Korrupsiyasiz ta’lim tarafdorimiz

 

Bugun O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi tashabbusi bilan Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida “Korrupsiyasiz ta’lim tarafdorimiz” mavzusidagi davra suhbati tashkil etildi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, partiya faollari, universitet professor-o‘qituvchilari, talaba yoshlar ishtirok etgan tadbirda ta’kidlanganidek, bugungi kunda oliy ta’lim tizimida korrupsiyaga qarshi kurashish borasida qabul qilingan me’yoriy-huquqiy hujjatlar doirasida tizimli ishlar olib borilmoqda.

Oliy ta’lim tizimida “Korrupsiyasiz soha” loyihasini amalga oshirishni tashkil etish belgilangan bo‘lib, BMTning Taraqqiyot dasturi ko‘magida xalqaro auditorlik kompaniyasi ekspertlari bilan hamkorlikda“Komplayens-nazorat” tizimini Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining markaziy apparati hamda Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida tajriba tariqasida joriy etishga kirishilgan.

Uchrashuvda so‘zga chiqqan Qonunchilik palatasi deputati, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi fraksiyasi a’zosi Qizilgul Qosimova korrupsiyaning salbiy oqibatlari, ma’lum bir mamlakatda rivojlanishi esa o‘sha davlatning tanazzuliga olib kelishini, ayniqsa, ta’lim tizimida korrupsiyaga aslo yo‘l qo‘yib bo‘lmasligini alohida urg‘u berib o‘tdi.

Ta’kidlanganidek, mamlakatimizda olib borilayotgan islohotlarning asosiy maqsadi inson manfaatlari, uning huquq va erkinliklarini ta’minlash uchun ekan adolat muvozanatini saqlab turishda korrupsiya illatiga qarshi immunitetni shakllantirish muhim o‘rin tutadi.

Uchrashuvda so‘zga chiqqanlar korrupsiya domiga tushmaslik, aslida o‘qish, bilim olish, o‘z ustida ishlash, halollik orqali hayotda ko‘p narsaga erishish mumkinligini hayotiy misollar bilan tushuntirishdi.

Muloqotda shuningdek, O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasining asosiy g‘oya va maqsadlari haqida ham ma’lumotlar berildi. Partiya hamma uchun teng va qulay imkoniyatlar yaratilishi tarafdori ekanligi, yoshlarning ta’lim olishi, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirish maqsadida o‘z saylovoldi dasturida qator vazifalarni belgilab olganligi ta’kidlandi.

Uchrashuv samimiy, fikr-mulohazalar va savol-javoblarga boy tarzda o‘tdi. Yakunda faol yigit-qizlar partiyaning esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Jamoatchilik qabulxonasi Men OʻzXDPni tanladim Oliy Majlis Yoshlar qanoti
← Roʻyxatga qaytish