“Xomashyo yetishtiruvchi hududlarning sanoati rivojlanmay qolaveradimi?” XDP deputati taklif bilan chiqdi

 

Qishloq xo‘jaligida klasterlar tashkil etilishi, paxta va g‘allaga davlat buyurtmasining bekor qilinishi yillar davomida kutilgan ajoyib yangilik bo‘ldi. Buni qo‘llab-quvvatlagan holda, shu islohot bilan bog‘liq boshqa masalani ham esdan chiqarmasligimiz kerak.

Qishloq xo‘jaligida klasterlar tashkil etilishi ushbu sohada band bo‘lgan ming-minglab xodimlarning daromad manbai va ijtimoiy himoyasiga ta'sir o‘tkazmasdan qolmaydi.

Ayni paytda agrar sektorda mahsulot yetishtirishni klaster usulida tashkil etishda, ayrim hollarda, bir yoqlama harakatlar ko‘zga tashlanmoqda. Aksariyat hollarda klaster tuzayotgan tashkilot boshqa hududda yoki boshqa viloyatda o‘zining qayta ishlash korxonasiga ega. Shuning uchun yetishtirilgan paxta xomashyosi joyida qayta ishlanmasdan boshqa hudud yoki boshqa viloyatga olib ketilayotgan holatlarni uchratish mumkin.

Bir qarashda “mamlakatdan chetga chiqib ketmayapti-ku, ha, endi klasterlashtirishning dastlabki bosqichida bunday holatlarni yuzaga kelishi tabiiy”, degan fikr to‘g‘riga o‘xshaydi.

Lekin masalaning boshqa tomoniga ham e'tibor berish kerak. Xomashyo yetkazib, chigitini o‘zida qayta ishlashdan mahrum bo‘lib qolayotgan hududlarda aynan sanoat o‘ta sust rivojlangan. Chunki, hozirgi holatda paxta xomashyosini yetishtirish eng kam daromadli soha hisoblanadi, daromad esa xarajatni deyarli qoplamaydi. Paxtani qayta ishlashdan daromad oladigan jarayonlar chigitni birlamchi va keyingi bosqichlarda qayta ishlashdan boshlanadi.

Bunday jarayon uzoq davom etadigan bo‘lsa, o‘zi shunday ham sust rivojlangan tuman yoki hudud battar sustlashib ketaveradi. Mahalliy xom-ashyo yetkazib beruvchilarning daromadlari va ish o‘rinlari qisqarishi mahalliy aholining kambag‘allik holatiga tushib qolish ehtimolini orttiradi.

Shuning uchun parlament deputatlari ushbu masalani joyiga chiqib chuqur tanqidiy-tahliliy o‘rganishi uchun maxsus ishchi guruhi tuzish maqsadga muvofiq bo‘ladi. Ishchi guruhi statistik ma'lumotlar, savolnoma va so‘rovlar orqali real vaziyatni o‘rganib, aniqlangan muammolarni bartaraf etishning qonuniy asoslarini topish yuzasidan takliflar tayyorlashi kerak.

Bu ishni kechiktirmasdan tashkil etishimiz zarur, deb o‘ylayman.

 

Sharofiddin Nazarov,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi O‘zXDP fraksiyasi a'zosi.

 

www.kun.uz 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish