Har bir hujjat inson manfaatlariga xizmat qilmog'i lozim

 

Parlament faoliyati juda qiziq jarayon. U yerda qonunlar dunyoga keladi. Zaldagi har bir deputat alohida shaxs. Har birining muhokama etilayotgan masalalar yuzasidan alohida fikri, o'z qarashlari va albatta, tahliliy yondashuvi bor. Bitta qonun qabul qilinishi uchun esa ularning fikri hamohang bo'lishi kerak.

Oliy Majlis faoliyati bilan tanish bo'lmagan paytlarim parlament qanday ishlashi haqida aniq tasavvurim yo'q edi. Uning ichiga kirib borganim sayin jarayonlarga qiziqishim ortib, mehrim tushib bormoqda. Chunki muhokamalarda fikrlar xilma-hilligi mavjud va ular asoslantiriladi. Qonunchilik palatasining bitta majlisini ko'rgan har qanday odam u yerda qabul qilinadigan har bir qonun atroflicha muhokamadan o'tishi va eng asosiysi, maksimal darajada insonlarning og'irini yengil qilishga qaratilayotganini tushunadi.

Kecha 27 sentyabr kuni Oliy Majlis Qonunchilik palatasining munozaralarga boy navbatdagi yig'ilishi bo'lib o'tdi. Unda yangi qonun loyihalari bilan birga, avvalgi yig'ilishlarda mas`ul qo'mitaga qaytarilgan loyihalar ham bor edi.

Dastlab “Xotin-qizlar va erkaklar uchun teng huquq hamda imkoniyatlar kafolatlari to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga qo'shimcha va o'zgartishlar kiritish haqida”gi qonun loyihasi ko'rib chiqildi.

Ushbu hujjat parlament quyi palatasining yaqinda bo'lib o'tgan yalpi majlisida atroflicha muhokama qilinib, undagi ayrim normalar yuzasidan asosli savollar ko'tarilgan edi. Xalq vakillari qonun loyihasini yanada takomillashtirish zarurati borligini aytib, uni mas`ul qo'mitaga qaytarishgandi.

O'tgan qisqa vaqt ichida mas`ul qo'mita tomonidan qonun loyihasini pishiq-puxta holatga keltirish bo'yicha tizimli ishlar amalga oshirilgani kechagi majlisda yaqqol sezildi. Xususan, siyosiy partiya fraksiyalari tomonidan berilgan taklif va tavsiyalar asosida qonun loyihasi maromiga yetkazilgan ekan.

Natijada deputatlar bir ovozdan qonun loyihasini qabul qilishdi.

Shuningdek, deputatlar “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasini ikkinchi o'qishda ko'rib chiqishdi.

Qonun loyihasida ichki ishlar organlarining mas`uliyatini oshirish, ularning xizmat samaradorligini kuchaytirish maqsadida ichki ishlar bo'limlarining (boshqarmalarining) boshliqlari yoki boshliq o'rinbosarlariga qo'shimcha ravishda 8 turdagi ma`muriy huquqbuzarlikni ko'rib chiqish, profilaktika inspektorlariga qo'shimcha ravishda 9 turdagi, patrul-post xizmati xodimlariga 8 turdagi ma`muriy huquqbuzarlik bo'yicha bayonnoma rasmiylashtirish, Milliy gvardiya organlari xodimlariga qo'shimcha ravishda 13 turdagi ma`muriy huquqbuzarlikni ko'rib chiqish hamda 4 turdagi ma`muriy huquqbuzarlik bo'yicha bayonnoma rasmiylashtirish vakolati berilishi nazarda tutilgan edi.

Majlisda qonun loyihasi “Ekologiya va jamoat tartibini saqlash sohalaridagi qonunchilik takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi nom bilan qabul qilindi.

Shuningdek, “O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasi ham ikkinchi o'qishda moddama-modda muhokama qilindi.

Deputatlarning aytishicha, taklif etilayotgan qonun loyihasining qabul qilinishi mahkumlarning huquqlari va qonuniy manfaatlari himoyasini yanada kuchaytirish, ayniqsa, inson qadrini ulug'lashga xizmat qiladi.

Agar qonun loyihasi amalga kiritilsa, jazo muddatini o'tayotgan shaxslar jazoni o'tash vaqtida mehnat faoliyati bilan shug'ullansa va soliqlari to'langan bo'lsa, o'sha mehnat faoliyati olib borilgan muddat mehnat daftarchasiga kiritiladigan bo'ladi.

Muhokamalar davomida xalq vakillari tomonidan qonun loyihasini yanada takomillashtirish bo'yicha bir qator takliflar ilgari surildi. Hujjatdagi ayrim normalar yuzasidan ko'plab savollar ko'tarildi va ularga batafsil javoblar olindi.

Qizg'in baxs-munozaralardan so'ng, qonun loyihasi deputatlar tomonidan qabul qilindi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasining Qonuniga volontyorlik faoliyati sohasida davlat boshqaruvini takomillashtirishga qaratilgan o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida”gi qonun loyihasi birinchi o'qishda ko'rib chiqildi.

Ma`lumot uchun: “Volontyorlik” so'zi fransuzcha “volontaire” so'zidan olingan bo'lib, “ixtiyoriy”, “o'z xohishiga ko'ra ish qiluvchi” degan ma`nolarni anglatadi. Bu hozir dunyoda keng tarqalayotgan mashhur sohalardan biridir. Volontyorlik faoliyati qonuniylik, insonparvarlik, tenglik, ixtiyoriylik, beg'arazlik prinsiplariga asoslanadi. Bunda ma`lum bir ezgu maqsadda jamiyatda har xil muammoga duch bo'lgan, yordamga muhtoj insonlarga, ularning hayoti har tomonlama yaxshilanishiga qaratilgan bepul xizmat ko'rsatish nazarda tutiladi.

(2019 yil 2 dekabr kuni O'zbekiston Respublikasining “Volontyorlik faoliyati to'g'risida”gi Qonuni qabul qilingan.)

Deputatlarning aytishicha, qonun loyihasining qabul qilinishi O'zbekiston Respublikasida volontyorlik faoliyati sohasidagi davlat siyosatini amalga oshirish bo'yicha vakolatli davlat organini belgilashga, bu orqali davlat organlari va boshqa tashkilotlarga volontyorlik faoliyatini amalga oshirish bo'yicha uslubiy va maslahat yordamini ko'rsatishga olib keladi.

Majlisda deputatlar “O'zbekiston Respublikasi adliya organlari tizimi takomillashtirilishi munosabati bilan O'zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish to'g'risida”gi qonun loyihasini birinchi o'qishda ko'rib chiqishdi.

 Qonun loyihasi bilan adliya organlariga intellektual mulk sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga jarima qo'llash vakolati berilmoqda.

Qolaversa, “Ijtimoiy himoya yagona reestri” axborot tizimida ro'yxatga olingan shaxslarga, shuningdek, I va II guruh nogironligi bo'lgan shaxslarga davlat xizmatlaridan foydalanishda 50 foizlik chegirma qo'llanilishi mustahkamlanmoqda.

Muhokamalarni kuzatar ekanmiz, qonun loyihalari asosan ijtimoiy himoya, inson qadrini yuksaltirish, aholiga yengillik va qulaylik yaratish masalalariga qaratilgani bilan esda qoldi. Aslida ham har bir hujjat, har bir qonun odamlar manfaati himoyasiga qaratilmog'i lozim.

 

Ahmad QURBONOV

tayyorladi.

«O'zbekiston ovozi», 28.09.2022, №39

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish