O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri, armiya generali Hulusi Akarni qabul qildi

27-oktabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiya Respublikasi milliy mudofaa vaziri Hulusi Akarni qabul qildi.

Davlatimiz rahbari mehmonni samimiy qutlar ekan, ko‘p asrlik do‘stlik va birodarlik rishtalariga asoslangan hamda keyingi uch yilda birgalikdagi sa’y-harakatlar bilan sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarilgan O‘zbekiston-Turkiya strategik sheriklik munosabatlari har tomonlama jadal rivojlanib borayotganini mamnuniyat bilan qayd etdi.

Hulusi Akar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Turkiya Respublikasi Prezidenti Rejep Tayyip Erdog‘anning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Uchrashuvda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi harbiy va harbiy-texnik hamkorlik holati va istiqbollari ko‘rib chiqildi, shuningdek, keyingi yillarda mudofaa sohasida amalga oshirilgan qo‘shma tadbirlar yakunlari sarhisob qilindi.

O‘zbekiston va Turkiya mudofaa idoralari o‘rtasida o‘rnatilayotgan amaliy hamkorlikning muhim yo‘nalishlari sifatida harbiy kadrlarni o‘qitish bo‘yicha dasturlarni amalga oshirish, ixtisoslashtirilgan oliy ta’lim muassasalari o‘rtasida aloqalarni yo‘lga qo‘yish, qo‘shin bo‘linmalarini tayyorlash bo‘yicha tajriba almashish belgilandi.

Mintaqadagi zamonaviy xatarlar va xavfsizlikka tahdidlarga qarshi birgalikda kurashishning dolzarb masalalari muhokama qilindi.

Turkiya milliy mudofaa vaziri harbiy va harbiy-texnik sohalarda keng ko‘lamli hamkorlikka tayyor ekanini ta’kidladi.

 

www.president.uz

 

Teglar

Xorij xabarlari
← Roʻyxatga qaytish