UY VATAN, MULK JON KABI AZIZ

«SNOS» bilan bog‘liq muammoli holatlar hamma hududda adolatli hal etilyaptimi?

Mamlakatimiz ulkan qurilish, obodonlashtirish maydoniga aylangani haqida ko‘p iliq fikrlar aytish mumkin. Tor yo‘llar kengaytirilayapti, yashash uchun tuzukroq sharoiti yo‘q eski va tiqilinch uylar o‘rnida ko‘rkam, infratuzilmali imoratlar barpo etilyapti. Muntazam ishlaydigan suv tizimi, mashina bemalol kirib-chiqadigan yo‘li, hatto 10 metr kanalizatsiyasi bo‘lmagan, lekin 40-50 yildan beri shahar deb ataladigan hududlar yangi qiyofaga kiryapti. Buning uchun qanchadan-qancha odamlar kechayu kunduz tinim bilmay mehnat qilayapti. Ko‘ngil yozib yashashga sharoit yaratilayotgan maskanlardagi aholi mamnun, qo‘li duoda. Yurtdagi qurilish, obodonlashtirish haqida gap ketganda, bu haqda eslamaslik insofdan bo‘lmaydi.

Lekin ayrim hududlardagi hokimlaru mas’ullarning uquvsizligi, mas’uliyatsizligi, aytish mumkinki, madaniyatsizligi nohaqlik va noroziliklarga sabab bo‘lyapti. Shuning oqibatida ba’zi tumanlarda odamlar «qurilish, obodonlantirish» deb ataladigan ishlardan bezib qolayotgani, afsuski, haqiqat. Yangidan qurilishi rejalashtirilayotgan zamonaviy imoratlar odatda odamlar yashab turgan eskiroq uy-joylar, tadbirkorlar do‘konlari joylashgan hududlarga to‘g‘ri kelyapti. Yangi loyihaga kirishishdan oldin birinchi navbatda buzilishi ko‘zda tutilgan uy-joylar, ya’ni mol-mulk egalarini rozi qilish zarur. Obodlik rozi-rizochilik bilan bo‘lgani yaxshi. Ammo bu boradagi ishlar borgan sari chigallashib ketayotgani o‘tgan hafta Qashqadaryo va Xorazm viloyatlarida ro‘y bergan voqealar misolida yana bir bor namoyon bo‘ldi.

Yakkabog‘ tumanidagi «Eski Yakkabog‘» mahallasidagi bir qator bino va inshootlar buzilishi kerak bo‘lgan. Ammo hokimlik buzilish bo‘yicha fuqarolar va tadbirkorlarga ogohlantiruvchi biror hujjat bermagan. Shunday holatda hududda o‘ttizga yaqin tadbirkorning binolari hech qanday kompensatsiya to‘lanmasdan buzib tashlangan. Tuman hokimligi ma’lumotiga ko‘ra, «Eski Yakkabog‘» mahallasi «Obod qishloq» dasturi asosida obodonlashtirilib, hududdagi ko‘chadan 10 kilometr ichimlik suv tarmog‘ining bir qismi o‘tadi, avtoturargoh ham quriladi.

20 iyul kuni Yakkabog‘ tumani hokimi o‘rinbosari Mansur Tuymayevning o‘zi ekskavatorga o‘tirib, tadbirkor Bahriddin Isomovga tegishli binoni buzish harakatlarini boshlagan. Bu paytda ikki qavatli binoda tadbirkor, uning ishchilari va mijozlar ham bo‘lgan. Bahriddin Isomov buzishni to‘xtatmoqchi bo‘lgan. Ammo hokim o‘rinbosari ekskavatordan tushmagan. Voqea guvohlaridan biri kun.uz muxbiriga ma’lum qilishicha, do‘kon egasi 2 litrlik baklashkaga solingan benzinni olib chiqadi-da, ekskavatorda o‘tirgan hokim o‘rinbosarining ustiga sepib yuboradi. Keyin gugurt chaqib, otganda Tuymayev olov ichida qoldi. Odamlar uni ekskavatordan tushirib, olovni bir zumda o‘chirgan. Hokim o‘rinbosari shifoxonaga, tadbirkor IIBga olib ketilgan...

Ma’lumki, yana bir voqea Xorazmda ro‘y bergan. Ma’lumotlarga ko‘ra, Urganch shahri bosh rejasiga asosan «Ashxobod» mahallasi sanoat hududi hisoblanadi. 50-60 yil avval oilalar birin-ketin ko‘chib kelib, uy-joy qurib, o‘rnashib qolgan. Shu yil 400ga yaqin xonadonda yashovchi aholining uy-joylari buzilib, ularga Urganch tumani «Chondirqiyot» qishlog‘idan yer ajratib berilgan va to‘liq ko‘chirib yuborilgan. Lekin bu holatda ham uyi buzilganlarga kompensatsiya puli berilmagan. Natijada aholi va shahar hokimligi o‘rtasida mojaro kelib chiqqan. Ko‘chirilgan aholi ikki oy mobaynida jazirama issiq bo‘lishiga qaramay vaqtinchalik palatka va chaylalarda juda qiyin sharoitda yashab kelgan. Kompensatsiya puli ikki qismga bo‘lib, to‘liq to‘lanishi va’da qilingan. 26 iyul kuni Milliy bank tomonidan fuqarolarga kompensatsiya puli tarqatila boshlangan. Ammo pul miqdori kelishuv shartnomasida ko‘rsatilganidan juda kam bo‘lgan. Odamlar qattiq norozi bo‘lib, Urganch shahar hokimi Shuhrat Abdullayevning kelishini talab qilgan. Urganch – Xonqa yo‘lining bir qismi to‘silgan...

27 iyul kuni Xorazm viloyati hokimi Farhod Ermanov «Chondirqiyot» qishlog‘iga kelib, aholi bilan uchrashgan. 10 avgustga qadar kompensatsiya puli to‘liq miqdorda to‘lanishini va’da qilgan.

Prezident Shavkat Mirziyoyev Urganchdagi holatni joyiga chiqib o‘rganish va ijobiy hal etish bo‘yicha Bosh vazir Abdulla Aripovga topshiriq bergani aytiladi. Bosh vazir Xorazmga borib, odamlar bilan uchrashgan. Shu kuni kompensatsiya pullari tarqatila boshlangan, 207 ta xonadon egasiga jami 21 milliard so‘m taqsimlab berilgan. Buning uchun respublika byudjetidan mablag‘ jalb etilgani aytilmoqda. Jami 394 ta xonadon egasi 70 milliard so‘mdan ortiq kompensatsiya puli olishi ko‘zda tutilgan. Bosh vazir raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishda Urganch shahar hokimi va shahar prokuroriga yo‘l qo‘ygan xatolari uchun hayfsan berilgan...

Qashqadaryo viloyati hokimi Zafar Ro‘ziyev Yakkabog‘ tumaniga borgan va «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘onchasida bir guruh tadbirkorlar bilan uchrashgan, murojaatlarni tinglagan. Yakkabog‘ tuman hokimligi matbuot xizmati ma’lumotiga ko‘ra, tadbirkor Bahriddin Isomovning do‘koni, shuningdek, boshqa tadbirkorlarning do‘konlari ham buzilmaydigan bo‘lgan. Shu vaqtga qadar buzilganlariga yer ajratilib, kompensatsiya puli to‘lanishi belgilangan. Viloyat hokimi vaziyatni nazoratga olgani aytilgan.

Qashqadaryo viloyati hokimi 28 iyul kuni ham Yakkabog‘ tumanida bo‘lib, «Eski Yakkabog‘» qo‘rg‘onchasida tadbirkorlar bilan uchrashgan. Uy-joyi buzilgan 7 nafar, hovli devorlari buzilgan 27 nafar fuqaroga jami 1 milliard 700 million so‘m kompensatsiya puli to‘lanishi ma’lum qilingan. Shu kuni hududda katta hashar tashkil etilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi tomonidan Qashqadaryo viloyatining Yakkabog‘ tumanida ro‘y bergan holat yuzasidan quyidagilar ma’lum qilingan:

 «O‘rganish xulosalariga ko‘ra, tuman hokimi Donayev Shohmurod Xolboyevich hamda prokurori Jamshid Xalilov egallab turgan lavozimidan ozod etildi.

Tuman hokimining sanoatni rivojlantirish, kapital qurilish, kommunikatsiyalar va kommunal xo‘jalik masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Mansur Tuymayev Xurramovich o‘z vakolatiga kirmaydigan xatti-harakatlarni amalga oshirgani sababli unga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli bandlari asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. Hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda».

Bundan buyon buzish masalalari bo‘yicha yangi tizim joriy etilishi haqida xabarlar tarqadi. Unga muvofiq, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimlari buzilishi rejalashtirilgan hududni oldindan Vazirlar Mahkamasi bilan kelishadi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston Respublikasida investitsiya muhitini tubdan yaxshilash chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi Farmonida 2018 yil 1 sentabrdan qat’iy tartib joriy etilishi belgilangan. Unga muvofiq, yer uchastkasi olib qo‘yilishi rejalashtirilayotgan manfaatdor shaxslar bilan ochiq muhokama o‘tkazilganidan, shuningdek, foyda va xarajatlar baholanganidan keyingina yer uchastkalarini olib qo‘yish to‘g‘risida qaror qabul qilishga yo‘l qo‘yilishi zarur.

Jismoniy va yuridik shaxslarga tegishli bo‘lgan turar joy, ishlab chiqarish binolari (boshqa imorat va inshootlar) buzilishiga o‘sha ko‘chmas mulkning bozor qiymati, qolaversa, olib qo‘yish sababli mulkdorga yetkazilgan zararning o‘rni to‘liq qoplanganidan keyin ruxsat berilishi shart.

Jismoniy va yuridik shaxslarga davlat organi (mansabdor shaxs)ning noqonuniy ma’muriy hujjati qabul qilinishi oqibatida yetkazilgan zarar davlat tomonidan, birinchi navbatda, tegishli organlarning byudjetdan tashqari mablag‘lari hisobidan qoplanishi, keyinchalik aybdor shaxsdan regress tartibida undirib olinishi belgilangan.

Mahalliy hokimliklar bu tartib-qoidalarga rioya etmayotgani, odamlarning mulki, xavfsizligi va sha’niga daxl qilayotgani bo‘yicha fakt va dalillar oz emas. Bu boradagi muammoli holatlar hamma hududda adolatli, tartib-qoidalarga muvofiq hal etiladimi? Hozir asosiy savol shu...

Adliya vazirligining kengaytirilgan hay’at majlisida bu masalaga alohida e’tibor qaratilgan. Adliya vaziri Ruslanbek Davletov quyidagicha fikr bildirgan:

«Mulk daxlsizligini ta’minlamasdan iqtisodiy rivojlangan davlatning o‘zi yo‘q butun dunyoda. Bu esa bizning qonunlarimizda bitilgan eng oliy normalardan biridir va barcha munosabatlar to‘laligicha tartibga solingan. Lekin amalda, ushbu tartib va qoidalar mutasaddilarning esidan chiqib ketdi. Natijada uy-joy masalasida qonun ustuvorligiga jiddiy putur yetdi. Bu nima degan gap? Odamlarning uyini buzib, ko‘chaga chiqarib qo‘yib kompensatsiya to‘lamaslik, axir bu vahshiylik-ku. Bu hech qanday qonunchilikka to‘g‘ri kelmaydi, bu hech bir odamiylik tamoyiliga ham to‘g‘ri kelmaydi...»

 

OAV xabarlari asosida

To‘lqin TO‘RAXONOV tayyorladi.

Teglar

qurultoy
← Roʻyxatga qaytish