Deputatlar Kattaqo‘rg‘on shahridagi kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik jarayoni bilan tanishdilar

 

Qonunchilik palatasi hamda Samarqand viloyat Kengashi deputatlari ikki kun davomida Kattaqo‘rg‘on shahridagi bir qator ijtimoiy-iqtisodiy soha obyektlarida bo‘lib, 2023-2024 kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ishlari hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini “Yashil energiya” resurslari bilan ta’minlash borasidagi ishlarni ko‘zdan kechirdi.

O‘rganishlarning birinchi kunida deputatlar shahar hokimligida hokim o‘rinbosarlari va tegishli mas’ullar ishtirokida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil avgust oyi davomida viloyatlarga tashrifi davomida belgilab berilgan vazifalardan kelib chiqib, Kattaqo‘rg‘on shahrida ishlab chiqilgan chora-tadbirlar rejasini ta’minlash yuzasidan suhbatlashildi.

Suhbat davomida 2023-2024 yillarda kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha amalga oshirilayotgan ishlar hamda aholi va ijtimoiy soha obyektlarini 2023 yilda “Yashil energiya” resurslari bilan barqaror ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risidagi masalalar yuzasidan hokim o‘rinbosarlari hamda mas’ullarning hisobotlari eshitildi.

Kunning ikkinchi yarmida deputatlar amalga oshirilayotgan ishlarni joyiga chiqqan holda o‘rgandilar.

O‘rganishlarning dastlabki manzili Kattaqo‘rg‘on - 1 gaz taqsimlash stansiyasi hamda Kattaqo‘rg‘on - 2 gaz taqsimlash stansiyalari bo‘ldi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, bugungi kunda Kattaqo‘rg‘on - 1 gaz taqsimlash stansiyasi shaharning 28 ta mahallasidagi 13 830 ta xonadon, 278 ta ulgurji iste’molchilarni tabiiy gaz bilan ta’minlaydi. Kattaqo‘rg‘on – 2 GTSdan esa Kattaqo‘rg‘on shahrining 8 ta mahallasidagi 7243 ta xonadon 88 ta ulgurji iste’molchilar tabiiy gaz bilan ta’minlanadi.

Shundan so‘ng, “G‘arb machit” mahallasida bo‘lgan deputatlar mahallani 2023-2024 yillar kuz-qish mavsumiga tayyorlash bo‘yicha Davlatobod ko‘chasida amalga oshirilayotgan ishlar bilan tanishdilar.

Keyingi manzil shaharning “Yakkabog‘” mahallasi bo‘ldi. Mahalla hududiga “Kattaqo‘rg‘on shahar hududiy elektr tarmoqlari korxonasi” tomonidan elektr ta’minotini yaxshilash uchun tegishli dasturlarga asosan joriy yilda 75 dona tayanch ustunlar o‘rnatilgan, bundan tashqari elektr uzatish tarmoqlarining 2,5 km. qismi ta’mirlanib, 1,5 km. yangi yopiq tarmoq tortish ishlari olib borilgan. Natijada mahalla hududida yashovchi 2,7 ming nafar aholining turmush sharoiti yaxshilanishiga erishilgan.

Elektr tarmoqlari korxonasidagi amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rganish davomida korxonaning ma’muriy va ishlab chiqarish binolarini qayta qurish tavsiya etildi.

Shu bilan birga, deputatlar tomonidan ijtimoiy soha obyektlarining kuz-qish mavsumiga shayligi ham o‘rganildi. O‘rganish davomida jumladan, shahardagi 6- va 2-sonli maktablar, shuningdek, 2- hamda 4-sonli davlat maktabgacha ta’lim tashkilotlarining kuz-qish mavsumiga tayyorligi, muassasalar tabiiy gaz bilan ta’minlanganligi va isitish tizimi mukammal ta’mirlanganligi aniqlandi.

Ijtimoiy muassasalarga o‘rnatilgan muqobil elektr manbaidan olingan energiyaning iste’moldan ortiqcha qismi umumiy tarmoqqa berilayotganiga qaramay bugungi kunga qadar shartnomada har bir birlik energiya uchun narx belgilanmaganligi hamda shahar elektr tarmoqlari korxonasi tomonidan muassasalarga yetkazib berilgan elektr energiyasi uchun to‘lovlar amalga oshirilmaganligi ma’lum bo‘ldi.

O‘rganishlarning ikkinchi kunida deputatlar aholi xonadonlari ayniqsa ko‘p qavatli uylarning kuz-qish mavsumiga tayyorgarligi holati bilan tanishdilar. Ya’ni, Amir Temur va “Do‘stlik” mahallalaridagi ko‘p qavatli uy-joylarni tabiiy gaz, elektr energiyasi, ichimlik suvi va kanalizatsiya tarmog‘iga ulanganlik holatlari o‘rganilib, hududda yashovchi aholi vakillari bilan suhbatda bo‘ldilar.

 

 

 

Teglar

Deputat Jamoatchilik qabulxonasi Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis
← Roʻyxatga qaytish