Qattiqqo‘llik yaxshi qachonki, unda mehr va jonkuyarlik bo‘lsa

 

O‘z kasbidan faxrlanib, ishiga mas’uliyat bilan yondashadigan fidoyi o‘qituvchilardan biri Shohista Nurmatova 27 yildan buyon bolalarga ta’lim-tarbiya berish bilan shug‘ullanib keladi. Muhimi, uning izdoshlari bugun tajribali mutaxassis bo‘lib yetishgan. Kimdir mohir rassom, kimdir malakali huquqshunos, yana kimdir o‘zi kabi pedagog. Umuman, bu ro‘yxatni davom ettirish mumkin. Asosiysi, Shohista Nurmatova bor mehri va zehni bilan ishlashdan to‘xtamadi.

Bugun u Andijon shahridagi Muhammad Yusuf nomli ona tili va adabiyoti fanini chuqurlashtirib o‘qitishga ixtisoslashtirilgan ijod maktabi direktori lavozimida faoliyat olib bormoqda. Yaqinda u “Sog‘lom turmush” medali bilan taqdirlandi.

— O‘qituvchilik kasbini tanlaganimdan faxrlanaman, — deydi u. — Chunki ustozlar hamisha ardog‘da. Biz o‘qitgan bolalar ertaga biror sohaning boshini tutsa, yutuqlarga erishsa, mehnatlarimiz rohati shunda, deb bilaman. Istiqloimizning 29 yilligi arafasida bir guruh hamyurtlarimiz taqdirlandi. Ular orasida o‘zimni ko‘rib, ko‘zlarimga yosh keldi. Kamtarona mehnatlarimiz davlat darajasida mukofotlanishi tabiiyki, har bir qalbga cheksiz faxr hamda quvonch tuyg‘ularini bag‘ishlaydi. Bir narsani ishonch bilan ayta olaman. Ushbu mukofot men uchun, avvalo, yuksak e’tirof hamda ma’suliyatdir. Bo‘lg‘usi ishlarimda yangi marralar sari ruhlantiradi. Ta’lim tizimidagi islohatlar amaliyotini ijod maktabida ommalashtirishda va yoshlarga ma’naviy qanot bo‘lishdagi istiqbol rejalarimda zimmamga mas’uliyat yuklaydi.

Bir narsani aytishni istardim. Ayni paytda jamoamizda 27 nafar oliy ma’lumotli, tajribali pedagog kadrlar ishlaydi. Ular 310 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Mening ushbu mukofotga sazovor bo‘lishimda avvalo, ustozlarim va albatta, jamoamizning munosib ulushi bor. Shuning uchun bu mukofot hammamizniki, deb bilaman. Yurtimizda faoliyat yuritayogan har bir pedagog, o‘qituvchi fidoyiligi bilan yuksak e’tiroflarga munosib, deb o‘ylayman. Yurtimizda men va men kabi o‘qituvchilarga mana shunday yuksak e’tibor berilar ekan, biz izlanishdan, tashabbuslardan to‘xtamaymiz. Yanada katta kuch va g‘ayrat bilan ishlashda davom etamiz.

Aytish kerakki, qisqa vaqt ichida ushbu dargoh hayotimning ajralmas qismiga aylanib ulgurgan. Maktabimizda iqtidorli yigit-qizlar tahsil oladi. Lekin ular orasida ham eng iqtidorlilari bor. Ana shunday o‘quvchilarning ijod namunalarini keng ommaga yetkazishda, OAVda yoritilishida, she’riy to‘plamlarini chop ettirishda amaliy yordam berilmoqda. Ta’limning noan’anaviy usullaridan foydalanib, dars mashg‘ulotlarini tashkil etish, bahs-munozara, masalalarni mustaqil yechish va yoshlarning fikrlash qobiliyatini shakllantirishga alohida ahamiyat qaratiladi. Maqsadimiz ijodkor yoshlarni qo‘llab-quvvatlash, iste’dodlari ro‘yobga chiqishini ta’minlashdir. Buning uchun jamoamiz bilan bor kuch-g‘ayratimizni safarbar etish harakatidamiz.

Shu o‘rinda yana bir gap. Rahbar qattiqqo‘l, talabchan bo‘lishi kerakligi haqida ko‘p gapiriladi. O‘ylashimcha, rahbar, avvalo, o‘z jamoasi dardu tashvishi bilan yashaydigan, ularning hayoti bilan doimiy qiziqadigan, xodimlarini hamisha qo‘llab-quvvatlaydigan sifatlarga ega bo‘lishi lozim. Chunki jamoa bir oiladek gap. Unda ota-ona ham qattiqqo‘l, ham mehribon bo‘ladi. Talabchanlik ortida mehr, ishonch, jonkuyarlik sezilib tursa, ana o‘sha jamoa gullab-yashnaydi. Yutuqlari bardavom, tashabbuslari doimiy bo‘ladi.

 

Zilola Anvar qizi

 
← Roʻyxatga qaytish