Hamkorlikning yangi darajasi

 

2022 yil 14 sentyabr, soat 16 dan oshgan. Samarqand poezd vokzali. Yil davomida bir necha o'n martalab aytilgan, turli nashrlar, tele va radiodasturlarda tilga olingan ShHTning sammitini yoritish uchun kelgan muxbirlar orasida o'zingni ko'rish ham mas`uliyat, ham g'urur beradi. Tadbirlar qay tartibda o'tkaziladi, qanday yoritamiz, xato qilib qo'ymaymizmikin, degan savollar xayolni band qilgan holda mehmonxonaga yo'l oldik.

Tarixiy voqelikka guvoh bo'lishga shaylangan ko'hna kentning go'zalligi bizni maftun etdi. Keng va ravon ko'chalar, har qadamda do'st va hamkor davlatlar bayroqlari hilpiraydi. Bu – yaxshilikka ishora. Tinchlik, barqarorlik, osuda hayotdan nishon. Zero, yer yuzida ushbu so'zlarning qadri yo'qolib, davlatlar, insonlar o'rtasida o'zaro ishonch, birdamlik tushunchalari o'tmaslashib borayotgan bir davrda Yevroosiyo hududidagi gigant davlatlar bayrog'i bir safda turishida ulkan ma`no mujassam. Tinchlikparvar tashkilot sifatida nom qozonayotgan ShHT shuncha davlatni mushtarak maqsadlar yo'lida birlashtirdi. Shahar ko'chalari bo'ylab yurib borar ekansiz, do'stlik va birodarlik nafasini his etish yoqimli.

Sammit doirasida ko'plab hujjatlar imzolanishi, hamkorlikning yangi bosqichlariga yo'l ochilishi haqida yaxshi taxminlar bo'ldi. Mutaxassislar, ekspertlar kutilayotgan natijalar haqida qarashlarini bildirdi.

Tabiiyki, bu jarayonda g'araz niyatli kuchlar ham qarab turgani yo'q. Har bir vaziyat to'g'ri baholay olish, uzoqni ko'ra bilish va kimlarningdir nog'orasiga o'ynamagan holda hal etildi. Samarqand sammiti yuqori kayfiyatda, kutilgan natijalar bilan nihoyalandi.

 

ShHTga raislik va ilgari surilgan tashabbuslar

Avvalo, O'zbekiston ShHTga raislikni yuqori ko'rsatkchilar bilan yakunladi. Mamlakatimiz raislik davrida tashkilot doirasidagi amaliy hamkorlikni faollashtirish, uning salohiyati va xalqaro nufuzini oshirishga intildi. Xavfsizlik masalalari bilan bir qatorda savdo-iqtisodiy va gumanitar hamkorlikni kengaytirishga ustuvor e`tibor qaratildi. Tashkilot faoliyatining barcha sohalarida ko'plab tashabbuslar amalga oshirildi. Yil davomida 80 dan ortiq yirik tadbirlar, xususan, sport musobaqalari, turli uchrashuvlar, umuman, barcha rejalar yuksak saviyada o'tkazildi. Hamkorlikdagi sa`y-harakatlar natijasida sammit yakuniga ko'ra 44 ta bitim, konsepsiya, dasturlar va boshqa qarorlar qabul qilindi. ShHT tarixida mutlaqo yangi davr boshlandi.

Xususan, ShHTga a`zo davlatlar o'rtasida o'zaro bog'liqlikni rivojlantirish va samarali transport yo'laklarini yaratish bo'yicha bitimlar imzolanib, yangi koridorlar bo'yicha tashabbuslar muhokama qilindi. Shuningdek, «aqlli» qishloq xo'jaligi va agroinnovasiyalarni joriy etish yuzasidan hamkorlik konsepsiyalari, ishlab chiqarish texnologiyalaridan foydalanish, qayta tiklanadigan energiya manbalari, infratuzilmani rivojlantirish masalalarida ham kelishuvlarga erishildi. Sanoat kooperasiyasini rag'batlantirish, raqamli savodxonlikni yuksaltirish sohalarida hamkorlik dasturlari ham yangi bosqichga ko'tarilishi kutilmoqda. Hududlararo savdoni rivojlantirish bilan bog'liq qo'shma chora-tadbirlar rejasi va yuqumli kasalliklarning oldini olish hamda davolashda hamkorlik qilish ham ustuvor vazifalar sifatida belgilandi.

 

Tinchlikni targ'ib qiluvchi tashkilot

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi eksperti Anvarjon Mirkomilovning fikriga ko'ra, bugungi ziddiyatlarga boy davrda ShHTga a`zo bo'lish yoki uning kuzatuvchisi maqomini olish istagini bildirayotgan davlat soni ko'payib bormoqda. Tashkilotning nufuzi va jozibadorligi uning blokdan tashqari maqomga ega bo'lgani uchun ham oshib borayotganini ta`kidladi. Uning tamoyillari ochiqlik, uchinchi davlatlar yoki xalqaro tashkilotlarga qarshi harakat qilmaslik, barcha ishtirokchilarning tengligi va suverenitetini hurmat qilish, ichki ishlarga aralashishdan bosh tortish, siyosiy qarama-qarshilik va raqobatning oldini olishdan iborat.

Mintaqada tinchlik o'rnatilishi uchun harakat qilayotgan kuchlar ko'p. Qobuldan bu boradagi bayonotlar eshitilmoqda. Ammo buning aksiga urinayotgan, g'araz niyatini amalga oshirish istagida yurganlar ham oz emas. Hattoki, radikal g'oyalarni tarqatish uchun keng maydonga ega bo'lgan ayrim xalqaro terror tashkilotlari o'zini ancha qulay his qilmoqda. Vaholanki, Rossiya, Eron, Xitoy va butun Markaziy Osiyo davlatlari afg'on inqirozini hal qilishdan juda manfaatdor. Demak, bu vaziyatda kimdir aniq tashabbus bilan, ushbu maqsadlarni amalga oshirishga qaratilgan g'oya bilan maydonga chiqishi kerak edi.

Shu nuqtada davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoev «katta yurish» qildi. Afg'onistonni qo'llab-quvvatlash, ijtimoiy-iqtisodiy ahvolini yaxshilash, uning aholisiga hamma insonlar kabi tinch va farovon turmush kechirishi uchun sharoit yaratish bilan bog'liq takliflarini bildirdi. Afg'onistonda tinchlik o'rnatilishi va uning ijtimoiy-iqtisodiy tiklanishiga ko'maklashish, bu boradagi ishlarni muvofiqlashtirishni kuchaytirish ShHTning eng ustuvor yo'nalishlaridan bo'lib qolishi lozimligini ta`kidladi. Bu bilan bog'liq taklif va tashabbuslarni o'rtaga tashladi. Darhaqiqat, afg'on xalqi yaxshi qo'shnichilik yordamiga har qachongidan ham ko'proq muhtoj. Prezidentimiz shularni ta`kidlab, o'tmishdagi xatolarni takrorlamaslikka, Afg'onistonni uning muammolari bilan yolg'iz qoldirmaslikka chaqirdi.

Afg'onistonning ijtimoiy-iqtisodiy o'sishiga, uning mintaqaviy va global rivojlanish jarayonlariga integrasiyalashuviga ko'maklashish orqali uzoq muddatli inqirozdan samarali chiqish yo'llarini taklif etish bilan unga yordam qo'lini cho'zish kerakligi haqida fikr bildirildi. Ta`kidlanganidek, bu davlat ShHT yirik makonining ajralmas qismi bo'lib, afg'on xalqi hozir har qachongidan ham yaxshi qo'shnilar va ularning ko'magiga muhtoj.

«Sanksiyalar siyosatining kuchaytirilishi va Afg'onistonning hozirgi hukumati yanada yakkalanishi muqarrar ravishda mamlakat ichida radikallashuvning kuchayishiga olib keladi va uni terrorchilik tashkilotlari uchun plasdarmga aylantiradi. Shu bois biz Afg'oniston muvaqqat hukumati tomonidan ilgari qabul qilingan, shu jumladan, ayollar va bolalar huquqlari sohasidagi xalqaro majburiyatlarini bajarishi bo'yicha Kobul bilan konstruktiv aloqalarni rivojlantirish tarafdorimiz», dedi Prezident.

Afg'onistonni gumanitar qo'llab-quvvatlash bo'yicha maxsus fond tashkil etish va uni mazkur mamlakatga chegaradosh bo'lgan Termiz shahrida birgalikda ta`sis qilish taklifini bildirdi. Buning uchun u yerdagi transport-logistika xabining zamonaviy infratuzilmasidan foydalanish g'oyalarini ilgari surdi. Fond mablag'lari esa ushbu mamlakatdagi ijtimoiy inqirozni bartaraf etish, yoshlar uchun ta`lim dasturlari va sog'liqni saqlash sohasidagi loyihalarni amalga oshirishga yo'naltiriladi.

Afg'on xalqi ularni iqtisodiy jihatdan qo'llab-quvvatlashdan ko'proq manfaatdor. Demak, O'zbekiston tomoni ilgari surayotgan temir yo'l orqali koridor hosil qilish bu boradagi yana bir muhim qadam bo'ladi.

 

Hamma uchun muhim

Sammitda yer yuzidagi har bir mamlakat uchun eng muhim masalaga e`tibor qaratildi. Ya`ni, oziq-ovqat xavfsizligini ta`minlash tinchlik va barqarorlikni ta`minlashdek muhim, ham kechiktirib bo'lmas masala ekani ta`kidlandi. Jumladan, mamlakatlarimiz qishloq xo'jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining yirik ishlab chiqaruvchilari, eksport va import qiluvchilari bo'lishiga qaramasdan, oziq-ovqat xavfsizligi masalalari bo'yicha hali jiddiy hamjihatlik yo'lga qo'yilmaganiga e`tibor qaratildi.

Prognozlashtirish va makroiqtisodiy tadqiqotlar instituti loyiha rahbari Rustam Hasanov ta`kidlashicha, yer yuzidagi turli tahlikalar, davlatlar o'rtasidagi nizoli to'qnashuvlar oziq-ovqat xavfsizligiga jiddiy tahdid solmoqda. Vaholanki, mamlakatlar aholisining salomatligi, sohalar bo'yicha yutuqlarga erishishi, umuman, hayot kechirishi, yashashi uchun avvalo oziq-ovqat zarur. Kunlik iste`mol qilinadigan ne`matlarga esa doimo ehtiyoj bo'lgani bois ular qayta ishlanishi, uzluksiz yetishtirib borilishi lozim. Ekologik jihatdan yer sharining oziq-ovqat yetishtirish ta`minoti notekis bo'lib, shu jihatdan ham davlatlarning bir-biriga ehtiyojini yuzaga keltiradi. Shuning uchun ShHTga a`zo davlatlar mamlakatlari o'rtasida oziq-ovqat almashinuvini kelishib olish va yo'lga qo'yish masalasi ustuvor sanaladi.

Masalan, O'zbekiston 200 dan ortiq dunyo mamlakatlari orasida gilos yetishtirish bo'yicha 3-4 o'rinlarda turadi. Shuningdek, ayrim turdagi meva-sabzavot hamda poliz ekinlari yetishtirishda hamisha yuqori 10 talikdan joy olib kelgan. Aytaylik, yurtimizda iqtisodiy va oziq-ovqat xavfsizligi nuqtai nazaridan minimum sifatida g'alla yetishtiriladi, biroq bu aholi ehtiyojlari uchun yetarli emas. Zero, dunyoda biror bir mamlakat yo'qki, to'liq o'zini o'zi oziq-ovqat bilan ta`minlay olsin. Demak, o'zimizdagi mahsulotlarni eksport qilib, O'zbekiston tabiatida yetishtirish qisman noqulayroq bo'lgan qishloq xo'jaligi mahsulotlarini import qilish foydaliroq sanaladi. Bu to'g'ri iqtisodiy qaror sanaladi. Demak, sammitda ko'tarilgan masalalar integrasiyalashuvni hosil qiladi.

Shuningdek, qishloq xo'jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishning bir qancha zaxiralari bor va bu agrotexnologiyalar orqali yo'lga qo'yiladi. Mazkur masalalar ham tashkilotda urug' yetishtirish, yuqori hosil beradigan navlarni o'zaro hamkorlikda ishlab chiqish masalalariga alohida e`tibor qaratilyapti. Natijada ayrim turdagi mahsulotlarning hosildorligini oshirish, sifatli ishlab chiqish imkoni oshadi.

O'zbekistonning yaqin kelajakdagi eng ustuvor maqsadlaridan biri tranzit salohiyatini ro'yobga chiqarishdan iborat. Xalqaro transport yo'laklari ishga tushirilishi ham strategik ahamiyat kasb etadi. Bu orqali Markaziy va Janubiy Osiyo o'rtasidagi iqtisodiy bog'liqlik yuzaga keladi. Tovar ayriboshlash, turizm kengayadi. Ushbu zanjirlar ketma-ketligi yana borib davlatning rivojlanishi, mamlakat aholisining farovon yashashiga xizmat qiladi.

Agar o'zaro tovar almashinuvi yaxshi yo'lga qo'yilsa, oziq-ovqat taqchilligiga barham berilib, narx-navoning barqarorligini ta`minlashga erishiladi. Ushbu tashabbuslarning amalga oshirilishi uchun tranzit masalalarini hal etish, albatta, transport logistika tizimini kengaytirishni taqazo etadi.

O'zbekiston transport yo'nalishlarini oladigan bo'lsak, ko'proq shimol tarafga qaratilgan va boshqa tomondagi davlatlar bilan u qadar rivojlanmagan edi. Sammitda esa bir nechta yo'laklarni tashkil etish masalasi ilgari surildi. Demak, O'zbekiston — Qirg'iziston — Xitoy temir yo'li qurilishi bilan bog'liq bitim imzolanishi yana bir jiddiy odim bo'ldi. Trans afg'on yo'nalishidagi loyiha, ya`ni uzunligi 573 kilometr bo'lishi kutilayotgan Toshkentni Pokiston shimoli bilan bog'laydigan «Mozori — Sharif — Kobul — Peshavar» temir yo'lining qurilishi ShHTga a`zo davlatlar o'rtasidagi hamkorlik aloqalarini butunlay yangi darajaga ko'taradi.

 

Zilola UBAYDULLAEVA,

«O'zbekiston ovozi» muxbiri.

 

«O'zbekiston ovozi», 21.09.2022, №38

 

 

 

 

Teglar

← Roʻyxatga qaytish