ISLOM KARIMOV XALQIMIZ XOTIRASIDA

Samarqand shahrida O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Karimov xotirasiga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2017 yil 25 yanvardagi «O‘zbekiston Respublikasining Birinchi Prezidenti Islom Abdug‘aniyevich Karimovning xotirasini abadiylashtirish to‘g‘risida»gi qaroriga ko‘ra, har yili 2 sentabr Islom Karimov xotirasi kuni sifatida keng nishonlanadi. Shu kuni mamlakatimizda Islom Karimovni yod etish, hayoti va faoliyati bo‘yicha targ‘ibot tadbirlarini o‘tkazish an’anaga aylangan.

Bu yil ham ushbu sana munosabati bilan butun mamlakatimiz bo‘ylab xotira tadbirlari o‘tkazildi. Islom Karimov tug‘ilib o‘sgan va ayni paytda mangu orom topgan maskan – Samarqandda erta tongdan xotira tadbirlari boshlandi.

Viloyat hokimligi, davlat va jamoat tashkilotlari rahbarlari, keng jamoatchilik vakillari dastlab Samarqand shahridagi Islom Karimov maqbara-majmuasini ziyorat qildi. Qur’on tilovat qilindi.

Islom Karimovning davlatimiz mustaqillikka erishishi va taraqqiyoti yo‘lidagi xizmatlari yodga olindi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Birinchi Prezidentimiz xotirasini abadiylashtirish borasida amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli ishlar e’tirof etildi.

Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan Toshkent, Samarqand va Qarshi shaharlarida Islom Karimov siymosi aks etgan haykallar o‘rnatildi. Yurtimizdagi bir qator yirik ob’ektlar, ko‘chalarga buyuk davlat va siyosat arbobi nomi berildi.

Viloyat jamoatchiligi vakillari Islom Karimov maqbara-majmuasidan chiqqach, Registon maydoni yaqinida o‘rnatilgan mustaqilligimiz asoschisi haykali poyiga gullar qo‘ydi.

– Islom Karimov mustaqil O‘zbekiston Respublikasi asoschisi, og‘ir damlarda mamlakatda xavfsizlikni ta’minlab, uning taraqqiyoti uchun mustahkam poydevor qo‘ygan shaxs sifatida yurtimiz tarixida alohida o‘rin tutadi, – deydi Samarqand iqtisodiyot va servis instituti professori M.Pardayev. – Bu ulug‘ inson xalqimiz qalbidan chuqur joy oldi. Shuning uchun yurtdoshlarimiz hurmat, ehtirom bilan yodga olayotir. Bugun Samarqanddagi Islom Karimov maqbara-majmuasi va haykali o‘rnatilgan maydon har qachongidan-da gavjum bo‘lgani fikrimiz tasdig‘idir.

Tadbirda Samarqand viloyati hokimi E.Turdimov so‘zga chiqdi.

 

G‘olib HASANOV,

O‘zA muxbiri.

← Roʻyxatga qaytish