Ayrim fuqarolar qaerga murojaat qilishni bilmaydi deputatning saylovchilar bilan uchrashuvi ularga yaxshi imkoniyat

 

Kuni kecha muhim voqea — fuqarolar yig'inlari raisi (oqsoqoli) saylovi boshlandi. Hududlarlarda jarayonga tayyorgarlik qizg'in o'tdi. Nomzodlar ham, aholi vakillari ham birdek hayajon va mas`uliyat bilan saylov kunini kutishgandi.

Har bir uchrashuvda aniq bir yo'nalish, maqsad bo'yicha o'rganish olib borishga harakat qilamiz. O'tgan galgi uchrashuvlarda hududlardagi oilaviy shifokorlik punktlari faoliyati o'rganilgan bo'lsa, bu galgi uchrashuvda Quyi Chirchik tumanidagi “Chaqmoq”, “Xo'ja”, “Oydinobod” va “Paxtachi” mahalla fuqarolar yig'inlarida joylashgan saylov uchastkalaridagi tayyorgarlik holati bilan tanishdik. Saylov uchastkalarida umumiy tayyorgarlik yaxshi. Odamlar ham bo'lajak saylovga befarq emas. Mahalla raislari sayloviga qiziqish katta. Chunki o'zlari saylagan nomzod ertangi kunida ularning murojaatlarini eshituvchi, hududdagi masalalarga e`tibor qaratuvchi shaxs bo'ladi. Shu bois ularda jamiyatdagi jarayonlarga daxldorlik kuchaygan.

Bu galgi talab bo'yicha mahalla raisi oliy ma`lumotli bo'lishi belgilangan. Mahalla raislariga qator vakolatlar berilyapti. “Mahalla jamg'armasi” tashkil etilgan. Vakolatlardan to'g'ri foydalanish, mahallaga ajratiladigan yordamlarning manzilligini ta`minlash, albatta, oqsoqollardan yetarli bilim va tajriba talab etadi. Shu bois nomzodlar tarjimai holi bilan tanishdim. Ular oliy ma`lumotli, tajribali, davlat tashkilotlarida ishlagan shaxslar ekaniga guvoh bo'ldik. Uzoq yillardan beri xalq ichida, odamlar orasida yurgan, ayrimlari qayta qo'yilayotgan nomzodlar. O'ylaymizki, saylov ochiqlik, shaffoflik tamoyillari asosida o'tadi.

O'rganish jarayonida bir qator kamchiliklar ham aniqlandi. Masalan, ishchi guruh a`zolarining biriktirilgan ko'chalar bo'yicha o'tkazilgan uchrashuvlarining bayonnomalari yo'qligi yoki saylovni o'tkazishda kerakli hujjatlarning to'liq emasligi ma`lum bo'ldi. Ularni bartaraf etish uchun tushuntirish va belgilangan ishchi guruhlar faoliyatiga taalluqli tavsiyalar berildi.

Uchrashuv davomida hududdagi maktablar holati ham o'rganildi. 26-maktab 300 o'ringa mo'ljallangan bo'lib, hozirgi kunda ushbu maktabda 525 o'quvchi ikki smenada o'qiyapti. Maktabda oshxona, faollar zali, to'garaklar o'tkazish uchun sinfxonalarga ehtiyoj bor. 24-maktabda ham oshxona, faollari, sport zali mavjud emas. Ushbu ta`lim muassasalarini investisiya dasturiga kiritish uchun deputatlik so'rovi yuborish rejalashtirildi.

Shuningdek, deputat Oqqo'rg'on tumanida tuman hokimi o'rinbosarlari va mutasaddi tashkilotlar rahbarlari qabulida ham qatnashdi. Unda fuqarolar o'zlarini o'ylantirib kelayotgan masalalar bilan murojaat etishdi. Ularning aksariyati joyida hal etildi, ba`zi masalalar uchun bajarish muddatlari belgilandi.

Xususan, “Zarafshon” mahallasida yashovchi 2-guruh nogironi Ozoda Qurbonova nogironlik nafaqasi olish, “Zarbdor” mahallasida yashovchi Doniyor Sharipov stadion qurish, Sobir Rahimov mahallasida yashovchi Dildora Xoldarova ishlab chiqarish uchun kredit ajratish, “Tolovul” mahallasida yashovchi Yulduz Ergasheva suv ta`minoti masalalarida murojaat qilishdi. Bu masalalar mutasaddilar tomonidan joyida hal etildi.

Ko'pincha o'z joyida hal etiladigan masalalar bo'yicha mutasaddilarni ayblaymiz. Ular nega oldindan muammoni o'rganishmagan, qiziqishmagan, deymiz. Ayrim hollarda esa odamlar shaxsiy masalalarda kimga, qaerga murojaat qilishni bilishmaydi, uchrashuvlar tashkil etilgandagina ko'nglidagilarni bayon etishadi. Shu bois fuqarolarni o'z huquq va burchlari bilan yanada yaxshiroq tanishtirish kerak, huquqiy savodxonligini oshirish muhim, deb o'ylaymiz.

 

Zuxra Shadieva,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati, O'zXDP fraksiyasi a`zosi.

«O'zbekiston ovozi», 18.05.2022, №20

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish