Iqtisodiy barqarorlik va taraqqiyot sari

 

O‘zbekiston olib borayotgan tinchliksevar tashqi siyosat mamlakatning izchil va barqaror rivojlanishini hamda butun mintaqa taraqqiyotini ta’minlashga xizmat qilayotganini aytib o‘tish joiz. So‘nggi yillarda iqtisodiy barqaror o‘sish sur’atlari, xalqimiz farovonligi, hayot darajasi va sifatining yaxshilanib borayotgani, shuningdek, siyosiy va huquqiy madaniyati darajasi yuksalayotgani buning yorqin dalilidir.

O‘tgan haftada Toshkentda o‘tkazilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammiti puxta o‘ylangan bunday islohotlarni yanada rivojlantirish bo‘yicha yangi bosqichni boshlab berdi.

Davlat rahbarining tashqi siyosatdagi tashabbusi bilan mintaqamizdagi va unga yaqin davlatlar o‘rtasidagi o‘zaro iqtisodiy hamkorlikning mustahkamlanib borayotgani tahsinga sazovor. Xususan, Iqtisodiy hamkorlik tashkilotining 16-sammitida davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus va takliflar bunga yaqqol misoldir.

Yarim milliard aholi yashaydigan keng mintaqamiz savdo-iqtisodiy, sanoat, investitsiya va innovatsiyalar, transport sohalaridagi aloqalarni rivojlantirishda katta salohiyatga ega. Prezidentimiz o‘z nutqida IHTning asosiy hujjati bo‘lgan “Istiqbollar – 2025” ijrosini sarhisob qilishni qo‘llab-quvvatladi. Hozircha ishga solinmayotgan katta imkoniyatlarning chuqur tahlili asosida Tashkilotning kelajakdagi ustuvor soha va tarmoqlarini belgilab beruvchi “Iqtisodiy hamkorlikning strategik maqsadlari – 2035” konseptual hujjatini ishlab chiqish vaqti kelganini ta’kidladi.

Yurtimizda yetishtirilayotgan bog‘dorchilik va qishlooq xo‘jaligi mahsulotlari, sanoat korxonalari ishlab chiqarayotgan tovarlarga jahon bozorida talab bor. Ularni xalqaro standartlarga yanada moslashtirish va savdo ko‘rsatkichlarini oshirish uchun imkoniyatlar yetarli. Biroq to‘siqsiz savdoni shakllantirish yo‘lida hali-hamon cheklov va muammolar saqlanib qolmoqda.

Prezident mana shularni inobatga olgan holda vaziyatni ijobiy tomonga o‘zgartirish uchun unga yangicha qarash bilan yondashish kerakligini ta’kidladi. Shu munosabat bilan ekspertlarimiz tomonidan ishlab chiqilgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti doirasida savdoni soddalashtirish to‘g‘risidagi bitimni qabul qilishga chaqirdi.

Ushbu hujjatda tovar va xizmatlar savdosini yengillashtirish, texnik va notarif to‘siqlarni bartaraf etish, bojxona, fitosanitariya va veterinariya tartib-qoidalarini raqamlashtirish, elektron savdoni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilgan. Dastlabki hisob-kitoblarga ko‘ra, bu chora-tadbirlar orqali 2035 yilga borib o‘zaro savdo hajmlarini kamida ikki barobar ko‘paytirish mumkin. Buning uchun mintaqalarning yirik bozorlari bilan bog‘laydigan va a’zo davlatlar hududlari orqali o‘tadigan transkontinental transport yo‘laklari salohiyatidan to‘liq foydalanish zarurligi bo‘yicha misollar ham keltirib o‘tildi.

Umuman olganda, mamlakatni iqtisodiy jihatdan yuksaltirish, mintaqada va xalqaro maydonda nufuzini oshirish bilan bog‘liq dolzarb takliflar ilgari surildi. Bu muhim edi. Chunki rivojlanayotgan mamlakatlar yangi dunyo tartibini shakllantirishda ko‘proq ishtirok etish imkoniga ega. IHT esa ana shunday imkoniyatlarni taqdim eta oladi va ularning eng samarali yo‘llar bilan foydalanish hayotiy zaruratdir. Bu boradagi bitimlarning imzolanishi esa iqtisodiy hamkorlikning yorqin istiqbolidan darak beradi. Katta ishonch bilan aytish kerakki, Toshkentda o‘tkazilgan IHT sammiti tashkilotning rivojlanishiga, unga a’zo davlatlar o‘rtasidagi hamjihatlik, hamkorlik va o‘zaro sheriklik yanada mustahkamlanishiga xizmat qildi.

 

Nigora Eshmetova,

O‘zbekiston XDP Toshkent shahar kengashi raisi,

Toshkent shahar Kengashi deputati.

 

 

 

 

Teglar

Deputat Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish