Sinchkov parlamеnt

 

Har bir tizimning oʻziga xos ishlash uslubi, amal qiladigan meʼyorlari, tartibga solib turadigan qonuniy asoslari, bajaradigan vazifalari mavjud. Oliy Majlis Qonunchilik palatasining faoliyati ham bundan mustasno emas. Jamiyatga kirib keladigan har bir qonunning «dunyoga kelish» jarayonini quyi palataning ish faoliyatida kuzatishimiz mumkin.

Qonunchilik palatasining yana bir yigʻilishi boʻlib oʻtdi. Unda muhokamadan oʻtgan masalalarning baʼzilari oson, yana boshqalari esa biroz qiyin, shartli va bahslar bilan maʼqullandi.

Birinchi oʻqishda koʻrib chiqilgan «Yangi tahrirdagi Oʻzbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi qabul qilinishi munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida»gi qonun loyihasi bilan Uy-joy kodeksiga tegishli oʻzgartirish va qoʻshimchalar kiritish nazarda tutilmoqda. Yaʼni, hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishiga yoʻl qoʻyilmasligi, uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati va u koʻrgan zararlarning oʻrni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi kafolatlanmoqda.

Deputatlar loyihaning konsepsiyasi bugungi kun uchun juda hayotiy va zarur ekanligini taʼkidlashi bilan birga, loyihada kompensatsiya nima ekanligi, uning tartibi aniq ochib berilishiga zarurat borligini ham aytib oʻtdi.

Loyiha birinchi oʻqishda konseptual jihatdan maʼqullangandan soʻng, palata Spikeri qonun tashabbuskorlariga loyihaga yuzaki munosabatda boʻlmaslik kerakligi, kiritilayotgan baʼzi oʻzgartishlar asoslantirilmaganligi, ularni amalga oshirish mexanizmlari ochib berilmaganini keltirib, ikkinchi oʻqishgacha qattiq ishlash kerakligini aytdi.

 

Oqibatga qarshi kurashamizmi?

Yigʻilishda giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalar, shuningdek, kuchli taʼsir qiluvchi va zaharli moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasiga qarshi kurashishga qaratilgan qonun loyihasi ham koʻrib chiqildi.

Bugungi kunda voyaga yetmagan shaxslarni jalb qilgan holda hamda telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanish orqali giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarning qonunga xilof ravishda muomalasi koʻpayib borayotganligi javobgarlik choralarini qayta koʻrib chiqishni taqozo etmoqda.

Mazkur loyiha bilan giyohvandlik vositalari, ularning analoglari yoki psixotrop moddalarni telekommunikatsiya tarmoqlari va Internet jahon axborot tarmogʻidan foydalanib qonunga xilof ravishda muomalaga kiritganlik, ushbu jinoyatlarni voyaga yetmaganlarni jalb qilgan holda sodir etganlik uchun javobgarlik choralari kuchaytirilmoqda.

 

Bir kun avval boʻlib oʻtgan Qonunchilik palatasidagi siyosiy partiyalarning fraksiya yigʻilishida OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi Maqusda Vorisova muhim savolni oʻrtaga tashlagandi.

– Men loyihada belgilanayotgan javobgarliklarning yanada kuchaytirilishini qoʻllab-quvvatlagan boʻlardim. Sababi, bu yurtimizning kelajagiga daxl qiladigan masala. Loyihaning mazmunidan anglash mumkinki, biz oqibatga qarshi kurashmoqchimiz. Lekin mamlakatimiz ichkarisida ham bu moddalarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻygan kimsalar yoʻq emas. Ularga qarshi kurashish uchun qanday takliflaringiz bor?

Maʼsul boshqarmamiz tomonidan soʻngi olti oyda 30 kg ga yaqin sintetik-narkotik moddalar olib qoʻyilgan. Aniqlangan holatlar boʻyicha tekshiruvlar shuni koʻrsatmoqdaki, moddalarning katta qismi, yaʼni, taxminan 90 foizi xorijiy mamlakatlarda ishlab chiqarilgan va Oʻzbekiston hududiga turli yoʻllar bilan kirib kelgan. Yurtimizda bu moddalarning savdosi taʼqiqlangan. Shu kungacha mamlakatimizda bir dona bunday lobaratoriya aniqlangan, deb javob berdi.

Javobda keltirilgan raqamlardan anglash mumkinki, yurtimizda bu ogʻuning ishlab chiqarilishi hali ommalashib ketmagan. Demak, ushbu qonunning hayotga tadbiq etilishi kelajakda ham bu sohadagi kurashda kutilgan samarani beradi.

 

Baho emas, xulosa berish kerak

Majlisda, shuningdek, sud va tergov organlariga jalb etiladigan baholovchilarning huquq va majburiyatlarini yanada mustahkamlashga qaratilgan qonun loyihasi birinchi oʻqishda muhokama qilindi.

Mazkur qonun loyihasi bilan sohaga oid qonunlarda sud ekspertlari va baholovchi tashkilotlar uchun umumiy baholash qoidalari, mezon va tartiblarni belgilash nazarda tutilmoqda.

Xususan, sud ekspertlari tomonidan baholash yoʻnalishidagi tadqiqotlar baholash obyektlari, baholash obyekti qiymatining turlari va ularning bozor qiymati, shuningdek baholash standartlariga oid belgilangan umumiy talablar asosida oʻtkazilishi mustahkamlanmoqda.

Loyihani Adliya vazirining oʻrinbosari Alisher Karimov oʻqib eshittirdi. Muhokamalar boshlanishi bilan spiker Nuriddin Ismoilov tashabbuskorlarga sizlar taqdim etayotgan loyihada nimani nazarda tutayotganliklaringizni anglash qiyin, tushinishimcha, bu taqdim etilgan loyiha sud-ekspertiza institutining huquqiy tabiatini buzadi, sizlar baholovchi tashkilot emas, aksincha, baholovchi tashkilotilar bergan bahoga xulosa berishingiz kerak, lekin bu loyiha sizlarni baholovchi tashkilotga aylantirib qoʻymoqda, dedi.

Qonun loyihasi birinchi oʻqishda maʼqullandi. Ammo oʻzgartiriladigan, tushintirishlar kiritiladigan joylari koʻp ekanligi taʼkidlanib, ikkinchi oʻqishgacha bular inobatga olinishi kerakligi ham aytib oʻtildi.

 

Beparvolik va xotirjamlik orasi

Yigʻilish yakuniy qismida respublikada, shu jumladan Toshkent shahrida atmosfera havosi ifloslanishining oldini olish borasida amalga oshirilayotgan ishlar yuzasidan Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishi vaziri Aziz Abduhakimovning axboroti eshitildi.

Vazirning taʼkidlashicha, mamlakatimizda atrof-muhitni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, ekologik muammolarni hal etish va ularning salbiy oqibatlarini bartaraf qilish borasida tizimli ishlar qilinmoqda.

Jumladan, atmosfera havosi ifloslanishining fon monitoringini amalga oshirish maqsadida respublikaning 26 ta tuman (shahar)laridagi 74 ta koʻchmas kuzatuv punktlarida, shu jumladan, 8 ta avtomatlashtirilgan monitoring stansiyalarida kuzatuvlar yoʻlga qoʻyilgan.

Oʻtgan 2023-yilda atmosfera havosiga tashlamalar 2 138,3 ming tonnani tashkil etgan boʻlsa, ulardan 1 279,9 ming tonnasi yoki 59,9 foizi avtotransport vositalari, 858,4 ming tonnasi yoki 40,1 foizi sanoat korxonalari hissasiga toʻgʻri kelgan.

Aziz Abduhakimovning axboroti tinglangandan soʻng deputatlar vazirga savollar bilan murojaat qildi.

 

Dilorom Imomova, Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzXDP fraksiyasi aʼzosi:

– Taxtaqoracha dovonidan Kitob tumani hududiga oʻtsangiz, atrof-muhitga sement zavodining taʼsirini yaqqol sezishingiz mumkin. Mamlakatimiz rivojiga hissa qoʻshayotgan bunday korxonalarning hammasi ham ekologik talablarga javob bermayapti. Bunday korxonalarni aholi yashash punktlari va muhofaza etiladigan hududlar yaqinida joylashtirish qanchalik toʻgʻri?

 

Savolga vazir quyidagicha javob berdi:

– Yaxshi bilamizki, sement zavodlarining asosiy xomashyosi tosh hisoblanadi. Shu boisdan sement zavodlari togʻli hududlarda koʻproq qoʻriladi. Ming afsuski, oldingi yillarda togʻ hududlarida ekologik turizmni rivojlantirish oʻrniga, baʼzi joylarda sement zavodlarini ishga tushirish orqali oʻsha hududning tabiatiga ham, mahalliy aholining sogʻligiga ham katta zarar yetkazilmoqda. Shunga oʻxshash ayrim holatlarni borib oʻrganganimizda 5-10 km masofani changli qoplama qoplaganiga guvoh boʻldik. Amaldagi qonunchilikda tabiatga yetkazilgan shunday zarar uchun bor-yoʻgʻi 100-200 mln jarima qoʻllanar ekan. Biz bunday holat uchun jarimalarni karrasiga oshirish boʻyicha taklif ishlab chiqayapmiz.

 

Muhokamalar yakunida siyosiy partiyalarning fraksiyalari, xususan, OʻzXDP fraksiyasi munosabat va takliflarini bildirdi.

– Bugun vazirimiz bilan birga juda muhim masalani muhokama qilayapmiz. Bu mamlakat kelajagiga, xalqimizning genofondiga tegishli masala desak ham boʻladi. Sababi, yashayotgan iqlimimizning oʻzgarishi bizning ham, farzandlarimizning ham sogʻligiga taʼsir qiladi. Shuning uchun mazkur masala fraksiyamizda chuqur muhokama qilinib, kuchli munozaralar boʻldi. Biz maʼlumotlarni qabul qilish bilan birga, bir nechta taklif bildirmoqchimiz.

Birinchi taklif. «Yashil makon» – juda toʻgʻri loyiha. Biz har yili millionlab koʻchatlar ekyapmiz, lekin hamma joyda ham sugʻorish tizimi toʻgʻri yoʻlga qoʻyilmagan. Natijada koʻplab koʻchatlar nobud boʻlmoqda. Shu sababdan ekiladigan koʻchatlarning sugʻorish tizimi va ularni parvarish qiladigan maʼsullarni belgilab olishimiz zarur.

Ikkinchi taklif. Hududlarning yeri, iqlimi, suvi, tuprogʻining tarkibini inobatga olib koʻchatlarni tanlash kerak. Hamma hududga bir xil koʻchat ekish ilmiy asosga emas, deb oʻylaymiz.

Uchinchi taklif. Shaharlar uchun bosh planlar tuzish kerak. Ularni tuzishda nafaqat ekologik meʼyorlar, balki sanitar-gigenik meʼyorlar ham inobatga olinishi kerak. Chunki binolar yoki ijtimoiy obyektlar qurilganda havo aylanishiga imkon qolmayapti.

Toʻrtinchi taklif. Aholini asoslangan, ishonchli maʼlumotlar bilan xabardor qilib borish lozim. Bu bizni ortiqcha begʻamlikdan va vahimadan xalos qiladi.

Beshinchi taklif. Iqlimi yoki suv sharoiti bizga yaqin boʻlgan va muammolarni ijobiy hal qilgan davlatlarning tajribasidan unumli foydalanishni yoʻlga qoʻyishimiz muhim.

 

Bu galgi yalpi majlis avvalgilaridan farqli oʻtdi. Kimdir muloyimlik bilan oʻz fikrlarini, eʼtirozlarini namoyon qilayotgan boʻlsa, yana kimdir ayrim jazolar uchun maʼmuriy jarimalarni oshirishni soʻraydi, boshqasi unga, biz deputatlarmiz, xalq vakillarimiz, qaysidir moddani ogʻirlatishimiz emas, aksincha, yumshatishimiz kerak, deb javob beradi.

Baʼzi loyihalar hali ishlanishi kerak boʻlsa ham birinchi oʻqishda maʼqullandi. Bu hammasi oson oʻtadi emas, aksincha, muhokamalar yana davom etadi, degani.

 

Ahmad Qurbonov,

«Oʻzbekiston ovozi» muxbiri

«O‘zbekiston ovozi», 31.01.2023, №4

 

 

 

 

 

Teglar

Loyihalarimiz Deputat Xalq demokratik partiyasi deputatlaridan aniq natijalar Oliy Majlis Partiya munosabati
← Roʻyxatga qaytish