UMRNING HAR LAHZASI GO‘ZAL

Asatillo BERDIQULOV, «Abdulla Qodiriy» nomli fermer xo‘jaligi rahbari, xalq deputatlari Sardoba tuman Kengashidagi O‘zXDP guruhi a’zosi, «Mehnat shuhrati» ordeni sohibi, O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan qishloq xo‘jaligi xodimi:

— Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning Sirdaryo viloyatiga tashrif buyurishi, odamlarning yashash sharoiti, bunyodkorlik ishlari bilan tanishishi, dehqon va fermerlar bilan uchrashishi butun sirdaryoliklarni ko‘nglini tog‘dek ko‘tardi. Bu muloqot yurtdoshlarimizda ertangi kunga ishonchni mustahkamladi. Odamlarda islohotlarga, Vatan taqdiriga daxldorlik tuyg‘usi yanada kuchaydi.

25 yillik fermerlik faoliyatim davomida Prezidentimiz bilan bir necha marta ko‘rishish baxtiga muyassar bo‘ldim. U kishi fermer xo‘jaligimizda ham bo‘lib, biz bilan yuzma-yuz suhbatlashgan. Mehnatlarimizga yuqori baho bergan. Muammolarimizni yechishga ko‘maklashgan. Fermer xo‘jaliklari istiqboli haqida biz bilan maslahatlashgan. Xovosdagi uchrashuvda Prezidentimiz mening fikrim bilan ham qiziqdi. G‘alladan yuqori hosil olganimiz bilan bizni tabrikladi. Endi barcha e’tibor paxta hosildorligini oshirishga qaratilishi kerakligini alohida ta’kidladi. Sirdaryo sharoitida qishloq xo‘jaligi sohasini rivojlantirishga muhim masala sifatida qarash lozimligini uqtirdi.

Fermer xo‘jaligimiz tasarrufida 467 gektar yer bo‘lib, shundan 360 gektarga g‘alla, 140 gektariga paxta ekilgan. Bu yil g‘alladan har gektaridan 62 sentnerdan sara don oldik. Xo‘jaligimizda mehnat qilayotgan 55 nafar ishchi-xizmatchiga ham don-dun ulashdik. Odamlar qilgan mehnatiga, olgan daromadiga rozi bo‘lishdi.

Bugun fermerga hamma ko‘makchi. Barcha muammolar mutasaddilar tomonidan joyida hal etilmoqda. Fermer xo‘jaliklarini yanada rivojlantirish bo‘yicha bir qator o‘zgarishlar yuz bermoqda. Bir so‘z bilan aytganda, ishning ko‘zini bilgan fermer boy bo‘lmoqda, kosasi oqarmoqda. Masalan, paxtaning xarid narxi o‘tgan yilgiga nisbatan qariyib 1,3 barobarga oshdi. Buning natijasida dehqonning manfaatdorligi yanada kuchaydi. Dehqonchilikda har bir kun g‘animat, vaqtida ishlov bermagan, o‘g‘it solmagan yoki suv quymagan dehqonning yuqori hosil kutishga haqqi yo‘q. Hammasi mehnatga yarasha. To‘g‘ri, bu yil qishloq xo‘jaligi uchun oson kechmadi. Bahorning seryog‘in kelishi dehqonning mashaqqatini yanada oshirdi. Juda ko‘p joylarda chigit qayta-qayta ekildi. Lekin chin dildan mehnat qilgan odam baribir ko‘zlangan hosilni olishga erishadi. Shu kunlarda barcha e’tiborni g‘o‘za parvarishiga qaratganmiz. Avgust oyi azal-azaldan paxta hosiliga hosil qo‘shish oyi hisoblanadi.

Prezidentimizning viloyatlarda bo‘lishini, xalq bilan muloqot qilishini men chin yuragimdan qo‘llab-quvvatlayman. Bu suhbatlarda juda katta-katta muammolarga yechim topilmoqda. Joylarda qurilish va obodonchilik ishlari avj olmoqda. Odamlarda umid uyg‘onmoqda. Bir so‘z bilan aytganda, bugungi kunimiz kechagidan, ertamiz bugungidan yaxshi bo‘ladi.

Mamlakatimiz rahbari bilan bo‘lgan har bir uchrashuv kuchimga-kuch, g‘ayratimga-g‘ayrat qo‘shadi, yangi marralarga undaydi.

 

Barchinoy HAMIDULLAYEVA

yozib oldi.

← Roʻyxatga qaytish