Koronavirus pandemiyasidan keyin o‘zgaradigan dunyoga tayyor bo‘lishimiz kerak

 

Dunyoda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq vaziyat kundan-kun murakkablashmoqda. Davlatlar pandemiyaga qarshi kurash choralarini kengaytirib, qat’iy cheklovlar o‘rnatishga majbur bo‘lmoqda. Mamlakatimizda ham aholi sog‘lig‘ini saqlash, iqtisodiyot tarmoqlarini cheklovlar oqibatida yuzaga keladigan zararlardan imkon qadar himoyalash, aholining ijtimoiy muhofazaga muhtoj qatlamini yanada qiyin holatga tushib qolishdan asrash bo‘yicha kerakli ishlar amalga oshirilmoqda.

Prezidentimiz ushbu dolzarb masalalarga bag‘ishlab o‘tkazgan oxirgi videoselektor yig‘ilishida bildirilgan fikrlar, xalqimizga yo‘llangan murojaat, koronavirusning iqtisodiyotga salbiy ta’sirini yumshatish, ijtimoiy himoyani yanada kuchaytirish maqsadida qabul qilingan navbatdagi farmon mamlakatimizda yuzaga kelgan vaziyat qanchalik jiddiy ekani, davlat tashkilotlari bilan birga, fuqarolar zimmasida turgan vazifalar haqida aniq-ravshan tasavvurga ega bo‘lish, mas’uliyatni chuqurroq his qilish imkonini berdi.

Xalq demokratik partiyasi yurtimizda koronavirusga qarshi kurashish, uning oqibatlarini yumshatish maqsadida amalga oshirilayotgan ishlar, qo‘llanayotgan choralarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaydi. Ayniqsa, partiyamiz elektorati manfaatlari himoyasi hisobga olinayotgani, jamiyatning kam daromadli, ehtiyojmand qatlami muhofaza etilayotganini alohida e’tirof etish joiz. Bu ishlar xalqimiz orasida qiyin vaziyatda yanada jipslashish, bir-biriga ruhiy madad bo‘lish kabi ezgu fazilatlar yuqori darajaga ko‘tarilishiga xizmat qilyapti.

Koronavirus xavfi bilan bog‘liq vaziyat ko‘plab sohalarni tahlildan o‘tkazish, hayot saboqlariga asoslangan xulosalar chiqarish majburiyatini ham zimmamizga yukladi.

Ilm, ma’rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili Davlat dasturida belgilangan kambag‘allikni kamaytirish dasturini har tomonlama mukammal, muhimi, BMTning barqaror taraqqiyot dasturida ko‘zda tutilgan maqsadlarga muvofiq ishlab chiqish, uni samarali amalga oshirish dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.

Karantin kunlarida chiqargan muhim xulosalarimizdan biri shuki, O‘zbekistonda ijtimoiy himoya tizimini tubdan qayta ko‘rib chiqish zarurati yuzaga kelgan. Bu o‘rinda fuqarolarning konstitutsion huquqlarini ro‘yobga chiqarish bilan bog‘liq, yillar davomida e’tibordan chetda qolib kelayotgan masalalar ham bor. Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiyamiz fraksiyasi o‘z faoliyatida shu jihatga alohida e’tibor qaratadi.

Xususan, fraksiyamiz Konstitutsiyamizda belgilangan “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor”ni belgilash, buning uchun “yashash minimumi” haqida qonun qabul qilish tashabbusi bilan chiqyapti. Ishlashiga qaramay ro‘zg‘or tebratishga qiynalayotgan, pensiya va nafaqa oluvchi yurtdoshlarimizning manfaatlarini himoyalashda, ehtiyojmandlik va kambag‘allik chegaralarini aniqlashda, bu boradagi yondashuvimizni xalqaro me’yorlarga moslashtirishda ushbu qonun nihoyatda katta ahamiyat ega bo‘ladi. Shuning uchun fraksiyamiz qonun loyihasi konsepsiyasini ishlab chiqishga kirishgan. Yashash minimumi belgilanishi partiyamiz uchun prinsipial masala hisoblanadi. Demak, parlamentda bizning fraksiya qat’iy tashabbuskorlik va natijadorlikka intilishi zarur.

Shuningdek, fraksiyamiz, barcha darajadagi partiya tashkilotlari va guruhlari joriy yilga mo‘ljallangan Davlat dasturida nazarda tutilgan Aholini ijtimoiy himoya qilish konsepsiyasini ishlab chiqish, unda elektorat vakillarini o‘ylantirib, qiynab kelayotgan masalalar bo‘yicha yechimlarni aks ettirish jarayonlarida faol ishtirok etishi talab etiladi. Biz bu vazifaga partiyamiz dasturining asosiy yo‘nalishi sanaladigan ijtimoiy himoya masalalarni mamlakat miqyosida tizimli hal qilish imkoniyati, deb qarashimiz zarur.

Fraksiyamiz, mahalliy Kengashlardagi barcha darajadagi deputatlarimiz joylarda ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilinishi, xususan, davlat byudjetidan ijtimoiy muhofazaga yo‘naltirilgan mablag‘lar shunga haqiqatda ehtiyojmad kishilarga yetib borishi, ijtimoiy dorixonalar faoliyati doimiyligi, “Muruvvat”, “Saxovat” va “Mehribonlik” uylarida yashayotganlar hayot sharoitini yaxshilash, ularga tibbiy va ijtimoiy vositalar yetkazib berilishi bilan bog‘liq yo‘nalishlarda parlament va deputatlik nazoratini kuchaytirishi muhim ahamiyatga ega. Ayrim mahalliy kengashlarda partiya guruhlarimiz bu masalalarni o‘rganib, muhokamaga olib chiqdi, lekin umumiy faoliyatimizda izchillik va qat’iyat yetishmayapti.

Koronavirus xavfi kuchaygan, sifatli tibbiy xizmat tizimining zarurati juda ortgan sharoitda sog‘liqni saqlash sohasidagi islohotlarni chuqur tahlildan o‘tkazish kerak.

Albatta, hozirgi kunda virus tarqalishining oldini olish bo‘yicha samarali choralar ko‘rilyapti, kasallikka chalingan va karantinga olingan fuqarolarga barcha zarur tibbiy yordam ko‘rsatilyapti. Inqirozga qarshi kurash jamg‘armasidan kerakli mablag‘lar ajratilyapti, koronavirusga qarshi kurashish ishlariga qariyb 5,5 ming nafar tibbiyot xodimi jalb etilgan, ular moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlanyapti.

Ammo bu sohada tizimli muammolar yig‘ilib qolgani ko‘pchilikka sir emas. Koronavirus xavfi bartaraf etilgandan keyin partiyamiz sog‘liqni saqlashning quyi tizimida chuqur islohotlarni amalga oshirish kerak, deb hisoblaydi. Avvalo, hududlarda shifokor kadrlar, tibbiyot xodimlari taqchilligi (ayrim hududlarda 30-40 foiz o‘rinlar vakant turibdi), qishloq joylarda birlamchi tibbiy xizmatni samarali yo‘lga qo‘yish, shifokorlarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, bu kasbning mavqeini oshirish bilan bog‘liq muammolarni puxta o‘ylab hal etish choralari ko‘rilishi zarur. Partiyamiz Saylovoldi dasturida hududlarda kadrlar taqchilligini bartaraf etish maqsadida mahalliy yoshlarning o‘sha hududda ishlab berish majburiyati asosida oliy ta’lim muassasalariga maqsadli qabullarni ko‘paytirish haqida real takliflar berishimiz kerak.

Koronavirus tarqalishining oldini olishga oid dastlabki cheklovlar ta’lim muassasalarida zamonaviy talablar asosida ish yuritish dolzarb vazifaga aylanganini ko‘rsatdi. Xalq ta’limi vazirligi karantin kunlaridagi qiyinchiliklarga qaramay ta’lim-tarbiya jarayoni to‘xtab qolmasligi uchun telekanallar, ijtimoiy tarmoqlar orqali video va onlayn darslarni tashkil qilish bo‘yicha ulkan ishlarniamalga oshirganini alohida etishimiz kerak. Millionlab o‘quvchilar, ularning ota-onalari bu ishlardan mamnun.

Shu bilan birga, sinovli kunlar ta’lim tizimida axborot kommunikatsiya texnologiyalaridan samarali foydalanish, masofaviy ta’limga oid ilg‘or ko‘nikmalarni joriy etish, pedagoglarning kasbiy malakasini belgilashda bu jihatlarga alohida e’tibor berish kun tartibidagi o‘ta muhim masala ekanini yaqqol bilindi.

Axborotlarning globallashuvi va ma’lumot olish imkoniyatining yuqoriligini inobatga olsak, o‘qituvchilarda axborot bilan ishlash kompetensiyasi, ya’ni malakasini shakllantirish lozim. Fan va texnologiyaga doir yangiliklardan har kuni xabardor bo‘lmagan o‘qituvchi ta’lim oluvchilarning qiziqishi va ehtiyojlarini qondira olishi mumkinmi? Albatta, yo‘q. Shuningdek, pedagoglar axborot texnologiyalaridan unumli foydalanish va masofaviy ta’lim sir-asrorlarini chuqur o‘rganishni kasbiy majburiyat deb qabul qilishi zarur. Chunki bugungi o‘quvchilar bilimlarni axborot texnologiyalari, xususan, kompyuter, smartfon va boshqa gadjetlar vositasida tezroq o‘zlashtirmoqda. Bolalarning ruhiyatiga kirish uchun bu boradagi pedagogik ko‘nikmalarni chuqur egallash dolzarb vazifaga aylandi.

Innovatsion ta’lim haqida ko‘p gapiryapmiz. O‘qituvchilarimiz bunday malakaga egami? O‘z faniga doir yangiliklarni o‘quv jarayonida qo‘llagan, ulardan samarali foydalangan, yangilik yaratishga layoqatli o‘qituvchigina innovatsiyali malakaga ega bo‘ladi. Buning uchun malaka oshirish kurslarida uch yilda bir oy o‘qishing o‘zi yetarli emas, albatta. Innovatsiyali malaka mustaqil o‘qib-o‘rganishni, uz ustida tinimsiz ishlashni talab etadi. Ta’lim tizimida ana shu yo‘nalishlar bo‘yicha ham chuqur islohotlar amalga oshirilishi hayotiy ehtiyoj va zaruratga aylangan.

Jahondagi koronavirus pandemiyasi davrida tarixiy, ijtimoiy-ma’naviy qadriyatlar inson va jamiyat hayotida qanchalik muhim ekani yaqqol bilindi. Garchi karantin cheklovlari odamlarni bir-biridan masofa saqlashga majbur qilgan bo‘lsa-da, xalqimizni ruhan yaqinlashtirdi, deyish uchun asoslar yetarli. Ilg‘or taraqqiyot bizni ko‘proq moddiyatga tobe’ qilgani, aksariyat odamlar ruhan yakkalanib qolganini sinovli kunlarda anglab yetyapmiz. Karantin bu haqda kengroq o‘ylashga, oila a’zolari o‘rtasida rishtalarni mustahkamlashga, o‘zaro mehr ko‘rsatishga imkoniyat yaratganini ham ta’kidlashimiz kerak.

Virus nafaqat inson salomatligiga, jahon iqtisodiyotiga, ta’bir joiz bo‘lsa, taqdir va kelajakka ham ta’sir ko‘rsatmoqda. Hayotning barcha sohalari, butun insoniyat qattiq sinovlarga duch kelmoqda. Iqtisodiy-moliyaviy zararlarning oqibati vaqti kelib albatta bartaraf etiladi, ishlab chiqarish, xizmat ko‘rsatish qayta jonlanadi, yangi ish o‘rinlari ham ochiladi. Hammamiz bu yo‘qotishli sinovlardan saboq chiqarib, xatolarimizni tuzatib, avvalgidan ma’nan, ruhan kuchliroq bo‘lib o‘tamiz.

Shunisi aniqki, koronavirus pandemiyasidan keyin dunyo o‘zgaradi, ijtimoiy munosabatlar o‘zgaradi. Bu dunyo falokatdan avvalgi dunyo bo‘lmaydi. Biz sinovli kunlarda sabrli bo‘lishimiz, eng zaruri, saboq chiqarishimiz, yaqinlarimizga yaqinroq bo‘lishimiz kerak. Qalb quvvati va birdamligimizni asrasak, boshqa har qanday yo‘qotishlarning o‘rnini to‘ldira olamiz.

 

Ulug‘bek Inoyatov,

O‘zXDP Markaziy kengashi raisi,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi partiya fraksiyasi rahbari.

 

www.daryo.uz

Teglar

Deputat Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish