Koronavirus mamlakat iqtisodiyotiga zarar yetkazmasligi lozim

 

Bugungi kunda dunyo hamjamiyati, jumladan, O‘zbekiston xalqining ham diqqat-e’tibori koronavirus tarqalishi muammosiga qaratilgan. Xususan, mamlakatimizda kasallik xavfi sababli karantin e’lon qilindi va barcha ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. 

Afsuski, ayrim hamyurtlarimiz bunday favqulodda vaziyatda ongli inson sifatida ish ko‘rish o‘rniga asossiz vahimaga berilib, odamlar o‘rtasida sarosimani kuchaytirmoqdalar. Garchi bu gaplarning tagi puch bo‘lsa-da, xavotirga tushgan odamlar birlamchi ehtiyoj vositalari: oziq-ovqat, antiseptik va gigiyenik mahsulotlarni sotib olishga zo‘r berishdi. Bunday “olomon effekti” esa ayrim insofsiz sotuvchilarga oziq-ovqat hamda boshqa tovarlarni o‘zi xohlagan narxda sotishi uchun qulay sharoit yaratib bermoqda.

Ba’zi bir do‘kon egalarining so‘zlariga qaraganda, shu kunlarda odatdagidan 3-4 barobar ko‘proq savdo bo‘layotgan ekan. Ularning aytishicha, ayrim xaridorlar qo‘liga nima tushsa, yaroqlilik muddatiga ham qaramasdan sotib olayotganmish. Ustiga-ustak, uyida yig‘ib qo‘ygan oziq-ovqat zaxirasini foto va videotasvirga tushirib, ijtimoiy tarmoqlar orqali o‘zining “uddaburon”ligini ko‘z-ko‘z qilayotgan yurtdoshlarimiz ham borligiga nima deysiz?

Shu kunlarda internet saytlarida tadbirkorlar haqida “insofli” va “insofsiz” singari sifatlar ko‘p qo‘llanilyapti. To‘g‘ri, hozir bozor iqtisodiyoti sharoiti. Bunday sharoitda esa narxlarni belgilab berish va uni qattiq nazoratda tutib turish davlatga foydadan ko‘ra ko‘proq ziyon keltirishi ham hech gap emas. Keling, “Tanganing ikkinchi tomoni ham bor”, deganlaridek, biz bu masalaga bozordagi olibsotarlar emas, balki haqiqiy ishlab chiqaruvchilar fikri asosida yondashib ko‘raylik.

Deylik, xususiy bolalar bog‘chasi bankdan kredit olgan (bu yo‘nalish ham tadbirkorlik). Karantin tufayli bog‘cha tarbiyalanuvchilarining ma’lum muddat bog‘chaga kelmasligi oqibatida uning hisob raqamiga hech qanday to‘lovlar amalga oshirilmaydi. Chunki bozor qoidasiga ko‘ra, ko‘rsatilmagan xizmat uchun pul to‘lanmaydi. Lekin bu holat korxonani bank oldidagi majburiyatidan ozod qilmaydi.

Aytaylik, yana bir xususiy ishlab chiqarish korxonasi ham bankdan kredit olgan. Shartnomaga muvofiq, har oyning oxirida tegishli to‘lovlarni amalga oshirib borishi kerak. Agar kredit shartnomasida ko‘rsatilgan muddatda mablag‘ to‘lanmasa, asosiy qarz yoniga jarima xam qo‘shiladi. Shu jihatdan pandemiya bu kabi korxonalar faoliyatiga salbiy tasir qildi: chegara yopiqligi sabab xom ashyo vaqtida yetib kelmadi, ishchilarning bir qismi ma’lum muddat ishga chiqmadi va h.k. Qolaversa, temir yo‘l hamda boshqa transport tashuvlari bilan bog‘liq xarajatlar ham ortdi. Pirovardida korxonaning ishlab chiqarish samaradorligi keskin pasayib ketdi.

Yuqoridagi vaziyatlardan kelib chiqib, quyidagi savolga javob berib ko‘raylik: tadbirkorlarga bog‘liq bo‘lmagan xuddi shu kabi ob'yektiv va sub'yektiv sabablar bilan narxni oshirgan tadbirkorni “noinsof” deya olamizmi?

Afsuski, bu kabi holatlarni misol tariqasida bugungi kunda respublikamiz miqyosida ko‘plab keltirishimiz mumkin. Shu kunlarda Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasiga shu ma’nodagi murojaatlar kelib tushmokda.

Qo‘mita mavjud vaziyatni inobatga olgan holda, Markaziy bank rahbariyatiga respublikamizdagi mahalliy ishlab chiqaruvchi korxonalar uchun karantin vaqtida muayyan imtiyozlar kiritilishini taklif qildi. Xususan, tadbirkorlar shu muddat mobaynida faqat kredit bo‘yicha bank foizini to‘lab, asosiy qarz to‘lov muddatini uzaytirish yuzasidan qo‘shimcha shartnoma tuzishlari mumkin. O‘ylaymizki, bu kabi chora-tadbirlar kelgusida mamlakatimizda iqtisodiy vaziyatni barqarorlashtirishga xizmat qiladi.

 

Malika QODIRXONOVA,

Oliy Majlis Senatining Byudjet va iqtisodiy islohotlar masalalari qo‘mitasi a’zosi. 

 

www.senat.uz

← Roʻyxatga qaytish