Nizolarni muqobil hal etishning mexanizmlarini yana-da takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining

q a r o r i

Mamlakatda davlat organlarining aholi bilan muloqotini takomillashtirish, fuqarolar huquq va erkinliklarining ishonchli himoyasini taʼminlash hamda ularning muammolarini hal etishning zamonaviy mexanizmlarini joriy qilish borasida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Shu bilan birga, ushbu sohada islohotlarning hozirgi bosqichi davlat organlarida nizolarni sudgacha koʻrib chiqishning yagona tizimini yaratish, mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitrajlarni fuqarolar hamda tadbirkorlarning ishonchiga sazovor boʻladigan nizolarni hal etuvchi samarali muqobil institutlarga aylantirish lozimligini taqozo etmoqda.

Jismoniy va yuridik shaxslarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini himoya qilish tizimini takomillashtirish, nizolarni hal qilishning muqobil imkoniyatlarini kengaytirish, shuningdek, sudlarda ish hajmini maqbullashtirishda mediatsiya instituti, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning rolini tubdan oshirish maqsadida:

1. Maʼlumot uchun qabul qilinsinki:

Oʻzbekiston Respublikasi Iqtisodiy protsessual kodeksi va Fuqarolik protsessual kodeksiga muvofiq ishni sudda koʻrishga tayyorlash paytida sudya taraflardan kelishuv bitimini tuzish ehtimolini yoki nizoni hal qilishning muqobil usullari ehtimolini aniqlaydi va ularning huquqiy oqibatlarini tushuntiradi;

huquqiy jamiyatda nizoni hal etishning muqobil mexanizmlari yaratilishi jismoniy va yuridik shaxslarning buzilgan huquqlarini tiklashga erishishning samarali vositasi sifatida baholanadi.

2. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligining 2020-yil 1-avgustdan boshlab eksperiment tariqasida:

Davlat bojxona qoʻmitasi, Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qoʻmitasi, Moliya vazirligi huzuridagi byudjetdan tashqari Pensiya jamgʻarmasi hamda Namangan, Buxoro va Toshkent viloyatlari hokimliklari huzurida Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashlarini (keyingi oʻrinlarda – Apellyatsiya kengashi) tashkil etish toʻgʻrisidagi;

jismoniy va yuridik shaxslarning davlat organlari yoki mansabdor shaxslarning gʻayriqonuniy xatti-harakatlari (qarorlari) yoxud harakatsizligi natijasida oʻz huquqlari va erkinliklari hamda qonun bilan qoʻriqlanadigan manfaatlari buzilganligi haqidagi murojaatlari Apellyatsiya kengashi tomonidan koʻrib chiqilishi tartibini oʻrnatish toʻgʻrisidagi takliflariga rozilik berilsin.

Belgilansinki, mazkur tartib jismoniy va yuridik shaxslarning bunday ishlar yuzasidan toʻgʻridan-toʻgʻri boshqa vakolatli davlat organlariga murojaat qilish huquqini istisno etmaydi.

3. Quyidagilar Apellyatsiya kengashining asosiy vazifalari etib belgilansin:

jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organi oʻrtasida yuzaga keladigan nizolarni sudgacha koʻrib chiqish va xulosa qabul qilish orqali ularni hal etish choralarini koʻrish;

murojaatni koʻrib chiqishda qonun hujjatida turlicha talqin etilishi mumkin boʻlgan normalar aniqlangan, u amaliyotda notoʻgʻri yoki ziddiyatli tarzda qoʻllanilgan taqdirda, ularni belgilangan tartibda rasmiy sharhlashni tashkillashtirish boʻyicha choralarni koʻrish;

murojaatni koʻrib chiqishda aniqlangan qonun hujjatlaridagi boʻshliqlarni bartaraf etish boʻyicha takliflar kiritish.

4. Belgilansinki:

Apellyatsiya kengashining tarkibi tegishli davlat organi rahbarining qarori bilan ikki yarim yil muddatga tasdiqlanadi;

Apellyatsiya kengashi 7 nafardan 11 nafargacha aʼzolardan iborat tarkibda tuzilishi mumkin;

Apellyatsiya kengashi aʼzoligiga amaliy tajribaga va obroʻ-eʼtiborga ega davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari va xodimlari, shuningdek, sohada katta amaliy tajriba yoki ilmiy salohiyatga ega boʻlgan obroʻli fuqarolar qabul qilinadi. Bunda, davlat organining markaziy apparati tarkibiy boʻlinmalari rahbarlari yoki xodimlari hisoblanmagan Apellyatsiya kengashi aʼzolari jami Kengash aʼzolarining beshdan bir qismidan oshib ketmasligi lozim;

Apellyatsiya kengashi unda koʻrib chiqilayotgan masalalar yuzasidan tavsiyaviy tusga ega boʻlgan xulosa qabul qiladi. Apellyatsiya kengashi tomonidan qabul qilingan xulosa uch kun muddatda davlat organi rahbariga koʻrib chiqish uchun, boshqa manfaatdor taraflarga maʼlumot uchun yuboriladi;

Apellyatsiya kengashining xulosasini qabul qilib olgan davlat organi rahbari yoki uning oʻrinbosari uni inobatga olishi yoki yozma asoslantirilgan tarzda rad etishi mumkin. Bunda, davlat organi rahbari yoki uning oʻrinbosari qabul qilingan qaror toʻgʻrisida uch kun muddatda Apellyatsiya kengashi va taraflarni yozma yoki elektron tarzda xabardor qiladi.

5. Jismoniy va yuridik shaxslar hamda davlat organlari oʻrtasidagi nizolarni sudgacha hal qilish boʻyicha apellyatsiya kengashi toʻgʻrisidagi nizom ilovaga muvofiq tasdiqlansin.

6. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov):

Apellyatsiya kengashi tashkil etilayotgan davlat organlarining bu boradagi faoliyatini doimiy ravishda monitoring qilib borsin hamda tizimning samarali ishlashini taʼminlash maqsadida ularga amaliy va uslubiy jihatdan koʻmaklashsin;

2021-yil 1-iyulga qadar mazkur qarorning 2-bandiga asosan joriy etilayotgan eksperiment natijalarini keng qamrovli tahlil qilgan holda, uni keyinchalik boshqa davlat organlarida ham joriy etishning maqsadga muvofiqligi yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

7. Belgilansinki, quyidagilar:

nizolarni muqobil usulda hal etish bilan shugʻullanuvchi professional mediatorlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Mediatsiya markazi;

professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlarning oʻzaro birlashuviga asoslangan Nizolarni muqobil usulda hal etish markazi nodavlat notijorat tashkiloti sifatida tashkil etilishi va faoliyat yuritishi mumkin.

8. Mediatsiya markazi va Nizolarni muqobil usulda hal etish markazining (keyingi oʻrinlarda – Markazlar) asosiy vazifalari etib quyidagilar belgilansin:

mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro arbitraj faoliyatiga nizolarni muqobil usulda hal etish tartib-taomilini amalga oshirish uchun shart-sharoit yaratish;

mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj ishlarini koʻrish bilan bogʻliq faoliyatga aralashmaslik prinsipi asosida ish yuritish;

mediatsiya, hakamlik sudlari hamda xalqaro arbitraj sohalarida mutaxassislarni tayyorlash va malakasini oshirish uchun oʻquv kurslarini tashkil etish. Bunda, mediatorlarni tayyorlash 72 soatdan koʻp boʻlmagan oʻquv kurslari boʻyicha amalga oshiriladi va ularni muvaffaqiyatli yakunlagan tinglovchilarga sertifikat beriladi;

mediatsiya va nizolarni muqobil hal etishning boshqa usullari rivojlanishi va keng ommalashuviga koʻmaklashish, bu sohada seminarlar, treninglar va konferensiyalar tashkil etish.

9. Belgilansinki, Markazlar:

a) tinglovchilarga taʼlim berishni tashkillashtirish uchun:

shartnoma asosida oliy taʼlim muassasalarining malakali pedagoglarini, shuningdek, milliy va xorijiy mediator, hakamlik sudyalari va arbitrlarni hamda vazirlik va idoralarning malakali mutaxassislarini jalb etishi mumkin;

yetakchi xorijiy mediatsiya va arbitraj markazlari bilan hamkorlikni yoʻlga qoʻyishi, nizolarni muqobil usulda hal etish sohasida tajriba almashishi, shuningdek, nizolarni hal etishga xorijiy mediatorlar va arbitrlarni jalb etishi mumkin;

b) mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj faoliyati yuzasidan adliya organlariga hisobotlar topshirishdan ozod etiladi;

v) oliy maʼlumotga ega rahbarni qoʻshib hisoblaganda kamida besh nafar xodimga ega boʻlishlari kerak.

10. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov):

a) professional mediatorlar, hakamlik sudlari va xalqaro arbitrajlar oʻrtasida doimiy ravishda Markazlar tashkil etilishining ijobiy taraflari haqidagi targʻibot ishlarini va bu boradagi faoliyatni monitoring qilib borsin hamda har chorakda amalga oshirilayotgan ishlar toʻgʻrisida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga axborot kiritib borsin;

b) ikki oy muddatda ilgʻor xorijiy tajribadan kelib chiqib:

mediatorlarni tayyorlash boʻyicha oʻquv kurslarining namunaviy dasturini ishlab chiqsin;

Bosh prokuratura bilan birgalikda mediatsiya institutining jinoyat protsessiga tatbiq etilishi maqsadga muvofiqligi boʻyicha takliflarni Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasiga kiritsin.

11. Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazining ular muassisligida Toshkent mediatsiya markazini tashkil etish toʻgʻrisidagi taklifi maʼqullansin.

12. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov) Toshkent davlat yuridik universiteti va Yuristlar malakasini oshirish markazi bilan birgalikda Toshkent mediatsiya markazi faoliyatini tashkillashtirish hamda 2021-yil 1-yanvarga qadar Toshkent mediatsiya markazini jahonning mediatsiya instituti rivojlangan mamlakatlar tajribasidan kelib chiqib, tayyorlangan bino va jihozlar bilan taʼminlash choralarini koʻrsin.

13. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi huzuridagi Davlat xizmatlari agentligi Toshkent shahar hokimligi bilan birgalikda Toshkent shahrida:

2020-yil 1-iyuldan boshlab, eksperiment tariqasida, davlat xizmatlari markazlari binolarida nizolashuvchi fuqarolarga mediator xizmatidan foydalanish uchun alohida xonalar ajratsin;

eksperimentning ijobiy natijalari asosida 2021-yil 1-aprelga qadar ushbu amaliyotni barcha davlat xizmatlari markazlari binolarida tatbiq etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflarni kiritsin.

14. Oʻzbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi bir oy muddatda belgilangan tartibda professional mediatorlikni kasb sifatida Xizmatchilarning asosiy lavozimlari va ishchilar kasblari klassifikatoriga kiritsin.

15. Oʻzbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi, Oliy sudi Adliya vazirligi bilan birgalikda ikki oy muddatda professional mediatorlar va hakamlik sudlari reyestrlariga kiritilgan professional mediatorlar hamda hakamlik sudi sudyalari toʻgʻrisidagi maʼlumotlarning barcha sud binolarida joylashtirilishini taʼminlash boʻyicha zarur choralarni koʻrsin.

16. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi (R.Davletov, M.Ikramov) doimiy ravishda:

Oliy sud, Tashqi ishlar vazirligi va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti huzuridagi Davlat xizmatini rivojlantirish agentligi qoshidagi Mutaxassislarni xorijda tayyorlash va vatandoshlar bilan muloqot qilish boʻyicha “El-yurt umidi” jamgʻarmasi bilan birgalikda professional mediatorlar, hakamlik sudyalarini tayyorlash, qayta tayyorlash va malakasini oshirishga masʼul xodimlar uchun nizolarni sudgacha hal etish boʻyicha ilgʻor tajribani rivojlangan xorijiy davlatlarda oʻrganishni tashkil etsin;

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi hamda Oʻzbekiston milliy teleradiokompaniyasi bilan birgalikda ommaviy axborot vositalarida nizolarni hal etishda mediatsiya, hakamlik sudlari va xalqaro arbitraj institutining afzalliklariga bagʻishlangan ijtimoiy roliklar, koʻrsatuv va eshittirishlarni efirga uzatish hamda aholi va tadbirkorlik subyektlari eʼtiboriga yetkazish choralarini koʻrsin.

17. Oʻzbekiston Respublikasi Oliy va oʻrta maxsus taʼlim vazirligi Adliya vazirligi bilan birgalikda uch oy muddatda 2021/2022 oʻquv yilidan boshlab tegishli oliy taʼlim muassasalarida ilgʻor xorijiy tajribalar asosida mediatsiya, hakamlik sudi va xalqaro arbitraj sohalari uchun nizolarni hal etishning muqobil yoʻnalishlariga oid boʻlgan magistratura mutaxassisliklarini tashkil etish yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga asoslantirilgan takliflar kiritsin.

18. Oʻzbekiston Respublikasi Adliya vazirligi ikki oy muddatda qonun hujjatlariga ushbu qarordan kelib chiqadigan oʻzgartirish va qoʻshimchalar toʻgʻrisida Vazirlar Mahkamasiga takliflar kiritsin.

19. Mazkur qarorning ijrosini nazorat qilish Oʻzbekiston Respublikasining Bosh vaziri A.N.Aripov va Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisining oʻrinbosari U.Sh.Tashxodjayev zimmasiga yuklansin.

 

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti

Sh.MIRZIYOYEV

 

Toshkent shahri,

2020-yil 17-iyun

 
← Roʻyxatga qaytish