davlatlarida o'zaro aloqalar, bordi-keldi tubdan yaxshilangani va bu jarayonda Prezidentimiz yuritayotgan ochiq pragmatik siyosat muhim tayanch bo'layotganini ham ta`kidlash joiz.

ShHTga a`zo davlatlar iqtisodiyoti bir-birini to'ldirish xususiyatiga egaligi hisobga olinsa, sammitda qabul qilingan mintaqa ichida savdoni rivojlantirish bo'yicha qo'shma harakatlar rejasi ko'plab yangi imkoniyatlarni ochib beradi. Buning uchun a`zo davlatlarni bir-biri bilan chambarchas bog'lashga xizmat qiladigan reja va loyihalarni muvaffaqiyatli amalga oshirish talab etiladi.

Tashkilotga a`zo davlatlar geografik jihatdan bir-biriga yaqin bo'lsa-da, shu vaqtga qadar iqtisodiy, savdo-sotiq, xizmat ko'rsatish, ilmiy-madaniy aloqalar yetarli darajada rivojlangan, deb ayta olmaymiz. Sammitda Prezidentimiz ilgari surgan aksariyat tashabbuslar ana shu muammoli holatlarni bartaraf etishda, hamkorlikning yangi yo'nalishlarini yaratishda ham dolzarb ahamiyat kasb etadi.

Bularning barchasi a`zo davlatlarning manfaatlariga, xalqlarimiz farovonligiga yanada keng yo'l ochadi. Ish o'rinlari barqarorligi va aholining real daromadlari oshishi kafolati yanada mustahkamlanadi. Shu tariqa davlatlardagi ijtimoiy masalalar bir-biriga bog'liq tarzda yechim topadi.

Shuning uchun avvalo, keng qamrovli, tarixiy Samarqand sammitining ahamiyati, unda ilgari surilgan tashabbuslar, qabul qilingan qarorlarning mazmun-mohiyati haqida aholi orasida, OAVda keng tushuntirish, targ'ibot ishlarini olib borish barcha darajadagi tashkilotlarimiz, deputatlik birlashmalarimizning asosiy vazifasi, deb bilamiz.

Ikkinchidan, sammitda alohida e`tibor qaratilgan yo'nalishlardagi islohotlarni rivojlantirish, samaradorlikni oshirish bo'yicha parlament va deputatlik nazoratini izchil yo'lga qo'yishimiz zarur.

 

Ulug'bek VAFAEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Yakunlanib borayotgan yil jahon tarixida chuqur iz qoldiradigan turli salbiy voqeliklar, qarama-qarshiliklar va o'tkir mintaqaviy mojarolar kuchaygan yil bo'ldi. Ayniqsa, davlatlar o'rtasida doimiy muloqot yo'qligi va ishonch inqirozi kuchayganligi jahondagi barqarorlik va taraqqiyot yo'lidagi ko'plab muammolarni keskinlashtirdi.

Ushbu tahlikali zamonda Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti jahonda xalqaro tinchlik va xavfsizlikni ta`minlash bo'yicha yilning eng muhim va eng samarali siyosiy voqeasi bo'ldi.

ShHT doirasida imzolangan hujjatlardan tashqari, davlat rahbarlari va xalqaro tashkilotlar rahbarlarining ikki tomonlama uchrashuvlarida ham transport aloqalarini mustahkamlash masalasida qator muhim kelishuvlarga erishildi. Xususan, mintaqa va jahon iqtisodiyotini yanada rivojlantirish uchun kuchli rag'bat bo'ladigan O'zbekiston — Qirg'iziston — Xitoy temir yo'li qurilishi loyihasi bo'yicha hamkorlik to'g'risidagi uch tomonlama shartnoma imzolandi. Ushbu kelishuv butun Markaziy Osiyoning transport aloqalarini mustahkamlash, rivojlantirish va mintaqani jahon iqtisodiyoti bilan bog'lash uchun strategik ahamiyatga ega bo'ladi.

Samarali transport tizimi tashqi bozorda mahsulotlar harakatini optimallashtirish orqali tovar va xizmatlarning xaridorlar uchun sifatli, arzon narxlarda yetkazilishini ta`minlaydi. Ushbu holat tashqi bozorda mamlakatning iqtisodiy raqobatbardoshligini oshiradi, mamlakat iqtisodiyotining jahon iqtisodiyotiga integrasiyalashuvi jarayoniga ijobiy ta`sir qiladi. Shu bilan birga, transport tizimidagi kichik uzilishlar ishlab chiqarishdagi katta yo'qotishlarga olib kelishi mumkin.

Osiyo davlatlari shiddat bilan rivojlanmoqda, ularning jahon bozoridagi o'rni, mavqei tobora oshib bormoqda. ShHTning a`zosi bo'lgan va dunyo aholisining salmoqli qismini tashkil qilgan Xitoy va Hindistonning rivojlanishi, ularning jahon bozoriga ta`siri oshib borishi yangi, zamonaviy “Buyuk ipak yo'li”ga ehtiyojni kuchaytirmoqda. Bu esa “Buyuk ipak yo'li”ning qoq markazida joylashgan va jadal rivojlanayotgan O'zbekiston uchun Yevropa va Osiyoni bog'lovchi ko'prik sifatida o'z mavqeini yanada mustahkamlash, jahon bozoriga o'z mahsulotlari, xizmatlari bilan chiqish uchun katta imkoniyat yaratadi.

Mamnuniyat bilan qayd etish kerakki, Samarqandda o'tkazilgan sammitdan kutilgan natijalar to'liq o'zini oqladi. Sammit mintaqamiz hamda dunyoda xavfsizlik va iqtisodiy-ijtimoiy taraqqiyotni ta`minlashga, Shanxay hamkorlik tashkilotining jahondagi nufuzini yanada mustahkamlashga salmoqli hissa qo'shdi.

 

Shohista TURG'UNOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Inson kapitalini rivojlantirish, ixtisoslashgan ta`limni rivojlantirish, IT-sohasidagi kasblarni ommalashtirish, IT-korxonalar uchun institusional sharoitlarni yaxshilash va ma`muriy to'siqlarni kamaytirish bo'yicha islohotlar mamlakatimizda allaqachon boshlab yuborilgan. Endilikda bu yo'nalishdagi hamkorlik ShHTga a`zo davlatlar o'rtasida ham jadal rivojlanadi. Raqamli savodxonlikni rivojlantirish bo'yicha ShHT dasturi qabul qilindi va bu barcha sohadagi aloqalarni mustahkamlashga, a`zo davlatlar fuqarolarining imkoniyatlarini oshirishga xizmat qiladi.

IT infratuzilmasini yaxshilash, aholi, ayniqsa, yoshlarning bu boradagi savodxonligini oshirish davr talabidir. Raqamli savodxonlik juda keng tushuncha. Bu axborot olish, bilim olish, kasb-hunar egallash, mehnat faoliyati bilan shug'ullanish kabi inson hayotining muhim yo'nalishlarini qamrab oladi. Shuningdek, raqamli savodxonlik jamiyatning barcha yo'nalishlari rivojlanishiga, a`zo davlatlar aholisi o'rtasida muloqot va do'stlik muhiti mustahkamlanishiga, yangi texnologiyalarga ijobiy munosabatni shakllantirishda ham katta ahamiyatga ega.

Raqamli texnologiyalar va raqamli iqtisodiyot bo'yicha butun dunyoda yetakchilardan bo'lgan Hindiston, Xitoy va boshqa davlatlardagi amaliy tajribalarni ommalashtirish orqali kerakli ijobiy natijalarga erishiladi. Bu boradagi hamkorlik a`zo davlatlarining iqtisodiyotini raqamlashtirish, zamonaviy kadrlarni tayyorlash hamda jahon bozori talablariga mos takliflarni yaratishga xizmat qiladi.

 

Mavjuda HASANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— ShHTning Samarqand sammiti pandemiyadan keyin ­dunyoda ishonch va hamkorlikni mustahkamlash, ezgu tashabbuslarni amalga oshirish qanchalik muhimligini ko'rsatdi. Davlatimiz rahbari ta`kidlagan “Samarqand ruhi” muzokaralar, imzolangan hujjatlarda o'z aksini topdi.

Ayniqsa, ShHT makonida kelgusi yili turizmni rivojlantirish yili deb e`lon qilish, ShHT doirasida universitet rektorlari forumini, turizm kunlarini, sport tadbirlari, universiadalarni ta`sis etish to'g'risidagi taklif va tashabbuslar ortida juda katta mazmun va mohiyat bor. Tashkilotga a`zo davlatlarda juda katta nufuzga ega bo'lgan ta`lim universitetlari bor. Universitetlar va ta`lim xodimlari orasidagi o'zaro munosabat kelgusida a`zo davlatlar uchun manfaatli bo'lishiga ishonamiz.

Davlatlar o'rtasida turizmning rivojlanishi esa yangi, barqaror ish o'rinlari yaratilishiga katta zamin yaratadi. Qaerda turizm rivojlansa, shu joyda ma`naviyat rivojlanadi, investisiyalar erkin harakatlanadi. Bizning tariximiz, ma`naviy qadriyatlarimiz haqida boshqa mamlakatlar xalqlari ham yaqindan xabardor bo'ladi.

Hech bir soha insonlarni sportchalik bir-biriga tez yaqinlashtira olmasa kerak. Shunday ekan, davlatimiz rahbarining sport musobaqalariga, universiadalar o'tkazilishiga urg'u berayotgani ham kelajakda ulkan natijalar keltiradi. Bu mamlakatlarimiz yoshlarining o'zaro munosabatini yaxshilashda ham muhim ahamiyat kasb etadi.

 

Oybarchin ABDULLAEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Dunyoda ishonch va o'zaro bir-birini tushunish taqchilligi sezilayotgan, qarama-qarshiliklar va mojarolar kuzatilayotgan bugungi sharoitda barqarorlik va xavfsizlikka nisbatan ko'plab tahdidlar kuchaydi. Iqlim o'zgarishi, suv va tabiiy resurslarning yetishmasligi, pandemiyaning ijtimoiy-iqtisodiy oqibatlari, energetika va oziq-ovqat xavfsizligi inqirozi kabi zamonamiz muammolari barqaror rivojlanish uchun jiddiy xavf tug'dirmoqda. O'zaro ishonch, adolat va hamjihatlikka talab global ­miqyosda tobora ortib bormoqda.

Shu munosabat bilan ochiq va konstruktiv muloqotni davom ettirish har qachongidan ham ko'proq talab etilmoqda. ShHT faoliyati shunday muloqotni yaratish mumkinligini dunyoga namoyon etdi. ShHT ochiqlik va bloklarga qo'shilmaslik tamoyillariga qat`iy sodiqligi sababli ishtirokchi mamlakatlar o'rtasidagi o'zaro manfaatli munosabatlarni mustahkamlab, xalqaro hamkorlikni muvaffaqiyatli tarzda chuqurlashtirmoqda. ShHT tarkibi kengayib, sheriklik munosabatlar rivojlanib bormoqda.

Sammitda Eron Islom Respublikasining tashkilotga to'laqonli a`zo sifatidagi majburiyatlari to'g'risidagi memorandum imzolandi. Misr Arab Respublikasi va Qatar davlatiga muloqot bo'yicha sheriklar maqomini berish to'g'risidagi memorandumlarga erishildi. Bundan tashqari, Belarus Respublikasiga ShHTning to'laqonli a`zosi, Bahrayn Podshohligi, Quvayt davlati, Maldiv Respublikasi, Birlashgan Arab Amirliklari va Myanma Ittifoqi Respublikasiga – muloqot bo'yicha sheriklar maqomini berish bo'yicha jarayonlarni boshlash to'g'risida qaror qabul qilindi.

ShHTning geografik qamrovi kengayayotgani o'zaro bir-birini tushunish va amaliy sa`y-harakatlarni namoyish etayotgan tashkilot faoliyatining dolzarbligini yana bir tasdiqladi.

 

Sherzod RAHMONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Prezidentimiz sammit ishtirokchilarining e`tiborini tinchlik va do'stlikka asoslangan, strategik sheriklik, birdamlik munosabatlarini mustahkamlashga qaratdi. Ular orasida eng muhimlaridan biri oziq-ovqat xavfsizligi bilan bog'liq bo'ldi.

Tashkilotga a`zo mamlakatlarning qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo'lishiga qaramasdan, ShHT maydonida oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo'yicha hali jiddiy hamjihatlik yo'lga qo'yilmagani ta`kidlandi. Shu munosabat bilan oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlashning umumiy tamoyillari va yondashuvlarini ishlab chiqish zarurligiga urg'u berildi.

Xususan, qishloq xo'jaligi ekinlarini yetishtirish va qayta ishlash dasturlariga, to'g'ridan-to'g'ri o'zaro ta`minotning muvofiqlashtirilgan sxemalarini shakllantirishga, yuqori sifatli va arzon oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib berish uchun samarali logistika, “yashil” va ekspress yo'laklarni tashkil etishga jiddiy e`tibor qaratish zarurligi ta`kidlandi. Ana shunday hayotiy masalalarni keng muhokama qilish, istiqbolli loyihalarni amalga oshirish hamda muammolarni hal etish maqsadida kelgusi yili Oziq-ovqat xavfsizligi bo'yicha xalqaro konferensiya o'tkazish taklif etildi. Bu boradagi takliflar hech bir davlat rahbarini befarq qoldirmadi. Ular ham Prezidentimiz tashabbuslarini qo'llab-quvvatladi.

 

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Shanxay hamkorlik tashkilotining Samarqand sammiti ayni paytgacha tashkilotning davlat rahbarlari kengashi tomonidan o'tkazilgan majlislarning eng sermahsuli bo'ldi, desak hech mubolag'a bo'lmaydi.

Avvalo, sammit keng formatda o'tkazilgani, unda qabul qilingan hujjatlar ko'lami kattaligi yetuk mutaxassislar tomonidan alohida e`tirof etilmoqda.

Prezidentimizning yaqin qo'shnilar va davlatlar bilan olib borayotgan ochiq, pragmatik hamda konstruktiv muloqoti ushbu sammitning yuksak darajada o'tishiga asos bo'lganini ta`kidlash zarur.

Shuning uchun ham tashkil etilganidan beri ilk bor ShHT faoliyatini takomillashtirish va modernizasiya qilish to'g'risida tarixiy qarorlar qabul qilindi. Endi ushbu qarorlar tashkilotning yanada jozibadorligi oshishida, keng qamrovda, zamon bilan hamnafas faoliyat olib borishida dasturulamal bo'ladi.

Mamlakatimiz yetakchisi tomonidan hamkorlikning dolzarb masalalari yuzasidan aniq takliflar va amaliy tashabbuslar ilgari surildi.

Bir so'z bilan aytganda, Samarqand sammiti mamlakatimizning siyosiy qudratini, imkoniyatlarini, salohiyatini yana bir bor butun dunyoga namoyon etdi, albatta. Bu esa investisiyaviy jozibadorlikni, dunyo davlatlarining mamlakatimiz bilan yaqindan hamkorlik qilishini hamda O'zbekistonning jahon sahnasidagi ijobiy imidjini yuksaltirishga xizmat qiladi. Samarqand sammiti ShHT faoliyatida yangi sahifa ochdi.

 

Dilbar MAMADJANOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Qo'hna Samarqandda bo'lib o'tgan ShHTning navbatdagi sammiti butun dunyo nigohida “Yil voqeasi” sifatida yuksak baholanmoqda. E`tirof etish joizki, bu dunyodagi eng yirik mintaqaviy tuzilmaning asosiy anjumani – yangi takliflar muhokamasi, tashkilotning kelgusi rivojlanish strategiyasi belgilab olingan tarixiy sammit bo'ldi.

Sammitning baland ruhi bilan aynan shu nuqtadan, Samarqanddan ShHTning uchinchi o'n yillik yangi bosqichi boshlandi. Davlatimiz rahbari ShHT doirasidagi ko'p qirrali hamkorlikning dolzarb masalalari bo'yicha qator aniq taklif va amaliy tashabbuslarni ilgari surdi. Xususan, kelasi yili umumiy xavfsizlik va farovonlik yo'lida “Samarqand birdamlik tashabbusi” xalqaro forumini o'tkazish taklifi ishtirokchilar tomonidan mamnuniyat bilan qabul qilindi.

Davlatimiz rahbari ShHT makonida inqirozni birgalikda yengib chiqish va barqaror rivojlanishga erishish uchun iqtisodiyot, savdo va sarmoyaviy sohalardagi hamkorlikni kengaytirish zarurligini ta`kidladi. Shu munosabat bilan o'zgaruvchan voqelik sharoitida amaliy hamkorlikning samarali modellarini shakllantirishga qaratilgan keng formatli ShHTning yangi iqtisodiy muloqotini boshlash tashabbusi ilgari surildi.

ShHTga a`zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo'shnichiligi, do'stligi va hamkorligi to'g'risidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo'yicha kompleks harakatlar rejasi, tashkilotga a`zo davlatlarning o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo'laklarini yaratish bo'yicha konsepsiyasi, hamkor davlatlarning o'zaro hisob-kitoblarida milliy valyutalar ulushini bosqichma-bosqich oshirish bo'yicha “yo'l xaritasi” kabi muhim hujjatlarning ishlab chiqilishi – bu beshlik tarkibidagi xalqlarning o'zaro jipsligi, yakdilligi, ahilligining huquqiy kafolati sifatida bahamjixat bo'lib amalga oshiriladigan ezgu ishlarga debocha bo'lib xizmat qiladi.

Muzokaralar yakunlari bo'yicha qabul qilingan hujjatlar ShHT faoliyatining istiqbolli yo'nalishlari bo'yicha hamkorlikni sifat jihatidan yangi amaliy mazmun bilan to'ldirishga xizmat qiladi. Tuzilma o'z tadrijiy taraqqiyotining yangi bosqichiga O'zbekiston tashabbuskorligida qadam qo'yishi raislik zimmasida turgan burchning sharafli ado etilishiga zamin hozirladi.

Er yuzining diqqat markazidan o'rin olgan yirik sammit nihoyatda yuqori darajada, baland ruhda o'tdi va bu ulug'vorlik Samarqand ruhiyatida uzoq yashaydi.

 

Dilorom IMOMOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— ShHT o'z taraqqiyotining yangi, yanada mas`uliyatli bosqichiga qadam qo'ydi. Shunday bir sharoitda hamkorlikning ko'plab ustuvor vazifalarini birgalikda hal etish mas`uliyati turibdi.

Shu nuqtai nazardan, davlatimiz rahbari Samarqand sammitidagi nutqida avvalo, tashkilotning bloklarga qo'shilmaslik maqomini va uning ochiqligini saqlab qolish muhimligiga e`tibor qaratdi. Tashkilot o'z Xartiyasiga ko'ra, xavfsizlikning yaxlitlik tamoyiliga qat`iy rioya qiladi.

O'zbekiston ShHTda Markaziy Osiyoning “geografik yadrosi” maqomini saqlab qolish tarafdori. “Shanxay ruhi” tamoyillari asosida birdamlik, o'zaro qo'llab-quvvatlash va sheriklikni mustahkamlash yana bir asosiy vazifa hisoblanadi. Faqat shu yo'l bilangina ShHT mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni ta`minlash mumkin.

Ushbu prinsipial yondashuvlardan kelib chiqib va bugungi xalqaro vaziyatni hisobga olgan holda, mamlakatimiz Prezidenti Shavkat Mirziyoev ShHTni 2040 yilgacha Rivojlantirish strategiyasini tayyorlashga kirishish taklifini ilgari surdi. Ushbu dasturulamal hujjat ko'p qirrali hamkorlikning barcha yo'nalishlarini belgilashga xizmat qiladi. Bunda iqtisodiyot, savdo va investisiya sohasidagi hamkorlikning amaliy ta`sirchanligini oshirish g'oyat muhimligi ham alohida ta`kidlandi.

Prezidentimiz keng qamrovli yig'ilishda ko'plab muhim va dolzarb takliflarni bayon etdi. Davlatimiz rahbari, ayniqsa, mintaqadagi geosiyosiy vaziyatga alohida urg'u berdi. Zero, tahlikali kunlarni boshdan kechirayotgan Afg'onistonni yakkalab qo'yish ShHT mintaqasida hamkorlik aloqalari rivojlanishiga salbiy ta`sir ko'rsatishi mumkin.

Prezidentimiz majlisda yana bir muhim taklifni ilgari surdi. Ya`ni, keyingi yilni ShHTga a`zo davlatlarda turizmni rivojlantirish yili, deb e`lon qilish taklifi qo'llab-quvvatlanadigan bo'lsa, davlatlarimiz o'rtasida sayyohlar harakatlanishi erkinlashadi. Natijada turli davlatlarda, turli madaniyatlarda yashaydigan odamlar bir-birini yaqindan biladi, do'stlik, bordi-keldi rishtalari mustahkamlanadi. Bu mamlakatlarning yanada yaqin hamkor bo'lishiga qo'shimcha asos yaratadi.

 

Muqaddas O'ROZALIEVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Dunyo qaltis bir jarayonda turibdi, bu nufuzli xalqaro tashkilot sammitida yer yuzida tinchlik va barqarorlikni ta`minlash bo'yicha, mamlakatlar o'rtasida ishonchni asl holatiga keltirish bo'yicha muzokaralar o'tkazildi. Bu yirik anjuman shuni ko'rsatdiki, hech bir mamlakat o'z qobig'iga o'ralib, o'zi mustaqil, boshqa mamlakatlar bilan xamkorlik aloqalarini o'rnatmasdan, yo'lga qo'ymasdan turib rivojlana olmaydi. Tadbirda nafaqat iqtisodiy balki, diplomatik, siyosiy aloqalarni rivojlantirish bo'yicha bitimlar tuzishga erishildi. Ertangi kunda bu mamlakatlar o'rtasidagi ushbu bitimlar orqali o'zaro qat`iy ishonch orqali kelishilgan majburiyatlarni bajarilishiga olib keladi.

Hozir davom etayotgan pandemiya va vaziyatlarning chigallashib borishi natijasida mamlakatlar o'rtasida kelishilgan milliardlab mablag'lar barbod bo'lmoqda. Bu esa o'z-o'zidan dunyodagi boshqa mamlakatlarga ta`sir qilmoqda. Anjumanda ushbu masalalar yuzasidan ham bitimlar tuzilishiga erishildi. Xamkorlikda tuzilgan ushbu bitimlar, o'zaro ishonch orqali ertangi kunda o'zining ijobiy natijalarini beradi, albatta.

Birgina Eron Islom Respublikasi bilan hamkorlikning turli sohalarini qamrab olgan 18 ta hujjat imzolandi. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan hamda ikki mamlakat o'rtasidagi ko'p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirish borasidagi uzoq muddatli vazifalar belgilangan. Masalan, ishbilarmonlik va ilmiy doiralar vakillari hamda sayyohlik guruhlari uchun viza tartibotlarini soddalashtirish, diplomatik pasportlar egalarini viza talablaridan ikki tomonlama ozod etish to'g'risida bitimlar imzolandi. Bu orqali tomonlar o'rtasida turizm, xususan, ziyorat turizmini byurokratik to'siqlardan holi ravishda rivojlantirish imkoni yuzaga keladi. Hattoki, 2022-2025 yillarda turizm sohasidagi hamkorlik dasturi ham qabul qilindi. Sayohatchilar oqimining ortishi esa har ikki mamlakatda madaniyat, fan-ta`lim va boshqa qator yo'nalishlarda o'sish tendensiyalariga olib keladi.

 

Sherbek BO'RONOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Har qanday xalqaro tashkilotning nufuzi va ahamiyati unga dunyoda berilayotgan e`tibor va faoliyatining samaradorligi bilan belgilanadi. Samarqand sammiti ShHT ana shunday nufuzli xalqaro tashkilotga aylanganini ko'rsatdi.

Ushbu tashkilotning xalqaro munosabatlar tizimida tutgan o'rni yildan-yilga kuchayib bormoqda. Uning xalqaro maydondagi ta`siri o'sib borishi bilan mintaqadagi boshqa davlatlarning ham mazkur tashkilot faoliyatida ishtirok etishga bo'lgan qiziqishini oshirdi. 2017 yilda ShHT safi ikki yangi ishtirokchi – Hindiston va Pokiston bilan kengaydi. Eronning a`zoligi masalalari samarali hal etilyapti. 6 mamlakat muloqot bo'yicha hamkorlar sanaladi (Turkiya, Ozarboyjon, Nepal, Shri-Lanka, Kambodja, Armaniston).

Xavfli muammolar girdobidan chiqishning yakkayu yagona yo'li har bir tarafning manfaatlarini hisobga olish va hurmat qilishga asoslangan ko'p tomonlama hamkorlikdir. Aynan inqiroz va bo'hronlar davrida har bir mamlakat asosiy e`tiborni global hamjihatlikka qaratishi lozim. Ya`ni, bu borada yaxshi qo'shnichilik, o'zaro bir-birini tushunish, mustahkam hamkorlik aloqalari muhim o'rin tutadi.

ShHT davlat rahbarlari kengashining Samarqand deklarasiyasida ham shu masalalarga alohida e`tibor qaratildi. Xususan, ShHTga a`zo davlatlarning uzoq muddatli yaxshi qo'shnichiligi, do'stligi va hamkorligi to'g'risidagi shartnoma qoidalarini 2023-2027 yillarda amalga oshirish bo'yicha kompleks harakatlar rejasi to'g'risidagi bandi yuqoridagi masalalar yechimida muhim ahamiyat kasb etadi.

Ko'p tomonlama faoliyatga asoslangan Shanhay hamkorlik tashkiloti aynan mana shunday maqsad va vazifalarni ko'zlaydi.

 

O'rol O'ROZBOEV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi:

— Samarqand sammiti doirasida ham siyosiy, ham iqtisodiy, ham ekologik jihatdan muhim hujjatlar imzolangan bo'lsa, ishtirokchi davlatlar o'rtasidagi muzokaralar ham samarali va amaliy ruhda kechdi. Masalan, Eron 85 milliondan ortiq iste`molchiga ega, tayyor bozor bo'lib, arab, afg'on, turk, pokistonliklar, ozar, arman va turkmanlar o'rtasida ko'prik bo'lib kelgan. Shu jihatdan O'zbekiston — Eron munosabatlari juda muhim sanaladi.

Xitoy esa Yevroosiyodagi gigant mamlakatlardan biri sanaladi. Prezident Shavkat Mirziyoev va XXR Raisi Si Szinpin o'rtasida imzolangan hujjatlar to'plami ham salmog'i hamda istiqbolli ekani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Ya`ni, davlat rahbarlari Qo'shma bayonot qabul qildi. Unda asosiy kelishuvlar qayd etilgan, har tomonlama strategik sheriklikning bugungi holati va uni mustahkamlash istiqbollari aks etgan.

Bundan tashqari 15 ta hujjat imzolandi. “Yashil” taraqqiyot sohasidagi investisiyaviy hamkorlik hamda raqamli iqtisodiyot sohasidagi investisiyaviy hamkorlikni mustahkamlash to'g'risida va yana qator memorandumlar tasdiqlandi. Zamonaviy va mamlakat taraqqiyotiga xizmat qiluvchi sohalar kesimida yangi kelishuvlarga erishildi. Umuman, savdo-iqtisodiy va investisiyaviy hamkorlikka doir umumiy qiymati 15 milliard dollarlik bitimlar imzolandi.

Aytish kerakki, ikki do'st mamlakat o'rtasidagi munosabatlar yangi emas. Ular uzoq yillik o'tmishga borib taqaladi. Ayni paytda olib borilayotgan hamkorlikni tomonlarning strategik sheriklik aloqalarini mustahkamlashdagi mushtarak intilishlarining ifodasi sifatida baholash mumkin.

 

«O'zbekiston ovozi», 21.09.2022, №38

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish