O‘ZBЕKISTON RЕSPUBLIKASI PRЕZIDЕNTLIGIGA NOMZOD

MAKSUDA AZIZOVNA VARISOVANING

TARJIMAI HOLI VA DASTURI

 

TARJIMAI HOL

 

Maqsuda Vorisova 1961-yilda Toshkent shahrida ziyolilar oilasida tugʻilgan. Millati – oʻzbek. Maʼlumoti - oliy, 1984-yili Toshkent davlat tibbiyot institutini tugatgan. Mutaxassisligi - shifokor. Oilali, uch nafar farzandi bor.

2018-yilda I darajali “Sogʻlom avlod uchun” ordeni bilan mukofоtlangan.

Mehnat faoliyatini 1984-yilda Toshkent davlat tibbiyot instituti klinikasida shifokor vazifasidan boshlagan. 1989-yildan Toshkent viloyati Zangiota tumani “Nazarbek” qishloq vrachlik punktida shifokor-terapevt, 2003-yildan “Nazarbek” qishloq oilaviy poliklinikasi mudiri boʻlib ishlagan. 2018-yilda Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi oʻrinbosarligiga saylangan.

2009-2014-yillarda xalq deputatlari Zangiota tuman Kengashi deputati, 2015-2019-yillarda xalq deputatlari Toshkent viloyat Kengashi deputati, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi sifatida mamlakatni siyosiy, ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, demokratik islohotlarni amalga oshirish, xalqimiz manfaatlari himoyasini kuchaytirishga xizmat qiladigan qonun hujjatlarini qabul qilish jarayonlarida faol ishtirok etib, samarali faoliyat olib borgan.

2019-yilda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatligiga saylangan. Fuqarolar sogʻligʻini saqlash masalalari qoʻmitasi raisi oʻrinbosari, parlament quyi palatasining Oila va ayollar masalalari komissiyasi raisi lavozimida faoliyat yuritib kelmoqda.

Maqsuda Vorisova yuksak salohiyatli nazariy va amaliy tajribaga ega tashkilotchi sifatida oʻzini namoyon etgan. U mamlakatimiz sogʻliqni saqlash tizimini isloh etish jarayonlarida, aholini oʻylantirib kelgan muammolarga yechim topishda faollik va fidoyilik koʻrsatgan.

Koʻp yillik deputatlik, senatorlik faoliyati davomida davlat va jamiyat boshqaruvi, ichki va tashqi siyosat, huquq va ijtimoiy himoya masalalarida ulkan tajriba toʻplagan, xalq haqida gʻamxoʻrlik qiluvchi, bagʻrikeng va qatʼiyatli, katta tajribaga ega siyosatchi ayol.

 

DASTUR

 

Dastur O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining ustuvor yo‘nalishlariga asoslanadi. Dasturning asosiy maqsadi – mamlakatimizda ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan davlat va jamiyat barpo etishdir.

Ushbu vazifaning hal etilishi, birinchi navbatda, aholi keng qatlamlari farovonligi ta’minlanishini nazarda tutadi. Bunda, har bir oila o‘zining birlamchi hayotiy ehtiyojlarini qondirishi uchun, jumladan, qulay uy-joy, uzluksiz energiya ta’minoti, tabiiy gaz va ichimlik suvi, sifatli oziq-ovqat, zamonaviy ta’lim va malakaviy tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yetadigan daromad manbaiga ega bo‘lmog‘i kerak.

Ikkinchidan, bunday davlatni shakllantirish barcha sohalarda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptirishni anglatadi. Bu o‘z navbatida nafaqat huquqiy tenglik, balki ijtimoiy mavqei, mulkiy holati va daromadidan qat’iy nazar, ushbu huquqlarni amalga oshirishda barcha uchun teng imkoniyatlar yaratishni taqozo etadi.

Uchinchidan, bu – fuqarolarning demokratik institutlar orqali aholining ijtimoiy kayfiyatiga, zarur hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga ta’sir ko‘rsatadigan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, jamoatchilik ekspertizasi va muhokamalarida keng ishtirok etishini ta’minlovchi demokratiyadir.

Asosiy maqsadga erishish uchun ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy vazifalarni hal qilish bo‘yicha quyidagi ustuvor yo‘nalishlar taklif etiladi.

 

I. Aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish

Biz aholi manfaatlarini ta’minlashga qaratilgan kuchli ijtimoiy siyosat yuritish tarafdorimiz. Shu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz:

- aholining daromadiga qarab tabaqalashtirilgan soliq solish tizimini joriy etish;

- har bir insonning minimal ijtimoiy xizmatlarni bepul olishini qonunchilik darajasida kafolatlash;

- ijtimoiy nafaqalardan yuqoriroq mehnat haqi to‘lanadigan barqaror ish o‘rinlari bilan ta’minlash, mehnatga layoqatli aholining shaxsiy tashabbuslari va uddaburonligini rag‘batlantirish;

- olis va chekka hududlarda shifokorlar hamda o‘qituvchilarga bo‘lgan ehtiyojni qoplash uchun “Qishloq shifokori” va “Qishloq o‘qituvchisi” dasturlarini amalga oshirish, ularni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish tizimini qonunchilik asosida mustahkamlash;

- aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyoji bilan bog‘liq hamyonbop tovar va xizmatlar, arzon uy-joy va kommunal xizmatlar bilan ta’minlash;

- aholining kam ta’minlangan qatlamlariga bepul, sifatli va to‘laqonli birlamchi tibbiy yordam ko‘rsatish;

- yoshlarning kasb-hunar tanlashi, bepul va sifatli ta’lim olishi, o‘quv muassasalarini tugatgandan so‘ng ishga joylashish kafolatini mustahkamlash;

- pensiya va ijtimoiy nafaqa oluvchilarning hayotiy ehtiyojlarini to‘laqonli qondirishni kafolatlaydigan pensiya va ijtimoiy ta’minotning maqbul tizimini shakllantirish;

Shu maqsadda, davlat har bir insonning ijtimoiy xizmatlardan to‘la va bepul foydalana olishini qonunchilik darajasida va amalda kafolatlash uchun barcha choralarni ko‘rishi zarur, deb hisoblaymiz.

Bu avvalo, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga Konstitutsiyada mustahkamlangan (ta’lim olish, sog‘liqni saqlash va tibbiy yordam olish, uy joyga ega bo‘lish, ijtimoiy ta’minot, madaniy hayotda ishtirok etish va malakali yuridik yordam olish) ustuvor huquqlarning amalga oshirilishi uchun kafolat beradi.

Biz, ijtimoiy himoya qilish tizimi barcha muhtoj fuqarolarni to‘liq qamrab olishi zarur, deb hisoblaymiz.

Buning uchun quyidagilarni amalga oshirish zarur:

- pensionerlarning hayot darajasini yaxshilash, ularning ijtimoiy faolligini kuchaytirish;

- kam ta’minlangan, lekin, boqimandalik kayfiyatida yurgan fuqarolarni jamiyatimizning faol ishtirokchisiga aylantirish;

- yolg‘iz keksalar, ota-ona qaramog‘isiz qolgan bolalar hamda o‘zgalar parvarishiga muhtoj nogironligi bo‘lgan shaxslarning hayotiy ehtiyojlariga e’tiborni kuchaytirish, shu maqsadda “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylari faoliyatini yanada yaxshilash;

- “Mehribonlik” uylarini bitirib chiqqan yoshlarni uy-joy bilan ta’minlash, ishga joylashtirishning samarali mexanizmlarini joriy etish;

- ilg‘or davlatlar tajribasidan kelib chiqib, davlat-xususiy hamda ijtimoiy sheriklik asosida aholiga ijtimoiy xizmatlar ko‘rsatish amaliyotini keng rivojlantirish.

Shuningdek, nogironligi bo‘lgan shaxslarning talab va ehtiyojlari, qonuniy huquq va manfaatlarini ta’minlash, bu boradagi tizimni tubdan yaxshilash maqsadida ilg‘or xorijiy tajribani inobatga olgan holda, quyidagi choralarni ko‘rish zarur:

- milliy qonunchilikni BMTning Nogironlar huquqlari bo‘yicha konvensiyaning tamoyillari va me’yorlariga muvofiqlashtirish;

- nogironligi bo‘lgan shaxslarga oid xalqaro me’yorlar va standartlarni milliy qonunchilikka implementatsiya qilish;

- Mamlakatimizda BMTning Nogironlarga nisbatan umumjahon harakatlar dasturini amalga oshirish bo‘yicha zaruriy choralar ko‘rish;

- nogironlar jamiyatlariga davlat subsidiyalarini ajratish.

 

II. Ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiy siyosat – kuchli ijtimoiy siyosat asosidir

Biz iqtisodiy siyosatning ijtimoiy samaradorligini ta’minlashda quyidagilarni ustuvor vazifalar, deb hisoblaymiz:

- o‘rta muddatli istiqbolda kam ta’minlangan aholi qatlamlari ulushini kamida 2 baravar qisqartirish maqsadida kambag‘allikni bartaraf etish bo‘yicha samarali ishlarni amalga oshirish;

- yuqori qo‘shimcha qiymatga ega sektorlar va mehnat talab qiladigan tarmoqlarga alohida e’tibor qaratgan holda, iqtisodiyotning innovatsion ilg‘or texnologiyalarga asoslangan ishlab chiqarish tarmoqlarini jadal rivojlantirish maqsadida samarali moliyaviy va soliq imtiyozlarini qo‘llash;

- o‘rta muddatli istiqbolda ish haqi darajasini yashash minimumidan kamida 1,5 baravar yuqori bo‘lgan (o‘zini-o‘zi band qilish va xususiy tadbirkorlikdan olinadigan daromadlar hisobiga) mehnatga layoqatli aholining barqaror ish o‘rinlarida bandligini ta’minlashga erishish.

Ijtimoiy yo‘naltirilgan iqtisodiyotda davlatning asosiy tartibga soluvchilik rolini yanada mustahkamlash zarur, deb hisoblaymiz. Bunda:

- umumxalq ahamiyatiga ega iqtisodiyot tarmoqlarining boshqaruvida davlat ishtirokini mustahkamlash;

- har bir insonning birlamchi hayotiy ehtiyojlariga yetadigan iste’mol savatchasi qiymatini belgilash, shu asosda yashash minimumini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

- oziq-ovqat mahsulotlari va kundalik ehtiyojdagi boshqa tovarlarni ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish choralarini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

- hududlarning barqaror rivojlanishi uchun davlat daromadlarini teng va adolatli taqsimlash, hududiy dasturlarni amalga oshirish uchun davlat byudjeti, boshqa ichki va tashqi manbalardan qo‘shimcha moliyaviy resurslarni safarbar etish;

- muayyan hududlarga import tovarlarini olib kirganlik uchun bojxona to‘lovlaridan tushgan mablag‘larning bir qismini mahalliy byudjetlarga yo‘naltirish, shu orqali import o‘rnini bosadigan ishlab chiqarishlarni rivojlantirish bo‘yicha maxsus tuman va shahar investitsiyaviy fondlarini yaratish;

- “ishlab chiqarish ipotekasi”ni, ya’ni tijorat banklarining investitsiyaviy resurslari hisobiga tayyor korxonalar tashkil etish va kelgusida tadbirkorlik subyektlariga kredit yoki lizing asosida berish mexanizimlarini amaliyotga kiritish;

- import o‘rnini bosadigan ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlarni ishlab chiqarish bo‘yicha asosli biznes-loyihalarni amalga oshirish uchun imtiyozli kreditlarni joriy etish lozim.

Fikrimizcha, ichki bozorni o‘zimizda ishlab chiqarilgan yuqori qo‘shimcha qiymatga ega tovarlar bilan to‘ldirish barqaror iqtisodiy rivojlanishning asosiy omillaridan biridir.

Mahalliy hokimliklar darajasida hayot uchun muhim va xavfsiz oziq-ovqat mahsulotlar hamda kundalik zarur tovarlarni ishlab chiqarish bo‘yicha o‘rta muddatli hududiy dasturlarni shakllantirish va tasdiqlash lozim.

Mazkur dasturlarni hududlarda ish o‘rinlari tashkil etishga doir davlat buyurtmalari hamda o‘rta maxsus, oliy ma’lumotli mutaxassislarni tayyorlash dasturlariga muvofiqlashtirish zarur.

Shuningdek, hududiy rivojlantirish dasturlarida mahalliy sanoatning o‘sishi bilan bir qatorda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirishning samaradorligini oshirish, bu borada yer va suv resurslaridan samarali foydalanish masalalariga alohida e’tibor qaratish lozim. Bunda:

- qishloq xo‘jaligida natijadorlikni oshirish imkonini beradigan xo‘jalik yuritish shakllarini joriy qilish, shu asosda oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishning barqaror va samarali tizimini yaratish;

- qishloq infratuzilmasi, qishloq xo‘jaligi tadqiqotlari va texnologiyalarini rivojlantirishga sarmoya kiritilishini ko‘paytirish;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilari hamda qayta ishlash korxonalari o‘rtasida kooperatsiyani rivojlantirish kerak.

Ushbu vazifalar hal qilinishi orqali quyidagi maqsadlarga erishamiz:

- ichki bozorni arzon oziq-ovqat mahsulotlari va ijtimoiy ahamiyatga molik tovarlar bilan to‘ldirish, ushbu mahsulot va tovarlar narxlari keskin o‘sib ketishini oldini olish;

- qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish hamda ularni qayta ishlash korxonalarida barqaror va yuqori haq to‘lanadigan yangi ish o‘rinlari yaratish;

- aholi, ayniqsa, yoshlarni ish bilan ta’minlash samaradorligini oshirish.

Biz iqtisodiyotni liberallashtirish va erkin bozor munosabatlari jamiyatni ijtimoiy rivojlantirish maqsadlariga erishish kafolatini bermaydi, deb hisoblaymiz. Shu bois davlat va jamiyat tomonidan iqtisodiy rivojlanishni nazorat qilish hamda tartibga solish bo‘yicha demokratik tizimni shakllantirish lozim. Bunda:

- iqtisodiyotda tarkibiy islohotlarni amalga oshirish va yangi texnologiyalarni joriy etish masalalari bo‘yicha barcha jabhalarda ijtimoiy muloqot va jamoat nazorati mexanizmini joriy etish. Ushbu jarayonlarni aholining barqaror, yuqori haq to‘lanadigan ish o‘rinlarida bandligini oshirish, mehnat muhofazasi, xavfsizlik darajasi va ishlab chiqarishning ekologik tozaligini ta’minlash bilan uyg‘unlikda olib borish;

- davlat tashqi qarzlari hamda investitsiyalar ustidan jamoatchilik nazoratining samarali tizimini yaratish, investitsiya siyosatida jamiyat manfaatlari himoyasini ta’minlash lozim.

 

III. Sifatli oziq-ovqat mahsulotlari, kundalik ehtiyojdagi tovar va xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

Ijtimoiy ahamiyatga molik tovar va xizmatlar narxlari va tariflari normativ hujjatlarda belgilangan me’yorlardan oshib ketmasligi uchun ushbu narxlarni shakllantirish ustidan davlat va jamoatchilik nazoratini qat’iy o‘rnatish lozim.

Shu maqsadda quyidagi choralarni ko‘rish zarur:

- ilg‘or xorijiy tajriba hamda universal xalqaro hujjatlarning tavsiyalari va me’yorlarini hisobga olgan holda, ishlab chiqarish sohasida davlat tomonidan tartibga solish chora-tadbirlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

- aholining kam daromadli qatlamlarini hayot uchun zarur arzon va sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli davlat dasturlarini ishlab chiqish va amaliyotga joriy qilish;

- sanoat va qishloq xo‘jaligi tarmoqlarini ichki iste’mol bozorini mamlakatimizda ishlab chiqarilgan kundalik zarur oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlar bilan to‘ldirishga yo‘naltirish;

- mamlakatimizda ishlab chiqarish resursi va imkoniyati bo‘lmagan oziq-ovqat mahsulotlari, boshqa kundalik zarur tovarlarni import qilish bo‘yicha soliq va bojxona tizimida moslashuvchan choralarni amalga oshirish.

Bundan tashqari, rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqqan holda, kam daromadli oilalar va aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga kundalik ehtiyojdagi oziq-ovqat mahsulotlari va tovarlarni arzon narxlarda sotadigan ijtimoiy do‘konlar tarmog‘ini yaratish bo‘yicha xayriya faoliyatini rivojlantirishga ko‘maklashish zarur.

 

IV. Uy-joylar va kommunal xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash

Biz aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari, jumladan, nogironligi bo‘lgan shaxslar, nogiron farzandlarni tarbiyalayotgan ota-onalar, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushgan ayollar uchun arzon uy-joylar qurilishini yanada kengaytirishga erishishni rejalashtirayapmiz.

Ushbu masalani hal etishda quyidagilarni amalga oshirish lozim:

- mamlakatimizda zamonaviy innovatsion texnologiyalar asosida qurilish materiallari va konstruksiyalar ishlab chiqarishni rag‘batlantirish;

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun arzon uy-joy qurishga imtiyozli ipoteka krediti berish amaliyotini takomillashtirish;

- “Kommunal xizmatlar tariflarini tartibga solish asoslari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi qonuni loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish;

- o‘rta muddatli istiqbolda shaharlar va qishloq aholi punktlarida aholini arzon elektr-energiya, issiqlik va issiq suv tizimi bilan ta’minlash bo‘yicha hududiy investitsiya dasturlarini, jumladan, joylarda davlat-xususiy sheriklik tartibidagi dasturlarni amalga oshirish;

- kommunal xizmatlarni amalga oshiruvchi tashkilotlar tomonidan asossiz ravishda narx-navo va tariflar oshirilishi holatlariga yo‘l qo‘ymaslik maqsadida, sohada ma’lumotlar ochiqligini ta’minlash hamda kommunal xizmatlar tariflari ustidan jamoatchilik nazoratini kuchaytirish;

- o‘rta muddatli istiqbolda shaharlar va aholi yashash punktlarida yashil hududlar, istirohat bog‘lari, bolalar uchun o‘yin maydonchalarini kengaytirish, bunda nogironligi bo‘lgan shaxslarning dam olishi uchun zarur sharoitlarni yaratish.

 

V. Aholining barcha qatlamlariga yuqori sifatli va to‘laqonli tibbiy yordam ko‘rsatish

Birlamchi tibbiy yordam sifati, ayniqsa, kam ta’minlangan aholiga malakali birlamchi tibbiy xizmat ko‘rsatish tarmog‘ini rivojlantirishda quyidagilarni ustuvor yo‘nalishlar, deb hisoblaymiz:

- mulkchilik shaklidan va moliyalashtirish manbalaridan qat’iy nazar, barcha tibbiyot muassasalarida bepul taqdim etiladigan, davlat tomonidan kafolatlangan majburiy tibbiy xizmatlar ro‘yxatini qonuniy jihatdan mustahkamlash;

- aholini, jumladan, kam ta’minlangan oilalarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, boshqa ijtimoiy-demografik zaif guruhlarni yuqori texnologiyalarga asoslangan tibbiy yordamdan foydalangan holda, har yili bepul ko‘rikdan o‘tkazishni tashkil etish;

- aholining alohida toifalari, jumladan, pensionerlar, nogironligi bo‘lgan shaxslarga taqdim etiladigan dori vositalari, medikamentlar, protezlash vositalari va boshqa tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni bepul taqdim etish tizimini takomillashtirish;

- “Dori-darmonlar va tibbiy vositalar narxlarini davlat tomonidan tartibga solish to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ishlab chiqish va qabul qilish.

 

VI. Yoshlarning sifatli ta’limdan teng foydalanishini ta’minlash

Maktabgacha, o‘rta, kasb-hunar va oliy ta’limda aholining barcha qatlamlariga teng imkoniyatlar yaratish uchun quyidagi choralarni ko‘rish zarur:

- 6 yoshga to‘lgan bolalarni boshlang‘ich ta’limga majburiy bir yillik tayyorlov bilan bepul to‘liq qamrab olish, har bir aholi punktida maktabgacha ta’lim muassasalarini ochish;

- maktab va maktabgacha ta’lim muassasalaridagi o‘quvchilar va tarbiyalanuvchilarni sifatli va sog‘lom oziq-ovqat bilan kafolatli ta’minlash;

- bepul oliy ta’lim berish tizimini tartibga solishning zamonaviy mexanizmlarini qonuniy jihatdan mustahkamlash va amaliyotga joriy etish. Shuningdek, talabalarning darsni o‘zlashtirishi va ularning innovatsion faoliyatda ishtirok etishiga qarab, stipendiyalar miqdorini belgilash, turar-joylarga muhtoj talabalarni qulay yashash sharoitlari bilan ta’minlash;

- kam ta’minlangan oilalarning iqtidorli farzandlarini ta’lim olishini davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash;

- olis qishloqlardagi bolalar uchun mo‘ljallangan madaniyat muassasalari, sport inshootlari, “Barkamol avlod” markazlari, musiqa va san’at maktablarining faoliyatini yanada rivojlantirish;

- nogironligi bo‘lgan bolalarni qo‘llab-quvvatlashni yanada kengaytirish, ularga ma’naviy-ma’rifiy sohada teng imkoniyatlarni ta’minlash. Maxsus adabiyotlarni, jumladan, ovoz jo‘rligidagi Brayl alifbosi asosida ham chop etish va xarid qilish, inklyuziv ta’limni rivojlantirish, shu sohada faoliyat ko‘rsatayotgan o‘qituvchilarga imtiyozlar taqdim etish.

 

VII. Xalq demokratiyasi va ijtimoiy tenglik

Biz mamlakatda xalq demokratiyasi tizimini shakllantirish tarafdorimiz. Bu aholining barcha, jumladan, ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlarining davlat va jamiyat hayoti, sud-huquq tizimida tenglik asosida ishtirok etishini ta’minlash demakdir.

Shu bilan birga, barcha insonlarning yoshi, jinsi, nogironligi, millati, dini va ijtimoiy kelib chiqishidan qat’iy nazar, ijtimoiy, iqtisodiy va siyosiy hayotda faol ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlash va rag‘batlantirish zarur.

Ushbu maqsadlarda biz quyidagilarga erishish kerak deb hisoblaymiz:

- mamlakat ichida ijtimoiy tengsizlikning barcha ko‘rinishlariga barham berish;

- aholining hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirish bilan bog‘liq me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarini jamoatchilik muhokamasi va jamoatchilik ekspertizasidan o‘tkazish majburiyligini qonunchilikda mustahkamlash;

- mamlakatimiz ijtimoiy-iqtisodiy hayotining eng muhim jabhalari, aholining hayotiy ehtiyojlariga daxldor bo‘lgan va jamoatchilikda alohida qiziqish uyg‘otadigan masalalar bo‘yicha ijro hokimiyati tomonidan qarorlar qabul qilishda, parlamentdagi siyosiy partiyalar fraksiyalari hamda xalq deputatlari mahalliy Kengashlardagi partiya guruhlari bilan jamoatchilik maslahatshuvini o‘tkazish mexanizmini joriy etish;

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari qonunlar va boshqa me’yoriy-huquqiy hujjatlar loyihalarining muhokamasida erkin ishtirok etishi uchun zarur shart-sharoitlar yaratish;

- davlat boshqaruvida fuqarolik jamiyati institutlarining bevosita ishtirokini kengaytirish.

Fuqarolarning huquqlarini himoya qilish bo‘yicha sud mexanizmlarining maqbulligini ta’minlash, qonun ustuvorligini yanada mustahkamlash, huquqlar, majburiyatlar va imkoniyatlar tengligiga qat’iy amal qilish sud-huquq sohasini isloh etishdagi ustuvor yo‘nalishlar hisoblanadi.

Shu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish zarur:

- odil sudlovni amalga oshirishda fuqarolarning sudlarda Xalq maslahatchilari sifatida to‘laqonli ishtirok etishini ta’minlash;

- fuqarolarning osoyishtaligi va jamiyat xavfsizligini ta’minlash yo‘nalishida ko‘ngilli Xalq posbonlari faoliyatini rivojlantirish;

- kamsitishlarga qarshi qonunchilikda belgilangan me’yor va qoidalarning amalda, ayniqsa, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlariga nisbatan to‘liq va so‘zsiz bajarilishini ta’minlash;

- huquqi buzilgan kam daromadli fuqarolarning himoya qilishda advokatura va yuridik xizmatlarning ijtimoiy maqbulligini ta’minlash;

- aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari uchun huquqiy yordam va xizmat ko‘rsatish bo‘yicha ijtimoiy maqbul bo‘lgan tizim yaratish, ularga bepul maslahat beradigan “yuridik klinika”lar tarmog‘ini rivojlantirish;

- aholining huquqiy madaniyatini oshirishga doir ishlar samaradorligini yanada yaxshilash, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari negizida xuquqiy maslahat berish tizimini yaratish. Jumladan, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlamlari ijtimoiy masalalar bo‘yicha davlat va vakillik organlariga yuborayotgan murojaatlari yuzasidan maslahatlar berib borish.

 

VIII. Fuqarolik jamiyatini rivojlantirish va ijtimoiy barqarorlikni ta’minlash

Biz mamlakatimizda erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish tarafdorimiz. Ushbu maqsadda quyidagilarni amalga oshirish zarur, deb hisoblaymiz:

- aholi muammolarini hal etishning eng samarali va adolatli shakli sifatida mahalla tizimini rivojlantirish, ma’muriy, ijtimoiy, ekologik, madaniy va boshqa muammolarni hal etishda uning to‘liq ishtirokini ta’minlash;

- qabul qilinayotgan qonunlar va qonun hujjatlari, davlat boshqaruvi organlari faoliyati natijalarini oshkora va konstruktiv muhokama etishda fuqarolik jamiyati institutlari ishtirokini kengaytirish;

- dolzarb iqtisodiy va ijtimoiy vazifalarning hal etilishiga ta’sir ko‘rsatish masalalarida siyosiy partiyalar, ularning deputatlik birlashmalari huquq va vakolatlarini yanada oshirish bo‘yicha aniq choralar ko‘rish;

- davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish;

- jamoatchilik nazorati, davlat boshqaruvi va ijtimoiy loyihalarni amalga oshirishda fuqarolik jamiyati institutlari hamda fuqarolarning bevosita ishtiroki darajasini oshirish.

Yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning mamlakat siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishi lozim. Salohiyatli yoshlarga siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashni rag‘batlantirish zarur.

Davlat organlari faoliyatiga aholining ijtimoiy kayfiyatiga ta’sir ko‘rsatadigan muammolarni oldindan aniqlash va ularni samarali hal qilishni ta’minlaydigan zamonaviy “ijtimoiy diagnostika” uslublarini joriy qilish kerak, deb hisoblaymiz. “Ijtimoiy diagnostika” natijalariga ko‘ra, tegishli qarorlar qabul qilinishi hamda tezlik bilan bajarilishi zarur.

 

IX. Xalqaro siyosat

Biz O‘zbekistonning xalqaro mavqeini mustahkamlash, boshqa mamlakatlar bilan o‘zaro manfaatdorlik va teng huquqlilik asosida hamkorlik va sherikchilikni faol rivojlantirish, yaxshi qo‘shnichilik, mintaqaviy xavfsizlik va barqarorlikni ta’minlash tamoyillari asosida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan munosabatlarni rivojlantirishga yo‘naltirilgan tashabbuskor xalqaro siyosat yuritish tarafdorimiz.

Ushbu yo‘nalishda quyidagilarni amalga oshirishga alohida e’tibor qaratish zarur, deb hisoblaymiz:

- O‘zbekistonning inson huquqlari sohasidagi xalqaro hujjatlarga qo‘shilishi masalalarini ko‘rib chiqish. Inson huquqlari masalalari bo‘yicha xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar hamda xorijiy mamlakatlar bilan hamkorlikni kuchaytirish, shu jumladan, inson huquqlari bo‘yicha muloqotlarni muntazam ravishda o‘tkazish;

- BMTning Barqaror rivojlanish maqsadlari va inson huquqlari masalasi yuzasidan xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro manfaatli aloqalarni kuchaytirish;

- mintaqaviy barqaror ijtimoiy rivojlanish, muqobil energetika va zamonaviy tibbiyot sohalarida innovatsion dasturlar hamda loyihalarni birgalikda amalga oshirish maqsadida Mustaqil Davlatlar Hamdo‘stligi mamlakatlari bilan hamkorlikni kuchaytirish;

- chet elda mehnat qilayotgan fuqarolarimizning manfaatlari va huquqlarini himoya qilish maqsadida tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlikni yanada rivojlantirish. Shu asosda tartibga solingan, xavfsiz, boshqariladigan mehnat migratsiyasi siyosatini amalga oshirish.

Tashqi siyosat vazifalarini samarali amalga oshirish maqsadida quyidagi ijtimoiy-siyosiy mexanizmlarni taklif etamiz:

- parlamentlararo aloqa institutlarini rivojlantirish;

- gumanitar, madaniyat, san’at, ilm-fan, sport va turizm, nodavlat tashkilotlar hamda partiyalararo aloqalar sohalarida “xalq diplomatiyasi” usullarini qo‘llash;

- mamlakatning xalqaro nufuzini mustahkamlash, investitsiyaviy jozibadorlikni keng targ‘ib qilish maqsadida xalqaro axborot resurslaridan faol foydalanish.

 

***

Saylov jarayonlaridagi bizning shiorlarimiz:

 

Barchaga g‘amxo‘rlik – davlatning burchi!

Xalq demokratiyasi – taraqqiyot asosi!

Ijtimoiy barqarorlik – farovonlik garovi!

Ijtimoiy tenglik va adolat tarafdorimiz!

Ishsizlarga – ish o‘rinlari!

Bepul ta’lim, bepul sog‘liqni saqlash!

Iqtisodiy resurslar – barcha uchun!

Kambag‘allikka barham beraylik!

 

Yuklab olish

 

XDP-kazax

XDP-kirgiz

XDP-tojik

XDP-turkman

 

dastur