Davlat yoshlarning intellektual rivojlanishini rag‘batlantiradi

 

Dunyoviy taraqqiyotdan ma’lumki, yoshlar barcha davrda jamiyatning faol qatlami sifatida e’tirof etilgan. Shu jihatdan muntazam shakllanib boruvchi bu qatlamni doimiy rag‘batlantirish va qo‘llab-quvvatlash lozim hisoblanadi. Yoshlar siyosati – bu davlatning demokratik taraqqiyotida yoshlarni muhim strategik kuch sifatida tan olishi, zamonaviy dunyoda yoshlarning ehtiyojlari, ularning mavjud demokratik muhitga to‘g‘ri moslashuviga yo‘naltirilgan qonunchilik va ijro etish xususiyatining yig‘indisi hamda o‘zining yoshlarga nisbatan boshqaruv va ijtimoiy funksiyalarini demokratik siyosiy tizim, xalqaro yoxud milliy huquq normalari talabi darajasida to‘liq bajarishidir.

Bir yil avval umumxalq referendumi orqali yangilangan Konstitutsiyamizning XIV-bobi Oila, bolalar va yoshlar deb nomlanib, yoshlar huquqi har tomonlama kafolatlandi. 79-moddada Davlat yoshlarning shaxsiy, siyosiy, iqtisodiy, ijtimoiy, madaniy, ekologik huquqlari himoya qilinishini ta’minlaydi, ularning jamiyat va davlat hayotida faol ishtirok etishini rag‘batlantirishi, davlat yoshlarning intellektual, ijodiy, jismoniy va axloqiy jihatdan shakllanishi hamda rivojlanishi uchun, ularning ta’lim olishga, sog‘lig‘ini saqlashga, uy-joyga, ishga joylashishga, bandlik va dam olishga bo‘lgan huquqlarini amalga oshirish uchun shart-sharoitlar yaratishi belgilab qo‘yildi.

Bundan tashqari, 44-modda bilan majburiy mehnat, bolalarning barkamol rivojlanishiga salbiy ta’sir qiladigan har qanday bolalar mehnati taqiqlandi. Majburiy mehnatning Konstitutsiya darajasida taqiqlanishi xalqimizning ilmiy, ma’naviy salohiyati oshishiga, iqtisodiyot va ijtimoiy soha rivojlanishiga, hayot sifati yaxshilanishiga xizmat qiladi. Navqiron avlod vakillarining manfaatini umummilliy manfaat bilan uyg‘unlashtirish yoshlar siyosatining o‘zagi hisoblanadi. Qayd etish joizki, yoshlar masalalariga alohida e’tibor qaratish va ularning muammolarini o‘rganish mamlakat istiqbolini yanada yuksaltirishga zamin yaratadi.

Jamiyatni isloh qilishning hozirgi bosqichida yoshlarda o‘z bilimlarini mustaqil boyitish, professionalizm va zamonaviy ta’lim asoslarini chuqur egallash ko‘nikmalarini shakllantirish muhim ahamiyat kasb etadi. Yoshlarning ma’naviy-ma’rifiy ehtiyojlarini o‘rganish va ularning bo‘sh vaqtlarini to‘g‘ri tashkil etish, g‘ayrat-shijoatidan mamlakatimizning umummanfaati yo‘lida foydalanish, ularning ijtimoiy faolligini oshirish bugun har qachongidan dolzarb.

Darhaqiqat, xalq hokimiyatchiligiga asoslangan boshqaruvni qaror toptirish, fuqarolik institutlarining davlat va jamiyat hayotidagi ishtirokini jonlantirish, ijtimoiy tenglik hamda ijtimoiy barqarorlik asosi bo‘lgan demokratik qadriyatlar ustuvorligi ko‘p jihatdan aholining katta qismini tashkil etuvchi yoshlarimizga bog‘liqdir.

 

Sherzod Rahmonov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,
O
‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish