Davlatimiz rahbarining vohaga tashrifi yangi marralarni boshlab beradi

 

Davlatimiz rahbari hududlardagi aholi hayoti va ijtimoiy-iqtisodiy islohotlarning amalga oshirilayotgani bilan tanishish maqsadida Surxondaryo viloyatiga tashrif buyurdi. Termiz shahrida xalq deputatlari Surxondaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasida ishtirok etdi. Prezidentimiz so‘zining avvalida viloyat ahliga chuqur hurmatini bildirib, vohaning turli soha va tarmoqlarida ulkan natijalarga erishilayotganini e’tirof etib, viloyat ahlini go‘zal bahor kunlarida, ulug‘ ayyom arafasida ko‘rib turganligidan xursand ekanligini ta’kidladi va bayram bilan tabrikladilar.

Bir narsani e’tirof etishimiz zarur, bundan bir necha yil ilgari viloyatimiz boshqa viloyatlarga nisbatan rivojlanishi ancha orqada edi. – Boshqa viloyatlarda ko‘plab o‘zgarishlar bo‘lyapti, bizda ham o‘zgarishlar bo‘larmikin, – deb orzu qilardik. Ming shukrki, viloyatga oldin borgan inson hozir borsa, juda katta o‘zgarishlar bo‘lganligini o‘z ko‘zi bilan ko‘radi.

Yurt otasining ayniqsa, harbiylar xonadoniga kirib, ular bilan samimiy suhbati har bir insonni to‘lqinlantirib, ruhlantirib yubordi desam aslo mubolag‘a emas.

Yana bir muhim masala haqida to‘xtalmoqchi edim, mening saylovchilarimni ko‘pdan buyon qilib kelayotgan murojaati ham o‘z yechimini topdi. Uzun tumanidagi Qishloq xo‘jaligi texnikumining bo‘sh binolarida joriy yilning 1 iyuligacha monomarkaz tashkil etish mas’ullarga yuklatildi. Shuningdek, bir hafta muddatda tadbirkorlik sust 43 ta mahallada mikro-markazlar tashkil qilish, u yerdagi loyihalarga 80 milliard so‘m imtiyozli kredit yo‘naltirilishi hamda 1 iyulga qadar 118 ta og‘ir mahallada kasanachilik loyihalari boshlanishi pirovardida 10 ming aholi ish bilan bandligi ta’minlanishi topshiriq sifatida belgilab berildi. Yana bir ahamiyatli tomoni, 18 mingdan ortiq yordamga muhtoj ayollar kasbga o‘rgatilib, mehnat qurollari uchun 15 milliard so‘m mablag‘ subsidiya ajratilishi orqali 3 ming nafar xotin-qizlar band qilinishi, tadbirkor bo‘lish istagini bildirgan 10 ming nafar ayolga esa 200 milliard so‘m kredit ajratilishi, 5 ming nafari uy sharoitida kasanachilikka jalb qilinishi, o‘ylaymanki, viloyatda muammo bo‘lib turgan ishsizlikka barham berishda ayni muddao bo‘ladi.

Bir so‘z bilan aytganda, davlat rahbarining viloyatga bu galgi tashrifi ham viloyat ahli uchun quvonchli bo‘ldi.

 

Mavjuda Hasanova,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati,

O‘zXDP fraksiyasi a’zosi.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish