Sabrning sinovigada saboq bergan ayol

 

Yoxud Qashqadaryoga birinchi mebelsozlikni olib kirgan tadbirkor haqida

Inson hayoti davomida taqdir charxpalagi qay tomon aylanishini oldindan bilolmaydi. Umr karvoni yoʻlga chiqqach, uning pastu balandliklaridan, jazirama issigʻiyu, qahraton ayozidan bardosh ila oʻta olishi lozim boʻladi. Dunyoning gohida kutilmagan zarbalari esa, kishini yoʻlidan adashtirib, boshi berk tomon ham yetaklab ketishi aniq. Ayniqsa, bu damda ayol kishining yelkasidagi yuki oʻn karra ortishi muqarrar. Baʼzida sinovli soniyalar soatlarga, kunlardan oylarga, gohida yillarga choʻzilishi mumkin. Bunday damlarda odam sabr atalmish asoga suyanib, barchasini yengib oʻtish uchun oʻzida katta matonat topa olishi ham muhim hisoblanadi. Biz hikoya qilmoqchi boʻlgan qahramonimiz turmush chorrahalarida turli toʻsiqlarga duch kelsada oʻz chidamliligi, sabrliligi bilan barchasini yengib oʻta olgan, matonatli insonlardan biri. Qolaversa, u kishining bosib oʻtgan hayot yoʻllarida oʻziga xos sabot va intiluvchanlik koʻpchilikka namuna boʻlsa ajabmas.

Sobiq Shoʻrolar davri. Yoshgina qiz Qashqadaryodan olis manzil — Moskvadagi OTMga oʻqishga yoʻl olganida koʻpchilik unga ishonqiramasdan qaragandi. U paytlari Moskvada oʻqishning oʻzi boʻlmasdi. Eng ajablanarli tomoni nozikkina qiz Moskva davlat texnika universitetining yogʻochsozlik yoʻnalishiga oʻqishga kirishi barchani hayratda qoldirdi. Boisi, bu fakultetga sanoqligina qizlar oʻqish istagini bildirmasa, deyarli barchasi yigitlar edi. Bundan tashqari oʻsha paytlari Qashqadaryoda bu yoʻnalishda ishlash uchun atigi bir dona boʻlsada biror ishlab chiqarish korxonasi mavjud emasdi.

Salomat Komilova bolaligidan shu kasbga mehri boʻlakchaligi bois boʻlsa kerak aynan mebelsozlikni tanladi. Shu sabab u oʻqishdagi barcha qiyinchiliklarni yengib oʻtishga harakat qildi. Oʻz tashabbuskorligi, intiluvchanligi bilan yigitlardan qolishmadi. Ayniqsa, har bir mebelni yasash, uni tayyor holga keltirish, dastgohlarni qayta yechib, terish ishlarini mohirona bajarib, oʻqituvchilarnida hayratga soldi. Oliygohni tamomlaguncha bu sohaning yetakchi mutaxassisiga aylandi.

U oʻqish davomida oʻz kursdoshi namanganlik Homidxon Komilovga koʻngil qoʻydi. Qoʻllariga mutaxassislik diplomini olib, yurtga qaytishgach barcha havas qilarlik daraja toʻy qilishdi. Ikki yosh sohasi bir boʻlgani bois bir-birini yaxshi tushunib, Namangandagi yirik mebelsozlik korxonasida ish boshlashdi. Yosh mutaxassislarning harakati yangi islohotlarni olib kira boshladi. Korxonada tez orada yangiliklar sari qadam tashlandi. Oradan biroz vaqt oʻtib, yuqori tashkilotdan Hamidxon Komilovni Qashqadaryoga - oʻsha vaqtdagi mahalliy sanoat boshqarmasiga bosh mutaxassislikka ishga joʻnatishdi. Keyinchalik esa, boshqarma boshligʻi lavozimida faoliyat yuritdi. Salomat opa oʻsha paytlari Qashqadaryoda yogʻochga ishlov berish zavodida bosh injener-texnolog sifatida ish olib bordi. Oradan biroz vaqt oʻtib, mamlakatimizda Mustaqillik eʼlon qilindi. 1993-yilga kelib Homidxon oʻz tashabbusi bilan viloyatda birinchilardan boʻlib mebel sexi ochishga erishdi.

Eski bir tashlandiq joyni tartibga keltirib, mebelsozlik sexi faoliyatini ish boshlab yubordi. Ammo, taqdirning zarbasi kutilmaganda keldi. Bevaqt oʻlim tufayli 45 yoshida Homidxon olamdan oʻtdi.

Toʻrt farzand bilan qolgan Salomat opaning qaddi bukildi. Lekin, iloji qancha. Yashash uchun kurash, farzandlarni boqish uning gardaniga tushdi. Koʻpchilikning taklifiga koʻra, biroz muddat oʻtib egasiz qolgan mebel sexini ishlatishga bel bogʻladi.

Asli mutaxassisligi shu yoʻnalish boʻlgani bois sexni ishlatish oʻnga mushkullik tugʻdirmadi. Turmush oʻrtogʻi xotirasiga atab “Homidxon Kamilov nomli Qarshi mebel ishlab chiqarish” masʼuliyati cheklangan jamiyati tashkil etdi. Dastlab toʻqqiz kishi bilan ish boshlab, jamiyatni oyoqqa turdirish harakatini boshladi. Ammo buning uchun eng zarur narsa bu yogʻoch edi. Lekin, bu atrofdan u paytlari xomashyo topilmasdi. Shu bois, avval ishlagan Namangan mebel korxonasidan olib kelish harakatiga tushdi. Ammo, olis yoʻl, yosh boshi bilan borib kelishni oʻzi boʻlmasdi. Lekin shiddatli ayol boʻlgani bois, oʻzi yuk mashinalarida qatnashga majbur boʻldi. Tishini-tishiga qoʻyib, oldinga intildi.

— Bugungi har bir kun uchun qancha koʻp shukrona aytsak shuncha kam, — deya u damlarni koʻpam soʻzlashni xohlamay gap boshlaydi Salomat opa. — Mamlakatimiz Mustaqilligining dastlabki yillari edi. Men ish boshlagan soham oʻsha paytlari viloyatda yoʻq edi. Shu bois, rivojlantirib olish ham ancha mushkul boʻlgan. Bundan tashqari yurtimizda oʻtish davri kechayotgan damlarga toʻgʻri kelgan. Juda koʻp qiyinchiliklarni boshimdan kechirishga majbur boʻlganman. Bir tomondan kupon pullar davri boshlangan. Odamlarga ish haqi berish ham muammo boʻlib turgan vaqtlar edi. Lekin qancha mashaqqat boʻlsada, uni yengib oʻtishga harakat qilardim. Gohida baridan toliqib, ishni toʻxtatish toʻxtamiga kelgan vaqtlarim ham boʻlgan. Shu paytda, asosan ishchilarni, ularning oilasini uylab yana harakatga tushib ketardim. Zimmamda masʼuliyat juda kuchli edi. Baʼzida, qaysidir davlatlarni ayollar boshqarmoqda, men nahotki bitta korxonani yoʻlga qoʻya olmasam, deb oʻzimga-oʻzim turtki berardimda, yana oldinga intilardim. Ishlab chiqargan mebellarimiz juda pishiq, sifatli boʻlsada, lekin u paytlari xaridor topishning ham oʻzi boʻlmasdi. Odamlar faqat non topish uchun harakat qilib yurgan vaqtlari edida. Bundan tashqari koʻpgina tashkilotlar tugatilib, odamlar ishsiz qolib ketdi. Shu paytlari koʻpchiligi mendan ishga olishlarini iltimos qilib kelishardi. Afsuski, ilojsizlikdan ularni ishga qabul qilolmasdim. Bu holatdan oʻzim ham xijolatga tushib, qani edi kattagina korxonam boʻlsayu, barchasini bandligini taʼminlasam deb, orzu qilardim.

Bugun barchasi ortda qoldi. Hozir korxonamizda kamida besh yuzga yaqin kishi doimiy va mavsumiy tarzda ish bilan band. Shuning ortidan maosh olib, roʻzgʻor tebratishmoqda. Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan har bir sohaga katta eʼtibor qaratilmoqda. Jumladan, mebelsozlik yoʻnalishi ham keng rivojlanmoqda. Xususan, joriy yilning 10-fevralida Prezidentimizning “Mebel mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksport qilishni ragʻbatlantirishga oid qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida» gi qarori ham yoʻnalishimizni yangi bosqichga olib chiqish uchun asos boʻldi. Qarorda koʻrsatib oʻtilgan bir qator imtiyozlarni koʻzdan kechirar ekanman bundan rosti boshim koʻkka yetdi. Bu imkoniyatlardan unumli foydalanib, faqat ishlash kerak. Bu davrda harakat qilgan kam boʻlmaydi.

Oʻz vaqtida muammolarni sabot ila yengib oʻtishga kuch topa olgan tadbirkor ayol 9 kishi bilan boshlagan sexini bugun yirik korxonaga aylantira oldi. Hozirda 370 turdagi mebel jihozlari ishlab chiqarilishi yoʻlga qoʻyilgan boʻlib, imtiyozlardan foydalangan holda Germaniyadan uskunalar olib kelib, yanada sifatli mahsulotlar tayyorlashga kirishgan. Shuningdek, ayni paytda xorijiy davlatlardagi hamkorlarni takliflarini inobatga olgan holda, eksport qilish harakatini boshlab yuborgan. Oʻtgan yili 18 milliard soʻmlik mahsulotlar ishlab chiqargan boʻlsa, bu yil bu koʻrsatkichlarni yanada oshirish belgilangan.

Salomat Shukurovna tadbirkorlik faoliyati bilan shugʻullanish bilan birga xalq deputatlari Qashqadaryo viloyat kengashi deputati, viloyat Kengashidagi O‘zbekiston XDP guruhi a’zosi sifatida ham mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirok etib keladi. Bundan tashqari tadbirkor opa “Saxovat va koʻmak» jamgʻarmasining saxovatchisi hisoblanadi. Shu bilan birga viloyatdagi 18-sonli koʻrish imkoniyati cheklangan bolalar maktab-internatiga ham doimiy ravishda homiylik qilib kelishni kanda qilmaydi.

— Davlatimiz rahbari har gal Qashqadaryoga tashrifi davomida biz tadbirkorlarga katta ilhom baxsh etib ketadi, — deydi Salomat opa. — Oʻtgan 2022-yil aprel oyida viloyatimizga kelgan vaqtlarida men bilan ham suhbat olib borib, oʻziga xos koʻtarinki ruh baxshida etgandilar. Bundan men yanada gʻayratim oshib, ishimni davom ettirganman. Bu yilgi tashrifi davomida ham bir qator takliflarni berib, tadbirkorlar uchun katta imkoniyatlar berilib borayotgani haqida toʻxtalib oʻtdilar. Har safargidek men oʻzimga xulosa chiqarib, koʻproq ishlashga bel bogʻladim. Shuningdek, bu yil oldimga katta rejalardan biri eksport qilishni maqsad qilganman. Qisqa vaqtlarda bu ishlarni ham boshlab yuboramiz.

Soha boʻyicha viloyatda birinchilar qatorida ish boshlagan Salomat Komilovaning shogirdlari safi ayni pallada yuzdan oshib ketdi. Buning natijasida esa sohada oʻzgarishlar sezilmoqda. Bir soʻz bilan aytganda, “Mebel maktabi”ni viloyatda yaratishga erisha olgan opa Yangi Oʻzbekistonda inson qadri yuksalib borayotganidan har doim mamnun. Oʻz vaqtida turmush chorrahalarida qiyinchiliklarni boshidan oʻtkazib, yengib oʻtishga kuch topa olgani va bugungi baxtli zamonaga yetkazganiga shukrona aytishdan tolmaydi. Harakati, hayot uchun kurashi, intiluvchanligi esa, boʻlar boʻlmasga nolib, “bersang yeyman” qabilidagi kishilarga oʻrnak boʻlishi aniq.

 

«Yangi O‘zbekiston» gazetasi
 

 

 

Teglar

Faxriy Deputat Men OʻzXDPni tanladim Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar
← Roʻyxatga qaytish